USHAKOV Diodor Vladimirovich (1907, Xarkov gubernyasi — 1971.12.4, Toshkent) — teatr rassomi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1965). Leningrad oliy badiiy texnika in-tida taʼlim olgan (1926—30). 1937-y. dan Oʻzbekistonda yashagan. Uning ijodi oʻzbek teatri dekoratsiyasi sanʼatida naturalistik holatlarga barham berishda muhim rol oʻynadi; I. Valdenberg bilan ijodiy hamkorlikda ishlab Toshkent sh. teatrlari uchun dekoratsiya va libos eskizlari tayyorladi. Hamza teatrining «Otello» (1941), «Romeo va Julyetta» (1956), «Hamlet» (1957), «Qonli sarob» (1964), «Sarvqomat dilbarim» (1964), «Qirol Lir» (1966) va b. spektakllari qamda Gorkiy teatrining «Soʻnggilar» (1939), «Dushmanlar» (1948), «Chin inson» (1954), «Qonli sarob» (1967) kabi spektakllari shular jumlasidan.