TEATR (yun. theatron — tomoshagoh) — 1) sanʼat turi; uning oʻziga xos ifoda vositasi aktyorning omma oldidagi oʻyini jarayonida yuzaga keladigan sahnaviy voqeadir. Teatr sanʼatida ham boshqa sanʼatlarda boʻlganidek, xalq hayoti, tarixi, dunyoqarashi aks etib, jamiyat taraqqiyoti, maʼnaviyati, madaniyati bilan bogʻliq holda oʻzgarib, takomillashib boradi. Teatr asosida ogʻzaki yoki yozma dramaturgiya yotadi.
Teatr sintetik sanʼat boʻlib, jamiyat hayotida, tomoshabinlarning maʼnaviy va estetik tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy sanʼat, raqs, meʼmorlik ajralmas birlikni tashkil etadi. Teatrning muhim vositalaridan biri sahna nutqidir. Aktyor qahramonning pyesadagi soʻzlarini oʻzlashtirib olar ekan, qahramon qiyofasida, holatlarda turib uning nutqiy tavsifini yaratadi, boshqa personajlar bilan muloqotga kirishadi. Sahna nutqi xarakterlarning ochilishida, asar mazmuni, konfliktining yoritilishida muhym oʻrin tutadi (q. Sahna nutqi). Sahna asarlarining yaratilishida teatr rassomligi (ssenografiya)ning hissasi katta. Rassom asar mazmuni va rej. yechimidan kelib chiqib, dekoratsiya yaratadi. (q. Teatr dekoratsiyasi sanʼati). T. da musiqaning ham oʻrni katta, tomosha turi va janriga bogʻliq holda u turli vazifani bajaradi: dramatik spektakllarda yordamchi vosita boʻlsa, operetta, musiqali dramada soʻz bilan barobar huquqga ega, opera va baletda esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. (q. Teatr musiqasi).
Teatr sanʼati uzoq tarixga ega boʻlib, uning asosiy unsurlari (boshqa qiyofaga kirish, dialog, toʻqnashuv kabi) insoniyatning ibtidoiy davrlarida ovchilik, mehnat va liniy marosim, bayramlar bilan, totemizm, animizm kabi ibtidoiy dunyoqarash va ajdodlarning ruhlariga sigʻinish bilan bogʻliq holda shakllangan. Yunoniston, Hindiston, Turonda mil. av. 5asrdayoq Teatr jamiyat hayotida muhim oʻrin tutgan. Hindistonda Teatr sanskrit T., xalq Teatri shakllarida hamda «Mahobhorat» va «Ramayana» dostonlari bilan bogʻliq holda rivojlangan; dramaturgiya va sahna sanʼati haqida «Natyashastra» nomli risola yaratilgan. Keyinroq Teatr Yaqin Sharq va Rimga ham yoyildi. Ayniqsa, Rimda Teatrning yangi shakl va turlari yaratildi. Gʻarbiy Yevropada Teatr sanʼatining dastlabki namunalari sayyor aktyorlarjonglyorlar ijodida, Rossiyadaskomoroxlar faoliyatida yuzaga kelgan. Uygʻonish davrida vujudga kelgan drama yangi shakldagi professional trning shakllanishiga zamin yaratdi. 16-a. dan opera, 18-a. oʻrtalaridan balet, 19-a. oʻrtalaridan operetta mustaqil Teatr turi sifatida rivojlana boshladi. Teatrning keyingi taraqqiyoti klassitsizmning keng yoyilishi bilan bogʻliq. 18-a. da maʼrifatchilik oqimidagi Teatr taraqqiy etdi. Astasekin realistik tendensiya kuchaydi. Ayniqsa, K. Golsoni, G. Lessing, P. Bomarshe, F. Shiller ijodida realizm yorqin namoyon boʻldi. 18-a. ning oxirlariga kelib, drama, melodrama, vodevillarda satirik yoʻnalishning yuzaga kelishi Teatrda demokratik asosning kuchayishiga sabab boʻldi. Teatr gʻoyaviy va badiiy kurashlar maydoniga aylandi.
19-a. ning 1yarmida vujudga kelgan romantik yoʻnalish Teatrda gumanistik ideallar va koʻp hollarda xayoliy orzularning yoritilishiga olib keldi. Dramada taqlidgoʻylikdan iborat klassitsizmga qarshi, oʻziga xos milliylik, xalqchillik, tarixiylik va ijtimoiy adolat uchun kurash ohanglari keng quloch yoydi. 19a. oxirlaridan Teatrni isloh qilishning yangi davri boshlandi. Teatr badiiy adabiyot (proza, poeziya), yangi drama (A. Chexov, G. Ibsen, B. Shou va b.) bilan yaqinlashdi. 19-a. oxirlarida 20-a. boshlarida Teatrda, aktyorlik sanʼatida yangi taʼlim uslubi Stanislavskiy sistemasini qoʻllash boshlandi. 20y. larda V. Meyerxold, V. Tairov, V. Vaxtangovlarning rej. lik faoliyati Teatrning rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshildi. 20-a. oʻrtalarida Gʻarb rejissurasi va sahna sanʼatiga B. Brextning ijodiy uslubi katta taʼsir koʻrsatdi. Zamonaviy Teatr dunyo teatrining demokratik, xalqchil anʼanalarini muttasil oʻzlashtirib borishi, sahnaviy talqinlarning rangbarangligi bilan ajralib turadi.
Oʻzbekiston hududida anʼanaviy Teatr juda qad. va boydir. Uning kurtaklari ibtidoiy jamoa davridayoq ov va b. mexnat jarayoni aks etgan taqdidiy raqslar, jangovar va xalq oʻyinlari, tabiat kuchlariga topinish oqibatida yuzaga kelgan marosimlar shaklvda namoyon boʻlgan. Mil. av. 7—6-a. lardayoq Turonda zardushtiylik va uning mukaddas kitoblar toʻplami — Avesto bilan bogʻliq 2 toifa — kulgili va qaygʻuli tomoshalari shakllangan. Yunon — Baqtriya podsholigi davrida Oyxonim, Niso, Shahri Gʻulgʻulada maxsus teatrlar boʻlib, ularda Yevripidning «Alkesta», «Ippolit» kabi tragediyalari koʻrsatilgani maʼlum. Mil. av. 1 a. dan mil. 4-a. gacha Kushon davlatida Budda dini bilan bogʻliqturli teatrlashgan tomoshalar mavjud boʻlgan. Ayritom ibodatxonasi peshtoqidagi cholgʻuchi qizlarning tasvirlari shuni koʻrsatadi. Astasekin Turon T. sanʼati diniy marosimlar qobigʻidan chiqib, dunyoviy mazmun kasb etadi — inson hayoti, ijtimoiy munosabatlarni tasvirlashga eʼtibor kuchayadi. 6—7-a. lar Turon mulkidan chiqqan cholgʻuchilar, aktyor va raqqosalar Buyuk ipak yoʻli orqali qoʻshni yurtlarga ijodiy safar qiladilar. 9—12-a. larda xalq bayramlari, marosimlari, urfodatlari va ular bilan bogʻliq tomoshalar tiklanibgina qolmay, aholi orasida keng tarqaldi. Masxara va taklid Teatr rivojlandi. Amir Temur davlati davri (14 — 15-a. lar)da Teatr sanʼatida keskin yuksalish roʻy berdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning maʼlumotlaricha, bu davrda poytaxt — Samarkandda va b. nufuzli shaharlarda teatrlashgan tomoshalar uyushtirilgan. Anʼanaviy Teatr va b. sanʼat tomoshalari, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek davrida (1394—1449) Movarounnahrda, Husayn Boyqaro davrida (1469 — 1506) Xurosonda taraqqiy topdi. Gʻiyos masxara, Xoja Dexdor, Abdulla Devona, Abdulvoseʼ Munshi, Sayd Badr kabi Teatr sanʼatining atoqli namoyandalari faoliyat koʻrsatgan. Anʼanaviy Teatrning kulgili turlari (masxara, taqlid, zarofat), qoʻgʻirchoq oʻyin (chodir jamol, chodir xayol, fonus xayol) badiiy tomosha tizimi sifatida tashkil topdi.
18-a. oxiri 19-a. boshlarida Teatrning asosiy turlari saklanib, repertuar va ijro uslubida oʻziga xos xususiyatlar rivojlandi. Shaharlarda ijrochi sanʼatkorlarning kasabai sozanda (mextarlik) degan uyushmalarining faoliyati kuchaydi. Xorazmda «Xatarli oʻyin», «Toʻkma» tomoshalari keng yoyildi. Fargʻona vodiysi va Toshkentda qiziqchilik va askiya taraqqiy etdi. 19-a. ning 2yarmida Qoʻqonda Zokir Eshon boshliq 30 ga yaqin qiziqchilar toʻdasi, Buxoroda Tula masxara boshliq 20 ga yaqin masxarabozlar toʻdasi shuxrat qozondi.
