MUHAMMAD

MUHAMMAD, Muhammad ibn Abdulloh (570/571, Makka — 632, Madina) — islom dini va birinchi musulmonlar jamoasi asoschisi. Musulmonlar eʼtiqodiga koʻra, Allohning oxirgi paygʻambari va uning elchisi. Shu maʼnoda uni Rasululloh, Rasuli Akram deb atash odat tusiga kirgan. Baʼzi diniy manbalarda Muhammadning 99 nomi keltiriladi. Islom taʼlimotiga koʻra, Muhammad nomini aytgan yoki eshitgan kishi «sallalohu alayhi vasallam» (sav) yoki «alayhissalom» (as) deb salovat aytib qoʻyish vojib hisoblanadi. Muhammad orqali odamlarga Kurʼon nozil qilingan. Quraysh qabilasining hoshimiylar urugʻiga mansub, uncha boy boʻlmagan, lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada tugʻilgan. Muhammadning bolalik va oʻsmirlik yillari haqidagi maʼlumotlar juda kam. M. goʻdakligidayoq yetim qolgan; tugʻilmasidan avval otasi Abdulloh, 6 yoshligida esa — onasi Omina vafot etgan. Muhammadni oʻz tarbiyasiga olgan bobosi Abdulmuttalib ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtadi. Yetim bolani tarbiya qilishni amakisi Abu Tolib oʻz zimmasiga oladi. 12 yoshida Muhammad bir muddat Abu Tolibning podasini boqadi, keyin tijorat ishlariga jalb qilinadi. Abu Tolib Muhammadni 21 yoshida Huvaylid ibn Asʼadning qizi, badavlat beva ayol Xadicha xonadoniga dastyorlikka beradi. Xadichaning savdo ishlari bilan shugʻullangan M. Suriyaga safar qiladi, xususan, Halab va Damashq shaharlariga boradi. Muhammad 25 yoshida (595-y.) 40 yoshlarga borib qolgan Xadichaga uylanadi. Muhammaddan Xadicha 3 oʻgʻil (Qosim, Tohir, Tayyib) va 4 qiz (Ruqiya, Zaynab, Ummu Kulsum, Fotima) koʻrgan. Ugʻillari goʻdakligidayoq vafot etgan. Qizlaridan Fotimagina Muhammad naslini davom ettirgan. Xadicha vafotidan soʻng Muhammad bir necha bor uylangan (lekin, Oyshadan boshqa bokira xotin olmagan), ulardan farzand koʻrmagan. Faqat joriyasi Moriyadan Ibrohim ismli oʻgʻli boʻlgan. U ham juda yoshligida olamdan oʻtgan.

Muhammad 40 yoshga toʻlganida oʻzini boshqacha seza boshlaydi. Yolgʻizlikni qoʻmsab, Makka yonidagi Hiro togʻida joylashgan gʻorga borib ibodat bilan mashgʻul boʻlar, oʻyga tolardi. Taxm. 610-y. da M. Makkada oʻzining xudodan vahiy olayotganligini eʼlon qiladi. Buni birinchilardan boʻlib Xadicha, Muhammadning amakivachchasi Ali ibn Abu Tolib hamda asrandi oʻgʻli Zayd ibn Horisa eʼtirof etib imon keltirishgan. Koʻp oʻtmay, Makkaning eng nufuzli savdogarlaridan Abu Bakr, Zubayr, Talha, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Abdurahmon ibn Avf va Usmon ibn Affon Muhammadni chin paygʻambar deb tan olishgan. Muhammad izdoshlari jamoasi dastlabki paytlarda 50 kishidan oshmagan. Makkaning asosiy aholisi, ayniqsa, nufuzli qurayshlilar esa Muhammad taʼlimotini ochikdan-ochiq dushmanlik bilan qarshi olgan. Buning natijasida Muhammad tarafdorlaridan 11 xonadon Habashiston (hoz. Efiopiya) ga koʻchib ketgan. Muhammad jamoasiga jasur jangchilar sifatida tanilgan Hamza va Umar ibn Xattobning qoʻshilishi jamoaning mavqeini oshirdi. Ayni vaqtda quraysh zodagonlarining Muhammad va uning tarafdorlariga dushmanligi yanada kuchaydi. 620-y. da Xadichaning, soʻngra Abu Tolibning vafotidan soʻng Makkada vaziyat yomonlashadi, Muhammad muayyan xatar ostida qoladi. Har yilgi anʼanaviy Makka ziyoratiga kelgan yasriblik Avs va Hazraj qabilalarining vakillari Muhammad bilan uchrashib, sodiklik bildirishadi va yordam qilishga vaʼda berishadi, Muhammadni Yasribga koʻchib borishga daʼvat qilishadi. Avval Muhammadning izdoshlari (asʼhoblar) oʻz oilalari bilan quraysh zodagonlaridan maxfiy ravishda guruh-guruh boʻlib koʻchadi. Oxirida Muhammadning oʻzi Abu Bakr bilan joʻnab ketadi. 622-y. da yuz bergan bu koʻchish payti (arab, hijrat)dan musulmonlar erasi — hijriy yil hisobi boshlanadi. Yasrib esa Madina an-Nabiy («Paygʻambar shaxri») yoki qisqacha, Madina deb ataladigan boʻldi.

Madinada birinchi masjid qurildi, islom arkon (rukn)lari ishlab chiqila boshlandi, Kaʼba qibla qilib belgilandi. Jamoani jipslashtirish va uni kengaytirish uchun makkalik mushriklarga qarshi kurashish zarur edi. Makkaliklarga qarshi uyushtirilgan iqtisodiy urush ular farovonligining asosiy manbai boʻlgan savdo karvonlari ishini chippakka chiqardi. 624-y. da Badr quduqlari oldida (q. Badr jangi), 625-y. da Uhud togʻi etagida (q. Uhud jangi) janglar boʻldi. 626-y. da makkaliklar madinaliklarga uzil-kesil zarba berish maqsadida yirik harbiy safarga otlanishdi. M. Madinani uzoq qamal sharoitiga tayyorladi, shahar atrofiga chuqur xandaklar qazildi va u yerlarga kamonchi oʻqchilar joylashtirildi. Kutilmagandagi izgʻirin, kuchli shamollar qamal qiluvchilarni toliqtirdi, ular orasida nizolar boshlandi. Natijada Madina qamali bekor qilindi, bu gʻalaba Madina jamoasini yanada jipslashtirish bilan birga, unga yangi-yangi badaviy qabilalarning qoʻshilishiga olib keldi. Hijraning 6-yilida makkalik quraysh zodagonlari mavjud muammolarni kelishuvchilik yoʻli bilan bartaraf etish uchun Muhammad bilan tengmateng muzokara olib borishga majbur boʻlishdi (q. Xudaybiya bitimi). Madinaga qarshi kurashning yetakchilaridan biri boʻlgan Abu Sufyon M. tarafiga oʻtdi. 630-y. da Makka Muhammadga jangsiz taslim boʻldi, makkaliklar Muhammad jamoalariga qoʻshildi. 631-y. da koʻp qabilalar Muhammadga boʻysundi va islomni qabul qildi. Hijraning 10-yili (632-y. martida) Muhammad oʻz oila aʼzolarini olib, Madina atroflaridagi 100 mingdan ortiq kishi bilan Makkaga birinchi va oxirgi marta ziyorat (haj)ga bordi. Bu vidolashuv haji boʻlgan. Mana shu ziyorat Makkaning islom dini markazi sifatidagi mavqeini uzil-kesil hal etdi. Oʻshandan buyon oʻtgan barcha asrlar davomida musulmonlar bu shaharni ziyorat qiladi. Haj safaridan 81 kun keyin uzoq davom etmagan kasallikdan soʻng M. Madinada vafot etdi. Paygʻambar (as)ni oʻz hujrasiga dafn qilishgan, maqbarasi keyinchalik u yerda qurilgan katta masjid ichida qolgan, musulmonlarning ziyoratgohiga aylantirilgan.

Muhammadning hayoti va tarjimayi holi siyradya, uning soʻzlari va qilgan ishlari haqidagi rivoyatlar hadislarda bayon etilgan. Islom taʼlimotida Muhammad komil inson sifatida taʼriflanadi. Sunnat paygʻambarning hayoti barcha musulmonlar uchun namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Islom anʼanasida Muhammad hech qanday gʻayritabiiy, ilohiy xususiyatga ega emasligi, balki hamma kabi oddiy odam, lekin Allohning chin va oxirgi paygʻambari ekanligi qayd etiladi.

