SUN, Sung xonligi — Xitoy tarixida mavjud boʻlgan 2 sulola va davlat. Ilk S (420—479). Poytaxti — Szyankang (hoz. Nankin). Asoschisi — Sharqiy Szin xonligi (317—420), harbiy qoʻmondoni Lyu Yuy (363—422). Lyu Yuy mamlakatda yuz bergan qoʻzgolonlarni bostirishda va bir qator mayda xonliklarga qarshi kurashda gʻolib chiqqanligi tufayli Sungvan (Sung viloyati hokimi) unvoni bilan taqsirlangan. 420-y. u fursatdan foydalanib Sharqiy Szin sulolasidan taxtni tortib olgan. Lyu Yuy sulolaga Sun (xalq orasida Lyu Sung deb ham nomlanadi), oʻziga esa Udi (Jangovar xoqon) deb nom bergan. U davlatni mustahkamlashga qaratilgan bir qancha siyosiyiqtisodiy islohotlar oʻtkazgan. Ushbu xonliqda jami 8 hukmdor oʻtgan. Saroydagi fitnalar, dehqonlar qoʻzgʻolonlari natijasida 479-y. xonlik barham topgan. Soʻnggi Sun (960—1279). Poytaxti — Kayfin (Kayfen). Asoschisi — Soʻnggi Chjou xonligi (951—960) sarkardasi Chjao Kuanin (Kuangying) (927—976). Soʻnggi Chjou xonligida hokimiyat almashinishi tufayli yuzaga kelgan siyosiy vaziyatdan foydalangan Chjao Kuanin harbiy toʻntarish uyushtirib, poytaxt Kayfinni egallab, taxtni oʻz qoʻliga olgan. U yangi davlat tashkil qilib, unga Sun (Sung), oʻziga esa Sung Tayszu (S. sulolasi asoschisi) deb nom bergan. Tarixda uning davri Szyanlung deb ham ataladi. Chjao Kuanin davlat hududini kengaytirish, markaziy hokimiyatni mustahkamlash, xazinani boyitishga qaratilgan bir qator siyosiy, xarbiy va iktisodiy choratadbirlarni amalga oshirgan. Sun hududi Markaziy va Jan. Xitoy bilan cheklangan. Tashqi siyosatda Sun asosiy eʼtiborini Shim. Xitoyda kidanlar tomonidan barpo etilgan Lyao davlati (916—1124) dan himoyalanishga qaratgan. Sun xonligi 979-y. hoz. Pekinni egallab, kidanlarga kuchli zarba berishni rejalashtirgan. Ammo jangda magʻlubiyatga uchragan, kidanlar xonlik poytaxti Kayfinni bosib olishgan. Sun xoni Tayszun saroy amaldorlari bilan poytaxtni tashlab jan. ga qochgan. S. Lyao davlati bilan sulh tuzishga, unga oʻlpon toʻlab turishga va qoʻshin sonini keskin qisqartirishga rozi boʻlgan. Keyingi davrlarda Sun sulolasi Lyao davlati taʼsiridan chiqishga koʻp harakat qilsada, uddasidan chiqa olmagan. 1127-y. poytaxt Linʼan (hoz. Xangchjou) sh. ga koʻchirilgan. Shundan keyin Sun xonligi Janubiy Sun deb ataldi. 1279-y. u moʻgʻullar tomonidan tugatilgan.
Abdulahad Xoʻjayev.