Keyinchalik oʻzbek madaniyatining ilgʻor namoyandalari (Furqat, Behbudiy, Avloniy va b.) rus, tatar va ozarbaijon teatr truppalari tomoshalariga qiziqish bilan qarab, mahalliy ziyolilarni ulardan oʻrganishga chaqirdilar. Shu tarzda yangi milliy Teatr yaratish harakati yuzaga keddi. 1914-y. Samarqand (15 yanv.) va Toshkent (27 fev.) da «Padarkush» dramasini sahnalashtirish bilan yangi oʻzbek teatri oʻz faoliyatini boshlaydi. Ayniqsa, A. Avloniy rahbarligida «Turon» T. ining 1915-y. Oʻzbekiston shaharlariga kilgan ijodiy safarining ahamiyati katta boʻldi. 1916-y. Hamza Qoʻqonda Teatr tuzdi. Birinketin Andijon (1919), Xiva (1922), Buxoro (1922)da Teatrlar tashkil qilindi. 1918-y. dan Mannon Uygʻur «Turon» teatri (hoz. Oʻzbek milliy akademik drama teatri)ga rahbarlik qilib, uning professional teatrga aylanishida, repertuarini tuzish, ijro uslubini yaratishda muhim rol oʻynadi. Teatrning birinchi boʻgʻin aktyor va rej. lari 1924 — 27 y. lar Moskvada Oʻzbek Maorif uyi qoshida ochilgan dramstudiyada tahsil olishgan. 20y. lar soʻngida Rus yosh tomoshabinlar Teatr (1928), Oʻzbek yosh to, moshabinlar Teatr (1929) tashkil topdi. Keyinroq Namangan (1931), Qashqadaryo (1932), Surxondaryo (1935) viloyati teatrlari, oʻnlab tuman va shahar T. lari yuzaga keldi. Toshkent va Samarqandda Davlat rus drama teatri (1934, 1938). Respublika koʻgʻirchoq teatri (1939). Navoiy nomidagi davlat opera va balet teatri (1939) oʻz faoliyatini boshladi, shu yili Davlat komediya teatri tashkil boʻldi va u bir yil oʻtib Mukimiy nomidagi Respublika musiqali drama va komediya teatriga aylantiriddi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Moskva, Leningrad, Kiyev, Xarkov sh. laridan koʻchib kelgan teatrlar mamlakatimiz shaharlarida oʻz faoliyatini olib bordi. 50—60y. larda Hamza nomidagi akademik drama teatri va b. teatrlarda turli mavzu, sermazmun, ijtimoiypsixologik, maishiy va falsafiy, rangbarang uslubda spektakllar sahnalashtirildi. 1968-y. «Yosh gvardiya» teatri (hoz. Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek davlat drama teatri) tashkil qilindi.
70—80y. lar Teatrda ziddiyatli davr boʻldi; bir tomondan, milliy anʼanalarga eʼtibor kuchaygan boʻlsa, ikkinchidan, dabdababozlik, hayotni xaspoʻshlab koʻrsatish avj oldi. 1976-y. «Ilhom» teatrstudiyasi ish boshladi. 1986-y. Respublika Satira teatri tashkil topdi. 80y. larning 2yarmida hayotni haqqoniy aks ettirish, janrlar rangbarangligi, tomoshaviylikka intilish mayllari yuzaga kelib, astasekin kuchayib bordi. Bu davrda Abror Hidoyatov nomidagi Teatr yetakchi oʻringa chiqib oldi.
Oʻzbekiston mustaqil davlat deb eʼlon qilingach, oʻzbek Teatri hayotida ham yangi davr boshlandi. Istiklol tufayli milliy merosga tayanib ijod qilish, milliy qadriyatlar, anʼanalarni tiklashga intilish jiddiy tuye oldi. Bu davrda oʻzbek Teatr ida quyidagi ilgʻor tendensiyalar, ijodiy izlanishlar koʻzga tashlanadi: birinchidan, Teatrlar repertuarida tarixiy mavzuning salmogʻi oshdi. Buyuk ajdodlarimiz — allomalar, shoirlar, davlat arboblari, lashkarboshilarning hayoti va taraqqiyot uchun kurashini yorituvchi oʻnlab sahna asarlari yaratildi. Sahnalarda shoʻrolar davrida hatto tilga olish man etilgan Bahouddin Naqshband, Hakim atTermiziy, Imom alBuxoriy kabi allomalar, «Avesto» kitobi asosida Zardushtiy hayotini yorituvchi sagʻna asarlari vujudga kelib, davrimiz tomoshabinlari maʼnaviyatini boyitdi, tarixiy, diniy eʼtiqodga nisbatan qarashlarni oʻzgartirdi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar haqida yaratilgan 20 ga yaqin sahna asarlari maʼnaviy va madaniy hayotimizda katta voqea buldi. Ikkinchidan, zamonaviy oʻzbek Teatr ida tasavvuf bilan bogʻliq «Muqabbat sultoni», «Mashrab» (Milliy teatr), «Xitoy malikasining siri» (rus teatri), «Umar Xayyom», «Ato etilgan muhabbat tariqati» (Oʻzbekiston yoshlar teatri), «Na falakman, na farishta» (Muqimiy teatri), «Shayh sanʼon», «Raqsu samoʼ» («Eski masjid» teatr