YERNI ISHLASH

YERNI ISHLASH — ekinlarning oʻsishi uchun eng qulay sharoit yaratish va unumdorligini oshirish maqsadida tuproqqa mexanik taʼsir koʻrsatish usullari. Yerni ishlashdan asosiy maqsad oʻsimliklar ildizining yaxshi rivojlanishi uchun yerning haydalma qatlam tuzilishini va tuproqning tuzilma xossalarini oʻzgartirish, tuproqning yuza qatlamidagi oziq moddalarni oʻsimlik ildizi tarqaladigan qatlamlarga tushirish yoʻli bilan oziq moddalarning aylanishini tezlashtirishdan va tuproqdagi mikrobiologik jarayonlarga taʼsir etishdan iborat. Yer yaxshi ishlansa, begona oʻtlar, kasallik qoʻzgʻatuvchilar va zararkunandalar yoʻqoladi, oʻsimliklar qoldigʻi va oʻgʻit tuproqqa aralashadi, eroziya jarayonlarining oldi olinadi va tuproqdan nam va oziq moddalar isrof boʻlishi kamayadi, ekin urugʻining meʼyordagi chuqurlikka koʻmilishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Qurgʻoqchil r-nlarda Yerni ishlash dagi vazifa tuproqda nam toʻplash b-n birga uning behuda bugʻlanib ketishiga ham yoʻl qoʻymaslikdan iborat.

Yerni asosiy, maxsus vayuza ishlash usullari bor. Yerni asosiy ishlash deganda, oldingi ekin yigʻib olingandan keyingi dastlabki eng chuqur haydash tushuniladi. Eroziyaga uchramagan yerlarda bu, odatda, qatlamni agʻdarib haydashdir. Yerni maxsus ishlashning usullari frezerli, plantajli, qatlamlab haydash (mas, qoʻsh yarusli)dan iborat. Yuza ishlashda yumshatish chuqurligi baʼzan 12— 14 sm yuza yumshatish, kultivatsiyalash, boronalash, shleyflash usullaridan foydalaniladi. Yerni ishlashning alohida olingan har bir usuli bir yoki bir nechta texnologik operatsiyani oʻz ichiga oladi va yerni ishlashdagi barcha vazifalarni taʼminlay olmaydi. Shu sababli Yerni ishlashda bir necha usuldan foydalanish zarurati kelib chiqadi. Tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan, izchillik bilan bajarilgan va asosiy vazifalarni amalga oshirishga moʻljallangan Yerni ishlash usullarining majmui Yerni ishlash tizimi deyiladi. U asosiy, ekish oldidan va ekishdan keyingi ishlov berishni oʻz ichiga oladi.

Yerni ishlashning texnologik operatsiyalari: qatlamni agʻdarish, yumshatish, aralashtirish, zichlash, tekislash, begona oʻtlar ildizini kesish, egat, ariq, joʻyak olish, qatlam yuzasida angʻizni saqlash va b. dan iborat.

Qatlamni agʻdarish, yaʼni tuproq qatlamlarini almashtirish agronomik xossalari bilan farq qiladigan qatlamlarini aralashtirishdan iborat.

Angʻiz qoldiqlarini, chim, oʻgʻitlarni, begona oʻtlar urugʻini, kasallik qoʻzgʻatuvchilar va zararkunandalarni dastlabki rivojlanish davridayoq tuproqqa koʻmib yuborish uchun ham qatlamni agʻdarish zarur. Buning uchun dalalar agʻdargichli plugda haydaladi. Yerni qoʻsh yarusli plugda 35—40 sm yoki chimqirqarli plugda 30—40 sm chuqurlikda agʻdarib haydash yaxshi Samara beradi. Yerni yumshatish dalada traktor va mexanizmlar koʻp marta yurib oʻtishi, kuzqishda va bahorda koʻp yogʻin yogʻishi, vegetatsion va shoʻr yuvishdagi sugʻorish natijasida tuproqning haydalma qatlami va haydalma qatlam osti juda zichlashib ketganda amalga oshiriladi. Bu ish alohida yoki boshqa operatsiyalar (agdarish, aralashtirish) b-n birga bajariladi. Yerni yuza 6—8 sm chuqurlikda yumshatishda «zigzag» boronadan, aylanuvchi motigadan, 12—16 sm chuqurlikda yumshatishda diskli borona, chizel kultivatordan; 20 sm va undan ortiq chuqurlikda yumshatishda agʻdargichi olingan plugdan, chuqur yumshatkichli plugdan, yassi keskich — chuqur yumshatkichli qurollar va b. dan foydalaniladi. Tuproqni aralashtirish natijasida haydalma qatlam birxillashadi, organik moddalarning parchalanishidan hosil boʻladigan mahsulotlar, mineral oʻgʻitlar bir tekis taqsimlanadi. Tuproqni zichlashda tuproq uvoqlari bir-biriga yanada zich joylashishi taʼminlanadi, kesaklar maydalanadi, haydalgan yer tuprogʻi birmuncha oʻtiradi; bunda tuproqni shamol kam uchiradi, urugʻ unishi uchun qulay sharoit vujudga keladi va h. k. Yer yuzasini tekislash shoʻr yuvish ishlari sifatli boʻlishini taʼminlaydi, shudgorlangan yerni ekin ekish oldidan joriy tekislash natijasida ekish, ekinlarni parvarish qilish va hosilni yigʻib olish uchun qulay sharoit yaratiladi. Yerni joriy tekislash ishlari boronalash va mola bostirish bilan qisman qoʻlda bajariladi. Yana q. Dehqonchilik, Yer haydash.

Ad.: Ekish oldidan tuproqni ishlashda mashinatraktor agregatlaridan toʻgʻri foydalanishga oid tavsiyalar, T., 1980; Baymetov R. I., Miraxmatov M., Toʻxtakuziyev A., Obrabotka pochvы na povыshennыx skorostyax dvijeniya v zone xlopkovodstva, T., 1985.

Abdurahim Ermatov.


Lotin alifbosida maqola: YERNI ISHLASH haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
YER HAYDASH
BEGONA OʻTLAR
TOSHKENT
OKEAN


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты