KOMETALAR (yun. kometes — uzun sochli) — Quyosh sistemasiga kiradigan kichik osmon jismlari. Kometalarning Quyosh atrofidagi harakat yoʻllari (orbitalari) kichik sayyoralarnikiga Qaraganda ancha choʻziq boʻlgani uchun Quyoshga yaqinlashgandagina koʻrinadi. Avval ular osmonda xira oq tuman nuqtalarga oʻxshab koʻrinib, keyin Quyoshga yaqinlashgani sari uning taʼsirida «dum» chiqaradi (baʼzan bir necha «dum» chiqarishi qam mumkin). Odatda, Kometalarning dumlari Quyoshga nisbatan qarama-qarshi yoʻnalgan boʻladi. Har yili 5—10 ta kometa kashf etiladi. Quyosh atrofida aylanish davrlari ularning orbitalari choʻzikligiga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ularning Quyoshga yaqinlashishi bir necha yildan ming va undan ham ortiq yilda toʻgʻri kelishi mumkin. Kometalarning orbita tekisliklari fazoda ixtiyoriy ravishda joylashgan boʻlib, vaqt oʻtishi bilan katta sayyoralar taʼsirida oʻz vaziyatlarini oʻzgartiradi. Kometalar yaqinlashgan sari ularning orbitadagi tezligi ortib (500 km/s gacha) boradi. Perigeliy nuqtasidan oʻtgach, bu tezlik yana kamaya boradi. Shunday katta tezlikka ega boʻlgan Kometalardan baʼzilari sayyoralar bilan toʻqnashishi ham mumkin. Mac, Oy sirtidagi kraterlarning kelib chiqishida Kometalarning ham «xizmati» bor. K. bosh va dum qismlarga ajratilib tekshiriladi. Kometalar hali Quyoshdan uzoqda boʻlganda uning suv, ogʻir elementlar, gaz-changlardan tashkil topgan moʻzlagan yadro qismigina kuzatiladi. Kometalar bilan Quyosh orasidagi masofa 3—5 astronomik birlikka (a. b.) tenglashganda Quyosh nurlari taʼsirida yadro oʻzidan yengil gaz va chang zarralarini chiqara boshlaydi. Bu zarralar yadro atrofida tuman qobiq — koma hosil qiladi. Ana shu yadro bilan qobiq birga Kometalarning «boshi»ni tashkil etadi. Kometalar yadrolarining diametri, odatda, 0,5—20 km, massasi 10»—10» kg boʻladi. Kometalar bilan Quyosh orasidagi masofa keskin qisqarganda Quyosh nurlarining itarish kuchlari yengil chang va b. elementlarni Kometalardan tashqariga chiqib ketishga majbur etadi va Kometalarda dum hosil boʻladi. Hamma Kometalarda ham dum boʻlavermaydi. Dum boʻlishboʻlmasligi Kometalarning Quyoshdan uzoqyaqinligiga, massalariga, ob-havoning tiniqligi va b. ga bogʻliq. Kometalar chang boshi (diametri) bir necha ming km. dan 1—2 km. gacha, dumi esa baʼzan bir necha oʻn million km. gacha choʻzilgan boʻlishi mumkin. Kometalar dumlarining koʻrinishiga qarab ularni 3 turga ajratish qabul qilingan: Quyoshdan qarama-qarshi tomonga toʻgʻri yoʻnalgan dumlar I turga; K. ning orbital qarakatlari yoʻnalishiga teskari tomonga ancha burilgan dumlar II turga; qisqa, deyarli toʻgʻri va orbital harakat yoʻnalishiga bir oz teskari burilgan dumlar III turga kiradi. I turdagi dumlar plazmalardan tashkil topgan boʻlib, Quyosh shamoli taʼsirida sekundiga oʻnlab va yuzlab km tezlikda Kometalar yadrosini tark etadi. II va III turdagi dumlar chang va zarralardan tashkil topgan. Kometalarlar spektrlarini tekshirish ularning yadrolarini juda mayda qattiq moddalar — temir, kalsiy, nikel, natriy, magniy, kremniy, marganes va moʻzlagan turli gazlar (SN4, NH4, N2O, SO2) aralashmasidan iboratligini koʻrsatadi. Kometalar larning kelib chiqishi haqidagi koʻplab nazariyalar ichida hrzir qabul qilingan nazariyaga muvofiq, ular Quyosh sistemasidagi sayyoralarning hosil boʻlishi davrida gaz-chang qoldiqlaridan paydo boʻlgan. Hozirgacha mingdan ortiq Kometalar qayd qilingan, baʼzilari bir necha martalab kuzatiladi (2002).
Eng mashhur davriy Kometalar — Galley kometasi (davri R=76 yil), Enke kometasi (R=3,3 yil), Shvassman — Vaxman kometasi (kometa orbitasi Yupiter va Saturn orbitalari orasida joylashgan). Galley kometasi 1986-y. perigeliy orqali oʻtganda sobiq Ittifoq, gʻarbiy Yevropa va yapon kosmik apparatlari yordamida tadqiq qilingan. Kometalar tabiatini yaxshiroq oʻrganish uchun uni modellashtirishga doir lab. tajribalaridan foydalaniladi. Geofizik raketalar va kosmik zondlar yordamida bir necha yuzdan bir necha oʻn ming km balandlikda ishqoriy metallar bugʻidan sunʼiy bulutlar — sunʼiy Kometalar hosil qilingan. Ular ochiq kosmosda Kometalarni modellash uchun negiz yaratdi. Kometalarning Quyoshga navbatdagi yaqinlashishida biron bir davriy kometaga kosmik zond chiqarib, uning tarkibi, magnit maydonlari va b. fizik xususiyatlari toʻgʻrisidagi bevosita maʼlumotlar olish rejalashtirilgan.
Abdusalom Latipov.