PEDAGOGIKA

PEDAGOGIKA (yun. paidagogike) — tarbiya, taʼlim hamda maʼlumot berishning nazariy va amaliy jihatlarini oʻrganuvchi fanlar majmuasi. Ped. institutlari va ayrim boshqa oʻquv yurtlarida mutaxassislik dasturi asosida oʻrganiladigan oʻquv predmeti ham Pedagogika deb yuritiladi. Pedagogika fan sifatida bola tarbiyasining nazariy asoslari bilan shugʻullangan. Zamonaviy Pedagogika bolalar bilan birgalikda kattalarning ham oʻquv-tarbiyaviy, madaniy hamda maʼnaviymaʼrifiy tarbiyasi bilan shugullanishni koʻzda tutadi. Oʻzbekiston Respublika-sida Pedagogikaga barkamol shaxs maʼnaviyatini shakllantirishning asosiy vositasi sifatida yondashiladi.

Pedagogika tarbiya jarayonining qonuniyatlari, tarkibi va uni tashkil etish mexanizmlarini tadqiq etadi, tarbiyaviy va oʻquv ishlarining mazmuni, tamoyillari, ularni tashkil etish shakl, usul hamda yoʻsinlarini belgilab be-radi.

Shaxsni tarbiyalash, oʻqitish va shakllantirish Pedagogikaning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Shaxsni tarbiyalash Pedagogika dagi asosiy tushuncha sanalib, oila va jamiyatning barkamol shaxsni shakllantirishga yoʻnaltirilgan birgalikdagi faoliyatini anglatadi. Tarbiya yordamida inson shaxsining maʼnaviy jihatlarini qaror toptirish koʻzda tutiladi. Dunyoqarash, eʼtiqod, ezgulik, goʻzallik, yaxshilik, adolatga doyr qarash va koʻnikmalarning shaxs sifa-tiga aylantirilishi tarbiya yordamidagina amalga oshiriladi. Insonlar ora-sida yashash, hayotda turmush kechirish va faoliyat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalar yigʻindi-sini oʻzlashtirishga qaratilgan faoliyat oʻqitish tushunchasini ifoda etadi. Oʻqitish natijasida shaxs zaruriy bilimlar bilan taʼminlanib, kelgusida turli darajadagi maxsus maʼlumotni olish imkoniga ega boʻladi. Tarbiyalash va oʻqitish natijasida odamda muayyan shaxs sifatlari shakllantiriladi. Shaxe tarbiyalash va oʻqitish orqali oʻzida oldin boʻlmagan maʼnaviy-intellektual sifatlarga ega boʻladi. Bu hol shaxsning umri mobaynida uzluksiz davom etadi va uning rivojlanishiga omil boʻladi.

Inson va uni shakllantirishga doyr fan sifatida Pedagogika falsafa, etika, estetika, madaniyatshunoslik, psixologiya, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, demografiya, tarix, adabiyot, tibbiyot, mat. va b. fanlar bilan uzviy bogʻliq. Pedagogika fani va amaliyoti taraqqiyotida bu fanlarning nazariy asoslari, tadqiqot metodlari, ilmiy xulosalarni aniqlash, taxlil qilish hamda umumlashtirish usullaridan foydalanadi.

Pedagogikada taʼlim va tarbiya jarayonlarining qaysi jihatlarini oʻrganishdan kelib chiqadigan bir qancha soha va boʻlimlar mavjud. Oʻqitishning maqsadi, vazifalari, tamoyillari, usullari b-n shugʻullanadigan sohasi didak-tikadir. Shaxsning axloqiy sifatlarini tarkib toptirish, unda eʼtiqod, dunyoqarash, axloq singari maʼnaviy jihatlarni shakllantirish masalalarini Pedagogikaning tarbiya nazariyasi va amaliyoti tarmogʻi oʻz ichiga oladi. Taʼlim-tarbiyani tashkil etish, uyushtirish va uni boshqarish singari tashkiliy-pe-dagogik ishlar qonuniyati Pedagogikaning mak-tabshunoslik sohasi tomonidan ishlab chiqiladi. Pedagogika xamisha muayyan yoshdagi, maʼlum hayotiy va akliy tajribaga ega boʻlgan kishilar b-n ish koʻradi. Shuning uchun ham Pedagogikaning qonuniyatlarini belgilashda taʼlimtarbiya oluvchining yosh xususiyatlarini hisobga olish hal qiluvchi axamiyatga ega boʻladi. Shu sababli Pedagogika oila ped. si, maktabgacha taʼlim ped. si, maktab ped. si, kasb-hunar taʼlimi ped. si, oliy taʼlim ped. si, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlimi ped. si kabi qismlarga boʻlinadi va umumlashtirilgan holda yosh ped. si deb ataladi.

Ayrim oʻquv fanlarini oʻqitish qonuniyatlari va usullarini oʻrgatuvchi metodika (tadris) fanlari ham Pedagogikaning sohalari hisoblanadi. Bularga nisbatan didaktika umumiy metodika hisoblanadi va har bir alohida predmeti metodikasi xususiy didaktika sanaladi. Ammo bu xil chegaralanish anchagina shartlidir. Chunonchi, adabiyot oʻqitish metodikasi didaktikaga nisbatan xususiy didaktika hisoblanadi, ayni vaqtda, u mumtoz adabiyot tarixini oʻrganish metodikasi, chet el ada-biyotini oʻrganish metodikasi, xalq ogʻzaki ijodini oʻrganish metodikasiga nisbatan umumiy metodika vazifa-sini bajaradi. Xususiy metodikalar umumiy didaktikaga tayangan va uning nazariy umumlashmalariga asoslangan holdagina rivojlana oladi. Ayni vaqtda, har bir aniq fanga tatbiq etilgan didaktik qonuniyatlar oʻsha oʻquv predmetini oʻqitish tajribasidagi oʻziga xoslik bilan boyitiladi, umumiy jihatlarni konkretlashtiradi, har bir oʻziga xoslikda oʻqitishning universal jihatlarini namoyon etadi.

Pedagogikaning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar rivojlanishining ruhiy-jismoniy xususiyatlarini, ularni tarbiyalash, oʻqitish va shakllantirishdagi oʻziga xosliklarini hisobga olib ish koʻradigan tarmogʻi defektologiyapnr. Defektologiya bolaning qanday jismoniy nuqsonga egaligi hamda ularga beriladigan taʼlimtarbiyaning yoʻnaltirilganligiga qarab tiflopedagogika, surdopedagogika, oligofrenopedagogika, logopediya singari tarmoqlarga boʻli-nadi. Jahon yoki milliy tarbiya nazariyasi, didaktika fani hamda amaliyo-ti jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida qanday mazmun-mundarija, shakl-shamoyil kasb etganligi, qaysi usul va shakllardan foydalanib ish koʻrganligi, qanday natijalarga erishganligi kabi masalalar ped. tarixi fani tomonidan tadqiq etiladi.

20-a. boshlaridan qiyosiy ped. fani Pedagogikaning alohida tarmogʻi sifatida dunyoga keldi. Unda jahondagi turli xalqlarning pedagogik qarashlari va taʼlim-tarbiya tizimi qiyosiy-genetik yoʻsinda bir-biriga solishtirilgan holda oʻrganildi. Pedagogikaning bu tarmogʻi taʼlim-tarbiya borasidagi eng ilgor usul va yondashuvlarni solishtirish, maqsadga muvofiklarini muayyan milliy pedagogik fan va amaliyotga tat-biq qilish imkonini beradi. Mamla-katimizda hozircha qiyosiy ped. alohida fan sifatida shakllanmagan boʻlsada, bu borada jiddiy izlanishlar amalga oshirilgan.

Tarixi. Pedagogika inson faoliyatining eng qad. turidir. U odam bilan birga paydo boʻlgan va odamning odamligini, uning oila, jamoa hamda jamiyat boʻlib yashashini taʼminlab turgan fan va amaliyotdir. Insoniyat mavjud tajribalarni oʻrganish va b. ga oʻrgatishni yoʻlga qoʻya boshlagan vaqtdan, yaʼni Pedagogika paydo boʻlganidan buyon hamda shu tufayligina mavjuddir. Dastlab sof amaliy xarakterga ega boʻlgan va insoniyat koʻp yillar mobaynida orttirgan hayotiy tajribalarni yoshlarga qisqa muddatda oʻrgatishni koʻzda tutgan. Bu P. udum, odat, anʼana tarzida namoyon boʻlgan. Shuning uchun ham oldin xalq pedagogikasi vujudga kelgan. Chunonchi, oʻzbek xalq Pedagogika siga muvofiq, kichik yoshdagilar kattalardan oldin taomga qoʻl uzatmaydi, koʻrishish uchun oldin katta qoʻl choʻzishi lozim, ota bilan masala talashilmay-di, kattalarga ran qaytarilmaydi va b.

Odamzodning hayotiy va aqliy tajribasi ortib, turmush kechirish tarzi xilma-xillashib, mehnat taqsimoti yuzaga kelib turli fanlar paydo boʻla boshlashi b-n P. ham inson faoliyatining alohida sohasiga aylandi. Taʼlim va tarbiyaga doyr qarashlar tizimi shakllandi. Lekin bular darhol pedagogik nazariy tizimlar sifatida emas, balki milliy fikr tarbiyaga daxldor qarashlar, aqidalar, hikmatlar tarzida namoyon boʻldi. Yozuv paydo boʻlishi bilan pedagogik qarashlar yozuvga koʻchiriladigan boʻldi. Antik davrdagi mu-tafakkirlarning taʼlimtarbiya borasidagi fiqolari markazida yetuk insonni shakllantirishga intilish is-tagi turardi. Shumer, Misr, Xitoy, Hindiston va Oʻrta Osiyodagi turli madaniymaʼrifiy obidalar moddiy madaniyat namunalarigina boʻlib kolmay, oʻz davridagi buyuk pedagogik meros hamdir. Qadim zamonlarda paydo boʻlgan pedagogik qarashlar koʻproq amaliy xususiyatga ega boʻlsada, ke-yinchalik Pedagogikaning alohida fan sifatida shakllanishiga ulkan xissa qoʻshdi. Pedagogika insoniyatning axloqodobi va maʼnaviyatigagina emas, balki akliy rivojiga ham hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgani sababli uning taraqqiyot darajasi jamiyatning ravnaqiga muvofiq tarzda roʻy berdi. Bir qancha mamla-katlarning rivojiga ham, boshqalarining esa qolokligiga ham koʻpincha oʻsha mamlakatdagi Pedagogikaning holati sabab boʻlgan. Xususan, Sharqxalklari oʻz vaq-tida eng qad. va ilgʻor pedagogik qarashlar tizimini yaratgan boʻlishlariga qaramay, shu tizimni zamona talablariga muvofiq tarzda takomillashtirib bormaganliklari uchun keyinchalik ilm-fan taraqqiyoti jihatidan qoloq holga tushib qoldilar.

Aytish kerakki, marksistik falsafa barcha ijtimoiy hodisalar kabi Pedagogikani ham oʻzi oʻylab topgan ijtimoiyiqtisodiy qoliplarga muvofiq tarzda izoxlashga urinib keldi. Shundan kelib chiqib. Pedagogikani partiyaviy-sinfiy xususiyatga ega deb qaraldi va turli sinflarning Pedagogikasi bir-biridan jiddiy farq qiladi hamda oʻzaro qaramaqarshi boʻladi, deb izoxladi. Shuning-dek, marksistik yondashuvga koʻra, Pedagogika ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarga muvofiq boʻladi, yaʼni tuzum oʻzgarishi bilan tubdan oʻzgarib, oldingi pedagogik tizim toʻliq inkor etiladi. Holbuki, fan insoniyat tarixi marksizmda ay-tilgan besh formatsiyadan iborat emasligini koʻrsatdi. Binobarin, shunga moslab chiqarilgan xulosalarning sunʼiy va noilmiy ekanligi ayon boʻldi.

Oʻzbek Pedagogikasi juda qad. tarixga ega boʻlib, uning dastlabki ildizlari Avestota, Urxun-Yenisey bitiklariga, Selungur madaniyatiga borib taqaladi. Ave-stodagi ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal haqidagi, kishilarga koʻngil maʼrifa-ti berish borasidagi qarashlar yozma milliy pedagogik qarashlarning dastlabki namunasi boʻlib, yetuk insonni shakllantirishga yoʻnaltirilgan. Milliy Pedagogikaning taraqqiyotida islom dini va tasavvuf taʼlimoti hal qiluvchi oʻrin tutadi. Chunki Qurʼoni karim, Xdsisi sharif va tasavvuf taʼlimo-tining markazida axloq, komil inson maʼnaviyatini shakllantirish turardi. Komil inson taʼlim-tarbiya yordamida, yaʼni Pedagogika vositasida tarkib toptirilishi mumkin edi. Forobiyning fozil odamlari, Beruniy, Ibn Sino falsa-fiy qarashlaridan oʻrin olgan yetuk shaxslar, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy asarlarida tasvirlangan be-nuqson odamlar, Abduxoliq Gʻijduvo-niy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Na-qshband, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab orzulagan komil inson uzbek Pedagogika sining markazida turardi. 17-a. dan boshlab, milliy Pedagogikada taʼlim-tarbiyaning mohiyatiga emas, balki tashqi jihatlariga eʼtibor kuchaydi, turmush talablarini hisobga olmay, hayotiy za-mindan uzilish sodir boʻddi. Natijada, jamiyat taraqqiyoti susaydi, ijtimoiy-siyosiy hayotda ham tanazzulga yuz tutildi. Pedagogika dagi biqiqlik, biryoklamalik kishilar ruhiyatiga koʻchdi, undan ijtimoiy tartibotlar va siyosiy qurilmalarga oʻtdi. Butun bir davlat xonliklarga boʻlinib ketdi. Xonliklarning har birining ichida bir-biri bilan kelishmovchilik hamda oʻzaro janjallar avj oldi. Negaki, jamiyat va unda yashaydigan insonlarning maʼnaviy oʻrnaklari puxta tayin etilmagan edi.

