QOZOGʻISTON (Qazaqstan), Qozogʻiston Respublikasi (Qazaqstan Respublikasы) — Yevrosiyo materigining markaziy qismida joylashgan davlat. Gʻarbda Kaspiy dengizi bilan tutashgan. Mayd. 2724,9 ming km2. Aholisi 15 mln. kishi (2005). Poytaxti — Ostona sh. Maʼmuriy jihatdan 14 viloyat, viloyatlar audan (tuman)larga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. q. — boshqaruvning prezidentlik shaklidagi unitar davlat. Amaldagi konstitutsiyasi 1995-y. 30 avg. dagi referendumda qabul qilingan; 1998-y. 7 okt. da oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1990-y. apr. dan N. A. Nazarboyev), u umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan 7 y. muddatga saylanadi. qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament (Senat va Majlis), ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Qozogʻistonning hududi gʻarbda Volga daryosi quyi oqimidan sharqda Oltoygacha va shim. da Gʻarbiy Sibir tekisligidan jan. da Tyanshan togʻlarigacha choʻzilgan. Gʻarbda Kaspiyboʻyi pasttekisligi va Mangʻishloq ya. o. bor; bu yerda dengiz sathidan past botiqlar (mas, Qoragiyo — 132 m) uchraydi. Mangʻishloqdan sharqda Ustyurt platosi (bal. 340 m gacha) joylashgan. Kaspiyboʻyi pasttekisligi shim.-sharqda Ural togʻlarining jan. tarmoqlari va Mugʻojar togʻi bilan chegaralangan. Mugʻojar togʻidan shim.sharqda Toʻrgʻay platosi bor. U jan. da Turon pasttekisligi (Qizilqum choʻli)ga tutashib ketadi. Orol dengizidan shim. da Katta va Kichik Boʻrsiq qumli choʻllari va Orolboʻyi Qoraqumi joylashgan. Qozogʻistonning markaziy qismini Krzogʻiston past togʻlari (Sariorqa) egallagan. Bu yerda Qizilray (1565 m), Qarqarali (1366 m), Ulugʻtov (1133 m) kabi alohida togʻ massivlari bor. Qozogʻiston past togʻlaridan jan. da Betpaqdala choʻli, undan jan. da Moʻyinqum choʻli joylashgan. Betpaqdaladan sharqda katta maydonni egallagan Yettisuv hududi mavjud. Qozogʻistonning sharqi va jan.-sharqida Oltoy togʻlarining jan. tarmoqlari, shuningdek, Saura, Tarbagʻatay, Jungʻariya Olatovi tizmalari, Shim. va Gʻarbiy Tyanshanning ayrim tizmalari joylashgan.
Qozogʻistonda foydali qazilmalardan Mugʻojar togʻi tokembriy va paleozoy burmali va metamorfozlashgan qatlamlari orasida mis kolchedani, Toʻrgʻay bukilmasi zaminida magnetit rudalari (Sokolov, Sarbay va b.) hamda qoʻngʻir temirtosh (Qoʻstanay viloyati), qoʻngʻir koʻmir, boksit uchraydi. Qozogʻistonning burmali paleozoy zaminida rudali va noruda foydali qazilmalar (mis, polimetall va b.)ning yirik konlari bor. Shuningdek, toshkoʻmir (Qaraganda, Ekibastuz) va qoʻngʻir koʻmir (Maykuba) konlari mavjud. Mugʻojar togʻining vulkanogen jinslarida xromit, nikel, kobalt, oltin, asbest bor. q. hududida qoʻrgʻoshin, rux, molibden, volfram, fosforit. barit, kadmiy, vismut, profillit, neft, gaz, yonuvchi slanes. marganes. titan, vanna-diy, temir, alyuminiy, qalay rudalari, oltingugurt, mirabilit, flyuorit ham bor.
Iqlimi keskin kontinental. Qish shim. da sovuq, markazi va jan. da moʻtadil sovuq, chekka jan. da yumshoq. Yanv. da oʻrtacha t-ra shim. da —18°, tekislik qismining jan. da — 3°. Shim. va markaziy r-nlarda qishda — 45° gacha, jan. da — 35° gacha sovuq boʻladi. Yozi shim. da iliq, jan. da issiq. Iyulda oʻrtacha t-ra shim. da 19°, jan. da 28—30°. Yillik yogʻin dasht va oʻrmonli dashtlarda 250 — 400 mm, choʻl va chala choʻlda 100—200 mm. Balxashboʻyi, Orolboʻyi Qizilqumi va Ustyurt jan. da 100 mm dan kam. Togʻ oldi va togʻlarda yillik yogʻin 400 — 1600 mm. q. hududining hamma qismida kuchli shamollar boʻladi. q. jan. dagi togʻlarda muzliklar boʻlib, ularning soni 2700 dan ziyod, umumiy mayd. 2000 km2 chamasida.
Qozogʻistonda 85 mingdan ziyod daryo va soy boʻlib, shundan 328 tasining uz. 100 km dan ortiq. Daryolarining aksariyati ichki berk havzalar (Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash koʻli va b.)ga oqadi. Tekisliklardan oquvchi daryolarning koʻpi yozda qurib qoladi. Togʻ daryolari sersuv va gidroenergiyaga boy. Asosiy daryolari — Irtish, Ural, Chu, Ili, Sirdaryo. Chordara, Buxtarma, Qopchigʻay va b. suv omborlari bor.
Qozogʻistonda 48,3 mingga yaqin koʻl bor; ularning umumiy mayd. 45 ming km2 dan ortiq. Yirik koʻllari: Balxash, Zaysan, Olakoʻl, Tengiz, Sassiqkoʻl, Marqakoʻl va b.
Tuproqlari shim. da 52° sh. k. gacha qoratuproq, 52—48° sh. k. lar orasida kashtan tuproq, undan jan. da qoʻngʻir va boʻzqoʻngʻir choʻl tuproqlari bilan birga qumli va taqir tuproqlar, togʻlarda togʻ qoʻngʻir, togʻ kashtan, qora tuproq, boʻz oʻrmon va togʻ-oʻtloqi qoramtir tuproqlar tarqalgan. Togʻ tepalarida togʻ-oʻtloqi subalp va alp tuproqlar mintaqasi joylashgan.
Qozogʻistonda oʻsimliklarning 15 ming turi bor. Tekislik qismi oʻsimlik qoplamining xarakteriga qarab 3 asosiy zonaga: dasht, chala choʻl va choʻl zonalariga boʻlinadi. Dasht zonasida har xil boshoqli oʻsimliklar oʻsadi, shim. roqda qayinzorlar uchraydi. Chala choʻl zonasida shuvoq-boshoqli oʻsimliklar koʻproq. Choʻl zonasi eng katta maydonni egallagan. Qizilqum choʻlida qora saksovulzorlar bor. Yirik daryo vodiylarida toʻqay oʻrmonlari (jiyda, turangʻil, tol, chingʻil) oʻsadi, daryo va koʻl boʻylari qamishzor. Togʻ etagi tekisliklari va togʻ oldilarida efemer va efemeroidlar. togʻ yon bagʻirlarida butalar (naʼmatak, zirk va b.), yovvoyi mevali daraxtlar oʻsadi. Togʻlarning oʻrta mintaqasi igna bargli oʻrmonlar bilan qoplangan, togʻ tepalari subalp va alp oʻtloklaridan iborat.
Hayvonot dunyosida sut emizuvchilarning 180 turi, qushlarning 500 turi, sudralib yuruvchilarning 52 turi, suvda va quruqda yashovchilarning 12 turi, baliqlarning 104 turi yashaydi. Umurtqasiz hayvonlar koʻp. Kemiruvchilar, asosan, choʻl va dasht yerlarda tarqalgan. Choʻl va chala choʻllarda saygʻoq, jayran, togʻlarda maral, togʻ takasi, arxar, yovvoyi choʻchqa, yirtqichlardan boʻri, tulki, boʻrsiq, togʻ oʻrmonlarida qoʻngʻir ayiq, qor qop-loni, silovsin, rosomaxa, kolonok, tiyin va b. yashaydi. Suv parrandalaridan yovvoyi gʻoz, oʻrdak, Tengiz koʻlida qizil gʻoz, qamishzorlarda laylak, birqozon, turna, dashtda burgut va h. k. bor. Sudralib yuruvchilar koʻp. Daryo va koʻllari baliqqa boy. Oqsuv-Jabalgʻa, Olmaota, Borsakelmas, Qurgʻalja, Marqakoʻl, Naurzum qoʻriqxonalari, Bayanovul milliy bogʻi bor.
Aholisi. Qozogʻistonda 131 millat va elat istiqomat qiladi. Asosiy aholisi qozoqlar (55,7%). Shuningdek, rus, ukrain, nemis, oʻzbek, tatar, uygʻur va b. ham yashaydi. Davlat tili — qozoq tili. Shahar aholisi 56%. Dindorlarning aksariyati musulmon-sunniylar, pravoslavlar (8,2%), protestantlar (2,1%) ham bor. Yirik shaharlari: Olmaota, Qaragʻanda, Chimkent, Pavlodar, Semipalatinsk.
Tarixi. Hozirgi Qozogʻiston hududida mil. av. 4—3-ming yilliklarda (eneolit davri) yaylov chorvachiligi paydo boʻldi. Mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida koʻpgina dasht qabilalari yaylov chorvachiligi bilan shugʻullana boshladi. Bu qabilalar, asosan, qoʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilik bilan shugʻullangan, hunarmandchilik va qisman dehqonchilik ham qilgan. Mil. av. 3—1-a. larda hozirgi Qozogʻiston hududida Qangʻ davlati vujudga keldi. Mil. 6-a. oʻrtalarida Turk xoqonligi, 8-a. boshlarida Ili va Chu daryolari oraligʻidagi hudullarda turgashlar, 766-y. qarluqlar davlati tashkil topdi. Turgashlar, keyinchalik Qarluqlar xoqonligida (766— 940) hunarmandchilik va savdo markazlari boʻlgan shaharlar (Taroz va b.) paydo boʻldi. 8—10-a. larda Qozogʻiston jan. da islom dini tarqaldi. 9—11-a. larda Qozogʻistonning gʻarbiy va jan.-gʻarbiy hududlari oʻgʻuzlar davlati tarkibida boʻlgan. 8—11-a. larda shim.-sharqiy va markaziy hududlarda kimaklar va qipchoqlar yashagan (bu katta hudud Dashti Qipchoq deb atalgan).
10-a. ning 1-yarmida Yettisuvga sharqiy Turkistondan yagʻmolar bostirib kirdi. Ularning hujumi natijasida Qarluq xoqonligi parchalanib, uning oʻrnida Qoraxoniylar davlati paydo boʻldi. 1219—21 y. larda Qozogʻiston moʻgʻullar tomonidan bosib olinib, Chingizxon oʻgʻillari oʻrtasida taqsimlandi. Moʻgʻullar hukmronligi davrida Qozogʻiston Oltin Oʻrda tarkibida, u parchalangach, Oq Oʻrda va Moʻgʻuliston tarkibida boʻlgan. Amir Temur 1391-y. Toʻxtamishta qarshi yurishi chogʻida Qozogʻiston dagi Ulugʻtogʻ (Ulutov)da qarorgoh qurgan va toshtaroshlarga safari haqida xarsang toshga bitik bitishga farmon bergan. Oradan 200 yil oʻtgach, Abdullaxon II ham Dashti Qipchoqqa yurishidan yodgorlik sifatida Ulugʻtogʻda masjid qurdirgan. Katta hududni birlashtirgan Oq Oʻrda 14-a. oxiri — 15-a. boshlarida bir necha mulklarga ajralib ketdi (asosiy hududlarni birlashtirgan Noʻgʻay Oʻrda va Oʻzbek xonligi ularning eng yiriklari boʻlgan). 15-a. oxirida Yettisuvda Qozoq xonligi vujudga keldi. 16-a. boshlarida qozoq elatining uzoq davom etgan shakllanishi nihoyasiga yetdi. Qosimxon davri (1511 — 23)da Qozoq xonligi mustahkamlanib, chegarasi kengaidi, aholi soni ortdi. 16-a. oʻrtalarida Noʻgʻay Oʻrdasi, keyinroq Moʻgʻuliston va Sibir xonliklari parchalanib ketdi. Qozoq xonligi juzlarga boʻlinib, Katta juz (Yettisuv), Oʻrta juz (Markaziy Qozogʻiston) va Kichik juz (Gʻarbiy Qozogʻiston) deb atala boshladi. 17-a. da juzlar hududlarida mustaqil xonliklar paydo boʻldi. 18-a. boshlarida Qozogʻistonga Jungʻariya xonligi xavf solib turdi (1729-y. jungʻarlar Katta juzning talay yerlarini bosib oldi). 1726-y. Abulxayrxon Kichik juz oqsoqollari nomidan Rossiya podshosiga fuqarolikka olishni iltimos qilib murojaat qildi. 1731-y. Kichik juz Rossiya tarkibiga kira boshladi. 1731—40 y. larda Oʻrta juzning ayrim xon va sultonlari Rossiya fuqaroligini qabul qildilar. 18-a. oʻrtalarida qozoq sultonlari orasida nizo kuchayib, pirovardida Abulxayrxon oʻldirildi (1748). Uning oʻgʻli Nurali kichik juz xoni boʻlib, podsho maʼmuriyatiga tayandi va oʻz hokimiyatini Oʻrta juzning bir qismiga, shuningdek, Xivaga ham yoyishga urindi. Ammo u muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jungʻarlarning Xitoydan magʻlubiyatga uchrashi (1758) natijasida hududining katta qismi jungʻarlar hokimiyati ostida boʻlgan Katta juzda manjurlar hukmronligi oʻrnatilishi xavfi paydo boʻldi. Qozogʻistonning jan. hududlari, jumladan, Chimkent ham Qoʻqon xonligi tarkibiga kirdi. 19-a. boshlarida Oʻrta juz xonlari Buke (1815), Vali (1819) vafotidan soʻng podsho hukumati xon hokimiyatini tugatib, 1822-y. dan yan-gicha boshqarish tizimini joriy etdi. 1824-y. Kichik juzda ham xon hokimiyati tugatildi; urugʻ oqsoqollari hokimiyatini cheklaydigan hududiy boshqaruvga oʻtildi. Dasht yerlarning jan. hududlari Koʻqon va Xiva xonliklari tarkibida qoldi. 1853-y. Orenburg va Samara general-gubernatori V. A. Perovskiy Qoʻqon xonligiga qarashli Oqmachit qalʼasini ishgʻol qilib, uni tayanch punktga aylantirdi. 1854-y. Verniy istehkomi (hoz. Olmaota) qurildi.
Rossiyaning taʼsiri kuchayib borayotganligidan xavfsiragan Koʻqon xoni Xudoyorxon 1860-y. ning kuzida ruslarning Verniy istehkomini bosib olish uchun 20 ming askar yubordi. Oʻsha yilning okt. da rus qoʻshinlari qozoq otryadlarining yordamida Uzunogʻoch darasida Qoʻqon xoni askarlarini magʻlubiyatga uchratdi. Natijada Yettisuvning barcha qismi Rossiyaga qoʻshib olindi. 19-a. ning 60-y. larida qozoq yerlarining Rossiyaga qoʻshib olinishi tugallandi. Podsho hukumati oʻlkada maʼmuriy islohotlar oʻtkazdi. 1867-y. turkiston general-gubernatorligi tarkibida Yettisuv va Sirdaryo viloyatlari, 1868-y. Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Ural va Toʻrgʻay viloyatlari, Gʻarbiy Sibir (keyinchalik Dasht) general-gubernatorligi» tarkibida Akmolinsk va Semipalatinsk viloyatlari tashkil etildi. Viloyatlar uyezdlarga, uyezdlar volos-tlarga, volostlar ovullarga boʻlindi. Barcha yerlar davlat mulki deb eʼlon qilindi. 1867—68 y. lardagi islohotlar qozoq jamoalarining barcha tabaqalarida norozilik tugʻdirdi. Natijada mustamlakachilik zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarildi. U shafqatsiz bostirildi. Q. Rossiya sanoati uchun oʻz tovarlarini sotish bozori va xom ashyo bazasi boʻlib qoldi.
1-jahon urushi yillari (1914 — 18) da q. x. mahsulotlari va chorva mollarini ommaviy ravishda tortib olish, soliqlarning koʻpayishi, qimmatchilik, qozoq aholisining mardikorlikka safarbar qilinishi (1916) aholi orasida gʻalayonlarning avj olishiga sabab boʻldi. 1916-y. ga kelib gʻalayonlar Qozogʻistonning butun hududini qamrab olgan milliy ozodlik harakatiga aylandi. Ayniqsa, bu harakat Toʻrgʻay viloyatida uzoq davom etib, unga xalq qahramoni Omongeldi Imonov rahbarlik qildi. 1917-y. noyab. — 1918-y. fev. da Qozogʻistonda sovet hokimiyati oʻrnatildi. Qozogʻistonning Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari 1918-y. apr. da tashkil etilgan Turkiston ASSR tarkibiga kiritildi. 1920-y. 26 avg. da RSFSR tarkibida Qirgʻiziston (Qozogʻiston) ASSR tuzildi. 1920-y. 4—12 okt. da Orenburgda boʻlib oʻtgan Q. Sovetlarining taʼsis syezdi RSFSR tarkibida Qozogʻiston ASSR tuzilganligini eʼlon qildi. 1936-y. Qozogʻiston ASSR SSSR tarkibidagi ittifoqdosh respublikaga aylantirildi. 1990-y. 25 okt. da davlat suvereniteti toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilindi. 1990-y. 10 dek. da q. Respublikasi deb nomlandi. 1991-y. 16 dek. da respublika Oliy Kengashi davlat mustaqilligi toʻgʻrisida qonun qabul qildi. 1991-y. 21 okt. da MDH tarkibiga kirdi. Qozogʻiston — 1992-y. dan BMT aʼzosi. 1992-y. 23 okt. da OʻzR suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 16 dek. — Mustaqillik kuni (1991).
Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushma birlashmalari. Qozogʻiston agrar partiyasi, 1999-y. yanv. da tuzilgan; q. fuqarolik partiyasi, 1998-y. noyab. da asos solingan; Q. demokratik partiyasi, 2004-y. apr. da tashkil etilgan; q. «Aq jol» («Oq yoʻl») demokratik partiyasi, 2002-y. martda tuzilgan; Q. «Auml» («Qishloq») sotsial-demokratik partiyasi, 2000-y. yanv. da asos solingan; q. xalq kommunistik partiyasi, 2004-y. apr. da tashkil etilgan; Q. kommunistik partiyasi, 1991-y. tuzilgan; «Qozogʻistonning demokratik tanlovi» xalqpartiyasi, 2001-y. noyab. da asos solingan; Q. vatanparvarlar partiyasi, 2000-y. tashkil etilgan; Respublika «Otan» («Vatan») siyosiy partiyasi, 1999-y. yanv. da asos solingan; «Ruhoniyat» partiyasi, 2003-y. apr. da tuzilgan. Qozogʻiston erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1991-y. avg. da tuzilgan; Q. mehnat konfederatsiyasi, 2004-y. 2-martda tashkil etilgan; q. Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1990-y. okt. da asos solingan.
Xoʻjaligi. Qozogʻiston — industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 22,2%, savdo va umumiy ovqatlanish 18,1%, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi 12,7%, transport va aloqa 11,8% ni tashkil etadi.
Sanoatida yonilgʻi-energetika, qora va rangli metallurgiya, oziq-ovqat, mashinasozlik va metallsozlik, kimyo va neft kimyosi, yengil, qurilish materiallari sanoati yetakchi tarmoqlardir. Qora metallurgiya sanoati markazlari Temirtov, Oqtoʻba, Qaragʻanda, Oqsuv sh. lari. Rangli metallurgiya sanoati mis (Balxash va Jezqazgʻan kon-metallurgiya k-tlari), qoʻrgʻoshin-rux (Ust-Kamenogorsk, Chimkent), alyuminiy (Pavlodar) sanoatini oʻz ichiga oladi; titan-magniy ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (temirpress uskunalari, stanok, ekskavator, traktor, q. x. mashinalari i. ch.) korxonalari Qaragʻanda, Olmaota, Ostana, Pavlodar, Ust-Kamenogorsk sh. larida joylashgan. Kimyo sanoati korxonalari mineral oʻgʻit, fos-for, plastmassa, sintetik kauchuk, kimyoviy tola va b. ishlab chiqaradi (Qoratov, Chimkent, Taroz, Aterov). Aterov, Pavlodar sh. larida neftni qayta ishlash z-dlari bor. Qurilish materiallari sanoatida sement, ohak, gʻisht, temir-beton konstruksiyalari i. ch., yengil sanoatning koʻn-poyabzal, terimoʻyna, jun, trikotaj, ip-gazlama i. ch. tarmoqlari rivojlangan. Oziq-ovqat sanoatida goʻsht, yogʻ, qand-shakar va konserva ishlab chiqariladi. Toshkoʻmir (Ekibastuz, Qaragʻanda havzalari), neft va tabiiy gaz (Mangʻishloq ya. o.), temir rudasi (Sokolov-Sarbay koni), polimetall, mis, uran, xrom, qoʻrgʻoshin, nikel rudalari, rux, vismut, kadmiy, molibden, boksit qazib olinadi. yiliga oʻrtacha 58,6 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi – I (85,7% issiqlik elektr st-yalarida). Irtish (Ust-Kamenogorsk, Buxtarma), Sirdaryo (Chordara), Ili (Qopchigʻay) daryolarida yirik GESlar bor.
Qishloq xoʻjaligida mamlakat hududining 44% dan foydalaniladi; uning 19% haydaladi, 1% ga yaqini sugʻoriladi. 1954—60 y. larda qoʻriq va boʻz yerlarning oʻzlashtirilishi natijasida Qozogʻiston gʻalla yetishtiruvchi yirik respublikaga aylandi. Lalmi va sugʻoriladigan yerlarda gʻallachilik bilan birga goʻshtjun qoʻychiligi va goʻsht-sut chorvachiligi ham rivojlangan. Gʻallachilikda, asosan, bugʻdoy yetishtiriladi. Shuningdek, paxta, kungaboqar, zigʻir, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevachilik, tokchilik, polizchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki, uy parrandasi, tuya va yilqi boqiladi.
Transportida t. y. lar uzunligi 13,5 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 87,4 ming km. Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash koʻli, Irtish, Ural, Sirdaryo daryolarida kema qatnaydi. Truboprovod transporti rivojlangan. «Eyr Qazaqstan» havo yoʻllari kompaniyasi mavjud.
Q chetga neft, tabiiy gaz, qora metall, mis, gʻalla, koʻmir va b. chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari, mashina va jihozlar oladi. Tashqi savdoda Rossiya, Ukraina, Qirgʻiziston, Germaniya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — tenge.
Tibbiy xizmati. 2005-y. Q. da 50,6 ming vrach (10 ming aholiga 33,9 vrach), 104,4 ming oʻrta tibbiyot xodimi (10 ming aholiga 74,1 oʻrta tibbiyot xodimi) ishladi. Vrachlar mamlakatdagi ixtisoslashtirilgan 6 oliy oʻquv yurtida tayyorlanadi. q. hududida «Borovoye», «Olma-Arasan», «Sariogʻoch» kurortlari, Ola-tov, Bayanovul, Kapal-Arasan, Moʻyaldi, Yangiqoʻrgʻon kurort joylar bor.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 19-a. 2-yarmigacha q. hududida faqat musulmon maktab va madrasalari boʻlgan. 19-a. ning 2-yarmidan dunyoviy maktablar, xususan, 1850-y. Orenburg chegara komissiyasi huzurida qozoq bolalari uchun 7 y. lik maktab ochildi. 1864-y. Toʻrgʻayda qozoq demokrat-maʼrifatparvar pedagogi N. Oltinsarin tashabbusi bilan qozoq maktabi va uning qoshida internat tashkil etildi. 1879—89 y. larda Qozogʻistonning turli uyezdlarida 2 sinfli rus-qozoq maktablari, 1888-y. Orskda muallimlar maktabi ochildi. 1929-y. lotin alifbosi asosida qozoq yozuvi yaratildi. 1940-y. rus alifbosi asosidagi yozuvga oʻtildi. 1992-y. dan taʼlim tizimida islohotlar amalga oshirildi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari kabi oʻrta maʼlumot beradigan litsey, gimnaziya, hunar-texnika maktablari, kollejlar paydo boʻldi. 2003-y. respublikada 108 gimnaziya, 63 litsey, litsey va gimnaziya sinflari boʻlgan 289 maktab, iqtidorli bolalar uchun moʻljallangan 30 maktab ishladi. 312 hunar-texnika maktabida 89 mingdan ziyod, 382 kollejda 207 mingdan ortiq oʻquvchi oʻqidi. Qozogʻistonda birinchi oliy oʻquv yurti — Qozogʻiston ped. instituti 1928-y. Olmaota sh. da ochilgan. 2005-y. Q. da 43 davlat oliy oʻquv yurti ishladi. Yiriklari: Qozoq milliy universiteti, Yevrosiyo milliy un-ti, Qozogʻiston milliy agrar un-ti, Qozogʻiston milliy texnika un-ti, Qozogʻiston milliy konservatoriyasi, Qaraganda un-ti, Olmaota texnologiya un-ti va b. Q. da ilmiy tadqiqotlar Qozogʻiston Respublikasi milliy fanlar akademiyasi i. t. institut va muassasalarida, mamlakat oliy oʻquv yurtlari hamda turli vazirlik, muassasalar ixtiyoridagi soha i. t. institutlarida olib boriladi. Qozogʻistonda bir qancha kutubxona (eng yirigi Q. Respublikasi milliy kutubxonasi), klub muas-sasasi, 12 muzey (yiriklari: Qozogʻiston Respublikasi davlat muzeyi, Sanʼat muzeyi, Muxtor Avezov uy muzeyi, Abay Qunonboyev memorial muzeyi va b.) bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Qozogʻistonda bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Yiriklari: «Aqiqat» («Haqiqat», qozoq tilidagi oylik jur., 1921-y. dan), «Atameken» («Va-tan», qozoq tilidagi gaz., 1991-y. dan), «Vechernyaya Astana», rus tilida haftada 3-marta chiqadigan gaz., 1991-y. dan), «Jas alash» («Yosh millat», qozoq tilidagi kundalik gaz., 1921-y. dan), «Juldmz» («Yulduz», qozoq tilidagi oylik jur., 1922-y. dan), «Qazaqstan ayelderi» («Qozogʻiston xotin-qizlari», qozoq tilidagi oylik jur., 1925-y. dan), «Kazaxstanskaya pravda» («Qozogʻiston haqiqati», rus tilidagi kundalik gaz., 1920-y. dan), «Narodnoye xozyaystva Kazaxstana» («Qozogʻiston xalq xoʻjaligi», rus tilidagi oylik jur., 1926-y. dan), «Prostor» («Kenglik», rus tilidagi oylik jur., 1933-y. dan), «Qazaqstannsh aunl sharua-shmlngʻm» («Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi», qozoq tilidagi oylik jur., 1936-y. dan), «Ara» («Ari», qozoq tilidagi oylik jur., 1956-y. dan). «Qozogʻiston axborot agentligi» milliy kompaniyasi, ochiq aksiyadorlik jamiyati, 1921-y. tashkil etilgan. «Xabar» agentligi, aksiyadorlik jamiyati, 1996-y. tuzilgan. «Qozogʻiston» respublika teleradiokorporatsiyasi, Qozogʻiston radiosi (1920-y. dan faoliyat koʻrsatadi) va «Qozogʻiston» milliy telekanali (1958-y. dan faoliyat yuritadi)ni birlashtiradi. «Xabar» teleradiokompani-yasi, 1995-y. da tashkil etilgan. Qozogʻistonda radioeshittirishlar 1921-y. dan, telekoʻrsatuvlar 1958-y. dan boshlangan.
Adabiyoti. Qozoq xalqi adabiyoti xalq ogʻzaki ijodi (qoʻshiq, ertak, maqol va matal, qahramonlik va lirik-epik dostonlar)dan boshlanadi. «Er Targʻin», «Qambar batir» va boshqa qad. dostonlarda xalq ozodligi, erki va mustaqilligi yoʻlida kurashgan xalq qahramonlari madh etiladi. «Qiz Jibek», «Bayan Suluv», «Ayman-sholpan» dostonlarida qozoq xalqining erksevarligi kuylanadi. Xalq ertaklarining Aldar koʻsa, Jirenshi, Tazsha, Ayozbi kabi qahramonlarning sarguzashtlari aks ettirilgan ertaklar keng tarqalgan. 15-a. da Asan Kaygʻi, Sipira, Qaztugʻan, 16-a. da Doʻstpambet, Shalkiiz, 17-a. da Jiyembet, Margʻaska Jirov, Aqtamberdi, 18-a. da Tetiqora, Buqar kabi jirovlar oʻz dostonlari bilan mashhur boʻldilar. 18—19-a. larda qozoq madaniyati, jumladan, qozoq adabiyoti taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Janaq Sogʻindiq oʻgʻli, Shoʻji Qarja-ubay oʻgʻli, Suyunbay Aron oʻgʻli, Shortanboy Qanay oʻgʻli, Murat Moʻnke oʻgʻli, Abubakir Shoʻqon oʻgʻli va b. taraqqiyparvar xalq oqinlarining asarlari paydo boʻldi. 19-a. oʻrtalarida B. Qoʻjagulov, A. Naymanboyev kabi oqinlar, shoira T. Tansanbekova, Jambul Jabayev va b. ning asarlari ommalashdi. Bu davrda etnograf va folklorshunos Ch. Valixonov adabiyotda maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yoydi. 19-a. 2-yarmida tanqidiy realizm adabiyoti — qozoq yozma badiiy adabiyot rivojlandi. Uning asoschisi, shuningdek, milliy adabiy tilning yaratuvchisi Abay Qoʻnonboyev boʻldi. I. Oltinsarin maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yaratdi va rus grafikasi asosida qozoq alfavitini ishlab chiqdi. 20-a. da yozuvchilardan S. Kubayev, S. Toʻraygʻirov, S. Dunentayev, M. Seralin, B. Kuleyev, B. Utetileuov, T. Iztileuov, Gʻ. Qarash, N. Ormanbot oʻgʻli, T. Joʻmartboyev va b. maʼrifatchidemokratlarning realistik anʼanalarini davom ettirdilar. 20-a. ning 20-y. larida qozoq adabiyotida Saken Sayfullin yetakchi oʻrin egalladi. Bu davrda sheʼriyat (Jambul jabayev, N. Bayganin, N. Bayzakov, T. Jarokov, A. Tojiboyev, Gʻ. Oʻrmonov. A. Toqmagʻambetov va b.) va nasr (M. Avezov, S. Muqonov, Gʻ. Musrepov, Gʻ. Mustafin va b.) rivojlandi. 1930-y. larda qozoq adabiyotida mavzu kengaydi (S. Sayfullin, B. Maylin, AAbishev, I. Jonsugʻurov, Sh. Husainov asarlari). 2-jahon urushi yillari (1939—45)da qozoq adabiyotida qozoq xalqining jang maydonidagi qahramonligi va mamlakat ichkarisidagi mehnat jasoratini aks ettiruvchi asarlar maydonga keldi. S. Muqonov, A. Toqmagʻambetov, T. Jarokov, Gʻ. Oʻrmonov, K. Abdiqodirov, X. Bekxojin, J. Moʻldagʻaliyev, X. Ergʻaliyev kabi shoirlar, Gʻ. Mustafin, A. Nurpeisov, M. Avezov, A. Abishev va b. adiblarning vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan asarlari yaratildi. Urushdan keyingi yillarda ham vatanparvarlik mavzui davom ettirildi va bu davrda M. Avezov, Gʻ. Musrepov, A. Nurpeisov, T. Jarokov, G. Kairbekov, A. Tojiboyev, Gʻ. Oʻrmonov, Sh. Husainov, S. Muqonov va b. samarali ijod qildilar. 1948-y. S. Muqonovning «Sirdaryo», 1953-y. «Hayot maktabi», 1953-y. Gʻ. Musrepovning «Uygʻongan oʻlka», 1952-y. Gʻ. Mustafinning «Qaragʻanda» romanlari yaratildi. 1956-y. M. Avezov «Abayning yoʻli» tetralogiyasini yozib tugatdi (1-kitobi 1942-y. da nashr etilgan). 1960-y. larda adabiyotga X. Yesenjakov, I. Yesenberlin, A. Olimjonov, T. Axtanov, Sh. Murtazayev, A. Nurshaixov, M. Sundetov, A. Kekilbayev, S. Sanbayev. S. Muratbekov, S. Junusov kabi yozuvchilar, J. Muldagaliyev, S. Mavlenov, Oʻ. Sulaymonov, K. Mirzaliyev, T. Muldagaliyev, S. Jiyenboyev, M. Makatayev, J. Najmiddinov kabi shoirlar kirib keldi. 1960—90 y. larda I. Yesenberlin. Sh. Murtozayev, A. Kekilboyev, A. Olimjonov. S. Junusov, S. Smatayevlarning tarixiy romanlari paydo boʻldi.
Meʼmorligi. Qozogʻiston hudulida yashagan qabilalarning jez davridagi turar joy qoldiqlari (q. Andronovo madaniyati), mozorqoʻrgʻonlar va h. k. saqlangan. Mil. av. 1-ming yillik va mil. dastlabki asrlarda q. hududida yashagan qabilalar koʻchma kigiz oʻtov uylar bilan birga paxsa, xom gʻishtdan x. am uylar qurgan. Urta asrlarda shaharlar [Isfijob (11a. dan Sayram), Taroz va b. ] barpo etildi, qalʼa va qoʻrgonlar qurildi. 8-a. dan hoz. Qozogistonning jan. qismida islom dini tarqalishi munosabati bilan masjid, mad-rasa kabi yangi tipdagi binolar, sardoba, hammom, karvonsaroy, konussimon maqbaralar qurildi. 10-a. dan memorial inshootlar (Taroz sh. yaqinidagi Babaji xotin maqbarasi, Oyshabibi maqbarasi) barpo etildi. 13a. 2-yarmidan shaharlar (Sigʻnoq. Taroz, Sayram va b.) qayta tiklandi. 14—16-a. larda shaharlar qurish avj oldi, monumental binolar (K. a-ragʻanda viloyatidagi Alasha xon maqbarasi, 13-a. 2-yarmi; Turkiston sh. dagi Ahmad Yassaviy maqbarasi — Yassaviy majmuasi, 14-a. oxiri — 15-a. boshi) bunyod etildi. 17— 18-a. larla Qozogʻiston hududi chegarasi boʻylab harbiy istehkomlar — Yoyiq sh. chasi (Uralsk), Guryev, Orsk. Semipalatinsk, Orenburg qalʼalari qurildi. 19-a. da eklektika ruhida qalʼa, maʼmuriy va savdo inshootlari, maqbaralar qurildi. 1920-y. larda turar joy va jamoat binolari meʼmorligida milliy anʼanaviy meʼmorlik unsurlaridan foydalanildi. Balxash, Qaragʻanda, Jezqazgʻan kabi yangi shaxarlar barpo etildi. 1920—30 y. lardagi meʼmorlikda konstruktivizm gʻoyalari oʻz aksini topdi. 1950-y. larning 2-yarmidan qurilish ishlari keng koʻlamda davom ettirildi (Olmaotada Hukumat uyi). 1960—70 y. larda koʻp qavatli turar joy binolarining qavati soni oshirildi, yangi meʼmoriy shakllar («Medeo» sport majmui, 1951, 1971—72 y. larda rekonstruksiya qilingan, meʼmorlar V. Katsev, A. Qaynarboyev va b. ; Shevchenko (hoz. Oqtov) sh. ning meʼmoriy majmuasi; Olmaotadagi «Qozogʻiston» mehmonxonasi, 1978, meʼmorlar Yu. Ratushniy, L. Uxobotov] yaratildi. 1935-y. Q. Meʼmorlar uyushmasi tuzilgan.
Tasviriy sanʼati. Qozogʻiston hududida eng qad. tasviriy sanʼat yodgorliklaridan paleolit davrida hayvonlarning qoyaga ishlangan rasmlari (Qoratov va Xontovda) va neolit davriga mansub gʻor rasmlari (Pavlodar viloyatidagi jasiboy gʻorida) topilgan. Jez davridan Andronovo madaniyatiga mansub yodgorliklar: hayvon (bugʻu, echki va b.)lar haykalchalari, ov manzaralarining qoyaga ishlangan tasvirlari (Olmaota viloyatidagi Tamgʻalidara rasmlari) saqlangan, sopol idishlar topilgan. Qozogʻistonning oʻrta asrlarga mansub tasviriy sanʼati namunalaridan er-kak, ayol va hayvonlarning tosh haykalchalari, ayollarning bronza haykalchalari saqlangan. Oʻsha davr amaliy bezak sanʼati yodgorliklaridan oʻyma, qolipaki naqsh bilan bezatilgan sirsiz va sirlangan sopol idishlar, charm, metall buyumlar maʼlum.
19-a. da qozoqlar hayoti aks ettirilgan tasviriy sanʼat asarlari yaratila boshladi (Ch. Valixonov, T. G. Shevchenkoning rasm va akvarellari, V. V. Vereshchagin rasmlari). 20-a. ning 20—30-y. larida milliy rassom va grafiklar (A. Toshboyev, H. va Q. Xojikov va b.) yetishib chikdi. 40—50-y. larda tasviriy sanʼatning barcha turlari, jumladan, rangtasvir sanʼati rivojlandi (A. Ismoilov, A. Kasteyev, A. Cherkas-skiy, M. Lizogub). 1960—70-y. larda M. S. Kenboyev, K. T. Teljonov, K. M. Shayahmetov, S. A. Aytboyev, S. Mambeyev kabi rassomlar, X. I. Navroʻzboyev, B. A. Tulekov, T. S. Doʻstmahambetov kabi haykaltaroshlar, R. Saxi, Ye. Sidorkin kabi grafiklar, L. Xojikova, R. Sansenbin kabi amaliy-bezak sanʼati ustalari va b. yetishib chiqsi. 1940-y. Q. Rassomlar uyushmasi tuzilgan.
Musiqasi qozoq oila va aymoqlarining tarixan qaror topgan turmush tarzi (asosan, yarim koʻchmanchi chorvachilik va dehqonchilik), dunyoqarash va eʼtiqodlari (shomonlik, tangrichilik va b.) asosida rivoj topgan. Anʼanaviy musiqa amaliyotida qozoq baqsi (shomon-baxshi), termeshi, olenshi, jirov, oqin, kuyshi, 18-a. dan sal-sere (sayyor ijodiy guruhlari tashkil etgan professional sozanda, xonanda)larning ijodi alohida oʻrin tutadi. Har bir baqsining oʻzi ijod etgan shaxsiy sarin (kuy)lari ilohiy hisoblangan, odamlar ruhiga afsun-jodu, fol ochish, tabobat va b. marosimlar jarayonida katta taʼsir oʻtkazgan. Xalq qoʻshiqlari mavsum va diniy («tasattiq», «navriz-olen», «jaramazan», «sahar-olen»), tabobat (badik, «arbau»), oilaviy marosim qoʻshiqlari («jar-jar», «sinsu», «bet oshar», «tanisu», «qoshtasu», «joqtau» va b.), inson hayoti turkumiga oid «besik jiri», «tusau kesu», «jubatu», «jiirma bes» va b., terma, oʻlan, jirlarlyan ibo-rat. Xalq musiqa cholgʻulari orasida baqsi va jirovlarning asosiy cholgʻusi hisoblangan qoʻbiz, choʻponlar hamda professional sozandalar (Sarmalay va b.) tomonidan keng qoʻllanilgan sibizgʻa ommalashgan. Xalqning eng sevimli cholgusi boʻlgan doʻmbirat turli mazmundagi (oʻynoqi «akjelen», falsafiy «tolgʻau», dramatik «qosbosar», lirik «qonir» va b.) kuylarni Birjansal, Dauletkerey, Tattimbet, Jayau-Musa, Qurmongʻozi, Dina Nurpeisova kabi sozanda va bastakorlar ijro etgan. qozoqlarda, shuningdek, changqoʻbiz, yaqin oʻtmishda sherter, jetigen (torlichertma), karnay, dovul kabi cholgʻular tarqalgan.
1930-y. larda yangi (koʻp ovozli) musiqa shakl va janrlari rivoj topa boshladi. 1934-y. Qozoq xalq cholgʻulari orkestri (1944-y. dan Qurmongʻozi nomida), Qozoq musiqali teatri (1937-y. dan opera va balet teatri), 1935-y. Jambul nomidagi Qozoq davlat filarmoniyasi, 1939-y. Qozogʻiston kom-pozitorlar uyushmasi tashkil topdi. Ye. Brusilovskiy birinchi qozoq ope-ralarini («Qiz-Jibek», 1934; «Jalbir», 1935; «Er Targʻin», 1937), simfonik asarlar («Sari arka» 3-simfoniyasi, 1944 va b.), kantata («Qozogʻiston», 1947), V. Velikanov birinchi milliy balet («Kalkaman va Mamir», 1938)larni yaratishgan. «Joldastar» (R. Yelebayev), «Qozoq valsi» (L. Xamidi) kabi ommaviy qoʻshiqlar ijod etilgan. 1944-y. Olmaotada konservatoriya ochildi. Xalq musiqa ijodini oʻrganish va toʻplash ishlarida A. Zatayevichning xizmatlari («Qozoq xalqining 1000 kuylari», 1925; «Qozoq xalqining 500 kuylari», 1931) katta.
20-a. ning 2-yarmida simfoniya (M. Toʻlaboyev, K. Kujamyarov, G. Jubanova va b.), opera va balet (S. Muhamedjonov, G. Jubanova, Ye. Rahmadiyev, A. Serkebayev va b.), kamer musika (Brusilovskiy, Jubanova va b.), qoʻshiq (N. Tlendiyev) va b. janrlar rivoj topdi. Musiqa sanʼati arboblari orasida dirijyorlar Sh. Kajgaliyev, N. Tlendiyev, A. Molodov, F. Mansurov, xonandalar R. Abdulin, K. Bayseitova, A. Dnishev, R. Baglanova, Ye. Serkebayev, B. Tulegenova, B. Do-simjonov, doʻbmirachilar K. Jontleutov, R. Omarov, K. Ahmadiyarov, A. Yeskaliyev, B. Karabalina mashhur. Hozir qozogʻistonda Qozogʻiston davlat filarmoniyasi (1935), Abay nomidagi akademik opera va baletteatri (1934), simfonik orkestr (1937), xor kapellasi (1937), Qozoq konsert birlashmasi (1960), Qozogʻiston televideniyesi kamer orkestri, «Otrar sozi» folklor-etnografik orkestri (1981), Olmaota konservatoriyasi va Ostona musiqa akademiyasi, 10 dan ortiq musiqa bilim yurti faoliyat koʻrsatmokda.
