SISTEMA (yun. systema — yaxlit, qismlardan tarkib topgan, birikkan) — 1) ishharakat, mehnat, texnik jarayonlar va shu kabilardagi qismlarning oʻzaro bogʻlikligidagi tartibot, tizim; 2) narsa, hodisa, tushuncha va b. ning tasnifi;
3) muayyan tarzda oʻzaro bogʻlangan va bir qadar yaxlitlikni tashkil etadigan elementlar majmui. Sistema haqidagi birinchi tasavvurlar antik falsafada shakllangan. Yunon falsafasi va fanida Sistema tushunchasi bilimlarga nisbatan qoʻllanilgan (Yevklid, Platon, Aristotel va b.). Keyinchalik bu tushunchani B. Spinoza va G. Leybnis rivojlantirib, umuman borliqqa nisbatan tatbiq qilgan. Yangi davr falsafasi va fanida Sistema tushunchasidan ilmiy bilimlarni tahlil qilishda foydalanilgan. Bilimlarning Sistema lilik tamoyillarini nemis faylasuflari I. Kant, F. Shelling, G. Gegel ishlab chiqqan. 19-a. ning 2-yarmidan boshlab, Sistema tushunchasi ilmiy bilimlarning turli sohalariga kirib bordi. Bunda evolyutsion nazariya, nisbiylik nazariyasi, kvant fizikasining yaratilishi, struktural lingvistika va b. ning vujudga kelishi katta ahamiyatga ega boʻldi. Sistema tushunchasi yaxlitlik, tuzilish, aloqa, munosabat tushunchalari bilan uzviy bogʻliqdir. Sistema tushunchasi nihoyatda keng koʻlamda qoʻllanadi. Umuman voqelikdagi har qanday obyektga Sistema sifatida qarash mumkin. Sistema bir necha muhim belgilar — yaxlitlik, tuzilmalilik, muhit bilan oʻzaro aloqadorlik va shu kabilarga ega boʻlishi kerak.
Sistemalarni moddiy va abstrakt Sistema larga boʻlish mumkin. Moddiy Sistemalar, oʻz navbatida, anorganik tabiatli Sistemalar va jonli Sistema larga ajraladi. Jonli Sistema larga eng oddiy biologik Sistemalar hamda murakkab biologik obyektlar (organizm, tur, ekologik Sistema) kiradi (q. Sistematika). Moddiy jonli Sistema larning alohida turkumini ijtimoiy Sistemalar tashkil etadi (mas, urugʻ, qabila, qavm, tabaqa, elat, jamiyat va h. k.). Abstrakt Sistemalar inson tafakkuri mahsulidir, ular ham koʻp xillarga boʻlinishi mumkin (mas, tushunchalar, gipotezalar bunday Sistema larning alohida koʻrinishlaridir).
Sistemalarni boshqacha tasniflashga koʻra, statik va dinamik S. larga ajratish mumkin. Statik Sistemaga vaqt oʻtishi bilan bir holatda qolish xos boʻlsa, dinamik S. esa vaqt oʻtishi bilan oʻz holatini oʻzgartira boradi.
Hoz. davr fan va texnika taraqqiyoti xoʻjalikni boshkarish va milliy miqyosda axborotlar toʻplash hamda oʻrganishning avtomatlashtirilgan S. larini ishlab chiqish va amalda qoʻllashni talab etmoqda. Turli S. larni tadqiq qilish b-n bogʻliq masalalar S. larning umumiy nazariyasi, kibernetika, sistemotexnika, sistemali analiz va shu kabilar doirasida oʻrganiladi.