OʻYMAKORLIK — amaliy sanʼatning qadimiy va keng tarqalgan turi; yogʻoch, ganch, metall, tosh, suyak, terrakota va boshqalarni oʻyish, yoʻnish, kesish yoʻli bilan badiiy shakl yasash sanʼati. Buyumlar, turli asboblarni nafislashtirishda, binolarni bezashda, kichik shaklli haykaltaroshlik kompozitsiyalari yaratishda keng qoʻllanadi. Oʻymakorlikning mustaqil janri gliptika; foydalanadigan xom ashyosiga koʻra yogʻoch oʻymakorligi, ganch oʻymakorligi, tosh oʻymakorligi, metall Oʻymakorlik (kandakorlik), suyak oʻymakorligi kabi turlari bor.
Oʻrta Osiyoda, jumladan, Oʻzbekiston hududida Oʻymakorlik juda qadimdan rivojlangan. Ibtidoiy odamlar yogʻoch, suyak, haivon shoxlaridan oʻzlari uchun zarur qurollar yaratib, ularni «bezashgan», turli ramziy chiziq va belgilar ishlashgan, toshlarga rasmlar chizishgan (q. Qoyatosh rasmlari). Oʻzbekistonning jan. dagi Oqtom va Quyi Mozordan topilgan hayvon shoxi hamda suyak boʻlagiga chizib ishlangan tasvirlar mil. av. 2 — 1-ming yillarga mansub. Yumaloqtepa qaʼrida mil. 5-6-asrlarga oid yogʻoch Oʻymakorlik namunalari saqlangan. Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom poydevorlari marmar, toshdan ishlanib Oʻymakorlik bilan bezatilgan yodgorlik namunasidir.
Oʻrta Osiyoda Oʻymakorlik 3 yoʻnalishda mavjud boʻlgan: naqsh Oʻ., mavzuli (odam va hayvon tasviri ishlangan) Oʻymakorlik hamda naqsh va mavzuli Oʻymakorlik uygʻunligidagi murakkab kompozitsiyalar. Afrosiyob, Fayoztepa, Ayritom va boshqalarda qurilgan saroy, ibodatxona, zodagonlarning uy va qasrlari shunday Oʻymakorlik bilan bezatilgan. Arablarning bu hududga kirib kelishi bilan bezak sanʼatida koʻproq geometrik va islimiy naqshlar keng oʻrin egallab, ular xalqning maʼnaviy estetik qarashlarini aks ettiruvchi vositaga aylandi.
Shohizinda majmuidagi devor orasidan topilgan yogʻoch Oʻymakorlik namunasi 12-asrga mansub. Shayx Sayfiddin Boharziy maqbarasidat yogʻoch taxtadagi naqshlar, ganch Oʻymakorlik namunalari gʻoyat murakkab va nafis. Amir Temur va Temuriylar davrida yaratilgan Oʻymakorlik namunalari yuksak mahorat va nozik did bilan bajarilgan, unda ustaning mahorati, xalqning falsafiyestetik qarashlari, goʻzallik va jannat toʻgʻrisidagi tushunchalari ramziy shakllarda oʻz ifodasini topdi (Shirinbeka ogʻo maqbarasi oʻyma naqshlari, Qusam ibn Abbos majmuasi eshiklari, Amir Temur maqbarasidat tosh oʻymakorligi namunalari va panjaralar). Oʻymakorlikning yangi taraqqiyot bosqichi 16—17-asrlarga toʻgʻri keladi, meʼmoriy qismlar (ustun, eshik, darvoza va boshqalar) bilan bir qatorda uy jihozlarini bezash ham keng tus oldi.
18—19-asrlarda Oʻymakorlikning oʻziga xos maktablari rivojlandi, biribiridan jozibador sanʼat namunalari yuzaga keldi. Oʻymakorlik uslubiy rangbaranglikka xizmat qildi. 19-asroxiri — 20-asrda Xiva (O. Polvonov, S. Bogʻbekov), Buxoro (Usta Shirin Murodov, A. Boltayev), Qoʻqon (Najmiddinov Haydar va uning oʻgʻli Q. Haydarov) va boshqalarda mohir, qoʻli gul ustalar yetishib chiqdi, ular Xudoyorxon oʻrdasi, Knyaz Romanov saroyi, Kalontarov uyi, Sitorai Mohi Xosa kabi meʼmoriy yodgorliklarni mahorat bilan bezadi.
20-asrda Oʻymakorlik yangi mazmun va shakllar bilan boyidi, mintaqalardagi mahalliy xususiyatlar bir-biri bilan uygʻunlashib ajoyib mujassamotlar yaratildi (Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqalar).
Zamonaviy Oʻymakorlik mustaqillik davrida bunyod etilayotgan meʼmoriy inshootlarning barcha turlarida qoʻllanib, ular jozibador bezatilmoqda. Yogʻoch oʻymakorligida qoʻqonlik Q. Haydarovning shogirdlari A. Abdullayev, H. Umarov, toshkentlik S. Xoʻjayev, M. ^osshiovlarning shogirdlari, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev, S. Rahmatullayev, N. Sohibnazarov, H. Odilov, A. Azlarov, samarqandlik M. Jumaboyev, A. Jalilov, N. Narzullayev va boshqalar; ganch oʻymakorligida M. Usmonovning shogirdlari M. Sultonov, A. Sultonov, Abdurahim Umarov, Mirvohid Usmonov va boshqalarning xizmatlari katta.
Neʼmat Abdullayev.