Muhammadning shaklu shamoillari, siyratu sifatlari, insoniy fazilatlari, boshqa paygʻambarlardan farq etadigan xususiyatlari toʻgʻrisida u bilan birga yurgan, suhbatlaridan bahramand boʻlgan sahobalar hamda nikohida boʻlgan ayollari tomonidan nakl qilingan rivoyatlar asosida koʻplab asarlar bitilgan. Ulardan Abu Iso Termiziyning «Shamoili nabaviya», Muhammad Busiriyning «Qasidai burda», Abu Jaʼfar Barzanjiyning «Mavlidin-Nabiy», Muhammad ibn Solihning «Muhammadiya», Mavlono Muʼinning «Siyari sharif», Akbarobodiyning N«odirul-meʼroj», Sayyid Mahmud Taroziyning «Shirin kalom», «Nurul kalom», «Nurulbasar» va b. koʻplab mu-alliflarning asarlarini misol qilib keltirish mumkin. Imom Termiziyning «Shamoili Muhammadiyya» kitobi ular ichida qadimiyligi va rivoyatlarining sahixligi bilan ajralib turadi. Unda Muhammadning jismoniy va axloqiy xususiyatlariga batafsil taʼrif berilgan. Mas, ikki kiftlari oʻrtasida «Muhammadun rasululloh» deya bitilgan muhri nubuvvatlari boʻlgani, sochsoqollarining oqu qorasi nechta boʻlganidan tortib, kiyim-kechaklari, oyoq kiyimlari, taqqan uzuklari, qilichqalqonlari, salla-choponlari, yegan va yoqtirgan taomlari, ovqatdan oldin va keyin oʻqigan duolari, suv ichishlari, xushboʻy narsalarni isteʼmol qilishlari, soʻzlashish odoblari, xulq-odoblari, kulish va hazil-mutoyibalari, musiqa va sheʼriyatga munosabatlari, ibodat va riyozatlari, tilovat va munojotlari, yotish-turishlari, tibbiyotga munosabatlari, kundalik tirikchiliklari, nomu laqablari, umrlarining mikdori, xastalik va va-fotlari, qoldirgan meroslari va b. sifatlari toʻgʻrisida alohida-alohida bob va fasllar orqali bayon etilgan. Jismoniy tuzilishlari toʻgʻrisida jumladan shunday nakl qilinadi: «Ul zotning boʻylari unchalik novcha ham, past qam emas, bosh, qoʻl, oyoq va kiftlari yoʻgʻon, yuzlari qizgʻish, koʻzlari katta, oqi juda oq, qorasi oʻta qora, oʻtkir, sochlari quloqlarining yumshoklaritacha yopib, yelkalariga tegibtegmay turar, boʻyinlari sochlari orasidan tovlanib, goʻyo kumush koʻzdek koʻrinib turar, terlasalar, marjondek terlaridan muattar hid taralar, biror kishiga qayrilib qaramoqchi boʻlsalar boshlarinigina burib qaramay, balki butun gavdalari bilan oʻgirilib qarar edilar. Old tomonlarini qanday koʻrsalar, orqa tomonlarini ham shunday koʻrar edilar. Muhammadning soyasi yer uzra namoyon boʻlmas edi».

Ad.: Hadis (Al-Jomiʼ assahih), 1—4-j. lar (2-nashri), T., 1997; Imom atTermiziy, Shamoili Muhammadiyya, T., 1991; Sogʻuniy A., Tarixi Muhammadiy (1—2-kitob), T., 1997; Hazrati paygʻambar hayoti (2nashri), T., 1997; Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1kitob: Joqiliya asri). T., 2001. ; Lutfiy Ahmad, Saodat asri qissalari [1-kitob. Intizor kutilgan tong], T., 2003.

Abdulaziz Mansur.


Lotin alifbosida maqola: MUHAMMAD haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: M harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ISLOM
QURʼON
IBN SINO
TOSHKENT
ALISHER NAVOIY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты