SHVEYSARIYA

SHVEYSARIYA (nem. Sehweiz, frans. Suisse, ital. Svizzera) , Shveysariya Konfederatsiyasi (nem. Schweizerische Eidgenossenschaft, frans. Conferderation Suisse, ital. Confederazione Svizzera) — Markaziy Yevropadagi davlat. Mayd. 41,3 ming km2. Aholisi 7,3 mln. kishi (2002). Poytaxti — Bern shahri Maʼmuriy jihatdan 23 kanton (ulardan 3 tasi yarim kantonlar)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Shveysariya — federal parlamentli respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1874 yil 29-mayda qabul qilingan (keyinchalik oʻzgartishlar kiritilgan). Davlat va hukumat boshligʻi — prezident, u Federal majlis tomonidan Federal kengash (hukumat) aʼzolaridan 1 yil muddatga saylanadi va qayta saylanish huquqiga ega emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali (Milliy kengash va Kantonlar kengashi) Federal majlis, ijrochi hokimiyatni prezident va Federal kengash (hukumat) amalga oshiradi. Har bir kanton oʻz konstitutsiyasi, parlamenti va hukumatiga ega.

Tabiati. Hududining katta qismida Alp togʻlari joylashgan (bal. 4634 m gacha, Dyufur togʻi). Mamlakat markazida Shveysariya yassitogʻligi, shim. gʻarbida Yura togʻlari bor. Iqlimi nam, moʻtadil iqlim boʻlib, Jenevada yanv. oyining oʻrtacha t-rasi 0°, iyul oyining oʻrtacha t-rasi 19°. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 800—2500 mm. Shveysariyada daryo koʻp. Reyn (Aare irmogʻi bilan) daryosi, Rona, Inn, Tichino daryolarining yuqori oqimi Shveysariyadan oqib oʻtadi. Jeneva, Boden va boshqalar koʻllar bor. Togʻ qoʻngʻir oʻrmon va togʻ oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Mamlakat hududining 24% oʻrmon. Yassitogʻlik va togʻlarda kengbargli hamda ignabargli daraxtlar oʻsadi, baland togʻlar subalp va alp oʻtlokdari bilan qoplangan. Alp togʻlarida muzliklar bor (2 ming km2 ga yaqin). Hayvonot dunyosi boy. Togʻlarda sut emizuvchilardan yovvoyi echki, suvsar, quyon, sugʻur, ayiq, tulki va boshqalar, parrandalardan burgut, karqur, togʻchumchuq, daryo va koʻl qirgʻoklarida baliqchi qush uchraydi, suvlarda turli xil baliqlar bor. Togʻlarda turizm, alpinizm, sportning qishki turlari bilan shugullanish uchun sharoitlar yaratilgan. Shveysariya milliy bogʻi, koʻplab rezervat va buyurtma qoʻriqxonalar bor.

Aholisi german-shveysariyaliklar, fransuz-shveysariyaliklar, italyanshveysariyaliklar va reto-romanlardan iborat. Italyan, nemis, ispan, fransuz, portugal va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tillar — nemis, fransuz, italyan va reto-roman tillari. Aholining 67,7% shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlarning aksariyati katolik va protestantlar. Yirik shaharlari: Syurix, Bazel, Jeneva, Bern, Lozanna.

