QORABAYIR OT ZOTI

QORABAYIR OT ZOTI — salt miniladigan va aravaga qoʻshiladigan, q. x. ishlarini bajarishda foydalaniladigan ot zoti. Qadimgi Oʻrta Osiyo argʻumoqlarini moʻgʻul, turkman va arab ot zotlari bilan chatishtirib, takomillashtirish asosida Oʻzbekistonda yetishtirilgan. «Qorabayir ot zoti» atamasi 19-a. ning 2-yarmida paydo boʻlgan va «qoʻlbola», «xonaki ot» maʼnolarini bildiradi. Unga qadar Sharq va Gʻarb yozma manbalarida Buxoro, Qoʻqon, Samarqand va h. k. otlari tilga olingan. Tana tuzilishi yirik, koʻkrakdor, qovurgʻalari tikroq, ishchanlik xususiyatlari yuqori, kuchli, chidamli, chopqir, mahalliy iqlimga, togʻ sharoitlarida boqishga, uyurda qochirishga yaxshi moslashgan; ogʻirligi oʻrtacha 400 kg. Tusi koʻproq toʻriq, jiyron, kulrang yoki toʻq sariq-malla (20%), qora va saman ranglilari kam uchraydi. Aygʻirlarining qarchigʻayi bal. 147,7—152,3 sm, koʻkrak aylanasi 168—171,5 sm, pochasi yoʻgʻonligi 19,5 sm (biyalariniki tegishlicha 147,7; 168; 18,2). Uch tipga boʻlinadi: aravaga qoʻshiladigan, salt miniladigan va salt miniladigan-yuk tashiydigan. birinchi tipdagi otlar, asosan, sugʻoriladigan dehqonchilik r-nlaridagi vodiylarda; ikkinchi va uchinchi tipdagilari esa Oʻzbekiston va Tojikistonning togʻli r-nlarida boqiladi. Uyur qilib boqishga moslashgan; salt minish, yuk tashishda foydalaniladi. Yuk tashishda ogʻir yuk tortuvchi otlarga tenglashadi. Qorabayir ot zoti Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda urchitiladi. Qorabayir yilqichiligining asosiy markazlari Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida. Tojikistonning Sugʻd viloyatidagi otlarning aksariyat qismi Qorabayir ot zotidan iborat.

Ad.: Shchekin V. A., Karabairы — sennaya poroda loщadey, T., 1944; Shchekin V. A., Vixrev V. S., Karabair, T., 1947; Toʻraqulov Z. T.. Yilqichilik, T., 1985.

Abdusattor Amirov.


Lotin alifbosida maqola: QORABAYIR OT ZOTI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Q harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
YER
IQLIMGA MOSLASHISH
SAMARQAND
QOʻQON XONLIGI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты