KOSMODROM (kosmos va yun. dromos — yugurish, yugurish joyi) — raketa-kosmik tizim (RKT) larni eksperimental oʻrganish, shuningdek, kosmik uchish apparatlarini tadqiqot dasturiga muvofiquchirish uchun moʻljallangan inshootlar, jihozlar va ajratilgan joylar majmui. Odatda, Kosmodromlar juda katta hududni egallaydi. Kosmodrom quriladigan joyni tanlashda, koʻpincha koʻpgina qaltis sharoitlar hisobga olinadi. Kosmodrom aholi yashaydigan joylardan uzoqda boʻlishi, kosmik obyektlarning uchish trassalari havodagi uchish apparatlari (samolyot, vertolyot va b.) ning harakatlariga xalaqit bermasligi lozim. Kosmodrom hududi asosiy qism, eltuvchi raketa (ER) bosqichlarining tushish joylari, tushiruvchi apparatlarning qoʻnish joylari, kosmik obyektni uchish trassasi boʻyicha koʻzatib turuvchi yerdagi st-yalarga boʻlinadi. Kosmodrom tarkibiga texnik jihozlar oʻrnatish va start olish joylari, komanda (buyruq) berish va oʻlchash majmui, qidiruv va qutqaruv vositalari majmui, turar joy majmui hamda yordamchi xizmat koʻrsatish tarmoqlari va b. kiradi. Hozirda ishlab turgan Kosmodrom: Kapoʻstin Yar, Plesesk (Rossiya), Boyqoʻngʻir (Qozogʻiston), Sharqiy sinov poligoni, Gʻarbiy sinov poligoni, Uollops (AQSH), Kuru (Fransiya), Utinoura, Tanegasima (Yaponiya), Chanchensze (Xitoy), San-Marko (Italiya), Shrixarikota (Hindiston) va b. Dunyoda birinchi Yer sunʼiy yoʻldoshi (1957) va kosmonavt (Yu. A. Gagarin, 1961) Boyqoʻngʻir Kosmodromdan uchirilgan.
Ad.: Tverdovskiy V. N., Kosmodrom, M., 1977.