POLIGRAFIYA (poli… va… grafiya) — gaz., jur., kitob, plakat va b. bosma mahsulotlar tayyorlash bilan bogliq texnika sohasi; matn va grafik tasvirlardan nusxa koʻpaytiradigan texnika vositalari majmui; matbaachilikning moddiy-texnika negizi (q. Poligrafiya sanoati). Ilgari kitoblar faqat dastaki usulda tayyorlangan. Matnlar qoʻlda yozilib, muqovalash ishlari maxsus moslamalar bilan bajarilgan. Kitobni Poligrafiya usoʻlida nashr etish bir necha yuz yillardan beri maʼlum (q. Kitob, Kitob bosish). Birinchi toʻliq hajmli kitobni 15-a. oʻrtalarida I. Guttenberg bosgan. 16-a. da rus matbaachisi I. Fyodorov chop etish texnikasini ancha takomillashtirdi. 19-a. bosma mashina ixtiro etilishi, litografiya yaratilishi natijasida Poligrafiyada tub burilish yuz berdi. 20-a. oʻrtalaridan fan va texnika taraqqiyoti tufayli Poligrafiya tez rivojlandi. Xususan, barcha bosma usullar uchun qoliplar tayyorlashning elektron usuliga oʻtildi, yuqori tezlikda ishlaydigan ofset bosma mashinalari qoʻllanila boshladi, pardozlash sexlarida avtomatik potok liniyalar yaratildi, butun i. ch. ni kompleks mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, gazeta sahifalarini fototelegraf texnikasi orqali uzatish va qabul qilish imkoniyati tugʻildi.
Poligrafiya texnologiyasi, asosan, 3 bosqichga boʻlinadi: qolip tayyorlash, matn bosish va muqovalash. Qolip tayyorlash harf terish jarayoni (matn bosma qolipini tayyorlash) va rasmlarning bosma (qolip) larini tayyorlashni oʻz ichiga oladi. Matn qolipi bosmaxona shriftidan qoʻlda yoki harf terish mashinasida teriladi. Mashina literaparni komplektlaydi va qolip yoki yarimfabrikat (mas, fotonusxa) tayyorlaydi. Avtomatik harf terishning turli usullari keng tarqalgan. Hozir matnlar kompyuterlarda terilib sahifalanmoqda. Qoʻlda bajariladigan yuqori bosma usullaridan ksilografiya, linogravyura; chuqur bosma usullaridan ofort, akvatinta; tekis bosma usullaridan litografiya keng qoʻllaniladi. Rayem qoliplari fotomexanik usullar (avtotipiya, fototsinkografiya, fototipiya va b.) b-n, shuningdek, elektron gravyuralash mashinalari yordamida tayyorlanadi. Koʻp rangli originallarni bosishda maxsus fotografiya (rang ajratish) usullari yoki elektron rang ajratkichlar yordamida tayyorlangan hamda maʼlum rangni aks ettiradigan bosma qoliplaridan foydalaniladi.
Bosma jarayonining quyidagi xillari bor: tasvirni boʻyoq rezervuarida hosil qilish (mas, gektografiya); tasvirni oraliq sirtda (qolipda) hosil qilish; tasvirni boʻyoq qolip ichidan yurgiziladi (mas, rotator) yoki qolip ustiga surtiladi (mas, yuqori bosma, chuqur bosma usullarida). Bosish tezkor bosma mashinalarida bajariladi. Muqovalash jarayonida bosilgan mah-sulot mashinalar yordamida sahifamasahifa buklanadi, tikiladi, qirqila-di, yelimlanadi, bezatiladi va h. k.
Poligrafiya mahsulotlari bosmaxonalar, f-kalar va kombinatlarda tayyorlanadi. Poligrafiyaning taraqqiyoti yangi bosma turlarini yaratish, bosma qoliplarni tayyorlashning takomillashgan usullarini topish, bosish va pardozlash (muqovalash) jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish va b. tadbirlar bilan bogʻliq. Oʻzbekistonda Poligrafiya muammolari bilan asosan, Toshkent toʻqimachilik va yengilsanoat in-tida, Usmon Nosir nomidagi matbaa kollejida shugʻullaniladi.