Tarixi. Shveysariyada yashagan odamlarning qadimiy qarorgohlari paleolit davriga mansub. Shveysariya haqidagi birinchi yozma manbalar mil. av. 2-asrga oid. Oʻsha davrda Shveysariyaning katta qismiga gelvetlarning kelt qabilalari kelib oʻrnashgan (Sh. ning qadimiy nomi — Gelvetsiya shundan kelib chiqqan). 496—536-yillarda Shveysariya hududi Franklar davlati tarkibiga kirdi. 7-asrda aholini xristian diniga kiritish nihoyasiga yetdi. 10-asrda Shveysariyaning sharqiy, 1032—34 yillarda gʻarbiy qismi «Muqaddas Rim imperiyasi» tarkibiga kirdi. 13-asr oʻrtalarida Gabsburglarga qarshi boshlangan kurash natijasida Shvis, Uri, Untervalden kantonlari 1291-yil 1 avg. da oʻzaro «abadiy ittifoq» tuzib, «Muqaddas Rim imperiyasi» doirasida Shveysariya konfederatsiyasiga asos soldi, 1499-yilda esa amalda mustaqil davlatga aylandi. 1513-yil 13 kantondan iborat federatsiya sifatida toʻliq shakllandi (1798-yilgacha mavjud boʻlgan). 1648-yilgi Vestfaliya sulhiga binoan Shveysariya suveren davlat deb tan olindi. 16-asrda Shveysariyada reformatsiya harakati tarqaldi. 18-asr oxirida Shveysariyada sanoat va savdo birmuncha rivojlandi. 1798—1803-yillar Shveysariya hududida Gelvetsiya respublikasi mavjud boʻldi. 1814 — 15 yilgi Vena kongressi Sh. ning hoz. davrdagi chegarasiga yaqin boʻlgan chegarani belgilab berdi va uni abadiy betaraf davlat deb eʼlon qildi. 19-asrning 30—40-y. lari siyosiy tuzumni demokratlashtirish va mamlakatni markazlashtirish harakati avj oldi. 1848-yilgi konstitutsiya boʻyicha Shveysariya kantonlarning uncha mustahkam boʻlmagan ittifoqidan yagona federativ davlatga aylandi. 1va 2-jahon urushi yillari Shveysariya oʻz betarafligini tasdiqladi. Shveysariya hududida turli xalqaro tashkilotlar joylashgan. Shveysariya 2002-yildan BMT aʼzosi. 1991-yil 23 dek. da OʻzR suverenitetini tan olgan va 1992-yil 7-mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 1 avg. — Konfederatsiya tashkil etilgan kun (1291); 1899-yildan beri nishonlanadi.

Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Sh. demokratikxristian partiyasi, 1935-yil tashkil etilgan; Sh. demokratlari partiyasi; Sh. «koʻkatparvarlar» partiyasi, 1983-yil asos solingan; Sh. radikaldemokratik partiyasi, 1848-yil tuzilgan; Sh. sotsialdemokratik partiyasi, 1888-yil tashkil etilgan; Sh. liberal partiyasi, 1913-yil asos solingan; Sh. xalq partiyasi, 1971-yil sentyabrda Shveysariya dehqon, hunarmand va byurgerlar birlashgan partiyasi (1919) hamda Shveysariya demokratik partiyasi (1944) negizida tuzilgan; Sh. ozodlik partiyasi, 1985-yil tashkil etilgan; Sh. mehnat partiyasi, 1944-yil Shveysariya KP (1921) va soʻl sotsialistlar guruhi birlashishi natijasida tuzilgan. Shveysariya kasaba uyushmalari birlashmasi, 1880-yil tashkil etilgan.

Xoʻjaligi. Shveysariya — intensiv q. x. ga ega boʻlgan yuksak rivojlangan industrial mamlakat; jahondagi yirik moliya markazlaridan va kapital eksport qiluvchilardan biri. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 25%, q. x. niki 2,9%, moliya va sugʻurtaniki 25,4 % ni tashkil etadi.

Sanoatida mashinasozlik va metallsozlik yetakchi tarmoq hisoblanadi. Mashinasozlik sanoati metall ishlovchi aniq stanoklar, temirpress asbobuskunalari, elektrotexnika buyumlari ishlab chiqaradi. Jahonda ishlab chiqariladigan soatning U2 qismi Shveysariyaga toʻgʻri keladi. Kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik, tikuvchilik, trikotaj, poyabzal, qogʻoz, poligrafiya, oziqovqat (pishloq, shokolad va konsentratlar) sanoati rivojlangan. Toshtuz va qurilish materiallari qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 60,4 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (ʻ/2 qismi GESlarda, 2/5 qismi AES larda).

Qishloq xoʻjaligining asosi chorvachilik (asosan, sut chorvachiligi) hisoblanadi. Q. x. mahsulotining 3/4 qismi chorvachilikka toʻgʻri keladi, qoramol, choʻchqa, qoʻy boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Dehqonchilikda bugʻdoy, arpa, qand lavlagi, kartoshka, yemxashak ekinlari ekiladi. Tokchilik rivojlangan. Togʻlarda yogʻoch tayyorlanadi.

Transportning turli xillari mavjud. T. y. lar hammasi elektrlashtirilgan boʻlib, ularning uz. 5 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 71,1 ming km. Kanat va osma yoʻllar ham bor. Reyn daryosi va koʻllarda kemalar qatnaydi. Eng yirik porti — Bazel shahri Syurix va Jenevada xalqaro aeroportlar bor. Xorijiy sayyoxlik rivojlangan (yiliga oʻrtacha 7 mln. kishi kelibketadi).

Shveysariya chetga mashinasozlik va metallsozlik mahsulotlari, jumladan, soat, aniq priborlar, ximikat, toʻqimachilik mollari, kiyimkechak, oziq-ovqat va boshqalar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, xom ashyo, jihozlar oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSH va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — shveysariya franki.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Shveysariyada vrachlar untlarning tibbiyot ftlarida tayyorlanadi. Lezen, Lugano, Davos, Montryo va boshqalar shaharlarda mashhur kurortlar bor. Shveysariyada taʼlimning yagona tizimi yoʻq. Har bir kanton oʻzining maktab qonuni va boshqaruviga ega. Lekin barcha kantonlar uchun 6—7 yoshdan 15—16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy taʼlim joriy qilingan. Asosiy (boshlangʻich) maktablar har bir kantonda qabul qilingan sistemaga qarab 7, 8 yoki 9y. lik boʻlib, ular 2 bosqichdan iborat (4+3, 4+4 yoki 4+5). Oʻrta maktablar 2 kategoriyali boʻlib umumtaʼlim va ixtisoslashgan maktablarga boʻlinadi. Hunartexnika oʻquv yurtlari, tijorat, maʼmuriy, texnika, q. x. va badiiy maktablar, oʻqituvchilar gimnaziyalari mavjud. Oliy taʼlim tizimiga un-t va intlar kiradi. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Syurix universiteti, Jeneva, Bazel, Bern untlari, Syurix va Lozannadagi federal texnologiya intlari, SanktGallendagi iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar maktabi.

Shveysariyada ilmiytadqiqotlarga I. t. milliy fondi (1952) rahbarlik qiladi. Yirik kutubxonalari: Bazel unti kutubxonasi (2 mln. dan ortiq asar), Sh. milliy qutubxonasi (Bern shahrida, 1,5 mln. dan ortiq asar). Shveysariyada 600 muzey bor. Yiriklari: Syurixdagi tarix muzeyi, Bazel, Bern, Jeneva va Syurixdagi sanʼat muzeylari, Lozannadagi nafis sanʼat muzeyi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Shveysariyada bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Yiriklari: «Bazler saytung» («Bazel gazetasi», nemis tilidagi kundalik gaz., 1977-yildan), «Berner saytung» («Bern gazetasi», nemis tilidagi kundalik gaz., 1979-yildan), «Blik» («Nigoh», nemis tilidagi kundalik gaz., 1959-yildan), «Veltvoxe» («Jahon hafta ichida», nemis tilidagi haftanoma, 1933-yildan), «Tages ansayer Syurix» («Syurix kundalik sharhi», nemis tilidagi kundalik gaz., 1893-yildan), «Tribyun de Lozann — maten» («Lozanna minbari — tong», fransuz tilidagi kundalik gaz., 1862-yildan). Shveysariya telegraf agentligi (ATS) 1894-yilda tashkil etilgan; yirik gaz. nashriyotlarining aksiyadorlik jamiyati. Shveysariya radioeshittirish va televideniye jamiyati, yarim tijorat tashkiloti. Shveysariyada radioeshittirishlar 1923-yildan, muntazam telekoʻrsatuvlar 1958-yildan boshlangan.

Adabiyoti nemis, fransuz, italyan, retoroman tillarida rivoj topmoqda; tiliga koʻra qardosh boʻlgan qoʻshni mamlakatlardagi adabiyot bilan bogʻlangan. Nemis tilidagi adabiyot qadimiy xalq qoʻshiqlari, afsonalarga boy (Vilgelm Tell haqidagi afsonalar, tarixiy xronikalar). Maʼrifatchilik oqimi davrida A. Geller va buyuk pedagog I. G. Pestalossi ijodida milliy xususiyatlar oʻz aksini topdi. Fransuz yozuvchisi J. J. Russo hayoti va ijodi ham Shveysariya bilan bogʻlangan. 1848-yilgi inqilobdan soʻng nemis tilida ijod qiluvchi I. Gotxelf, G. Keller, K. F. Meyer kabi yozuvchilar ijodida realizmni ravnaq topishiga imkon yaratildi; 19-asr fransuz tilidagi adabiyotning mashhur vakili R. Tepferdir. Shu yozuvchilarning ijodi tufayli Shveysariya adabiyoti birinchi marta chet elga tanildi. 20-asrning 1-yarmida nemis tilida yozuvchi R. Valzer, Ya. Byurer, fransuz tilida yozuvchi Sh. F. Ramyu kabi adiblar oʻz asarlarida dolzarb ijtimoiy muammolarga murojaat qildilar. Ular urushdan keyingi davrdagi realistik adabiyotni yanada yuksaltirish uchun zamin yaratdilar. Nemis tilida ijod qiluvchi M. Frish va F. Dyurrenmatt asarlari milliy adabiyotni Yevropa madaniyatining boyligi darajasiga olib chiqsi. 1960—70 yillarda nemis tilida yozuvchi V. M. Diggelman, A. Mushg, O. F. Valter kabi adiblar roman va hikoyalarida, A. Martining sheʼriy toʻplamlarida nemis tilidagi shveysar adabiyotining realistik anʼanalari zamonaviy tasviriy vositalar bilan uygʻunlashib ketgan. Fransuz tilida yozuvchi J. Alda, F. Jakotte, J. Shesseke, italyan tilida yozuvchi F. Kyeza, retoroman tilida yozuvchi K. Birt, A. Peyer, S. Kens kabi adiblar mashhur.

Meʼmorligi. Shveysariyaning qadimiy meʼmoriy yodgorliklari merovinglar sanʼati (RivaSanVitaldagi baptisteriy, 5 — 6-asrlar), keyinchalik «Karolinglar uygʻonish davri» sanʼati (SanktGallendagi monastir, 7-asr) bilan bogʻlangan. Romangotika uslubidagi binolar (Syurixdagi Grosmyunster, 12—15-asrlar; Bazeldagi soborlar, 1185—1200) Fransiya va Germaniya meʼmorligiga yaqin. Uygʻonish davri meʼmorligi anʼanalari 17-asr inshootlarida saqlanib qolgan (Syurixdagi ratusha, 1694—98, meʼmor I. Ya. Keller). 17—18-asrlar meʼmorligida barokko uslubi qaror topdi (SanktGallendagi cherkov, 1755 — 70; Lozannadagi ratusha, 17-asrda qayta qurilgan). 18-asr oxirida klassitsizm keng tarqaldi (Nevshateldagi ratusha, 1782—90, meʼmor P. A. Pari). 19-asr oʻrtalarida eklektizm, 19-asr oxirida modern uslubi koʻrinishlari paydo boʻla boshladi. 20-asrning 20-y. lari meʼmorlar xalq meʼmorligi anʼanalaridan va funksionalizm usul va metodlaridan foydalandilar. 30-y. lardagi buyuk inshootlar: Lyutserndagi Lyutsern kantoni sanʼat va majlislar uyi (1930—33, meʼmor A. Meyli), Jenevadagi Millatlar saroyi (1927—37, meʼmor Giyol). 50— 70-y. larda yoʻddoshshaharlar (LeLinyon, Jeneva yaqinida, 1962 — 70, meʼmorlar G. va P. Amman va boshqalar), ijtimoiy va maʼmuriy binolar [Lozanna shahridagi «Kodak» firmasi maʼmuriy binosi va omborxonasi, 1961—63, meʼmor F. Blugger; Syurixdagi «Bashariyat uyi» (Le Korbyuzye markazi), 1967, meʼmor Le Korbyuzye; Sug shahridagi turar joy binolari, 1958—68, meʼmor F. Shtukki va boshqalar; Jenevadagi «Le Pari» kinoteatri, 1971, meʼmor M. J. Soje].

Tasviriy sanʼati. Shveysariya hududidan topilgan ilk tasviriy sanʼat yodgorliklari mil. av. 1-ming yillikning 2-yarmiga mansub (q. Laten madaniyati). Myunster (hoz. Myustair)dagi SanktIogann cherkovidagi devoriy rasmlar 9-asrga oid boʻlib, monumental rangtasvirning qadimiy yodgorligi hisoblanadi. 13—15-asrlarda gotika haykaltaroshligi va rassomligi, kitob miniatyurasi, vitraj hamda dastgoh sanʼati rivojlandi. 16-asrda rassomlar N. ManuelDeych, U. Graf va kichik X. Ley ijodi diqqatga sazovor. G. Asper, yil Amman va T. Shtimmer 16-asr kitob miniatyurasi ustalaridir. Bazelda kichik X. Xolbeyn uzoq vaqt faoliyat yuritdi. 17-asr Shveysariya sanʼatida barokko uslubi yaqqol koʻzga tashlanadi. 18-asrda koʻp shveysariyalik sanʼat ustalari Fransiyada taʼlim olganligi va ishlaganligi sababli, oʻsha davr Sh. tasviriy sanʼati Fransiya taʼsiri ostida boʻldi. Shu davr rangtasvirida pastel va miniatyura portreti (J. Ye. Liotar), manzara (S. Gesner), tarixiy va maishiy (I. L. Aberli, 3. Freydenberger) janrlarda koʻplab asarlar yaratiddi; ayniqsa, A. Graf va I. G. Fyusli (asosan, Angliyada ishlagan) ijodi diqqatga sazovor. 19-asr boshida tasviriy sanʼatda klassitsizm va romantizm deyarli rivojlanmadi (rassomlar X. L. Fogel, X. Xeys, grafikachi R. Tepfer ijodi). 19-asr oʻrtalarida realistik manzaralar (A. Kalam), mehnatkash xalq hayoti ifodalangan maishiy kartinalar (F. Buxser, A. Anker) yaratildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida simvolizm va «modern» uslubida ijod qilgan A. Beklin shuhrat qozondi; F. Xodler ijodi milliy tarix mavzusiga bagʻishlandi. Bu davrda Shveysariya sanʼatida impressionizm, postimpressionizm, simvolizm oqimlari avj oldi (shveysariyalik rassomlardan F. Vallotton, T. Steynlen Fransiyada ishladilar, A. Jakometti ijodi ham fransuz maktabi bilan bogʻliq).

1-jahon urushi yillari Shveysariya sanʼatida ekspressionizm yoʻnalishi rivojlandi. 60—70-y. lar Shveysariya sanʼatida Yevropa sanʼati oqim va yoʻnalishlari koʻzga tashlandi. Xalq sanʼatida yogʻoch oʻymakorligi, kulollik, toʻqimachilik, charm va metall buyumlar tayyorlash rivojlangan.

Musiqasi. Shveysariya xalq musiqa sanʼatida Alp togʻlarida yashovchi togʻlilarning oʻziga xos janri — yodl va choʻpon kuylari ajralib turadi. Musiqa asboblari — alp burgʻusi va shveysar hushtagi. Professional diniy musiqa taxm. 10-asrda vujudga kelgan. SanktGallen monastiri Yevropa musiqa markazi boʻlgan. 13-asrdan dunyoviy musiqa sanʼatini tarqatuvchi minnezingerlar faoliyat koʻrsatgan. 16-asrda polifoniya musiqasi ustalari X. Kotter, L. Zenfl, L. Burjua ijod qildilar. 17-asrda shahar musiqa birlashmalari tuzila boshladi. 18-asr oxiri — 20-asrda xor va musiqa jamiyatlari tuzildi, musiqa taʼlimi rivojlandi (kompozitor va pedagoglar X. G. Negeli, I. F. Xegar, X. Xuber, ritmik tarbiya tizimi asoschisi E. JakDalkroz). 20-asrda F. Andre, V. Burkxard, G. Dore, F. Marten, K. F. Seminn, 20-asr 2-yarmida G. Xolliger, V. Fogel, Yu. Vittenbax, R. Mozer kabi kompozitorlar mashhur boʻlgan. Shveysariyada 10 dan ortiq simfonik orkestr, bir qancha opera truppalari, xor jamoalari va kamercholgʻu ansambllari, Bazel musiqa akademiyasi, Jeneva, Syurix, Bern, Lozannada konservatoriyalar bor.

Teatri. Shveysariya teatr sanʼati xalq rasmrusumlari asosida vujudga kelgan va fransuz, nemis, italyan tillarida rivojlanmoqda. 16-asrda reformatsiyaning katolitsizmga qarshi kurashini aks ettiruvchi pyesalar yaratilgan. 1512-yil birinchi dunyoviy pyesa — «Tell toʻgʻrisida oʻyin»qoʻyilgan. Fastnaxtshpil janri keng tarqalgan; bunda voqelikni haqqoniy aks ettirish siyosiy satira bilan uygʻunlashib ketgan. 1738-yil Jenevada birinchi professional truppa tashkil boʻldi va u fransuz dramaturglarining pyesalarini sahnalashtirdi. Lozanna (1781), Jeneva (1782 va 1789), Shatlen (1786) va boshqalar shaharlarda teatr binolari qurildi. 1801-yil Sankt-Gallenda professional teatrga asos solindi. 1879—1951-yillar Jenevada «Granteatr» faoliyat koʻrsatdi. 1908-yil Syurixda «Pfauenteatr» drama teatri (keyinchalik «Shaushpilxauz») ochildi va Shveysariyaning yetakchi milliy teatriga aylandi. 1938—61 yillarda bu teatrga taniqli rej. Oskar Velterlin rahbarlik qildi va teatrlarda B. Brext, F. Dyurrenmatt, A. Chexov va boshqalarning pyesalari qoʻyildi. Shveysariya dagi boshqa mashhur teatrlar: Lozannadagi «Pti shen» va «Bolye», Jenevadagi komediya, «Nuvo teatr de posh» va «De Rosh» teatrlari, Syurixdagi Noymarkt teatri, Bazeldagi teatr, Bern, Lyutserndagi teatrlar. Shveysariya teatrining yetakchi arboblari: O. Eberle, X. Gnekov, L. Lindtberg, teatr rassomi G. Otto.

Kinosi. Birinchi toʻla metrajli badiiy film («Konfederatsiyaning vujudga kelishi», rej. E. Xarder) 1924-yilda yaratilgan. Shu yili Syurixda «Prazens» kinofirmasi tashkil etildi. 1930—40 yillarda hujjatli filmlar rej. lari A. Veksler, E. Layzer ishlari, rej. L. Lindtbergning vatanparvarlik ruhidagi badiiy filmlari («Oʻqchi Vipf», 1938; «Soʻnggi imkoniyat», 1945) ajralib turadi. 1950-y. larda «Batrak Uli» (1954), «Pishloq pishiruvchilar» (1958; ikkalasining rej. F. Shneyder), «Odeon kafesi» (1958, rej. K. Fryu) filmlari ekranga chiqdi. 60-y. largacha Shveysariyada kino, asosan, nemis tilida boʻlgan. Fransuz tilida ijod qiluvchilar orasida hujjatli filmlar rej. Sh. Dyuvanel va hujjatli filmpamfletlar muallifi A. Brandt mashhur. 1968-yil rej. lar A. Tanner, K. Goretta, J. L. Rua, M. Sutter va J. J. Lagranj (keyinchalik oʻrniga N. Yersen boʻldi).

«Beshlar guruhi»ga birlashdilar va voqelikni boʻyab berishga qarshi chiqdilar. Ular oʻz filmlari («Salamandra»: 1971; «Afrikadan qaytish», 1975; «Dunyo oraligʻi», 1975, barchasining rej. A. Tanner; «Taklif», 1972, rej. K. Goretta)da oddiy kishilar turmushini, hayot qiyinchiliklarini koʻrsatdilar. 1970—80 yillarda rej. lar R. Lissi, T. Kyorfer, D. Shmid mashhur boʻlgan. Syurixda Shveysariya kinomarkazi faoliyat yuritadi. 1946-yildan Lokarnoda xalqaro kinofestivallar oʻtkaziladi. Oʻzbekiston — Sh. munosabatlari. Oʻzbekiston bilan Shveysariya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgach (1992), 1993-yil maydan Toshkentda Shveysariya elchixonasi faoliyat yurita boshladi. Savdoiqtisodiy qamkorlik toʻgʻrisida tuzilgan hukumatlararo bitimga muvofiq, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdoda qulay shartsharoitlarni vujudga keltirish tartibi belgilandi. Savdoiqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Sh. hukumatlararo komissiyasi ishlamoqda. 2003-yil ikki tomonlama tovar aylanmasi 217,7 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. OʻzR dan Shveysariyaga paxta tolasi, ip gazlama, kalava ip, xizmat va boshqalar eksport qilinadi. Shveysariyadan elektr va mexanik jihozlar, farmatsevtika mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik tufayli OʻzR da Shveysariya sarmoyasi ishtirokida 77 korxona barpo etilgan. Ular orasida 57 qoʻshma korxona, Shveysariya sarmoyasi 100% boʻlgan 20 korxona bor. OʻzR Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Shveysariyaning 33 firma va kompaniyasi vakolatxonalari roʻyxatga olingan. 1995-yildan Toshkentda «Kredi Sviss» banki vakolatxonasi ishlamoqda. 1995-yil yanv. dan Shveysariyaning Altendorf shahrida OʻzRning Savdo koʻrgazma markazi faoliyat koʻrsatmoqda. 2002-yildan Shveysariya elchixonasi huzurida hamkorlik boʻyicha Shveysariya byurosi ishlamoqda. U ijtimoiyiqtisodiy yoʻnalish boʻyicha birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish bilan shugullanadi. Ikki mamlakat oʻrtasida astronomiya, fizika, biofizika, genetika, biokimyo, tarix, tibbiyot, ekologiya boʻyicha ilmiy loyihalar hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uni amalga oshirishda OʻzR Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, Oʻzbekiston milliy unti, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Ilmiy ishlab chiqarish markazi, shuningdek, Bern, Jeneva, Syurix, Davos, Lozanna untlari ishtirok etmoqda. Samarqand unti bilan Syurix, Bazeldagi untlar oʻrtasida gumanitar va tabiiy fanlar masalalari boʻyicha aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. 1999-yildan Oʻzbekistonda «Oʻzbekiston—Shveysariya» doʻstlik jamiyati ishlamoqda.


Lotin alifbosida maqola: SHVEYSARIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: SH harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
YAPONIYA
XITOY
ITALIYA
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты