LAVLAGI

LAVLAGI (Beta) — shoʻradoshlar oilasiga mansub bir, ikki yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi; sabzavot, xashaki, shakarli ekin. 16 turi bor. Oʻrta Yer dengizi atroflarida, Osiyo, Zakavkazye, Hindiston, Fransiya, shuningdek, Buyuk Britaniya, Skandinaviya mamlakatlarida tarqalgan. Dehqonchilikda osh Lavlagi, xashaki Lavlagi, va qand L. ga boʻlinadigan oddiy Lavlagi (V. vulgaris) turi va qand Lavlagining tur xili boʻlgan bargli Lavlagi (yoki mangold Lavlagi — Betacica — ovqatga bargi yoki barg bandi ishlatiladi) ekiladi. Yovvoyi Lavlagi qadim zamonlardan ovqatga ishlatib kelingan. Mil. av. 2—1-ming yillikda bargli Lavlagi madaniylashtirilgan. Mil. boshlarida madaniy ildizmevali shakllari ekila boshladi. 18-a. da xashaki Lavlagining duragaylaridan qand Lavlagi yaratilgan. 19-a. oxiri va 20-a. da bu ekin barcha qitalarga tarqaldi.

Osh lavlagi — qizil L., qizilcha, sabzavot L. — ekilgandan soʻng birinchi yili 0,4—0,9 kg kattalikda ildizmeva va barg toʻplami hosil qiladi. Namsevar va yorugʻsevar oʻsimlik, sovuqqa, qurgʻoqchilikka chidamli. Barcha dehqonchilik mintaqalarida ekiladi. Oʻzbekistonda Bordo — 237, Bikoress (2002-y. dan), Ros va b. navlar rayonlashtirilgan. Hosildorligi 300—400 s/ga va undan yuqori.

Xashaki Lavlagi — birinchi yili 10 — 12 kg lik ildizmeva va bargtoʻplami hosil qiladi. Shirali ozuqa sifatida chorva mollariga beriladi. 100 kg ildizmevada 12,2 ozuqa birligi va 0,9 kg hazm boʻluvchi protein, 100 kg bargida 10,2 ozuka birligi va 1,8 kg hazm boʻluvchi protein mavjud. Xashaki Lavlagi namga talabchan, yorugʻsevar, sovuqqa chidamli. Amerika (AQSH, Kanada, Braziliya), Yangi Zelandiya, Afrika (Jazoir, Tunis), Yevropa, shu jumladan, Belorussiya, Ukraina, Boltiqboʻyi mamlakatlarida koʻp ekiladi. Hosildorligi 300-400 s/ga.

Qand Lavlagi — qand-shakar sanoati xom ashyosi. Chiqindilari chorva mollariga yem (melassa va oʻgʻit) sifatida ishlatiladi. Ekilgan yili tarkibida 14 — 20% (baʼzida 24% gacha) qand boʻlgan ildizmeva (oʻrtacha ogʻirligi 300—600 g) beradi. Qand Lavlagi issiqsevar va nam-sevar, qurgʻoqchilikka chidamli. Urugʻi unib chiqishi uchun harorat 10—12°, yaxshi rivojlanishi uchun 20—22° boʻlishi lozim. —4, —5° da nobud boʻladi. Qand Lavlagi AQSH, Rossiya, Ukraina, Qo-zogʻiston, Oʻzbekistonda 20-a. ning 40-y. larda va 90-y. lar boshidan (Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida) yetishtiriladi. Jahon boʻyicha qand Lavlagi yalpi ekin maydonlari 6,7 mln. ga, oʻrtacha hosildorlik 392 s/ga, yalpi hosili 263 mln. t (1999). Hosildorligi intensiv texnologiyada parvarish qilinganda 350—400 s/ga. Keng qatorlab yoki punktir usulida ekiladi. Parvarish yaganalash, chopiq, oziqlantirish, sugʻorishdan iborat. Oʻzbekistonda Astro, Sado, Romeo, Eldona va b. navlari ekiladi.

Kasalliklari : serkosporoz, kul, nematoda kasalliklari.

Zararkunandalari: L. uzunburuni, shiralar, Lavlagi parvonasi, tunlamlar, kemiruvchi tunlamlar, dala parvonasi, Lavlagi pashshasi, Lavlagi poyaxoʻrlari. Zararkunanda hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurash choralari: agrotexnika chora-tadbirlariga amal qilish, qator oralariga ishlov berish, begona oʻtlarning oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik, zararkunandalarning tuxumlariga qarshi trixogramma, qurtlariga qarshi esa brakon, shiralarga qarshi oltinkoʻzlar lichinkalarini qoʻllash. Kimyoviy dorilardan zolon (30% namlanadigan kukun) — 3,0—3,7 kg/ga, BI-58 (0,5-1,0 l/ga), detsis (0,25-0,5 l/ga), saraton shiralarga qarshi malfos — 0,6—0,8 l/ga va qandalalar, kovaklovchi pashsha, kuyalarga qarshi 1,0—1,2 l/ga, omayt — 1,0 l/ga, ildizqirqar tunlamlarga qarshi siraks — 0,4 l/ga oʻsuv davrida purkaladi. Ad.: Petrov V. A., Borzakovskiy I. V., Uchebnaya kniga sveklovoda, M., 1985. Botir Azimov, Zuhra Saidova.


Lotin alifbosida maqola: LAVLAGI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: L harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



FRANSIYA
BUYUK BRITANIYA
HINDISTON
YER
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты