NAVO (fors. — kuy, ohang) — Oʻn ikki maqom tizimi hamda Shashmaqom tarkibidagi uchinchi maqom. Shashmaqomdagi Navoning cholgʻu qismlari Tasnifi Navo, Tarjei Navo, Garduni Navo, Nagʻmai Orazi Navo, Muxammasi Navo, Muxammasi Bayot, Muxammasi Husayniy, Saqili Navo deb ataladi. Ular muayyan kuy mavzulari va doira usullari negizida yaratilgan. Navoning ashula boʻlimi 2 guruh shoʻbalarga boʻlinadi. Birinchi — Saraxbori Navo (2 taronasi b-n), Talqini Bayot (taronasi b-n), Nasri Bayot (2 taronasi b-n), Orazi Navo (3 taronasi b-n), Husayniy N. deb nomlanuvchi shoʻbalar hamda Ufari Bayot (Suporishi b-n) qismlaridan tashkil topadi. Ular navbatma-n-vbat turkum tarzida turli doira usullarida aytiladi. Ikkinchi guruh shoʻbalar — Savti Navo, Moʻgʻulchai Navo va Mustazodi Navo deb yuritiladi. Ularning har biri Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar kabi shoxobchalardan tuzilgan. Navo shoʻbalar shakli ancha murakkab boʻlib, daromad, miyonxat, dunasr, avj va tushirim tuzilmalaridan tashkil topadi. Navoning shoʻbalarida, asosan, Oraz va Bayet namudlaridan avj sifatida foydalanilgan.
Navo maqomining koʻp ashula (mayo, Bayot shoʻbalari asosida yaratilgan Bayot — 1, 2, 3, 4,
5) va cholgʻu (surnay, tanbur, dutor) yoʻllari mavjud. R. Glier, T. Sodiqov («Layli va Majnun» operasi), A. Kozlovskiy («Ulugʻbek» operasi va b.), M. Burhonov («Alisher Navoiyga qasida»), M. Ashrafiy («Dilorom» operasi), M. Mahmudov («Navo» simfoniyasi) va b. kompozitorlar N. yoʻllaridan unumli foydalanishgan. Navo atamasi va shu nomli mumtoz musiqa asarlari tojik, turkman, uygʻur, eron, ozarbayjon, arab, turk xalqlari musiqa merosida keng oʻrin olgan.
Ravshan Yunusov