TOSHKENT PRAVOSLAV SEMINARIYASI — oliy diniy oʻquv yurti. Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻrta Osiyo yeparxiyasi taʼsis etgan. 1990-y. da pravoslav bilim yurti sifatida tashkil etilgan. Rus cherkovi Muqaddas Sinodining 1998-y. 9 apr. dagi karori bilan bilim yurti seminariyaga aylantirilgan. Uzbekistan, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Turkmaniston davlatlaridagi pravoslaviyega eʼtiqod qiladigan fuqarolar diniy ehtiyojlarini qondiradi. Rus pravoslav cherkovi qoidalariga muvofiq, yeparxiya boshkaruvchisi mitropolit seminariya rektori hisoblanadi. Oʻqish kunduzgi va sirtqi boʻlimlarda olib boriladi. 2003/04 oʻquv yilida jami 95 nafar talaba taʼlim oldi. Seminariyada diniy bilimlar bilan dunyoviy fanlar, shu jumladan, oʻzbek va ingliz tillari, Oʻzbekiston tarixi, geografiya va b. fanlar oʻqitiladi.