KIMYOVIY QUROLLAR — ommaviy qirgʻin qurollari turlaridan biri. Shikastlash taʼsiri kimyoviy zaharlovchi moddalar (ZM) ning zaharlash xossalariga asoslangan. Asosiy tarkibiy qismlari — jangovar kimyoviy moddalar (zarin, Y-gazlar va b.) hamda ularni qoʻllash vositalari — raqstalarning ZM toʻldirilgan jangovar qismlari, artilleriya snaryadlari, minalar, aviatsiya bombalari, kassetalar, fugaslar, granatalar va b. Ular aviatsiya, turli moslamalar, purkagichlar va aerozol generatorlar yordamida ham tarqalishi mumkin. Shikastlovchi taʼsiri qancha vaqt saqlanishiga qarab, Kimyoviy qurollar turgʻun (bir necha soat, sutka, hafta, oylab saqlanadigan) va noturgʻun (bir necha min. saqlanadigan) turlarga boʻlinadi. Kimyoviy qurollar, asosan, dushmanning jonli kuchlari (qoʻshin)ga qarshi ishlatish uchun moʻljallanadi, lekin tinch aholiga, hayvonot dunyosiga ham xavf tugʻdiradi, atrof-muhitni zaharlaydi, ekinzorlarni nobud qiladi.
Kimyoviy qurollar dastlab nemis armiyasi tomonidan 1915-y. da Ikri (Belgiya)dagi jangda qoʻllanilgan. Keyinchalik boshqa armiyalar ham qoʻllay boshladi. Kimyoviy qurollar Jeneva bayonnomasi (1925) bilan taqiqlangan. Biroq baʼzi tajovuzkor mamlakatlar bu bayonnomani bir necha bor buzishgan (mas, AQSH Koreya va Vyetnamda, Isroil Livanda Kimyoviy qurollarni qoʻllagan).
Parij konvensiyasi (1993)ga muvofiq, Kimyoviy qurollar zahiralari butunlay yoʻqotilishi lozim. Ular inson salomatligi va tabiat uchun oʻta xavfli boʻlganligidan ularning zahiralarini yoʻqotish ishlari maxsus obyektlarda amalga oshiriladi. 1993-y. maʼlumotlariga koʻra, Kimyoviy qurollar zahiralari Rossiya (sobiq Ittifoq) da 40 ming t ni, AQSH da 29 ming t ni tashkil etgan. 2-jahon urushida nemislardan qolgan (trofey) Kimyoviy qurollar zahirasi (taxm. 300 ming t) dengizga choʻktirib yuborilgan.