VINO (lot. winum — aylanuvchi, oʻraluvchi) — uzum va mevalar sharbati yoki turpini achitqilar ishtirokida spirtli bijgʻitish yoʻli bilan tayyorlanadigan ichimlik. Qadimda Sharq xalqlari Vinoni sharob, may, musallas deb yuritishgan. Hoz. davrda Vino jahondagi 45 mamlakatda ishlab chiqariladi va deyarli barcha mamlakatlarda isteʼmol etiladi. Jahon mamlakatlari oʻrtasida Fransiya va Italiyada eng koʻp uzum vinosi ishlab chiqariladi (aholi jon boshiga oʻrtacha 83—86 l uzum vinosi isteʼmol qilinadi). Ayrim turdagi markali Vinolar uzumning faqat bir navidan tayyorlanadi.
Oʻzbekistonda Vino, asosan, uzumdan tayyorlanadi. Yetilgan uzum Vinosi tarkibida 75—85% suv, 9—20% spirt, vino va olma kislotalari, kam mikdorda limon, sut, kahrabo kislotalari, glyukoza va fruktozadan iborat qand, mikroelementlar, fermentlar, vitaminlar va b. moddalar boʻladi.
Vinoni oq (faqat sharbatni bijgʻitish yoʻli b-n), qizil (sharbat va turpini birga bijgʻitish yoʻli b-n) va kaxetin (sharbat, turp va gʻujum boshlarini birga bijgʻitish yoʻli b-n) usullarda tayyorlash mumkin. Quvvatlantirilgan Vinoning sof Vinodan farqi tarkibidagi spirt (1 litrida 200 g gacha) va qandning (220 g gacha) yuqori mikdorda boʻlishidadir.
Vino rangi (oqish, pushti, qizil), mazasi, xushboʻyligi, kuchliligi hamda tayyorlash texnologiyasi bilan ham farqlanadi. Vinoning musallas (tabiiy), kuchli, desert (shirin), gazli va xushboʻy xillari bor. Musallas uzum sharbatini bijgʻitib olinadi; tarkibida 9 — 12% spirt boʻladi. Bunday Vino sof (toʻla bijgʻigan, tarkibida deyarli qand qolmagan) va yarim shirin (tarkibida 3 — 8% qand boʻlgan) xillarga boʻlinadi. Oq V. konyak i. ch. da xom ashyo hisoblanadi. Quvvatlantirilgan Vino (madera, portveyn, xeres va b.) sof (tarkibida 17 — 20% spirt, 3% gacha qand) va yarim shirin (17—20% spirt, 10% gacha kand boʻlgan) xillarga boʻlinadi. D yesert Vino tarkibida 12—17% spirt boʻladi; qand miqdoriga koʻra yarim shirin (5—10% qand), shirin (10—20% qand) va likyor (20% dan koʻp qand) xillarga boʻlinadi. Shampan Vino musallaslarni ikkinchi marta bijgʻitib va qand qoʻshib tayyorlanadi. Tarkibida 10,0 — 13,5% spirt boʻladi; qand tarkibiga qarab, sof (2,5% qand), nim shirin (4,5%), yarim shirin (6,5%) va shirin (8,5%) xillarga boʻlinadi. Gazlangan Vino musallaslarni karbonat angidrid gaziga toʻyintirib tayyorlanadi. Tarkibida 10—12% spirt va 5% qand boʻladi. Xush boʻy Vino (vermut, muskat) ning kuchli (18% spirt va 10% qand) va desert (16% spirt va 16% kand) xillari boʻladi. Yoqimli taʼm berishi uchun ularga xushboʻy oʻtlar, ildizlar, barg va b. ning damlamasi qoʻshiladi.
Boʻgʻzi tor shisha idish (butilka)larga quyilgan Vinoni salqin va quruq (8 — 16°) binolarda saqpash lozim. Spirti darajasi past va shampan Vino lari butilkani yotqizilgan holda saqlanganda sifati buzilmaydi. Oq musallas va shampan Vinolari 3—5, kizil Vinolar 5 — 10, desert Vinolar 18—20 yil, likyor va kuchli Vinolar 100 yil sifatini yoʻqotmay saqlanishi mumkin. Oʻzbekistonda Vinoning 60 dan ortiq navlari: «Bayan shirey», «Rkatsitelli», «Bihishti», «Farhod», «Vassargʻa», «Oq musallas», «Oʻzbekiston», «Qizil musallas», «Sijjak», «Qora goʻzal», «Kaberne», «Pino» va b. ishlab chiqariladi (yana q. Vino-arak sanoati, Vinochilik).
Omonulla Abdullayev.