VAHDONIYAT (arab. — yakkalik, yagonalik) — Allohning yakka-yagonaligini tanish va eʼtirof etish. Islomning asosiy gʻoyasi hisoblanadi. Yahudiylik va xristianlik yakkaxudolik gʻoyasini ximoya qilsa ham, bu dinlarda uzil-kesil shakllanmadi. Qurʼonda aytilganidek, yahudiy dinida Uzayr paygʻambar, xristian dinida Hazrat Iso xudoning oʻgʻli deb eʼtiqod qilinadi (9:30). Vahdoniyat «Ixlos» surasida yaqqol va ravshan bayon qilingan. «Anbiyo» surasida esa «Agar (osmonu zaminda) Allohdan oʻzga xudolar boʻlganida har ikkisi buzilib ketar edi», deyilgan (21:22). Bu oyat zardushtiylikning ikkixudolik aqidasiga qarshi qaratilgan edi. Koʻpxudolik eʼtiqod shaklida tugab ketganligiga qaramay kishilar ongida turli koʻrinishda paydo boʻlib turadi. Hoz. zamonda islom olamida koʻpxudolik aqidasi eskilik sarqiti sifatida u yoki bu shaklda uchrab qoladi. Lekin yakkaxudolik xalq qalbida chuqur oʻrnashganligi uchun u endi rivoj tolmayapti. Koʻpxudolik xalqlarni bir-biriga qarama-qarshi boʻlishiga olib kelgan, yakkaxudolik esa ularni birlashtirishda asosiy omil boʻlib xizmat qilgan, tor qabilachilik tuzumiga barham berib, millatlarning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
(A6dulgʻani Abdullo)