Rossiya bosqini va shoʻrolar zamonida milliy Pedagogika kuchli tanazzul davrini boshdan kechirdi. Toʻgʻri, ayni shu davrda u ilmning alohida sohasi sifatida tarkib topdi. Lekin shoʻro davridagi oʻzbek Pedagogikasi toʻligʻicha gʻarbiy asoslarga qurilgan, begona tamoyillarga tayangan fan boʻldi. Unda millat maʼnaviy tajribasi, uning asrlar mobaynida shakllangan anʼanalari, ruhiy toʻlgamlari hisobga olinmagandi. Shuning uchun ham toʻliq dahriylik asosiga qurilgan begona Pedagogika koʻzlagan nati-jalarga erisha olmadi.

Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi natijasida millim ong boʻgʻuvdan, mafkuraviy qolipdan, buyruqqa muvofiq fiqolash zugʻumidan qutuldi. Bu hol Pedagogikaning sogʻlom aql, milliy ruhiyat va anʼanalarga moye tarzda yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratdi. Bugungi oʻzbek Pedagogikasi millat ruhiyatidagi nozik jihatlarni hisobga olgan va dunyo tarbiyashunosligidagi eng soʻnggi yutuqlarga tayangan qolda taraqqiy etmoqda. Zamonaviy oʻzbek Pedagogikasida barkamol insonni shakllantirish rasmiy ravishda bosh maqsad qilib belgilangan. Bu P. taʼlimtarbiya jarayonida taʼlim oluvchi va tarbiyalanuvchilarning faol ishtirok etishlarini koʻzda tutadi. Bolalar, yoshlar pedagogik jarayonning obyektigina emas, balki subyekti, yaʼni ijrochisi ham ekanligiga alohida eʼti-bor qaratilmoqda. Ayni vaqtda, barcha pedagogik tadbirlar taʼlim-tarbiya oluvchilarning mustaqil fiqolashlarini taʼminlash, ularda tarbiyalanish va oʻqishga ehtiyoj uygʻotishga yoʻnaltirilgan xrlda tashkil etilmoqda. Bugungi oʻzbek Pedagogikasi uchun muayyan bilimlar yi-gʻindisi emas, balki bola shaxsi bosh qadriyatga aylangan. Shuning uchun ham milliy Pedagogikada faqat bilimli oʻquvchilar tayyorlashga emas, balki izlanuvchan, tashabbuskor shaxsni shakllantirishga asosiy eʼtibor berilmoqda.

Zamonaviy oʻzbek Pedagogikasi rivojida E. Qodirov, S. Dolimov, Q. Axmedov, D. Shodiyev, A. Zunnunov, F. Musayev, J. Ikromov, K. Hoshimov, J. Yoʻldo-shev, Y. Abdullayev, N. Shodiyev, M. Quronov, L. Moʻminova, B. Qodirov sin-gari olimlar tomonidan olib borilgan i. t. ishlari muqim oʻrin tutadi.

Ad.: Pedagogika, T., 1996; Oʻzbek pedagogikasi tarixi, T., 1997; Qurbonov Sh., Seytxalilov E., Kadrlartayyorlash milliy dasturi: pedagogik tadqiqotlar yoʻnalishi va muammolari, T., 1999; Oʻzbek pedagogikasi antologiyasi [tuzuvchilar: K. Hoshimov, S. Ochil], 1-, 2-j. lar, T., 1995, 1999.

Qozoqboy Yoʻldoshev.


Lotin alifbosida maqola: PEDAGOGIKA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: P harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



DIDAKTIKA
TOSHKENT
FRANSIYA
MEHNAT TARBIYASI
OLIY OʻQUV YURTLARI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты