GISTOLOGIYA

GISTOLOGIYA (gisto… va…logiya) — odam va hayvonlar organizmining toʻqimalari haqidagi fan. «Gistologiya» terminini birinchi boʻlib nemis olimi K. Mayer taklif etgan. Gistologiya toʻqima va aʼzolarning evolyutsiyasi, rivojlanishi (gistogenez), mikroskopik va oʻta nozik tuzilishi, kimyoviy tarkibi, vazifasi (gistofiziologiya), shuningdek, ularning tuzilishi bilan faoliyati oʻrtasidagi bogʻlanishni oʻrganadi.

Gistologiya odam va hayvonlar anatomiyasi, fiziologiya, patologik anatomiya, patologik fiziologiya, biokimyo, embriologiya va bir qancha klinik fanlar bilan chambarchas bogʻlangan. Gistologiyaning asosiy boʻlimlari: hujayralar haqidagi fan — sitologiya; toʻqimalar haqidagi fan — umumiy Gistologiya ; aʼzolarning mikroskopik tuzilishi haqidagi fan — xususiy G. Zamonaviy Gistologiya maqsadlari va tekshirish usullariga qarab bir necha tarmoqqa boʻlinadi: hujayra, toʻqima va aʼzolar hamda ulardagi ayrim strukturalar (mas, kollagen, elastik tolalar), hujayra organoidlari (mitoxondriyalar, endoplazmatik toʻr, Golji kompleksi, lizosomalar va h. k.)ning funksiyasi haqidagi taʼlimot — gistofiziologiya , hujayra va toʻqimalar rivojlanishining turli bosqichlarida hamda hayot faoliyati davrida roʻy beradigan biokimyoviy jarayonlarni oʻrganadigan sitokimyo vagistokimyo, hujayra va toʻqimalarning eng nozik (submikroskopik) tuzilishi haqidagi taʼlimot — elektron mikroskopiya shular jumlasidandir. Bundan tashqari, normal toʻqima va aʼzolarning mikroskopik tuzilishini oʻrganadigan tasviriy Gistologiya, tajriba (eksperiment) vaqtida hayvon toʻqimalarida roʻy beradigan morfologik oʻzgarishlarni tekshiradigan eksperimental Gistologiya, patologik holatdagi toʻqima va aʼzolarning morfologik oʻzgarishlarini oʻrganadigan patogistologiya ham bor. G. fanining shakllanishi mikroskop takomili bilan uzviy bogʻlangan. Birinchi eng oddiy mikroskopni golland olimi Gene Yansen va oʻgʻli Zaxarias 1591-y. kashf etgan.

17—18-a. larda Gistologiyaga oid maʼlumotlar qisman anatomiyaga, qisman fiziologiyaga ayrim bob boʻlib kirdi. Gistologiya 19-a. dagina mustaqil fan boʻlib maydonga keldi. 19-a. ning 30-y. larida nemis biologi T. Shvann Gistologiya fanida erishilgan yutuqlar hamda oʻzi yasagan axromatik mikroskopdan foydalanib, hayvon va oʻsimliklar hujayralardan tuzilgan va hujayralardan rivojlanadi, degan nazariya (hujayra nazariyasi)ni asosladi. Shundan keyin Gistologiya tez rivojlana boshladi. Toʻqimalarni organizmdan tashqarida undirish, ayrim toʻqimalarda jarroxlik operatsiyalari oʻtkazish usullarini joriy qilish tufayli Gistologiyaning tadqiqot koʻlami boyidi. Sitofotometriya, radioavtografiya, ultrabinafsha nurlar bilan oʻtkaziladigan mikroskopiya, interferension mikroskopiya, differensial sentrifugalash, elektron mikroskopik gistokimyo va b. zamonaviy usullarning qoʻllanilishi tekshirilayotgan birikmalarning joylashuvinigina emas, balki ularning miqdorini organizmning normal hayot faoliyati jarayonida va patologik jarayonlarning taraqqiy etishini oʻrganishga imkon berdi. Gistologiya yuksak nazariy va amaliy axamiyatga ega boʻlgan fanlar qatoriga kiradi. Soʻnggi vaqtda elektron mikroskop yordamida toʻqima, hujayralarning oʻta nozik tuzilishini oʻrganish usuli keng rivoj topdi. Toshkent davlat tibbiyot in-ti (1-ToshTI) olimlari (Oʻzbekistan FA ning akad. KL. Zufarov, prof. lar V. M. Gontmaxer, A. Y. Yoʻldoshev va b.) samarali ilmiy izlanishlar olib borib, 1987-y. da muhim ilmiy kashfiyot qildilar. Ular dunyoda birinchi marta goʻdak bolalarda ichak orqali soʻrilgan ekzogen oqsil moddalar buyrakda parchalanishini va qayta soʻrilishini isbotlab, pediatriya, diyetologiya, nefrologiya, fanlarining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshdilar.

Gistologiya tibbiyot, chorvachilik va veterinariyaning dolzarb muammolari bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlanmoqda.

Ld.: Zufarov K. A. i dr., Atlas El«yektronnaya mikroskopiya organov i tkaney», T., 1971.

Komiljon Zufarov.


Lotin alifbosida maqola: GISTOLOGIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BIOLOGIYA
TIBBIYOT
PATOLOGIK ANATOMIYA
ANATOMIYA
BIOKIMYO


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты