Amir Temur uzoqni ko’ra oladigan mohir diplomat sifatida tarixda chuqur iz qoldirdi. O’sha yillarda dunyoning chekkasi hisoblangan Ispaniya mamlakati (u paytda Amerika kashf etilishiga hali yuz yillar bor edi) qiroli Enriko III, Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix VI saroylariga aloqalar bog’lash uchun elchilar yo’lladi, maktublar yozdi, maktublar oldi. O’z navbatida ispan, fransuz, ingliz, xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlar elchilari uning saroyiga tez-tez tashrif buyurib turishar edi. U ulkan davlat arbobi sifatida Yevropa va Osiyo o’rtasida o’zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan yagona makon yaratish choralarini qidirdi. Bunda o’zaro savdo-iqtisodiy munosabatlar o’rnatilishiga katta e’tibor berdi. Jahonning nufuzli davlatlari bilan yaxshi aloqalarni yo’lga qo’ydi. Bu ma’noda bir tarafdan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tarafdan – Fransiya, Angliya, shuningdek, usmonlilar imperiyasi, Ispan, Italiya, Misr va boshqa davlatlarni aytib o’tishi mumkin. Sohibqiron faoliyatining jahonshumulligi ham shundan namoyondir.