QOʻQON XONLIGI

QOʻQON XONLIGI — oʻzbek xonliklaridan biri (18—19-a. lar). Poytaxti — Qoʻqon. Minglar urugʻidan boʻlgan Shohruxbiy 1709-y. da asos solgan. Bu davlat tarkibiga dastlab Qoʻqon, namangan. Margʻilon, Konibodom, isfara va ularning atrofidagi qishloqlar kirgan. Abdurahimbiy davrida Buxoro xonligiga harbiy yurish qilinib Samarqand egallanadi (1732). Abdulkarimbiy davrida 1746-y. qalmoqlar Fargʻona vodiysiga hujum qilib, Oʻsh, Andijon, Margʻilon sh. larini egallab, Qoʻqonni qamal qilgan. Qoʻqonliklar yordamga kelgan Oʻratepa hokimi Fozilbiy qoʻshinlari bilan birgalikda ularni Fargʻona vodiysidan quvib chiqarishgan. Norboʻtabiy davrida Chust va Namangan beklarining mustaqillik uchun koʻtargan gʻalayonlari bostirilgan. Mamlakatda sugʻorish inshootlari barpo qilinadi, savdo va hunarmandchilik, q. x. birmuncha rivoj topadi va nisbatan arzonchilik boʻladi.

Norboʻtabiyning oʻgʻli Olimbek hukmronligi davrida Qoʻqonning siyosiy mavqei yanada kuchaygan, harbiy islo-hot oʻtkazilgan, Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent va Sayram tobe etilgan, tashqi savdoga ham eʼtibor kuchaytirilgan. 1805-y. davlat rasman Qoʻqon xonligi deb eʼlon qilinib, Olimbek x«on» unvonini olgan. Olimxonning markazlashgan kuchli davlat tuzish borasida qilayotgan harakatlari ayrim mansabparast zodagonlar guruhida norozilik kayfiyatlarini vujudga keltiradi. Natijada ular Olimxonning safardaligidan foydalanib 1810-y. Qoʻqonda «Olimxon Toshkentda oʻldi», degan mish-mish tarqatishadi va uning ukasi Umarbekka toj kiygizadilar. Olimxon bundan xabar topib, Qoʻqonga yoʻl oladi, biroq u Oltiqush mavzeida otib oʻldirilgan.

Umarxon davrida xonlik hokimiyatini mustahkamlash va kengaytirish choralari koʻrilgan. 1815-y. Buxoro xonligiga qarashli Turkiston, 1817-y. esa Oʻratepa bosib olingan. Sirdaryo boʻyida bir qancha harbiy istehkomlar barpo etilgan; sugʻorish inshootlarini kengaytirish, kanallar qazish, masjid va madrasalar qurishga eʼtibor berilgan. Xususan, Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, avliyoota (hoz. Jambul)da masjid va madrasalar qurilgan. Mozorlar tartibga solingan. Umarxon hukmronligi davrida Qoʻqon xonligida fan, adabiyot, sanʼat nisbatan yuksalgan. Bunda uning sevimli xotini — mashhur oʻzbek shoirasi Nodirabetimning xizmati katta boʻlgan. Umarxonning oʻzi ham «Amiriy» taxallusi bilan oʻzbek va tojik tillarida gʻazallar yozgan. Umarxon vafotidan soʻng uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Alixon taxtga oʻtirgan. Xon yosh boʻlganligi uchun davlatni dastlabki davrda onasi Nodi-rabegim boshqargan. Nodirabegim madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga intilgan.

1826-y. Sharqiy Turkistonda xitoylarga qarshi bosh koʻtargan musulmon aholiga yordam berish uchun qoʻshin tor-tib borilgan. Natijada Xitoy huku-mati Sharqiy Turkistonning 6 ta shahri (Oqsuv, Qashqar, Yorkend, Xoʻtan va b.) dan soliq olish huquqini Qoʻqon xonligiga berishga majbur boʻlgan.

