SEGOH (fors. — uch oʻrin, uch parda) — 1) Oʻn ikki maqom tizimida maʼlum shoʻba nomi. Manbalarda koʻrsatilishicha, Segoh 3 pogʻonali tovushqator boʻlib, pardalari 2 ta butun ton oraligʻida joylashgan;
2) Shashmaqom va Xorazm maqomlari tarkibida beshinchi maqom. Tovushqatori eoliy (minor) gammaga toʻgri keladi. Shashmaqomdagi Segohning mushkilot boʻlimi — Tasnifi S, Xafifi S, Garduni S, Muxammasi S, Muxammasi Ajam, Muxammasi Mirza Hakim, Saqili Bastanigor, nasr boʻlimi — 1 va 2 guruh shoʻbalaridan iborat. Ulardan birinchisi Saraxbori S (6 ta taronasi va suporishi b-n), Talqini Segoh (taronasi b-n), Nasri Segoh (taronasi b-n), Navroʻzi Xoro (uchta taronasi va suporishi b-n), Navroʻzi Ajam (taronasi b-n) hamda Ufar va Suporish qismlaridan iborat. Segohning 2 guruh shoʻbasi Moʻgʻulchai Segoh deb nomlanib, Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar qismlarini oʻz ichiga olgan. Segoh maqom pardalari asosida juda koʻp ashula va cholgʻu yoʻllari yaratilgan: «Segoh», «Girya» III, «Ilgʻor», «Guluzorim», «Figʻon», «Nimchoʻponiy» ashulalari, «Mushkiloti Segoh» kuyi va uning ufari va b. S. yoʻllaridan Oʻzbekiston kompozitorlari barakali foydalanishgan (mas, R. Glier va T. Sodiqovning «Layli va Majnun» operasi; Yu. Rajabiy va B. Nadejdinning hamda S. Boboyevning «Segoh» simfonik poemalari, M. Tojiyevning 3, T. Kurbonovning 5simfoniyalari va b.).