GINETSEY (yun. gyne — ayol, oikion — uy, boshpana) — gulning reproduktiv qismi, hamma mevabargchalar yigʻindisi. Bir-biri bilan qoʻshilmagan, erkin joylashgan, har biri alohida urugʻchi hosil qiladigan mevabargchalardan iborat Ginetsey apokarp Ginetsey deb ataladi. Apokarpli Ginetsey eng sodda boʻlib, magnoliya, pion va ayiqtovonlar uchun xos. Baʼzan Ginetsey bitta mevabargcha (urugʻchi)dan iborat (mas, burchoqdoshlarda). Evolyutsiya davomida mevabargchalar qoʻshilib ketib, 3 xil tipdagi senokarp Ginetsey hosil boʻladi. Yon tomonlari bilan oʻzaro qoʻshilib oʻsgan yopiq mevabargchalar (ularning urugʻ kurtagi choklari boʻylab, yaʼni uyachalar burchagida joylashgan) sinkarp Ginetsey hosil qiladi (lola). Sinkarp Ginetseydan ayrim mevabargchalarning ajralib chiqishi, birok ular qirralarining ajralib ketmasligi tufayli parakarp Ginetsey hosil boʻladi (bodring, qovoq, lolaqizgʻaldoq). Parakarp Ginetsey bir uyali boʻlishi va urugʻkurtaklari Ginetsey devorida joylashganligi bilan sinkarp G. dan farq qiladi. Boshqa hollarda parakarp G. bevosita apokarp G. dan kelib chiqqan. Sinkarp G. tugunchasi toʻsiqlarining yoʻqolib ketishi natijasida bir uyali lizikarp G. vujudga kelgan. Oʻzaro qoʻshilib ketgan bir necha mevabargchalardan hosil boʻlgan G. murakkab urugʻchi deyiladi.