studiyasi) kabi spektakllar Teatr larimizning eng murakkab mavzularga dadil qoʻl urayotganlari, yangi manbalarni ochayotganlaridan dalolatdir. Shu yoʻnalishda Alisher Navoiy asarlarini Teatr sahnasida yangicha talqin etish boshlandi. Uchinchidan, jahon va milliy mumtoz dramaturgiya namunalarini zamonaviy talqin va vositalarda sahnalashtirish boshlandi. Navoiy, Shekspir, Molyer, Ayniy, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Avloniy, Gʻafur Gʻulom asarlarining sahnaviy talqinlari shundan guvohlik beradi. Toʻrtinchidan, Teatr larda ilgari qoloqlik belgisi sifatida qarab kelingan etnografiya va folklor manbalari vositalaridan foydalanish butun bir uslubiy yoʻnalish sifatida koʻzga yaqqol tashlanib, sahna sanʼatining milliy oʻziga xosligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. «Alpomish» qahramonlik dostoni asosida poytaxt va viloyat T. lari sahnalarida yaratilgan 10 ga yaqin spektakllar ham bu yoʻnalishning istiqbolidan nishonadir. Beshinchidan, dramaturgiya va Teatrda zamonaviy mavzularda asarlar yaratilib, sahnalashtirish yildan yilga sezilarli tuye olib bormoqda. Zamonaviy mavzular koʻproq melodrama, komediya, tragikomediya janrlari doirasida ishlanmoqda. Ayniqsa, maishiyaxloqiy komediyalar Teatrlar repertuaridan keng oʻrin egalladi.
Mustaqillik yillarida Fargʻona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz sh. larida qoʻgʻirchoq Teatrlari ish boshladi. Abbos Bakirov nomidagi jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan yoshlar teatri davlat tasarrufiga olinib, Andijon bolalar va yoshlar teatri ga aylantirildi (1990).
Oʻzbekistonda oʻtkazilgan «Sharq va Gʻarb» T. sanʼati festivali, «Xumo» xalqaro yoshlar teatrlari festivali, «Navroʻz», «Andijon bahori» respublika Teatr festivallari, Germaniyaning «Ander Rur» teatri bilan «Muloqot» teatri studiyasi hamkorligida tuzilgan «Ipak yoʻli — teatr sayohati» loyihasi asosida oʻtkazilayotgan ikki tomonlama anjumanlar, qoʻgʻirchoq Teatrlari festivallari Teatr sanʼatining yangi ijtimoiy sharoitda rivojlanishida muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbek teatri jamoalari dunyodagi bir qator mamlakatlarda ijodiy safarda boʻlib, oʻzbek Teatr sanʼati yutuqlarini namoyish etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-y. 26-martda eʼlon qilingan «Oʻzbekiston teatr sanʼatini rivojlantirish toʻgʻrisida»gi farmoni va Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining shu asosda qabul qilgan «Oʻzbekteatr» ijodiyishlab chiqarish. birlashmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori Teatr sanʼati strategiyasini belgilab berdi. Shu asosda «Oʻzbekteatr» ijodiyishlab chiqarish. birlashmasi, uning qoshida «Atrmadad» jamgʻarmasi, Teatr ijodkorlari uyushmasi tuzildi. «Teatr» jurnali nashr etila boshladi. Muntazam ravishda turli seminar va festivallar oʻtkazilmoqda. Davlatlararo shartnomalarga muvofiq xorijiy mamlakatlardagi ijodiy tashkilotlar, xalkaro birlashmalar bilan aloqalar oʻrnatilmoqda Amerikalik rej. Devid Kaplan, britaniyalik Maykl Berkut va b. oʻzbek teatrida, B. Yoʻldoshev Fransiyada, N. Abdurahmonov Isroilda, M. Yusupov AQSHda asarlar sahnalashtirdilar. Hamza teatri ga eski bino oʻrniga zamonaviy muhtasham bino qurib berildi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-y. 21-sentyabrda eʼlon qilingan maxsus farmoni bilan ushbu teatrga «Milliy teatr» maqomi berildi.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat tasarrufidagi 37 ta Teatr va teatr studiyalar, oʻnlab nodavlat va xususiy Teatrlar faoliyat koʻrsatadi (2004).
Ad.: Avdeyev A. D., Proisxojdeniye teatra, M. — L., 1959; Stan islavski y K. S, Sobr soch., t. 18, M., 1954-61; Xorijiy teatr tarixi (ruschadan S. Tursunboyev tarjimasi), t. 1—2, T., 1997, 1999; Rahmonov M ., Hamza (oʻzbek davlat akademik drama teatri) tarixi, Teatr, 2000; Qodirov M ., Oʻzbek teatri anʼanalari, Teatr, 1976; Oʻzbek teatri tarixi, Teatr, 2003.
Muhsin Qodirov.