Farg'ona vodiysining o'ziga xos qulay mintaqa ekanligi barchaga ma'lum. Mintaqaga tarixning turli davrlarida ko'plab etnik guruhlar, etnoslar vakillari kelib o'rnashgan. Shubhasiz o'zaro iqtisodiy- siyosiy, madaniy aloqalar faol etnogenez aloqalarni yuzaga keltirdi. Natijada tillararo yaqinlashishga ehtiyoj paydo bo'ldi. Umuman olganda Farg'ona vodiysidagi etnoslararo til munosabatlari qadim davrdan boshlanib, asosan bu jarayon ikki yo'nalishda rivojlanib bordi. Birinchi, tillararo metizatsiya(qorishuv) va ikkinchisi, tillarning gibridlashuvi holatidir. Faol kechgan etnolingivistik jarayonlarda
taraqqiyoti uyg'urlar bilan bog'lanuvchi turkiy xunn va usun qabilalari ta'siri yaqqol ko'rinadi. Akademik K.Shoniyozov qayd etganidek, Farg'ona vodiysida turkiylashish jarayoni miloddan avvalgi I asrda boshlangan bo'lsa kerak1. Farg'ona vodiysi aholisi tilining shakllanib borishida qarluq-chigil lahjasi ustuvorlik qigan.
Tarixdan ma'lumki, VIIIasr o'rtalarida Uyg'ur hoqonligi tashkil topgach, uyg'urlar siyosiy yetakchiga aylanadi. Ushbu davrdan boshlab turkiy tilli elatlar orasida uyg'urlarning nufuzi anchagina yuksalganligiga guvoh bo'lamiz. Uyg'urlarning asl vatani bo'lgan Sharqiy Turkiston xududi Farg'ona vodiysi bilan yaqin joylashgan. Bu ikki geografik xududda yashovchi xalqlar
qadim davrlardayoq o'zaro siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarda bo'lganlar.
Ayniqsa, ushbu xudud xalqlarining urf-odat va an'analarining, dini, tili, turmush tarzining o'xshashligi o'zaro yaqinlashuvga ham sabab bo'lgan. Iqtisodiy va siyosiy omillar sababli uyg'urlar(qashqarliklar) Farg'ona vodiysi mintaqasiga ko'chib o'tadilar.
Sharqiy Turkiston uyg'urlari va Farg'ona vodiysi aholisi turkiy tilning chig'atoy guruhiga mansub hisoblanadi. Chig'atoy guruhi tillariga o'z navbatida uyg'ur tilining salmoqli ta'siri bo'lganligi sir emas. Uyg'ur tili qadimdan rivojlangan til sifatida V-IX asrlarda badiiy adabiyot, huquqiy hujjatlar hamda ko'plab turkiy qabilalarning muloqot tili bo'lib hizmat qilgan.
XIX asrning o'rtalaridan to XX asr o'rtalariga qadar davom etgan uyg'urlarning Farg'ona vodiysiga migratsiyasi natijasida ko'plab uyg'ur qishloqlari paydo bo'ldi. Ushbu jarayon vodiyda o'zbek-uyg'ur etnoslararo munosabatlarini qizg'in kechishini ta'minladi. Ayrim tadqiqotchilar o'zbek va uyg'ur tillararo yaqinligiga ishora qilib, o'zbek tilining shakllanishiga uyg'ur tili asos bo'lgan deb aytadilar. Shunday bo'lsada, etnograf olim U.Abdullayev, Farg'ona vodiysida yashovchi etnoslari o'rtasidagi lingvistik jarayonlarni o'rganib, o'zbek elati tilining shakllanishida uyg'ur tili xususiyatlariga haddan tashqari katta o'rin
ajratish ham tarixiy haqiqatga to'g'ri kelmas, deb ta'kidlaydi. Ko'chib o'tish jarayonida uyg'ur aholi kompakt joylashgan qishloqlarda uyg'ur tili(milliy til) xususiyatlari ustunlik qildi. Shuningdek, vodiyning ba'zi xududlari tillarida uyg'urlashish yoki “umlaut” hodisasi yuz berdi.
Chunonchi, tilshunos olim A.K.Borovkov o'zbek tilining Namangan shevasini “uyg'urlashgan” deb hisoblaydi. Namangan, Uychi, Chortoq shevalarida uyg'ur tili elementlari, ayrim fonetik va morfologik xususiyatlari yaqqol sezilib turadi. Sharqiy Turkiston uyg'urlari bilan Farg'ona vodiysida yashab turgan uyg'ur etnik guruhining tillarini bir xil deyish ham to'g'ri bo'lmaydi.
O'tgan yillar mobaynida vodiydagi uyg'urlar tili(shevasi)da transformatsion jarayonlar tezlashgan bo'lsada, ayrim xududdagi aholi o'z ona tillarini to'liq saqlab qolaoldi. Mahalliy o'zbek aholi hamda o'zbek tilining kuchli ta'sirida bo'lgan uyg'urlar ikkala tilni paralel bilganlar.
Bunday aholi tilshunoslar tomonidan “ikki tilli” yoki “aralash tillilar” deb ataladi. Mazkur aholi mikromuhitda o'z ona(uyg'ur)tillarida, tashqi ya'ni, o'zga etnoslar bilan muloqotda esa asosan o'zbek tilida so'zlashadilar.
Uyg'ur tilining saqlanganlik darajasiga qarab vodiydagi uyg'urlar zich yashovchi qishloq va mahallalarni o'zbeklashgan, aralashgan, uyg'ur tilini yaxshi saqlagan guruhlarga tavsiflash mumkin. Masalan, Farg'ona vodiysining O'sh, Jalolobod, Marg'ilon, Qo'qon shaharlarida yashovchi uyg'ur aholi o'zbeklashgan hamda aralashgan guruhga, Andijon shahri va tumanlaridagi uyg'urlar esa uyg'urchani yaxshi saqlaganligi bilan ahamiyatlidir.
Dala tadqiqotlarida respondentlarning shevadagi so'zlariga e'tibor qaratilganda “o'o”, “ng'”, “ee” tovushlari talaffuzi lokal xususiyatlarni, “vet”, “qan”, “ut”, “li” kabilar umlaut qo'shimchalarini aks ettirishi ma'lum bo'ldi.
Farg'ona vodiysi uyg'urlari tili Sharqiy Turkiston shevalaridan farqlanuvchi hamda mahalliy tillar uyg'unligi ostida o'ziga xos tarzda shakllanib bordi. Natijada, mustaqil dialektik birlik sifatida uyg'ur tilining “Farg'ona shevasi” shakllandi.
Mazkur sheva ko'chuvchi til belgilariga ko'ra bir tipli bo'lmagan, ona-tilidagi shevalar bilan esa spetsifik jihatdan o'xshash, shu bilan birga o'zbek tiliga ham yaqindir. Shu bois ham uyg'ur tili xususida tadqiqotlar olib borgan olim G.S.Sadvakasov, uyg'ur tilining “Farg'ona shevasi”ni o'zbek va uyg'ur tillari oralig'idagi sheva deb hisoblaydi.
O'tgan asrning 30-yillarida Farg'ona vodiysidagi uyg'urlar istiqomat qiluvchi qishloqlarda bir nechta uyg'ur tiliga ixtisoslashgan maktablar ochiladi. Uyg'ur yozuvi arab grafikasiga asoslangan bo'lib keyinroq, lotin va kiril alifbosiga o'tilgan. 1980 yillarga kelib uyg'ur aholi farzandlari o'zbek tiliga ixtisoslashgan maktablarga qatnay boshlaganlar.
Uyg'ur aholi yildan-yilga ko'payib borsada, bu hududlarda o'zbeklashish yohud transformatsiya jarayoni jadallashdi. Biroq, bu holat uyg'urlarning etnik identiklik darajasini yo'qolishiga olib kelmasada, uyg'ur qishloqlarida til izolyatsiyasi(cheklangan xududda foydalanish) kechmoqda.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, hozirga kelib butun dunyo miqyosida globallashuv jarayoni kuchaymoqda. Shunday paytda mamlakat hududida yashayotgan kam sonli millat bo'ladimi ularning an'analarini, ma'naviy madaniyatini o'rganish muhim ahamiyatga ega bo'lib etnologiya, etnolingivistika, etnopsixologiya va etnosotsiologiyaning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Zero har bir etnik birlik son jihatidan qanchalik ko'p yoki kam bo'lmasin o'z etnik qiyofasiga egadir.
Lotin alifbosida maqola: Farg'ona vodiysidagi etnolingivistik jarayonlarda uyg'urlar haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)
Комментарии 425