Buxorodagi milliy-madaniy markazlar faoliyati

O'zbekiston hududida qadimdan ko'plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib keladi. Ular o'rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo'lmaganligi xalqimizning azaliy bag'rikengligini ko'rsatadi.

Xalqimiz hayotida millatlararo bag'rikenglik chuqur tarixiy ildizlarga ega. Milliy, madaniy xayrixohlik o'zbek xalqining o'ziga xos fazilatiga aylangan. Bag'rikenglik g'oyalarini qaror toptirish o'ta muhim tamoyil bo'lib, bugungi kunning dolzarb masalasi bo'lib qolmoqda.

1995 yil 16 noyabrda qabul qilingan bag'rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasida shunday deyilgan: “XXI asr bo'sag'asida O'zbekistonning qiyofasini tinchlik va osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va millatlararo totuvlik, diniy hamda mafkuraviy bag'rikenglik, madaniyatlarning uyg'unlashuvi, turli millat va elatlarning jamiyat hayotida tenglik asosida ishtirok etishini belgilaydi. Inson huquqlari va demokratiya O'zbekistonning milliy va davlat manfaatlariga, xalqimizning erksevar milliy tafakkur tarzi va ruhiyatiga to'la mos keladi”.

Bugungi kunda ko'pmillatli mamlakat hisoblangan O'zbekistonimizda o'zbeklar bilan birga 137 dan ziyod millat va elat vakillari ahil va inoq yashaydi va bu muborak zaminni o'z Vatani deb biladi. Shuning uchun Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan aytilgan “Bu aziz Vatan – barchamizniki” degan g'oya tili, dini va millatidan qat'iy nazar barcha yurtdoshlarimizning orzu-intilishlarini ifodalaydi. Chunki barchamizning baxt-saodatimiz mana shu Vatanning tinchligi, ozod va obodligi, milliy ravnaqi bilan bog'liq.

Hozirgi kunda O'zbekistonda o'n oltita diniy konfessiya uyushmalari faoliyat yuritmoqda. Ularning bir qismi O'zbekiston uchun noan'anaviydir. Davlat ular bilan o'zaro munosabatda, ularga o'z diniy marosimlarini o'tkazish va mamlakat hayotida faol ishtirok etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi huquqiy asoslar, ya'ni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida” degan Qonun bilan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo'yilgan.

Tarixan ma'lumki, Buxoroda axloqqa katta e'tibor bilan qarashgan. Yuksak insoniy fazilat – insonni millatidan qat'i nazar barcha mavjudotlarning savari sifatida qadrlash, ma'naviy kaomlot va yetuklik, adolat, insof, diyonat va imon kabi sifatlar tiriklikning bosh mazmuni sifatida tushunilgan.

Buxoro qadimdan etnik va diniy bag'rikenglikning o'ziga xos hududi bo'lgan. Hozirgi vaqtda vohada turli etnik guruhlar va diniy jamoalar tinch-totuv yashab kelmoqdalar. Haqiqatan ham, turli etnoslar va dinlarga mansub odamlar o'rtasidagi aloqa, munosabat, muloqot, bahs-munozara va muzokaralar muhim o'rin tutishiga e'tibor qaratish zarur. Chunki millatlararo totuvlik va birdamlikka erishishning asosiy yo'li milliy va umuminsoniy qadriyatlar ahamiyatini rivojlantirish va mustahkamlashdir.

Buxoro viloyatida turli millat va elat vakillari o'zaro hamjihatlikda, tinch-totuv va ahil yashab kelishmoqda. Ularning o'z milliy qadriyatlarini asrab-avaylashlari, boyitishlari uchun hukumatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zero, insonlar orasidagi o'zaro hurmat muhiti, ular qaysi tilda so'zlashishidan qat'i nazar, O'zbekiston deb atalgan umumiy uyimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikning eng muhim asosi va garovi bo'lib xizmat qilmoqda.

