TEREKKON OLTIN KONI — Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyati hududidagi kon, Chatqol togʻ tizmasining jan. qismida joylashgan. Geologik jihatdan proterozoy davriga mansub marmarlashgan ohaktoshlar va ularni qoplab turuvchi kvarsslyudali slaneslar bagʻridan oʻrin olgan. Kon hududida bir necha ruda tanalari mavjud, ulardan ikkitasi eng yirik boʻlib, sanoat ahamiyatiga molik (oʻrtacha 4,8 g/t), oltin zaxiralarining deyarli 90% ini oʻzida jamlagan. Ruda tanalari oraligʻi 20—30 m boʻlib, parallel joylashgan, ularning uz. 250 m gacha, chuqurligi 300 m gacha, oʻrtacha qalinligi 3,5 m. Ularning yotish qiyaligi 10—30°. Suxar togʻining asosini tashkil qiluvchi braxiantiklinalning sharqiy qanotida rivojlangan siniqlar bilan bogʻliq. Shakli linzasimon va tomirsimon. Oltin rudasining asosiy uyumlari kvarsslyudali slaneslar ostida rivojlangan kvarsli brekchiyalarda uchraydi. Bu ruda tanalarining (oltinning oʻrtacha mikdori 9,3 — 26,3 g/t gacha) shakli kichik uyachasimon boʻlib, oltin ruda tanasida notekis tarkalgan. Konning genezisi — gidrotermalmetasomatik; oltin asosan, arsenopirit, pirit hamda pirrotinlar bilan bogʻliq; ulardan tashqari antimonit, sfalerit, kinovar minerallari, xira rudalar ham uchraydi. Kon 1950-y. lar oxiridan boshlab oʻzlashtirilmoqda.