SHIRU SHAKAR, sanʼati mulammaʼ — maʼlum tartib bilan 2 tilda yozilgan sheʼr; shunday sheʼr yozish usuli. Oʻzbek sheʼriyatidagi Shiru shakarda sheʼrning 1-misrasi oʻzbekcha, 2-misrasi forscha yoki arabcha, fors sheʼriyatida esa aksincha, 1-misra forscha, 2-misra oʻzbekcha (turkiy) yoki arabcha boʻlishi mumkin. Oʻn baytgacha arabcha, keyin forscha aytilgan sheʼrlar ham bor. Taxm. 15-asrdan bunday uslub «Shiru shakar» deb yuritiladi. Yusuf Amiriy «Bang va Chogʻir munozarasi» asarida Chogʻir va Bangni sut bilan shakarga oʻxshatib, «Shiru shakartek bir-biri birlan qarin», deydi. Uch tilda yozilgan sheʼr shahdi shiru shakar deb atalgan.
Shiru shakar elementlari Gʻarbiy Yevropa va rus adabiyotida ham mavjud. 15-asrda Italiyada bu xil asarlar «makaronik poeziya» deyilgan. 18—19-asrlarda bu sheʼriyat namunalari Rossiya yozuvchilari ijodida ham koʻrindi. Lekin yaratilish usuli va maqsadiga koʻra Sh. sh. bilan makaronik poeziya aynan bir hodisa emas. Odatda Shiru shakar lirik, makaronik sheʼrlar hajviy, yumoristik xususiyatga ega. Oʻzbek sheʼriyatida Shiru shakar S. Ayniy, Hamza, Gʻ. Gʻulom, S. Abdulla, E. Vohidov va boshqalar ijodida uchraydi.