FAMILIYA (lot. familia — oila) — 1) Qad. Rimda qonqarindoshlar bilan birga qullarni ham oʻz ichiga olgan oilaning xoʻjalikhuquqiy munosabatlarini oʻzida mujassamlashtirgan nomi;
2) bola tugʻilganda, farzandlikka olinganda, oldingi Familiya oʻzgartirilganda, nikohdan oʻtganda qabul qilinadigan va nasldan naslga oʻtadigan oilaviy nom. Odatda, shaxs otlariga qoʻshilib kelib, shu shaxsning naslini bildiradi. Ilk Familiyalar shaxs tugʻilgan yoki uning «nasliy merosi» joylashgan joy nomiga nisbatan berish orqali yasalgan. Gʻarbiy Yevropada Familiya qoʻllash 15-a. dan odat tusiga kirdi va, asosan, yuqori tabaqa orasida tarqaldi. Oʻzbeklarda oʻtmishda hoz. maʼnodagi Familiya boʻlgan emas. Lekin Familiya va otaning nomini bildirish uchun qoʻllangan vositalar qadimdan mavjud edi. 6—7-a. lardan ota ismidan keyin «oʻgʻli», «qizi» soʻzlarini keltirish orqali (mas, Bayna Sangnun oʻgʻli), keyinroq ayni vaqtda arablar taʼsirida «ibn» (oʻgʻli) (mas, Ahmad ibn Muhammad), «bint» (qizi) kabi arabcha soʻzlar yordamida nomlashlar boʻlgan. 20-a. ning 20—30-y. larida oʻzbeklarning Familiyalari, asosan, Ahmad Fozil oʻgʻli, Xakima Fozil qizi tarzida yuritilgan. Shuningdek, bu davrda ziyolilar orasida qisman «zoda» (Hamza Hakimzoda, Turgʻun Sharifzoda), «iy», «viy», «iya», «viya» (Abdulla Qodiriy, Abdulla Alaviy, Mirzakalon Ismoiliy, Muzayyana Alaviya) qoʻshimchalari orqali ism Familiya, taxalluslar yasash ham odat boʻlgan; baʼzida qoʻshimchalarsiz ham quyidagi shaklda atalgan: Parda Tursun, Sulton Joʻra, Ilyos Muslim. 30-y. larning oʻrtasi va 40-y. lardan ov, (ova), yev (yeva) qoʻshimchalari yordamida hosil qilingan Familiyalar oʻzbeklarda muayyan tartibga aylanib, keyinroq qatʼiy qoida qilib olindi. Mustaqillik davrigacha Familiya yasashning shundan boshqa barcha milliymahalliy shakllarini rasmiy ravishda yozish man qilingan edi. Bu qoidaga Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish idoralari, pasport boʻlimlarida qatʼiy amal qilib kelindi. Mustaqillik kishilarga Familiya va ota ismini, ularning shaklini erkin tanlash huquqini ham berdi. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga koʻra, har bir fuqaro oʻz Familiya siga ega boʻlishi zarur. Bunday zaruriyat fuqaroni jamiyatning boshka aʼzolaridan ajratib turishda, unga tegishli huquq va majburiyatlarni belgilashda va uni huquq subyekti sifatida tan olishda muhim ahamiyatga ega. Fuqaroning Familiyasi u tugʻilgan paytda tugʻilganlik holatini qayd etish guvohnomasida rasmiylashtiriladi va ota yoki ona tomonidan yoki ularning kelishuviga koʻra tanlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 69moddasiga muvofiq, bola ism, ota ism va Familiya olish huquqiga ega. Fukaroning Familiyasi uning hayoti davomida oʻzgartirilishi ham mumkin. Bola 10 yoshga toʻlguncha uning Familiyasi otaona tomonidan bolaning roziligi bilan oʻzgartirilsa, 16 yoshga toʻlgan fuqaro otaonasining roziligi bilan oʻz Familiya sini oʻzgartiradi. 18 yoshga toʻlgan fuqaro esa, toʻla muomala layoqatiga ega boʻlgach, hech kimning roziligisiz Familiya sini uzgartirishga haqli. Nikohdan oʻtish paytida er yoki xotin uz Familiya sini oʻzgartirishi mumkin. Familiya oʻzgartirilayotganda qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan talablarga amal qilish zarur. Fuqaroning Familiyasi uning shaxsiy nomulkiy huquqi boʻlib fuqarolik va oila qonunchiligi tomonidan muhofaza etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apr. 171sonli qarori bilan tasdiklangan «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish» qoidalarida Familiyani belgilash va uzgartirish tartibi belgilangan.
Ad.: Begmatov E. A., Oʻzbek ismlari, T., 1998.