SHIMOLIY ATLANTIKA SHARTNOMASI TASHKILOTI, NATO

SHIMOLIY ATLANTIKA SHARTNOMASI TASHKILOTI, NATO (North Atlantic Treaty Organisation — NATO) — xalqaro davlatlararo harbiysiyosiy tashkilot. 1949 yil 4 apr. da Vashingtonda 12 davlat: AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Kanada, Italiya, Portugaliya, Norvegiya, Daniya, Islandiya vakillari tomonidan Shim. Atlantika shartnomasi imzolangan. Tashkilotga 1952-yil Gretsiya va Turkiya; 1955-yil GFR, 1982-yil Ispaniya, 1999-yil Vengriya, Polsha va Chexiya, 2004-yil Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Bolgariya va Ruminiya qabul qilindi; 1966-yil Fransiya NATOning harbiy tuzilmalaridan chiqqan.

Shartnoma dastlab Sovet Ittifoqi tomonidan agressiya xavfiga qarshi birgalikda himoyalanish va jamoaviy xavfsizlikni nazarda tutgan. Bu 2-jahon urushidan keyin AQSH tomonidan tuzilgan birinchi uyushma boʻlib, u Gʻarb mamlakatlarining ittifoqini anglatardi. Bunday shartnoma tuzilishiga «sovuq urush»ning tobora keng tus olgani sabab boʻlgan. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari Sovet Ittifoqidan yakka tartibda himoyalanishda oʻzlarini ojiz his etganliklari uchun 1947-yil hamkorlikda himoya tizimini yarata boshladilar. 1948-yil 17-martda 5 mamlakat — Belgiya, Fransiya, Lyuksemburg, Niderlandiya va Buyuk Britaniya «Bryussel shartnomasi»ni imzolagan edilar. Bu shartnoma NATO ga asos boʻldi. NATO ning asosiy priniipi shartnomaning «Tomonlar Yevropa yoki Shim. Amerikada bir yoki undan ortiq mamlakatga qilinadigan qurolli hujumni barchaga qarshi hujum sifatida qaraydi» degan moddasida ifodalangan. Shartnoma BMT Ustavining 51-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, bu moddada mustaqil davlatlar yakka tartibda yoki jamoa boʻlib oʻz mudofaasini tashkil etish huquqiga egaligi koʻrsatilgan. Shartnoma NATO ga kiruvchi mamlakatlarga Gʻarbiy Yevropa va Shim. Atlantikani himoya qilish vazifasini yuklagan. Shartnoma, shuningdek, aʼzolar oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. NATO qurolli kuchlari 1950-yil iyunda boshlangan Koreya urushiga javoban shu yil tashkil qilingan.

NATO ittifoq hisoblanadi. Uning ichida yagona, markazlashgan organ mavjud emas. Huquqiy jihatdan hech bir davlat oʻzining koʻrsatmalariga qoʻshilishga boshqa davlatlarni majbur etishga haqli emas. NATO tuzilmasini siyosiy (fuqaroviy) rp harbiy qismga boʻlish mumkin. Shim. Atlantika Kengashi NATOning oliy siyosiy organi hisoblanadi. U ittifoqqa aʼzo mamlakatlar hukumatlari oʻrtasida maslahatlashib olinadigan va ishlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy forumdir. Kengash majlislari: haftasiga bir marta — NATO ga aʼzo mamlakatlar doimiy vakillari (elchilari) darajasida; yiliga 2-marta — tashqi ishlar vazirlari darajasida; kelishuv boʻyicha, alohida hollarda — davlatlar va hukumatlar boshliqlari darajasida oʻtadi. Kengash kun tartibiga amalda har qanday masala qoʻyiladi, ittifoqqa aʼzo mamlakatlar oʻzining ichidagi vaziyatlarga baho berish bundan mustasno. Qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi va barcha aʼzolar uchun bir xilda kuchga ega boʻladi. Harbiy masalalar Mudofaani rejalashtirish komiteti (MRK) majlislarida muhokama qilinadi. Yadroviy rejalashtirish guruhi majlislarida NATO siyosatida yadro qurolining ahamiyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maslahatlashuv boʻladi. NATO Bosh kotibi yuqoridagi har uchchala organning raisi hisoblanadi. Xalqaro kotibiyat ham uning tasarrufida boʻladi. Harbiy komitet NATOning oliy harbiy organi hisoblanadi. U barcha qatnashchi mamlakatlar Bosh shtablari boshliqlaridan tashkil topadi. Komitet yiliga 2-marta shtab boshliqlari darajasida majlis qiladi, joriy masalalar NATOga aʼzo mamlakatlar harbiy missiyalari vakillarining har haftalik uchrashuvlarida muhokama qilinadi. Xalqaro harbiy shtab Harbiy komitetning ijroiya organidir. NATO Praga sammiti (2002-yil noyab.)ning qarorlariga muvofiq, Yevropa va Atlantikada Bosh harbiy qoʻmondonliklar oʻrniga NATO Birlashgan qoʻmondonliklari tuzildi. Bular — Yevropada NATO birlashgan kuchlari Bosh qoʻmondonligi oʻrniga operatsiyalar ustidan Birlashgan qoʻmondonlik (Mons shahri, Belgiya); Atlantikada NATO birlashgan kuchlari Bosh qoʻmondonligi oʻrniga qayta tuzish boʻyicha Birlashgan qoʻmondonlik (Norfolk shahri, AQSH).

«Sovuq urush» tugagandan soʻng NATOni dunyoda yuzaga kelgan yangi vaziyatga moslashtirish boshlandi. 1991-yil Shim. Atlantika hamkorlik kengashi tuzildi. U Yevroatlantika hamkorlik kengashi (YEAHK)ga aylantirildi (1997). 1994-yildan NATOning «Tinchlik yoʻlida hamkorlik» (TYH) dasturi amalga oshirila boshlandi. Bu dastur Yevroatlantika hududi xavfsizligining asosiy tarkibiy qismiga aylandi va NATOda markaziy oʻrinni egallab kelmoqda. YEAHK ga 46 mamlakat aʼzo (2004).

Oʻzbekiston 1992-yil 10-martda Shim. Atlantika hamkorligi kengashiga aʼzo boʻlib kirdi. «Tinchlik yoʻlida hamkorlik» dasturiga qoʻshilish toʻgrisidagi hujjatning Oʻzbekiston tomonidan imzolanishi (1994) respublikaning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi jarayonida yangi bosqichni boshlab berdi. 1995-yil 16 avg. da Oʻzbekiston NATO bilan xavfsizlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi.

Oʻzbekistonning NATO bilan oʻzaro aloqalari har yili ikkala tomondan tasdiqlanadigan Individual hamkorlik dasturi orqali amalga oshiriladi.

Soat Musayev, Sayfiddin Joʻrayev.


Lotin alifbosida maqola: SHIMOLIY ATLANTIKA SHARTNOMASI TASHKILOTI, NATO haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: SH harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



FRANSIYA
BUYUK BRITANIYA
LITVA
IKKINCHI JAHON URUSHI
ESTONIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты