XIVA

XIVA — Xorazm viloyatidagi shahar. Xiva tumani markazi. Oʻzbekistonning shim. gʻarbida, viloyatning jan. da, Amudaryoning chap sohilida, daryodan 40 km jan. da, 91 m balandlikda joylashgan. Shahar yonidan Polvonyop (qad. Xeykaniq) kanali oʻtgan. Yaqin t. y. stansiyasi — Urganch (30 km). Mayd. 0,08 ming km2. Aholisi 51,2 ming kishi (2004).

X. — Oʻzbekistonning qad. shaharlaridan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shahar mil. av. 5-a. da barpo etilgan. Uning nomi shaharning qad. qismida joylashgan Xivaq (Xeyvaq) qudugi bilan bogʻliq. Baʼzi tadqiqotchilar shahar nomini xorazmiy tiliga yaqin boʻlgan qad. osetin tilidagi «Xiauv» — qalʼa soʻzidan, boshqalari bu atamani antik davrdan X. hududidan okib oʻtgan Xeykaniq (hoz. Polvonyop) kanalining oʻzgartirilgan (Xeykaniq— Xeyvaniq—Xeyvaq—Xeva — Xiva) nomidan kelib chiqqan deydilar. Xorazmlik tarixchisolnomachi Xudoyberdi Qoʻshmuhammad oʻzining 1831-y. da yozgan «Dili Gʻaroyib» asarida Xorazmning qad. shaharlarini nommanom sanar ekan, «Bu mamlakatning yana bir qalʼasi — Qalʼai Ramldir. Bu qalʼaga Som ibn Nuh asos solgan boʻlib, u hozirgi Xivaq nomi ila mashhurdir» deydi.

Xalq rivoyatlarida ham shaharning bunyod etilishi Nuh zamonlariga bo rib taqaladi. Bunda Nuhning oʻgʻli Som boʻlajak shahar yoniga kelib quduq qazdirgan va shu bilan Xivaga asos solgan. Haqiqatan ham Xivaning Ichan qalʼasida qad. Xeyvaq (Xivak) qudugʻi saqlanib qolgan.

X. toʻgʻrisidagi dastlabki ishonchli maʼlumotlar 10-a. dan boshlab arabfors tilidagi tarixiygeografik manbalarda uchraydi.

Istaxriy (930) Xivani oʻsha davrdagi eng yirik 30 ta shahar roʻyxatiga kiritgan. U. X. ni Hazoraspdan 8 farsax masofada Jurjoniya (Gurganj) yoʻlida joylashganligini qayd qiladi. Muqaddasiyning maʼlumotlariga koʻra esa X. bilan Hazorasp oʻrtasidagi masofa 8 dovon (10 farsax)dan iborat boʻlgan. X. Yoqut Xamaviy (13-a.), Nizomiddin Shomiy (14-a.) asarlarida ham karvon yoʻlida joylashgan shahar sifatida eslatib oʻtiladi.

17-a. da yashab oʻtgan Mahmud ibn Valiy bu shahar toʻgʻrisida shunday yozadi: «Xiva keng va bahavo shahar. U shayx Najmiddin Kubroning vatanidir». Abulgʻoziy Bahodirxonning «Shajarai turk» va «Shajarai tarokima» asarlaridagi X. xususidagi fikrlari ham ana shu davrga mansub.

X. oʻzining tarixiy oʻtmishi, meʼmoriy tuzilishi, obidalarining yaxlit saqlanganligi jihatidan mazkur qad. shaharlar orasida alohida oʻrin tutadi. Yer kurrasida mashhur boʻlgan Afina, Rim, Qohira sh. lariga tengdosh boʻlgan bu shaharning Ichan qalʼa qismi (1990) Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan 100shahar boʻlib, dunyoga alXorazmiy, Najmiddin Kubro, Shihabuddin Xivaqiy, Pahlavon Mahmud, Muhammad Rahimxon (Feruz), Munis va Ogahiy kabi buyuk zotlarni yetkazib bergan azim zamin hisoblanadi.

Mil. av. 5-a. oxirigacha X. Xorazm tarkibida Axomaniylar davlati tasarrufida, soʻngra mustaqil Xorazm davlati tarkibida boʻlgan. Ilk oʻrta asrlarda Xiva orqali Sharqni Gʻarb bilan bogʻlovchi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. 4-a. boshlaridan X. — Xorazm bilan birga Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan. Budavrda u qalʼa devori bilan oʻrab olingan. 712-y. X. ni arablar istilo qilgan. Arab sayyoxdari Istaxriy va Mukaddasiy qoʻlyozmalarida keltirilishicha, X. 10-a. da Xorazm vohasida eng yirik shaharlardan biri boʻlgan. 1221-y. dan moʻgʻullar imperiyasi, 1389-y. dan temuriylar davlati tarkibida, 16-a. boshlaridan 1920-y. 2 fev. gacha Xiva xonligi poytaxti boʻlgan. Xonlik 1873-y. rus qoʻshinlari tomonidan zabt qilinib, Gandimiyon shartnomasita koʻra, Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirilgan. 1920—24 y. larda X. Xorazm Xalq Sovet Respublikasi poytaxti boʻlib turgan.

Xivani arxeologik jihatdan oʻrganish qisman S. P. Tolstov, Ya. Gʻ. Gʻulomov, A. I. Terenojkin va b. tomonidan 20-a. oʻrtalarigacha olib borilgan. 1984—1993-y. larda arxeologik kazishma ishlari rejali ravishda keng miqyosda olib borildi. Qazishmalar Oʻzbekiston FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi arxeologlari va xorazmlik arxeologlar hamkorligida amalga oshiridsi. Shahar xududida 6 ta stratigrafik qazilma va 7 shurf belgilandi. Xivaning qad. qismi — Ichan qalʼada 1200 m2 boʻlgan maydon qazib oʻrganildi. Arxeologik ashyolarning 7 m gacha chuqurlikdan topilganligi, shaharning paydo boʻlish davri qad. ekanligidan dalolat beradi. Shahar tarixiy taraqqiyotining birinchi davrida Ichan qalʼa oʻrnida odamlar yashay boshlagan. Arxeologik materiallarning shahodaticha, bu davr mil. av. 5-a. ga toʻgʻri keladi. Kulolchilik charxida tayyorlangan sopol buyumlar majmuasi, shuningdek, paxsa devor qoldiklari shu davrga mansubdir. Mil. av. 5-a. oxirida Xorazm Eronning siyosiy tazyiqidan xalos boʻlgach, Xivada shahar sistemasining asosiy elementlari shakllana boshladi.

Mil. av. 4—3-a. larda qalʼa atrofi 2 qavatli qalin devor bilan oʻrab olindi. Devor oldin paxsa, uning ustiga xom gʻisht terilib, bunyod etilgan. Gʻishtlarning aksariyatiga tamga bosilgan. Devor orasida (ichida) eni 2 m li yoʻlak boʻlgan. Devor boʻylab, har 22 — 27 m masofada minoralar tiklangan. Devordagi minoralar toʻgʻri burchakli boʻlgan. Qalʼa devorining butun tizimi asosiy devordan 4,4—8,5 m masofadagi qoʻshimcha toʻsiq — devor bilan oʻrab chiqilgan.

Devor ichi va yoʻlaklardan topilgan sopol buyumlar mil. av. 4—3-a. larga taallukli. Boʻyin qismi ingichka, nozik kilib ishlangan xum va xumchalarning sirtiga och pushti rangda gul naqshi solingan. Yana bir nodir topilma — koʻzachaning sher kallasi shaklidagi dastasidir. Qad. qalʼa devori va yoʻlaklar X. oʻsha davrda vohada yirik shaharlardan biri sifatida Xeykaniq (Polvonyop) kanali sohillari hamda sohilga yaqin hududlarni nazorat qilib turganligini tasdiqlovchi dalildir.

X. dastlab agrarhunarmand shahar sifatida rivojlandi. Mil. av. 2-a. da Xivaning katta qismi qum ostida qolgach, aholi shaharni tark etdi. Ichan qalʼa devorlari vayron boʻldi.

Mil. boshlarida shaharda hayot yana tiklana boshladi. Qalʼa devorining gʻarbiy qismida ark bunyod etildi. 1—3a. larda (Kushonlar davri) X. Ichan qalʼa devorlari tashqarisidan qalin gʻishtin devor bilan mustahkamlandi, natijada shahar devori qalinligi 7,5 — 9 m ga yetdi.

Arxeologik tadqiqotlarning koʻrsatishicha, mil. 4—5-a. larda shaharni yana qum bosgan. 6—8-a. larda X. qayta tiklana boshladi. X. xududida zamindorlarning dastlabki koʻshklari paydo boʻla boshladi. Ichan qalʼada shunday koʻshklardan 2 tasi topilgan.

Shahar Xorazmshoxdar davri (12— 13-a. boshi) ravnaq topib, hududi kengaydi. 1220—21 y. larda X. Chingizxon qoʻshinlari tomonidan vayron etildi. Keyinroq qayta tiklana boshladi. Hunarmandchilik (kulolchilik, koshinkorlik va b.) rivojlandi.

Keyingi davrda ayniqsa, 16—19-a. larda shahar jadal taraqqiy eta bordi. Quyi Volga, Oʻrta va Yaqin Sharq shaharlari bilan savdo aloqalari oʻrnatildi.

X. 16-a. ning 2-yarmidan Xorazmning poytaxtiga aylangach, har tomonlama rivojlandi. Meʼmoriy qiyofasi ham oʻzgara bordi. Shahardan oʻzaro koʻndalang kesishgan 2 ta katta koʻcha va 4 darvoza (Otadarvoza, Polvondarvoza, Bogʻchadarvoza, Toshdarvoza) orqali Dishan qalʼa (rabod) ga chiqiladi. Ichan qalʼa devorining uz. 2200 m, bal. 6 — 8 m, tag zaminining qalinligi 5—6 m. Qalʼa toʻgʻri toʻrtburchak shaklida qurilgan boʻlib, uz. 650 m, eni 400 m, jami 26 ga maydonga ega.

Xivaning rabod qismi Dishan qalʼa 1842-y. Olloqulixon davrida (1825 — 42) baland devor bilan oʻrab olingan. Oʻsha davrda Ichan qalʼada 33 mahalla (machitqavm) va Dishan qalʼada 34 mahalla boʻlgan. Mahallalar nomi shu yerda yashayotgan aholining kasbkori (Chitkarlik, Elakchilik, Kulollar, Misgarlik, Gʻassollar) yoki shaxs lavozimi (Otamurod qushbegi, Yoqub mehtar, Yusuf yasovulboshi) bilan atalgan. Shaharda 109 kattakichik koʻcha, 79 masjid va 120 qorixona boʻlgan. Xivada 19-a. oʻrtalarida 20 ming kishi yashagan. Shahar, asosan, 19-a. ning 2-yarmidan kengaya bordi.

1874-y. da shahar maʼmuriy jihatdan Qumyosqa, Kaptarxona, Oʻr, Koʻhnabozor, Kaltaminor, Amin chorsu, Mevaston, Qoraaʼlam va Yangi qalʼa mavzelariga boʻlingan. X. xonning «mulki xolisasi» hisoblanib shaxsan uning oʻzi tomonidan boshqarilgan. 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida Xivada 64 Madrasa, 79 masjid boʻlgan. 1924-y. shaharda olingan aholi roʻyxatida 4029 xonadonda 18145 kishi qayd qilingan.

Xivaning ilk tarhi 1740-y. da chizilgan. Shahar tarhi uzunasiga 1 ming m, eniga 400 m boʻlib, 40 ga maydonni egallagan. Uning butun tevarak atrofi suvli xandaq bilan oʻrab olingan. Shaharga sharq tomondan maxsus koʻprik orqali kirish mumkin boʻlgan. Koʻprik kechalari koʻtarib qoʻyilgan. Koʻprik yonidagi darvozadan boshlangan katta koʻcha toʻppatoʻgʻri Ark darvozasiga borib taqalgan. Ark shaharning gʻarbiy qismida joylashgan. Shaharning asosiy koʻchasi uni 2 qism (shim. va jan.) ga ajratgan. Arkda xon saroyi, haramxona, aslahaxona boʻlib, ular maxsus qalʼa devori bilan oʻralgan. Lekin, oʻsha davrdagi baʼzi inshootlar chizmaga kirmay qolgan. Shaharning yana bir tarhi Rossiyadan maxfiy topshiriq bilan kelgan topograf G. N. Zelenin tomonidan 1839-y. da chizilgan. Zeleninning maʼlumotlariga koʻra, shaharda oʻsha davrda 17 ta masjid, 22 ta mahalla va 260 savdo rastasi boʻlgan. Shaharning juda aniq va mukammal boʻlgan soʻnggi tarhi 1873-y. gi rus istilosidan soʻng rus topograflari tomonidan tuzilgan va oʻsha yiliyoq «1873-yilgi Xiva yurishlari» maqolasiga ilova tarzida bosilgan.

Meʼmoriy ansamblining yaxlitligi jihatidan shahar Oʻrta Osiyoda yagona hisoblanadi. 1967-y. da Oʻrta Osiyoda ilk bor X. ning Ichan qalʼa (shahriston) qismi tarixiymeʼmoriy yodgorliklar qoʻriqxonasi deb eʼlon qilindi. Xivaning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan oʻrni YUNESKO Bosh konferensiyasining (1995-y. okt. —noyab.) 28sessiyasida alohida qayd qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-y. 3 yanv. dagi qarori bilan Xivaning 2500-yilligi 1997-y. da jahon miqyosida keng nishonlandi.

Shaharda «XivaKarpet» qoʻshma korxonasi, sopol buyumlar, paxta tozalash, gʻisht zavodlari, tikuvchilik, «Xiva gidami» aksiyadorlik jamiyati va b. gilam toʻqish korxonalari, non kti, dehqon bozori, madaniy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Urganch universitetining agromenejment fti, Oʻzbekiston FAning Xorazm Maʼmun akademiyasi boʻlimi, Qoraqum i. t. stansiyasi, ped., tibbiyot, turizm kasb-hunar kollejlari, kasbhunar litseyi, gimnaziya, 15 umumiy taʼlim maktabi, mehribonlik uyi, 2 maxsus internat, viloyat qoʻgʻirchoq teatri, sanʼat maktabi, 2 kutubxona va uning tarmoqdari, madaniyat va istirohat bogʻi mavjud. AlXorazmiy, Feruz yodgorliklari, birinchi oʻzbek kinooperatori Xudoybergan Devonov muzeyi, markaziy stadion, sport majmuasi, tennis korti, sport zallari va b. sport inshootlari bor.

Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, tugʻruqxona, bolalar kasalxonasi, tish davolash markazi, markaziy dorixona, xususiy dorixonalar va b. tibbiy muassasalar mavjud.

Tarixiy-meʼmoriy obidalardan Sayd Aloviddin maqbarasi, Pahlavon Maxmud majmuasi, Juma masjid, Koʻhna Ark, Oqshayx bobo koʻshki, Toshhovli, Nurullaboy saroyi, Muhammad Aminxon madrasasi, Muhammad Rahimxon madrasasi, Islomxoʻja madrasasi va minorasi, Olloqulixon madrasasi, Qutlugʻmurod inoq madrasasi, Olloqulixon karvonsaroyi va timi, Anushaxon xammomi, Oq masjid, Polvon darvoza, Ota darvoza, Bogʻcha darvoza, Tosh darvoza, Hazorasp darvoza, Kush darvoza va b. saqlanib qolgan.

Shaharda «Xiva—Sharq gavhari» jurnali (2001-y. dan), «Xiva tongi» tuman gaz. nashr etiladi. Shahar jahon turizmi markazlaridan birga aylangan. Xivaga har yili 200 mingdan ziyod sayyoh, shu jumladan, 7 mingga yaqin xorijlik sayyoh va mehmonlar tashrif buyuradi. Shaharda «Oʻzbekturizm» milliy kompaniyasiga qarashli va bir necha xususiy mehmonxonalar ishlab turibdi.

Xivadan Urganch sh. ga trolleybus katnovi yoʻlga qoʻyilgan (1997). X. —Toshkent, X. —Buxoro, X. —Navoiy—Samarkand—Toshkent yoʻnalishida, shuningdek, Urganch, Qoʻshkoʻpir, Yangiariq, Bogʻot, Hazorasp va viloyatdagi boshqa shahar va yirik aholi punktlariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi.

Ad.: Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivы, T., 1941; Abdurasulov A., Xiva, T., 1997; Zaxidov P. Sh., Xiva, T., 1980; Mamedov M. A., Muradov R. G., Srednevekovыye pismennыye istochniki o drevnem Urganche, Ashxabad, 2000.

Abdulla Abdurasulov, Ibrohim Karimov.


Lotin alifbosida maqola: XIVA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: X harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XORAZM VILOYATI
Sherxon - Ex, Dilnoz
XITOY
XORAZM


Добавить комментарий