YOVGʻON — goʻshtsiz, yogʻsiz tayyorlanadigan suyuqovqat. Yovgʻon xoʻrda — guruchning quruq oʻzi qaynatilgan suyuq osh; piyova — piyozdan qaynatilgan shoʻrva; Yo. shoʻrva — sabzavot qaynatmalari. Yovgʻon ovqatlar parhez taom hisoblanadi. Yovgʻon tayyorlash uchun oqshoq yoki guruch qozonda qaynab turgan suvga solib, yumshaguncha qaynatiladi. Guruch ezilib pishgach, tuzi rostlanadi, soʻng kosalarga suzib, 1 osh qoshigʻida qatiq solinadi va yuziga kashnich sepib dasturxonga tortiladi.