Teatri. Teatr sanʼati unsurlari qadimdan xalq marosimlarida, sayillarda koʻrsatilgan tomoshalarda, masxarabozlik, oqinlarning aytishuvlarida mavjud boʻlgan. 20-a. ning 20-y. laridan Semipalatinsk, Qoʻstanay, Petropavlovskda havaskorlik truppalari tuzildi. 1922-y. Orenburgda Qozoqxalq maorif in-ti huzurida birinchi doimiy teatr toʻgaragi tashkil etildi. 1926-y. Qiziloʻrdada birinchi professional qozoq teatri ochilib, u 1928-y. Olmaotaga koʻchirildi (1961-y. dan M. Avezov nomidagi Qozoq drama teatri). 1930y. larda M. Oqinjonovning «Isatoy va Mahambet», M. Avezovning «Tungi momaqaldiroq», Gʻ. Musrepovning «Omongeldi» pyesalari, shuningdek, S. Sayfullin, B. Maylin, J. Shanin, A. Tojiboyev, Sh. Husainov, A. Abishevlarning zamonaviy mavzudagi pyesalari sahnalashtirildi. 2-jahon urushi yillari qozoq teatrlari sahnalarida vatanparvarlik ruhidagi tarixiy, folklor asarlar namoyish etildi. 1940—50-y. lar qozoq teatri uchun mahorat oshirish yoʻlida betinim izlanish davri boʻldi, tarixiy va zamonaviy mavzularda Gʻ. Mustafinning «Millioner», A. Tojiboyevning «Yashnayver, choʻl», «Mayra», S. Muqonovning «Choʻqon Valixonov», M. Avezovning «Yenlik va Kebek», K. Muhammadjonovning «Telpak tagidagi boʻrivachcha» asarlari muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Qozogʻiston teatr sanʼati rivojiga Sh. Aymanov, S. Qojamqulov, Q. Quanishpayev, R. Qoʻychiboyeva, X. Bukeyeva, S. Murodova, S. Maykanova, Ye. Umirzaqov, Q. Badirov, I. Nogʻayboyev, Sh. Jandarbekova, B. Rimova va b. katta hissa qoʻshdilar.
Kinosi. 1928-y. Olmaotada «Vostokfilm» trestining boʻlimi (kinojur. tayyorlangan, «Turksib» hujjatli filmi yaratilgan, 1929, rej. V. Turin), 1934-y. kinoxronika studiyasi tashkil etilgan. 1938-y. «Lenfilm» kinostudiyasida qozoq aktyorlari ishtirokida «Omongeldi» badiiy filmi (rej. M. Levin) yaratildi. 1941-y. okt. da Olmaota badiiy filmlar studiyasi ishga tushdi, u 1942-y. Q. ga evakuatsiya qilingan «Mosfilm», «Lenfilm» studiyalari bilan birga Birlashgan markaziy kinostudiya nomi bilan ishlay boshladi. 1944-y. «Mosfilm» va «Lenfilm» Moskva va Leningradga qaytgach, Olmaotada qolgan studiya kinoxronika studiyasi bilan qoʻshildi (1960-y. dan «Qozoqfilm» kinostudiyasi). 1950-y. larda qozoq kinematografchilari turli janrlarda filmlar yaratdilar. Rej. E. I. Fayk «Qanotli sovgʻa» (1956), rej. V. P. Voyteskiy «Sening doʻstlaring» (1960), rej. M. S. Begalin «Notinch bahor» (1959), «Yerga qaytish» (1959) filmlarini suratga tushirdilar. «Qozoqfilm»ning eng yaxshi filmlari: «Mening ismim Xoʻja» (1963, rej. A. Qarsaqbayev), «Aldar koʻsa» (1964), «Avlodlar yeri» (1966, ikkalasining rej. Sh. Aymanov), «Mashuq toʻgʻrisida qoʻshiq» (1970, rej. M. Begalin), «Qiz Jibek» (1972, rej. S. Xojikov), «Battol» (1973, qirgʻiz rej. T. Okeyev), «Alpamis maktabga boradi» (1976, rej. A. Qarsaqbayev), «Transsibir tezyurari» (1978, rej. E. Oʻrazboyev). Rej. A. Haydarov multiplikatsion filmlar, rej. lar O. Abishev. I. Vereshchagin hujjatli filmlar yaratganlar. Qozoq kinosining yetakchi aktyorlari Ye. Umirzaqov, A. Umirzaqova, K. Kojabekov, F. Sharipova, A. Moldabekov va b. 1958-y. Q. Kinematografchilari uyushmasi tuzilgan.
Oʻzbekiston — Q. munosabatlari. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-y. ikkala davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatildi. 1997, 2001, 2002-y. larda OʻzR Prezidenti I. Karimovning Qozogʻistonga, 1994, 1998-y. larda Q. Prezidenti N. Nazarboyevning Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi. 1998-y. 31 okt. da ikki davlat oʻrtasida imzolangan Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi.
Davlatlar oʻrtasida gumanitar sohadagi hamkorlik mana shu shartnoma, 1994-y. 10 yanv. da imzolangan Madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim, turizm va sport boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim, 1998-y. 31 okt. da OʻzR Xalq taʼlimi vazirligi bilan Q. Respublikasining Taʼlim, madaniyat va sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi muassasalararo bitimiga muvofiq amalga oshiriladi. 2005-y. gacha ikki davlat oʻrtasida ikki tomon uchun ahamiyatli boʻlgan 166 hujjat imzolangan. 2004-y. OʻzR bilan q. oʻrtasidagi tovar aylanmasi 425,9 mln. AQSH dollarini, jumladan, eksport 184,7 mln. AQSH dollarini, import 241,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.