YANGI AHD — Bibliyaning bir qismi. Qadimgi ahddan farqli ravishda faqat xristianlikda eʼtirof etiladi. 4 injil va boshqalar muqaddas yozuvlar toʻplamidan iborat. Yunon tilida yozilgan. Unda Iso Masihning yerdagi hayoti, u chekkan azob-uqubatlar, koʻrsatgan moʻjizalari, tirilishi va boshqalar haqidagi rivoyatlar, pand-nasihatlar bor. Taxm. 1-asrning 2-yarmi — 2-asr boshlarida yaratilgan. Yangi ahd xristianlikning paydo boʻlishi tarixini oʻrganishda muhim manbalardan hisoblanadi.