YEVDOKS Knidlik (Eudoxos Knidios) (taxm. mil. av. 408—355-yillar) — yunon matematigi va astronomi. Mil. av. taxm. 380-y. Misrga sayohat qilib, u yerda astronomiya va mat. boʻyicha maʼlumotlar toʻpladi. Ona yurti Knid sh. da matematiklar va astronomlar maktabini tashkil qildi, rasadxona qurdi, sayyoralar harakatining matematik nazariyasini ishlab chiqishga urindi. Nisbatlar nazariyasini va unga asoslangan oltin kesim qoidasini hamda qamrash usuli deb atalgan usulni yaratdi. Shu usul yordamida piramida hajmi u bilan bir xil asos va balandlikka ega boʻlgan prizma hajmining uchdan biriga teng, degan teoremani isbot qildi. Yevdoks asarlari bizgacha yetib kelmagan.