Muhammad Alixon xonlik hududini kengaytirishga intilib, Jan. Olay togʻ etagidagi Qorategin, Dar-voz, Shugʻnon, Roʻshon, Vohon bekliklarini boʻysundirgan. Bu davrda xonlikda sugʻorish ishlari ancha yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq kanali qazilgan. Tashqi iqtisodiy-savdo aloqalari ham ancha yaxshilangan. Buxoro amiri Nasrullo (q. Nasrullaxon) bilan yuz bergan urushda (1840-y.) Muhammad Alixon yengilib, Xoʻjandni amir Nasrulloga topshirishga va oʻzini uning noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Ammo Buxoro — Qoʻqon munosabatlari bundan keyin ham kes-kinlashgan. Natijada 1841-y. noyab. oyida Muhammad Alixon oʻz ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechgan. Bu voqeadan xabar topgan amir Nasrullo Qoʻqonga bostirib kelib, uni talon-toroj qiladi. U shu qirgʻin-barot davomida Muhammad Alini, uning ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirabegimni va b. yuqori man-sabdorlarni qatl ettiradi. Amir farmoni bilan Qoʻqon xonligi Buxoro noibi tomo-nidan boshqarila boshlangan. Amir noibi Qoʻqon xonligi aholisiga ogʻir soliqlar yuklaydi. Natijada 1842-y. yozida qoʻqonliklar qoʻzgʻolon koʻtaradi, amir Nasrulloga sodiq kishilarning koʻpchiligini oʻldiradilar va Norboʻtabiyning ukasi Hojibekning oʻgli Sheralini xon qilib koʻtarishadi. Buni eshitgan Buxoro amiri Qoʻqonga qoʻshin tortib oʻz hukmronligini qayta oʻrnatish uchun uni qamal qiladi. Biroq qamalning qirqinchi kuni Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududiga qilgan hujumi haqidagi xabarni eshitib, orqaga qaytishga maj-bur boʻlgan. Natijada qoʻldan ketgan koʻpgina hududlar (Xoʻjand, Toshkent) yana Q. x. ixtiyorida qoladi.

Sheralixonnint (1842—45) taxtga oʻtirishida koʻmakchi va xayrixoh boʻlgan qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi qilib tayinlangan. Musulmonqul, asosan, harbiy ishlar bilan shugʻullangan va xon qoʻshinlarining tarkibini koʻproq qipchoq yigitlari bilan toʻldirgan. Musulmonqul oʻz mavqeidan foydalanib, Sheralixonga oʻz taʼsirini oʻtkazishga intilgan. Ammo xon bunga yoʻl qoʻymaslikka intiladi. Musulmonqul xondan norozi boʻlib, boshqalarning qoʻli bilan suiqasd uyushtirishga harakat qilgan. 1845-y. Oʻshda xonning soliq siyosatiga qarshi qoʻzgʻo-lon boshlanadi. Musulmonqul qoʻzgʻo-lonni bostirishga ketganida, uning sheriklari Olimxonning oʻgʻli murodbekni Qoʻqonga taklif qilib taxtga oʻtqazganlar. Sheralixon oʻldirilgan. Taxtni saqlab qolish uchun Murodxon oʻzini Buxoro amirining noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Musulmon-qulni mingboshi lavozimida qolganligi haqida farmon chiqaradi va uning Qoʻqonga qaytishini talab qiladi. Musulmonqul esa Oʻshdan Namanganga kelib qizini Sheralixonning oʻgʻli Xudoyorga turmushga beradi va u bilan Qoʻqonga kelib, Murodxonni oʻldi-rib, yoʻsh Xudoyorni xon deb eʼlon qiladi (q. Xudoyorxon). Musulmonqul xonning yoshligidan foydalanib xonlikni deyarli mustaqil ravishda oʻzi boshqaradi, katta lavozimlar qipchoqlarga ulashib beriladi. Natijada Musulmon-qulga qarshi xonlik hududida norozilik harakati kuchaydi va u mingboshilikdan boʻshatiladi. Musulmonqul oʻz mavqeini tiklamoqchi boʻlib, ruslar bilan aloqa oʻrnatishga intiladi va ruslarning vakili V. V. Velyaminov-Zernov bilan 1853-y. bahorida maxfiy uchrashadi. Musulmonqulning rus qoʻmondoni vakili bilan uchrashgani va hokimiyatni oʻz qoʻliga olmoqchi boʻlganligidan xabar topgan oʻzbek va qirgʻiz zodagonlari (Muhammad Niyoz Qushbegi, muhammad Rajab Qoʻrboshi, Muhammad Yoqubbek qushbegi va b.) qipchoqlardan qutulish yoʻlini axtarib Xudoyorxonni oʻzlari tarafga ogʻdirib, 1853-y. qipchoqlar qirgʻinini boshlab yuborishgan. Musulmonqul asirga olinib, qatl qilingan.

Biroq Qoʻqon xonligida oʻzaro taxt uchun kurashlar tinchimagan, yuqoridagi harbiy amaldorlar Xudoyorxonga qarshi fitna tayyorlaganlar, biroq u muvaffaqiyatsiz chiqqan (q. Yoqubbek). Qisqa vaqt ichida xonlar bir necha marta almashgan (1852—62 y. larda Sheralixonning oʻgʻli Mallaxon, 1862—63 y. da Shohmu-rodxon, 1863-y. may-iyunda yana xudoyorxon, 1863-y. iyul — 1865-y. larda Mallaxonning oʻgʻli Sulton Sayidxon xon boʻlgan).

1865-y. Qoʻqonda qipchoq va qirgʻizlar Xudoyqulbekni tantanavor ravishda xon deb eʼlon qiladilar. U atigi 14 kungina xonlik qiladi, soʻngra barcha xazinani va qimmatbaho narsalarni olib, Qashqarga qochib ketgan. Xudoyorxon hech qanday qarshiliksiz Qoʻqon taxtini qayta egallagan (1865 — 75). Bunday beqaror ichki vaziyatdan foydalangan Rossiya Q. x. ga qarshi istilochilik harakatlarini boshlab yuborgan. Natijada 1853—65 y. lar davomida Oqmachit, Toʻqmoq, Pishpak, Avliyoota, Turkiston, Chimkent, Toshkentni va ularning atrof hududlarini bosib oladi. 1867-y. 14-iyulda imperator Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini taʼsis etdi va Oʻrta Osiyoda bosib olingan va saltanat tarkibiga kiritilgan hududlar hisobidan turkiston general-gubernatorligini tashkil qildi. Chorizm bosqini tufayli Qoʻqon xonligi chegaralari ancha qisqarib ketdi. Xazinaga tushadigan daromadlar keskin kamaydi. Xon xazinani toʻldirish uchun yangidan qoʻshimcha soliqlar joriy etdi. Xalq bundan norozi boʻlib 1871-y. Soʻxda gʻalayon koʻta-radi. Bu gʻalayon qurolli qoʻzgʻolonga aylanib ketdi. Oʻrta Osiyo tarixida eng uzoq davom etgan «Poʻlatxon» qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtadi. Rus qoʻshinlari qoʻzgʻo-lonchilarni yengdilar va Poʻlatxon asirga olindi. U 1876-y. 1 mart oyida Margʻilon sh. da dorga osiladi. Chor qoʻshinlari Qoʻqon xonligini bosib olib, xonlikni rasman bekor qiladilar va oʻrniga Fargʻona viloyatini taʼsis eta-dilar.

Qoʻqon xonligida quyidagi mansablar mavjud boʻlgan: mingboshi, otaliq, shayxulislom, qozi-kalon, qushbegi, mehtar, parvonachi, naqib, dodxoh, eshik ogʻasi, inoq, shigʻovul, toʻqsoba, miroxur, qora-vulbegi va b.

Qoʻqon xonligida mavjud boʻlgan harbiy unvonlar quyidagicha boʻlgan: mingboshi — odatda, u vazirlik vazifasini birga olib borgan. Keyin ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, oʻnboshi, zambarakchi va b. Bulardan tashqari, boshqa harbiy mansablar ham boʻlgan. Qoʻqonda yashagan sarboz va toʻpchilar faqat alohida vazifadagi noib, dodxohning doimiy tasarrufida boʻlganlar. Urush davrida noib, dodxoh oʻz qismiga hara-katdagi qoʻshinning hamma sarbozlarini qabul qilgan, unga vaqtinchalik boshchilik qilishni maxsus tayinlangan amiri lashkar (bosh qoʻmondon)ga topshirardi.

19-a. ning 1-yarmida Qoʻqon xonligi tarkibiga quyidagi hududlar kirardi: Sirdaryoning soʻl sohili bilan Qorategin oraligidagi Qoʻqon viloyati; Sirdaryoning oʻng sohilidan to Olatovgacha boʻlgan Namangan viloyati; Xoʻjand shahri; Xoʻjand bilan Toshkent orali-gʻidagi Oʻratepa viloyati. Xonlikning eng shim. viloyati Turkiston, Betpaq-dala sahrolariga borib taqalardi. Bundan tashqari, xonlik tarkibiga Olay hududi, Balxash koʻli bilan Sirdaryoning yuqori oqimi oraligʻidagi yerlar kirardi. Billurtogʻning gʻarbiy tomonidagi Qorategin, Darboz, Koʻlob, Shugʻnon singari bir qator togʻli tumanlar ham Qoʻqon xonligiga tegishli edi. Bu yerlarni qoʻqonliklar 19-a. ning 30-y. larida boʻysundirishgan boʻlsa-da, ular tez-tez qoʻldan-qoʻlga, koʻproq Buxoro amiri ixtiyoriga oʻtib turardi.

Qoʻqon xonligi aholisining soni 3 mln. ga yaqin edi. Chorizm qoʻshinlari uning shim.gʻarbiy viloyatlarini bosib olgach, xonlik hududi ancha qisqarib, asosan, Fargʻona vodiysi bilan cheklanadi va aholi soni taxm. 2 mln. ga tushib qoladi.

Qoʻqon xonligining aholisi, asosan, oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, qozoqlar, uygʻurlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Qoʻqon xonligida ham yerga egalik qilish va undan foydalanish turli xil boʻlgan. Xonlikka qarashli boʻlgan yerlar am-lok yerlar, vaqf yerlari, mulki xi-roj va mulki ushriyaga taqsimlangan. Dehqonlar oʻrtasida yakka dehqon xoʻjaligi ham rivojlangan. Oʻz yerlaridan ajralgan kambagʻal dehqonlarning koʻpchiligi yirik yer egalari qoʻlida chorakorlik qilganlar. Yerning bahosi uning unumdorligi va qanchalik suv bilan taʼminlanganligiga qarab belgilangan. Xonlar sugʻorish tarmoqlari katta daromad manbai boʻlganligi sababli maʼlum darajada ularni saqlashga, sugʻorish inshootlarini yanada kengaytirishga yaxshi eʼti-bor berishgan. Qoʻqon xonligida koʻplab paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bogʻ-dorchilik hamda pillachilik taraqqiy etgan. Hunarmand-kosibchilik mazmunan boy va serqirra boʻlgan. Bular: misgarlik, zargarlik, oʻymakorlik, harbiy qurol i. ch., sopol va koʻzagarlik, qogʻozgarlik, badiiy toʻqimachilik, doʻppichilik, kashtachilik, koʻpriksozlik, temirchilik va sh. k.

Bulardan tashqari, xonlikda yer osti boyligi ham maʼlum darajada qazib olingan. Ammo ularni i. ch. sodda va kam ediki, ular ehtiyojni qondira olmasdi. Mas, xonlikda ishlab chiqarilgan metall Rossiyadan olib kelingan metalldan qimmatga tushardi. Qoʻqon xonligida ishlab chiqilgan mahsulotlar esa chet ellarga ham olib chiqilar edi va ularga talab ham bor edi. Shuning uchun bu soha maʼlum darajada rivojlana borgan.

Savdo-sotiq Qoʻqon xonligi hayotida katta va muhim oʻrin egallagan. U ichki va tashqi savdoga boʻlingan. Osiyo xonliklarida ichki savdo, asosan, qad. davrdan beri oʻzaro koʻchmanchi chorvador, oʻtroq dehqonlar va shahar-qishloq hunarmandlari mahsulotlariga asoslangan edi. Aholi oʻzining ehtiyojlarini asosan oʻz xonligidagi mahsulotlar bilan qondirishgan.

Qoʻqon xonligining iqtisodiy hayotida Buxo-ro, Xiva, Qashqar, Hindiston, Afgʻoniston, Eron va ayniqsa, Rossiya bilan boʻlgan tashqi savdo katta oʻrinni egallagan. Rossiya bilan olib borilgan savdo munosabatlari Qoʻqon xonligi qishloq xoʻjaligi ayrim tarmoqlarining rivojlanishiga olib keldi va rus madaniyatining baʼzi jihatlari aholi turmush tarziga kira boshladi. Qoʻqon xonligi Rossiyaning xom ashyo bazasiga va tashqi savdo bozoriga aylana bordi. Rossiya sanoati tovarlarining olib kelinishi mahalliy sanoat korxonalarini va ayrim hunarmandlarning inqirozga uchra-shiga sabab boʻldi.

Qoʻqon, Margʻilon va Namangan sh. larida ip va ipak matolar (atlas, shoyi, beqasam, adras, chit, boʻz va b.) toʻqilgan. Shuningdek, boshqa hunarmandchilik tarmoqlarida – xoʻjalik asboblari, dehqonchilik uchun kerakli uskunalar, qurol-yaroqlar, zargarlik buyumlari, qogʻoz va b. nar-salar ishlab chiqarilgan. Yer osti boyliklaridan neft, oltin, kumush, mis, rux, temir, qoʻrgʻoshin va b. ham maʼlum miqdorda qazib olingan. Xonlikda paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bogʻdorchilik va pillachilik ham taraqqiy etgan.

Qoʻqon xonligidan chet davlatlarga quritilgan mevalar, jun, teri, ipak, gilam, paxta va ipak matolar chiqarilgan. tashqi mamlakatlardan esa turli metall rudalari, metall buyumlar, qand va b. mahsulotlar keltirilgan.

Madaniyati. Qoʻqon xonligining 18—19-a. lar 1-yarmida kechgan madaniy hayotida ham sezilarli ijobiy oʻzgarishlar va siljishlar yuz berib borganligi ayondir. 19-a. da Qoʻqon xonligida tarixnavislik sezilarli ravishda oʻsib borgan. Oldinlari yozilgan bir necha tarixiy asarlar fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilindi va yangi kitoblar yozildi. Bu yangi asarlarning oʻziga xos xususiyatlari ham bor edi — ularning ayrimlari sheʼriy yoki qisman sheʼriy yoʻlda yozildi. Bu esa qoʻqonlik tarixchilarning adabiyotni yaxshi bilibgina qolmay, oʻzlari ham sheʼriyatda qalam tebratganliklarini koʻrsatadi. Mas, «Tarixi jahonnamoyi» (Junayd Mullo Avazmuham-mad Mullo Roʻzi Muhammad soʻfi oʻgʻli), «Shohnoma» (Abdulkarim Fazliy Namangoniy), «Shohnomayi Umarxoniy» (Mirzo Qalandar Mush-rif Isfaragiy, u Fazliy Naman-goniyning «Zafarnoma» asarini nasriy qilib yozgan). «Muntaxab attavorix» (Xoʻja Muhammad Hakimxon-toʻra bin Sayid Maʼsumxon), «Tarixi Shohruxiy» («Tarixi say-yidi Xudoyorxon», Mullo Niyoz muhammad Xoʻqandiy Niyoziy bin Mul-lo bin Ashur Muhammad Xoʻqandiy), «Tarixi jadidai Toshkand (Muham-mad Solihxoʻja ibn Qorixoʻja), «Shohnoma» (Mahzun Ziyovuddin Xoʻqandiy), «Jangnomai Xudoyorxon» (Shavqiy Namangoniy) va b.

19-a. boshlarida shakllangan Qoʻqon adabiy muhiti ham xonlikning madaniy hayotida katta oʻrin tutgan. Qoʻqon hukmdorlarining qator namo-yandalari temuriylar anʼanasini davom ettirib, oʻzlari ham ilm-maʼri-fat bilan shugʻullanib, bu sohani rav-naq topdirishga katta saʼy-harakat qilganlar. Ayniqsa, bunda Qoʻqon xonlaridan Umarxon (1810—22) va muhammad Alixon (1822—41) davrlari yaqqol ajralib turadi.

Xususan, Akmal (Maxmurning otasi), Amiriy (Qoʻqon xoni Umarxon), Boqixontoʻra, Muhammad Sharif, Gulxaniy, Maxmur (Mahmud), Muntazir, Nizomiy Xoʻqandiy (asl nomi Nizomiddin Muhammadaminxoʻja oʻgʻli), Nodir, Nozil Muhammad Avaz, Avazmuham-mad Yormuhammad oʻgʻli Pisandiy, Fazliy Namangoniy, Gʻoziy singari shoirlar xalq ichida mashhur edilar.

Qoʻqon adabiy muhitining yana bir muhim xarakterli jihati shundaki, bu davrda oʻzbek va fors-tojik tilida bab-baravar qalam tebratgan bir qator taniqli va mashhur oʻzbek shoiralari isteʼdodi keng rivoj topdi. Mas, Dilshod otin, Zebuniso, Zinnat, Moh-zoda Begim, Mahzuna, Mushtariy, Nodira, Nozuk Xonim, Uvaysiylarning ijodi ayricha ahamiyatga molik-dir.

Qoʻqon adabiy muhitining samarali taʼsiri oʻlaroq bu yurtdan keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy va b. yetuk badiiy soʻz sanʼatkorlari yetishib chiqdilar va oʻz xalqining erki, hurligi va ozodligi uchun xizmat qildilar.

Umuman olganda, 19-a. ning oʻrtalariga kelib, Oʻrta Osiyo xonliklarida adabiyot va tarixshunoslik bilan bir qatorda mat., tibbiyot, geogr., astro-nomiyaga oid hamda diniy asarlar yara-tildi. Bu xonliklarda miniatyura va xattotlik sanʼati ham oʻz oʻrniga ega. Bu davrning madaniy hayotida dorbozlik, askiya, qoʻgʻirchoq teatri, masxa-rabozlik, ayniqsa, bastakorlik bir-muncha rivojlandi.

Qoʻqon xonligining barcha bekliklarida madrasa, maktab va qorixonalar mavjud edi. Madrasalarda ham diniy, ham dunyoviy fanlar boʻyicha tanilgan mudarrislar, olimlar bor boʻlganligi uchun ham bu yerga turli mamla-katlardan koʻplab talabalar kelib oʻqishgan.

Ad.: Bobobekov H., Qoʻqon tarixi, T., 1996.

Haydarbek Bobobekov.


Lotin alifbosida maqola: QOʻQON XONLIGI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Q harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BUXORO XONLIGI
TOSHKENT
TEMURIYLAR
ANDIJON VILOYATI
AMIR TEMUR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты