ZARGARLIK SANOATI — yuksak badiiy ishlov berish yoʻli bilan nodir metallar va qimmatbaho toshlardan, shuningdek, boshqa metallardan buyumlar, taqinchoqlar ishlab chiqaradigan sanoat tarmogʻi. Zargarlik sanoatida xom ashyo sifatida qimmatbaho va rangli metallar (platina, oltin, kumush va b.), ularning qotishmalari, qimmatbaqo va yarim qimmatbaho toshlar (feruza, fionit, olmos, aqiq, zumrad, yoqut), tabiiy toshlar, plastmassa, suyak, emal, shisha va b. ishlatiladi.
Oʻzbekistonda Zargarlik sanoati korxonalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasi huzuridagi «Fonon» ilmiy i. ch. birlashmasi tarkibida. Ularning yiriklari: «1Toshkent zargarlik korxonasi», «2sonli zargarlik zavodi», «Hyp» davlat badiiy zargarlik markazi, «3sonli zargarlik zavodi», «Kumush» Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi, «EyshnReyz» Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi (Toshkent sh.), Shaxrisabz zargarlik korxonasi (Shahrisabz sh.), Burchmulla zargarlik zdi (Burchmulla qishlogʻi). 1992-y. da ishga tushgan Zarafshon shahridagi Navoiy zargarlik zdi (avvalgi «Zarispark» Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi) respublikadagi yetakchi zargarlik korxonasi hisoblanadi.
Bu korxonalar 585 va 750 asillik darajali (probali) tilla qotishmasi, 925 asillik darajali kumush qotishmasidan turli xildagi zargarlik buyumlari (sirgʻa, uzuk, zargarlik zanjirlari, sovgʻabop mahsulotlar, kumushdan yasalgan oshxona anjomlari, yuqori badiiy sifatga ega boʻlgan zargarlik buyumlari, yakka buyurtmalar, yangi zargarlik buyumlarining modellari)ni ishlab chiqaradi. Shaxrisabz va Burchmulla zargarlik korxonalarida zargarlik buyumlarini i. ch. bilan birga qimmatbaho va qimmatbaho boʻlmagan toshlarga qirrali ishlov beriladi. «Fonon» IIB ilmiytexnika lab. larida zargarlik sohasida ishlatiladigan turli rangdagi sunʼiy kristallar oʻstiriladi.
Zargarlik sanoati korxonalari bilan bir qatorda Respublikada buyurtmachining ashyosidan zargarlik buyumlari tayyorlash va ularni taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi zargarlik ustaxonalari va yakka tartibda ishlovchi zargarlar ham faoliyat koʻrsatmoqda (q. Zargarlik). Respublikada ishlab chiqariladigan va chetdan keltiriladigan Zargarlik sanoati mahsulotlari sifati va asillik darajasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-y. 8 fev. dagi farmoni b-n tashkil qilingan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi nazorat qiladi. 2001-y. 7 dek. da «Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. 1999-y. ning 4iyunida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Asillik darajasi palatalarining Yevropa uyushmasiga toʻla huquqli aʼzo boʻldi.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning sofligini tekshirish va tamgʻalash Xalqaro konvensiyasiga kirish masalalari bilan 1996-y. dan shugʻullanib keladi va kuzatuvchi mamlakat maqomida uning barcha kengashlarida qatnashadi.
Oʻzbekiston Zargarlik sanoatida xom ashyo sifatida ishlatiladigan rangli metallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar respublikaning oʻzidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqariladi va konlardan qazib olinadi.
Xorijda Zargarlik sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga AQSH, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Xitoy va b. mamlakatlar kiradi.
Dilshod Mirtolipov.