YASSAVIY MAJMUASI

YASSAVIY MAJMUASI, Xoja Ahmad Yassaviy meʼmoriy majmuasi — Turkiston (qad. Yassi) shahridagi meʼmoriy yodgorlik (1389—95); Qozogʻiston hududida. Dastlab Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustida kichik maqbara qurilgan (12-asr). Keyin Amir Temur tomonidan ulkan mahobatli maqbara majmui bunyod etilgan, bino loyihasini ishlab chiqishda uning oʻzi shaxsan ishtirok etgan. Qurilishga devonning xayriya ishlari boshligʻi Mavlono Ubaydulla Sadr bosh etib tayinlangan. Qurilish qisqa muddatda zudlik bilan boshlanib jadal qurila boshlangan, biroq Amir Temurning vafoti (1405)dan soʻng qurilish toʻxtab qolgan. Bino oldidagi ulkan peshtoqni Buxoro hukmdori Abdullaxon II (1583—98) tiklashga harakat qilgan. Yassaviy majmuasi koʻlami jihatdan oʻsha davrlarda bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Shahrisabzdagi Oqsaroy va Dor usSiyodash majmuiga tenglashadi.

Yassaviy majmuasi janubdan shim. ga choʻzilgan toʻrtburchak tarhli (46,5×65,5 m), peshtoqgumbazli; mujassamot markazida jamoatxona va uning atrofida goʻrxona, masjid, katta va kichik oqsaroy, kitobxona, halimxona, quduqxona va 2 qavatli hujralar (jami 35 dan ortiq xonalar) joylashgan; majmuaning jan. gʻarb tomonidagi yer osti chillaxonasi Yassaviy davrida paydo boʻlgan, keyingi davrlarda qayta tuzatilgan. Majmua tashqi devorlarining qalinligi 1,8—2 m, jamoatxona devorining qalinligi 3 m. Mahobatli bino jamoatxona bilan bogʻlangan 2 qavatli 8 yoʻlak (dahliz)lar bilan simmetrik tarzda 8 qismga boʻlingan (yoʻlaklardan 2 tasining boshi berk); goʻrxonaga jamoatxona bilan bogʻlanmagan alohida yoʻlak orqali kiriladi, kirish eshigi tepasidagi tosh lavhaga majmua Amir Temur buyrugʻiga binoan bunyod etilgani qayd etilgan. Majmuaning bosh tarzidagi ulkan peshtoq (kengligi 50 m, ravogʻiniki 18,2 m)ning ikki yoniga guldastalar, orqa burchaklariga ustungoʻshalar ishlangan, peshtoq orqali jamoatxonaga kiriladi, jamoatxona (bal. 37,5 m) katta gumbaz (diametri 18,2 m) bilan yopilgan; xona oʻrtasiga qirq quloqli nazirniyoz qozoni oʻrnatilgan (usta Abdulaziz ibn Sharafiddin ishi), bu yerda haftada 2-marta kambagʻal bechoralar va musofirlarga halim tortilgan. Jamoatxona toʻridagi goʻrxona (7,15×7,15 m) da yashil yashma toshidan ishlangan sagʻana (3,25×2,2 m) boʻlib, unda oʻyma naqshlar va kitobalar saqlangan. Goʻrxona va masjid qoʻshqavatli gumbaz bilan yopilgan: goʻrxonaning tashqi gumbazi (diametri 10 m, bal. 21 m) 52 ta qovurgʻali boʻlib, sirkori koshinlar bilan kitobalar bitilgan baland poygumbazga oʻrnatilgan, masjid gumbazining poygumbazida 16 ta panjarali darchalari bor, shiftidagi 6 qirrali yulduz shakli xonaga jozibadorlik baxsh etgan, ayniqsa mehrob (3,5×2,5 m) hashamdor bezatilgan. Jamoatxona, goʻrxona, masjidning ichki devorlariga ravoqlar ishlanib, xonalar ichi kengaytirilgan, gumbaz va ravoqlar muqarnaslar bilan toʻldirilgan. Bino koʻlamini uning tashqi bezaklaridagi koshinkori handasiy naqsh va kitobalar ham taʼkidlaydi. Yassaviy majmuasining tashqi devor yuzasi 3 qismga boʻlinib, poydevoriga (bal. 1,85 m) koshinkori girih naqshlar, oʻrta asosiy qismga yirik handasiy shakllar va yuqori hoshiya (friz) qismiga (bal. 2,62 m) kitobalar ishlangan. Goʻrxona va masjid ichkarisi hallangan rangli koshinlar bilan ziynatlangan. Bino eshiklari yogʻoch oʻymakorligida bezatilgan, metall qismlari rixtagarlik, kandakorlik usulida bajarilgan.

Yassaviy majmuasi bezaklari orasida usta Safar, Hoji Hasan Sheroziy (1397), Shams Abd ulVahhob Sheroziy, Izzatiddin ibn Tojiddin Isfahoniy nomlari saklangan.

Yassaviy majmuasida Ulugʻbeyushsh qizi Robiya Sulton begim maqbarasi bunyod etilgan (15asr). 16-asrda Yassaviy majmuasiga qoʻshimcha binolar qurilgan, majmuaning ayrim xonalaridan goʻrxona sifatida foydalanilgan (mas, Abulxayrxon va boshqalar dafn etilgan). 19-asrda Qoʻqon xoni tomonidan majmua atrofidagi hudud gʻisht devor bilan oʻralib, qalʼaga aylantirilgan.

Yassaviy majmuasi turli davrlarda ilmiy oʻrganilgan, taʼmirlangan, poydevori mustahkamlangan. 1975-yilda meʼmoriy hudud (65 ga)ni himoyalash bosh rejasi qabul qilingan. Yassaviy majmuasi 1978-yildan muzeyga aylantirilgan.

Ad:. Nurmuxammedov N ., Arxitekturnыy kompleks Axmeda Yasavi, AlmaAta, 1988.

Poʻlat Zohidov.


Lotin alifbosida maqola: YASSAVIY MAJMUASI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMIR TEMUR
TOSHKENT
TEMURIYLAR
BUXORO VILOYATI
BUXORO XONLIGI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты