YULIY DAVRI — astronomiya va xronologiya hisoblarida birlik sifatida ishlatiladigan vaqt oraligʻi. Davomiyligi 7980-yilga teng. Yuliy davri 3 ta siklning eng kichik umumiy karrasi: hafta qunlarini oyning bir xil kunlariga toʻgʻri keltiruvchi 28 yillik quyosh davri, Oy fazalarini bir xil qunlarga keltiruvchi 19 yillik Meton davri va qadimiy Rimda favqulodda soliq yigʻish (15 yillik) davrlarining koʻpaytmasidan iborat (281915=7980). Birinchi kun sifatida mil. av. 4713-yilning 1-yanvaridan boshlangan. 16-asr oxirida fransuz olimi Yu. Skaliger Yuliy davri kunlari boʻyicha hisob olib borishni taklif qiddi va uni otasi sharafiga Yuliy davri deb atadi. Bu davr boʻyicha astronomiyadagi vaqtni hisoblash tizimida har bir kun mil. av. 4713-yilning 1-yanvaridan boshlab oʻzining tartib raqamiga ega. Biror ikki astronomik yoki tarixiy hodisa orasidagi vaqtni hisoblash uchun maxsus jadvallar yordamida bu hodisalarning boshlanishi va oxiriga mos kelgan kun raqamlarining ayirmasi olinadi. Mas, milodiy era 1y. ning 1-yanvari 1721425 kun, 1963-yilning 1yanvari 2438031 boʻladi. Bu ikki kun orasidagi oʻtgan vaqt 716606 kunni tashkil qiladi. Astronomiyada oʻzgaruvchan yulduzlarning maksimum va minimumlari orasida oʻtgan vaqtni topishda Yuliy davridan foydalaniladi.