SUVAYIRGʻICH — Yer yuzasida yogʻin suvlari oqimini turli tomonlarga yoʻnalgan ikki yon bagʻir boʻyicha ajratib turuvchi chiziq, chegara. Yer ostida esa S — turli tomonlarga harakatlanuvchi yer osti suvlari oqimini ajratib turuvchi shartli chiziq. S. togʻli oʻlkalarda tizmalarning qirralaridan oʻtadi. Tekisliklarda esa yassi yerlardan, botqoqliklardan iborat boʻlishi mumkin. Bunday joylarda Suvayirgʻichni chiziq tarzida koʻrsatish mumkin emas. Tinch okean havzasi bilan Atlantika okeani havzasini chegaralab turuvchi chiziq Yerning bosh S. deb hisoblanadi.