YER HAYDASH, shudgor qilish, shudgorlash — yerni ishlashning asosiy usuli; yerni ekishga tayyorlash maqsadida agʻdargichli pluglar bilan tuproqning suv, oziq, havo hamda issiqlik rejimlarini yaxshilash. Tuproq mexanik, fizik-kimyoviy, meteorologik va biologik (atmosfera yoginlari, mikroorganizmlar va b.) omillar va agrotexnika sharoiti taʼsirida oʻzgarib turadi. Haydashda yerning ustki qismi ostiga va pastki qatlam esa yuqoriga agʻdariladi, bunda tuproq aralashadi, begona oʻt urugʻlari, zararkunanda hasharotlar, oʻgʻit, angʻiz qoldiqlari va b. tuproqqa chuqur koʻmilib, yer unumdorligi ortadi. Yer haydalgach, haydalma qatlamning pastki qismi yer betiga chiqarilganda qisqa muddat ichida aeratsiya, qayta namlanish va foydali tuproq florasining tez faollashuvi taʼsirida oʻsimlik oʻzlashtirishi mumkin boʻlgan oziq moddalar miqdori koʻpayadi. Tubiga agʻdarilgan ustki qatlam esa uzoq vaqt oʻzida ijobiy xususiyatlarni saklab qoladi.
Yer haydash turlari. Tuproq qatlamini agʻdarish — haydalma qatlamni agʻdargichli pulgda 180° agʻdarib haydash. Bunda haydalma qatlamning usti pastga, osti esa yuzaga chiqadi; Birinchi haydov — tuproq yarim vintsimon agʻdargichli plugda 135° ga agʻdariladi, qatlamlar yerning ustki qismiga nisbatan 45° burchak bilan joylashib, bir-biriga zich tiraladi. Bunday haydashda koʻp yillik begona oʻtlar batamom yoʻqolmaydi. Bunda yer bir necha marta diskalanadi va boronalanadi; shuning uchun qadimdan haydaladigan yerlarda qoʻllanilmaydi. Madaniy haydash — chimqirqarli plugda haydash. Chimqirqar tuproqning yuza qavatini (8 — 12 sm) qirqib, ostiga tashlaydi, asosiy korpus esa undan keyingi tuproqning zarang kavatini (22—30 sm) qirqib, yuza qavat ustiga agʻdaradi. Natijada yuza qatlamdagi begona oʻtlar, oʻsimlik qoldiqlari, zararkunandalar, sepilgan organik va mineral oʻgʻitlar yaxshi koʻmiladi. Bunday Yer haydash agrotexnikaviy talablarga toʻla javob beradi hamda tuproqni madaniylashtirishga, hosildorlikni oshirishga yordam beradi. Qoʻsh yarusli plugda haydash — madaniy haydashning yangi, ilgʻor usullaridan biri. Oddiy haydashga qaraganda begona oʻt bosishini 2—3-marta kamaytiradi. Qoʻsh yarusli haydashda bedapoyalar qatlama-qatlam haydaladi, natijada kelasi yili qayta koʻklamaydi, ildiz qoldiqlari tuproq gorizontlari boʻyicha bir xilda taqsimlanib, unumdorlikning oshishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
Yer haydash chuqurligi tuproq va iklim zonalari, shuningdek, almashlab ekish dalalariga qarab tabaqalashtiriladi. Yer haydash chuqurligi haydalma qatlamning qalinligi, ekinning biologik xususiyatlari, oʻtmishdosh ekin qanday ishlanganligi, dalani qanchalik oʻt bosganligiga qarab belgilanadi. Yerni 20 sm chuqurlikda haydash normal, undan oshigʻi chuqur, kamrogʻi sayoz haydashga kiradi. Yer qamisha bir xil chuqurlikda haydalsa, haydalma qatlam tubida zarang qatlam (plug tovoni) hosil boʻlib, oʻsimlik uchun noqulay sharoit tugʻiladi. Shunga koʻra, almashlab ekiladigan har qaysi dalani vaqt-vaqti bilan turli chuqurliqda haydash maʼqul.
Haydalma qatlami qalin, eskidan ishlanib kelingan yerlar 28—30 sm, haydalma qatlami yupqa, shagʻal va qum yuza yerlar sayoz haydaladi. Haydalma qatlami 20—22 sm dan kam yerlar har yili 2—3 sm dan chuqurlatib, 28—30 sm ga yetkaziladi. Chirindili qatlami 15—18 sm dan oshmaydigan yangi yerlar birinchi-ikkinchi yili 20—22 sm, keyin 22—24 sm chuqurlikda haydaladi. Oʻrta Osiyoning shim. va oʻrta zonalarida, tipik va och sur tuproqli yerlarda 30 sm chuqurlikda, qalin agro-irrigatsin yotqizikli oʻtloqituproqli yerlarda 30—35 sm; paxta ekiladigan jan. zona hamda bahor erta kelib, kuzi iliq va uzoq muddatli hududlarda 35 — 40 sm, tagzamini kam unumli och sur tuproqli qadimdan haydaladigan yerlar (Mirzachoʻl) 20 sm chuqurlikda haydalib, 40—50 sm chuqurlikda yumshatiladi. Yer haydashning bu turi tuproq chuqurlatkich va chuqur yumshatkich yordamida oʻtkaziladi. Kamquvvat qumloq va tosh-loq yerlar qum yoki shagʻalini chiqarmasdan haydaladi. Boʻz yerlar 20—22 sm chuqurlikda haydalib, keyingi yillari chuq. 30 sm va undan koʻproqqa yetkaziladi.
Yer haydash vaqti ekish mudsati va b. ga bogʻliq. Yer haydashga tuproq yetilishi bilan kirishiladi. Haddan tashqari nam yoki quruq Yer haydashda palaxsalar koʻchadi. Yer haydash kuzgi shudgorlashning eng muvofiq muddati okt. ning ikkinchi yarmi va noyab. Sizot suvlari chuqur joylashgan va kuzda yogin kam tushadigan yerlar haydashdan 10 — 25 kun ilgari sugʻoriladi. Tuproq nami oʻrtacha yerlar hosil yigʻishtirib olinishi bilanoq haydaladi. Yozgi Yer haydash shudgorni ekin ekishga tayyorlash va takroriy ekin ekish oldidan utkaziladi, Koʻklamgi, yozgi va ayrim hollarda kuzgi Yer haydash boronalash bilan birga olib boriladi. Asosiy Yer haydashning qulay vaqti — kuz boshi (q. Kuzgi shudgor). Tuproqning yuzaga agʻdarilgan qatlami qish vaqtida muzlab va muzdan tushib turadi, buning natijasida ularning fizikaviy xususiyati yaxshilanadi. Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston hamda Fargʻona viloyatining Qoʻqon guruhi tumanlari oʻziga xos tuproq-iqlim sharoitiga egaligi (yerlarning shoʻrlanganligi, shamol) tufayli yer bahorda shoʻri yuvilgandan keyin haydaladi. Bahorgi Yer haydash tuproq donadorligini yaxshilash, namini koʻproq saqlash maqsadida boronalash hamda mola bostirish bilan qoʻshib olib borilishi kerak.
Yer haydash usullari va texnikasi. Hoz. dehqonchilik tizimida yerni paykal taxtalarga boʻlib haydash keng tarqalgan. Paykalni ichkariga va tashqariga agʻdarib haydash usullari qoʻllaniladi. Ichkariga qarab haydash paykalning oʻrtasidan, tashqariga qarab haydash chekkasidan boshlanadi (rasm). Togʻ oldi zonalarida yer nishabiga nisbatan koʻndalang haydaladi. Tuprogʻi yengil va kuchli shamol esib turadigan r-nlarda yer shamol yoʻnalishiga koʻndalang haydaladi. Har bir konkret sharoitda Yer haydash yoʻnalishi yer nishabi hamda qanday agrotexnika tadbirlari oʻtkazilishi nazarda tutilgan holda belgilanadi. Yer haydash oldidan gektariga 15—20 t goʻng, fosforli oʻgʻitlar yillik miqdorining 60—70%, kaliyli oʻgʻitlarning 50% solinadi. Tuproqning yuqori qatlami surilib, kapital tekislangan uchastkalarda chirigan goʻng meʼyori gektariga 30—40 t ga yetkaziladi.
Yer haydash sifati yerlarni oʻz vaqtida, yaʼni eng qulay muddatlarda, hech qanday ariqcha yoki marza xrsil qilmasdan, bir xil chuqurlikda tuproq haydalma qatlamini agʻdarib haydalishini taʼminlash va b. dan iborat. Haydash sifati muntazam ravishda nazorat qilinadi (q. Dala ishlari sifatini baholash). Yerning sifatsiz haydalishi plug, agʻdargichlarning notoʻgʻri sozlanganligini yoki yer qaydashga qoniqarsiz tayyorlanganligini koʻrsatadi.
Ad.: Kondratyuk V. P., Obrabotka pochvы pod posev xlopchatnika v Sredney Azii, T., 1972; Ermatov A., Sugʻoriladigan dehqonchilik, T., 1983, Abdurahim Ermatov.