Millatlararo totuvlik va hamjihatlik – umumbashariy qadriyat. U muayyan jamiyatda yashab, yagona maqsad yo'lida mehnat qilayotgan turli millat va elat vakillari ahilligining ma'naviy asosini mustahkamlaydi, shu hududdagi tinchlik va barqarorlikning, taraqqiyotning kafolati bo'lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda fuqarolar hamjihatligi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga ko'maklashish maqsadida yuqorida qayd etganimizdek, 1989 yildan dastlabki milliy madaniy markazlar tuzildi. Bu markazlarning chinakam rivojlanish va ravnaq topishi O'zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin boshlandi. Milliy-madaniy markazlar faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 13 yanvardagi qarori bilan tashkil etilgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi muvofiqlashtiradi. O'zbekiston mustaqilligi ularning samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlarni yaratib berdi.

Buxoro viloyatida ham arman milliy-madaniy markazi, Buxoro yahudiylari “Shalom” madaniy markazi, O'zbekiston nemislari “Vidergeburg” madaniy markazi, Respublika “Svetlitsa Polska” polyak madaniy markazining viloyat filiali, rus madaniy markazi, “Oftobi So'g'diyon” tojik-fors milliy-madaniy markazi, tatar-boshqird milliy-madaniy markazi, turkman milliy-madaniy markazi, Buxoro shahar koreys milliy-madaniy markazi, Buxoro shahar turk milliy-madaniy markazlari tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu milliy-madaniy markazlarning o'ziga xos ish yuritish jihatlari va o'z oldiga qo'ygan maqsadi belgilangan. Ularning asosiy vazifasi mamlakatimizda fuqarolar hamjihatligi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga ko'maklashishdir.

Rus milliy-madaniy markazi. O'zbekistonda faoliyat ko'rsatayotgan milliy-madaniy markazlar orasida markazning o'rni va roli benihoya katta hisoblanadi. Ma'lumki, ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, yakka hokimlik mafkurasi sharoitida rus millati ham o'z ma'naviy-ma'rifiy asoslaridan ayrilishda qator salbiy holatlarga duch keldi. Totalitar tuzum sharoitida rus milliy madaniyatida ham boshqa qator xalqlar madaniyatidagi kabi jiddiy siyosiylashuv ro'y berdi. Yakka hokimlik mafkurasini o'zida ifoda etuvchi sinfiylik, partiyaviylik tamoyillari tufayli rus milliy madaniyatida ham yo'qotishlar sodir bo'ldi. Albatta, sobiq sho'rolar davrida rus madaniyati boshqa xalqlar madaniyatiga nisbatan ilg'or va ustivor darajada rivoj topdi. Biroq, bunday madaniyat sho'rolar hukmronligi davrida rivojlanishda nisbatan ko'proq yo'qotdi, o'zining milliy, ayniqsa diniy zaminidan ayrila boshladi. Boshqacha so'z bilan aytganda, Rus madaniyati boshiga tushgan kulfatlar boshqa milliy madaniyatlar darajasi bilan hamohang edi.

Shunday sharoitda rus milliy-madaniy markazining tashkil etilishi va uning milliy qadriyatlarni tiklash borasida olib borgan faoliyati maqsadga muvofiq edi. 1994-1995 yillarning o'zidagina rus milliy-madaniy markazi 192 ta turli tadbirlar o'tkazdi. Bularning ichida A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, A. S. Griboyedov, S. Yesenin, I. A. Bunin kabi rus adabiyotining atoqli va yirik arboblariga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirlar ayniqsa qiziqarli bo'ldi.

Rus milliy-madaniy markazlari mamlakatimizning barcha hudud-larida keng faoliyat yurgizmoqda. Xususan, Namangan viloyatida shunday markazlardan biri 1994 yil 27 iyunda tashkil topdi. Bu viloyatda 20 mingga yaqin rus millati vakillari yashab, ular xalq xo'jaligi va madaniy sohaning barcha jabhalarida mehnat qilmoqdalar. Qisqa vaqt mobaynida madaniy markazning viloyat bo'limi tomonidan qator amaliy tadbirlari o'tkazildi. Chunonchi, rus folklor ansamblining chiqishlari ayniqsa fuqarolarga manzur bo'lmoqda. Namangan shahridagi “Sharshara” hamda “Oxunboboyev” nomli mahallalarda turli millat vakillarining ahillikda yashashi va birgalikda mehnat qilishiga ko'p jihatdan milliy-madaniy markazlar samarali hissa qo'shmoqdalar.

Rus milliy-madaniy markazi tomonidan Respublikamizning turli hududlarida uyushtirilgan professional va badiiy havaskorlik to'ga-raklarining tadbirlari hamda ko'rgazmalarini alohida qayd etish lozim. Xususan, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Navro'z bayrami va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etishlari shular jumlasidandir.

Buxoro viloyatida ham rus milliy-madaniy markazi o'z nizomida belgilangan barcha yo'nalishlar bo'yicha faoliyat yurgizmoqda. 2003 yilda bu markaz tomonidan katta ishlar amalga oshirilgan. Viloyatda rus tilida so'zlovchi aholi o'rtasida rus tilini rivojlantirish sohasida ma'lum ishlar qilingan. Rossiya federatsiyasidan 1500 dan ortiq o'rta maktab o'quvchilari uchun darsliklar, rus adabiyoti bo'yicha 5 – 9 sinflar uchun 25 komplektdan iborat audiokassetalar, har bir komplekt 26 ta kassetadan iborat holatda yuborilgan.

O'qituvchilarning uslubiy mahoratini oshirish maqsadida to'rt o'qituvchi Omsk davlat universiteti kurslariga yuborilgan. To'rtta o'quvchi Moskvadagi lagerda dam olishga jo'natilgan. Maktab o'quvchisi Rossiya bo'ylab sayohatga borib kelgan.

Markazning badiiy havaskorlari “Navro'z” va “Mustaqillik kuni” bayramlarida faol qatnashadilar. Bundan tashqari, Rus milliy bayramlari, shoir va yozuvchilarning tavallud kunlari nishonlanadi.

Rus milliy-madaniy markazi 2003 yilda 33 ta o'z a'zolarini sog'ligini tiklash uchun “Sitorai Moxi Xossa” sanatoriysiga bepul davolanishlarini tashkil qilgan, 84 ta markaz a'zosiga moddiy yordam berilgan.

Markaz tomonidan G'ijduvon shahridagi “Mehribonlik uyi” ga insonparvarlik yordami tashkil qilib turiladi. Bunday yordamlar Rossiya chet el markazi vakillari va Pravoslav Yeparxiyasi tomonidan uyushtiriladi. Mehribonlik uyi bolalari ham darsliklar, o'quv qo'llanmalari bilan ta'minlanib turiladi.

Xulosa qilib aytganda, viloyatimizda rus milliy-madaniy markazi olib borayotgan ishlar diqqatga sazovor va keng jamoatchilik bundan xabardor.

Yahudiy milliy-madaniy markazi. 1989 yilgi aholi ro'yxatiga ko'ra O'zbekistonda 28369 O'rta Osiyo yahudiylari bo'lib, ulardan 4220 tasi Buxoro shahrida, 5427 kishi esa Butun Buxoro viloyatida istiqomat qiladi.

Keyingi yillarda yahudiylar hayotida anchagina ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. 1987 yilning noyabrь oyida O'zbekiston yozuvchilar ittifoqi qoshida Buxoro yahudiy yozuvchilarining sho''basi qayta tiklanadi. 1989 yil iyunda esa Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat adabiyot muzeyida ularning asarlari ekspozitsiyasi ochiladi. 1989 yil oktyabrda Toshkentda O'zbekiston Madaniyat ministrligi qoshida Buxoro yahudiylarining “Nekqadam” eksperemental teatr studiyasi ochiladi. 1990 yilda Toshkentda Buxoro yahudiy madaniy markazi tashkil qilinadi. Bunday madaniy markazlar Dushanbe, Samarqandda ham ochilgan edi. Buxoro yahudiylarining Samarqand madaniy markazi 1992 yil yanvardan “Shofir” deb nomlangan oylik gazetasini chiqara boshlaydi.

Buxoroning o'zida yahudiylar madaniy markazi “Shalom” 1990 yil bahorida tashkil topadi. Shu yilning 5 aprelida ta'sis konferentsiyasi bo'ladi, 24 aprelda markaz shahar ijroiya qo'mitasi tomonidan rasmiy ro'yxatdan o'tkaziladi. 1992 yil sentyabrda O'zbekiston “Jamoat birlash-malari to'g'risida” gi Qonuniga muvofiq markaz viloyat hokimligi yustitsiya boshqarmasidan ro'yxatdan o'tadi va tegishli guvohnoma oladi.

Buxoroda madaniy markazning tashabbuskori va faol tashkilotchisi Avkun Ashurovich Yoqubov. Bu insonning mehnat yo'li juda qiziqarli. U Toshkent Xalq xo'jaligi institutini tugatib, 30 yillardan buyon moliya organlarida ishlamoqda. O'z ishining tajribali mutaxassisi. U Respublika Davlat sug'urtasi boshlig'i o'rinbosari, viloyat ijtimoiy ta'minot boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari, 20 yildan oshiqroq O'zbeksiton Moliya vazirligining viloyat taftish boshqarmasida rahbarlik qilgan.

A. A. Yoqubov Buxoro yahudiy markazi raisi etib saylanganidan so'ng, markazning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilar deb hisoblandi:

- Buxoro yahudiylari tarixi va madaniyatini o'rganish va keng tashviq etish;

- milliy san'atni, bayramlar, an'analar, urf-odatlar, maro-simlarni tiklash;

- milliy va jahon madaniyati boyliklaridan bahramand bo'lish;

- yoshlarga axloqiy tarbiya berish, ularni barcha xalqlar va ularning madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalash;

- yoshlarda fuqarolik javobgarligini shakllantirish;

Bu jamoat tashkiloti qisqa muddatda Buxoro yahudiy jamoasini yagona markaz ostida birlashtira oldi. 1992 yil may oyida A. A. Yoqubov markaz faoliyati haqida axborot berdi. Bunda ikki yil ichida tashkilotning moddiy bazasi mustahkamlanganligini ma'lum qiladi. Ivrit tilini o'rganish, bayramlar va marosimlarni o'tkazish uchun 30 stol, 50 ta parta, 100 ta stul, o'quv doskalari sotib olingan. Yahudiy yozuvchilarining rus va ivrit tilida yaratgan asarlari kutubxonasi tashkil qilingan. Markaz ivrit tilini o'rganish bo'yicha katta sondagi o'quv qo'llanmalari bilan ta'minlangan. Xalq demokratik partiyasi nomi bilan markaz uchun ajratilgan turar joy binosi ta'mirlangan va uy jihozlari bilan ta'minlangan.

Haftada 5 kun 130 – 150 bolalardan iborat 6 ta guruhda ivrit tili bepul o'rgatilishi tashkil etilgan. Bundan tashqari katta yoshlilar uchun ivrit va ingliz tilini o'rganishning kechki kurslarida 40 – 60 kishi o'qimoqda.

Milliy urf-odat, an'ana, bayram va marosimlarni tiklash hamda turmushga tadbiq etish sohasida katta ishlar qilingan. Masalan, 1991 yil 15 sentyabrda 32 o'smir 13 yoshni qarshilagani munosabati bilan marosim o'tkazildi. Bu marosimga Ierusalim bosh ravvini David Nisanov va Izroil diniy jamoalari arboblari Avraam Badiyev va Benyamin Gulkarovlar taklif etilgan.

1991 yil 8 dekabrda Xanuko bayrami o'tkaziladi. Bu bayram ikki ming yil ilgari sodir bo'lgan voqealar, ya'ni makavsevlar jasoratiga bag'ishlangan bo'lib, bunda vijdon erkinligi va e'tiqod, diniy marosimlarni o'tkazishga erishilgani haqidagi mulohazalar bildirilgan. Bayramda To'hfa Tinxasova rahbarligidagi “Nozanin” folklor ansambli kontserti bilan qatnashadi.

Madaniy markaz tashabbusi bilan Purim bayrami arafasida viloyat va shahar ijroiya qo'mitasi sa'y-harakati bilan Buxoroda yangi ikkinchi sinagoga ochiladi. Bu sinagoga birinchi, ilgarigi sinagoga o'rnida tashkil etilgan edi. Purim bayrami sharafiga Nyu-Yorkdagi “Djayn” jamiyati 17 ta kam ta'minlangan shaxslarga moddiy yordam beradi va 11 ta o'quvchi a'lo o'qishi uchun pul mukofoti bilan taqdirlangan.

1992 yil 18 – 20 fevralda Buxoroga Izroil elchisi Are Levin tashrifi muhim voqeaga aylangan edi. Elchi Buxoro yahudiylari hayoti va turmushi bilan tanishib, markazga ham mehmon bo'lgan.

Yahudiy xalqining asosiy bayrami Pesax ( Paxsa) bo'lib, 1992 yil 22 aprelda bu markazda nishonlangan. Bu bayramda Izroil mamlakatidan ham mehmonlar taklif qilingan. 1992 yil madaniy markaz uchun juda mazmunli yil bo'lgan. Shu yili Toshkentdagi “Soxnut” xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda tadbirlar o'tkazilgan. Masalan: Toshkent shahrida buxorolik talabalar bilan uchrashuv va hokazolar.

Oq-tosh dam olish uyiga kam ta'minlangan oilalar bolalari markaz mablag'i hisobidan yuborilgan. 1992 yil mayda madaniy markaz Izroil davlati mustaqilligiga bag'ishlangan ko'rgazma o'tkazdi. Yuqorida o'tkazilgan ko'pgina tadbirlar Shveytsariyaning Syurix shahridagi “Veshikentam” jamiyati moddiy yordami hisobiga o'tkazilganini A. A. Yoqubov alohida ta'kidlaydi.

Yahudiy markazi boshqa milliy-madaniy markazlar bilan birgalikda tadbirlar o'tkazishni rejalashtirgan. O'zbekiston Mustaqillik bayramida tojik markazi bilan birgalikda dastur tuzib chiqishi bunga misol bo'la oladi.

O'rta Osiyoning tub aholisi bo'lgan yahudiylar tarixida o'z tadqiqotchilarini kutib turgan “Oq dog'lar” talaygina. Milliy-madaniy markaz faoliyatiga tayanib, bir yarim ming yil avval O'rta Osiyoga kelib qolgan yahudiylarning shu kunga qadar yashab, O'rta Osiyo xalqlari madaniyatiga o'zlarining umumiy ulushlarini faol qo'shib kelayot-ganligini, ularsiz O'rta Osiyo tarixini tasavvur qilish qiyinligini aniqlash mumkin. Buxoro yahudiylari haqidagi ma'lumotlarni ob'ektiv o'rganish, yozish va nashr etish ishlari mustaqil O'zbekiston sharoitida amalga oshirila boshlandi.

Nemis milliy-madaniy markazi. “Xalqlar dohiysi” Stalin boshqargan totalitar tuzumning 30-yillardagi qatag'oni Volga bo'yi mintaqasidagi tinch mehnat bilan shug'ullayonayotgan nemis millatiga mansub aholini ham chetlab o'tmadi.

O'n minglab nemis oilalari asrlar bo'yi yashab kelgan joyidan ancha olis yurtlarga – O'rta Osiyo respublikalariga surgun qilindi. Ularning avlodlari hozirgi kunda ham endilikda mustaqillikka erishgan mintaqa mamlakatlarida, jumladan, O'zbekistonda yashab kelishmoqda.

Toshkent, Samarqand, Farg'ona va Buxoro viloyatlarida mahalliy nemislarning milliy-madaniy markazlari faoliyat ko'rsatayapti. Viloyatimizda faoliyat ko'rsatayotgan “Vidergeburt” (“Tiklanish”) nemis milliy-madaniy markazi rahbari Olga Meyer bu to'g'rida shunday hikoya qiladi: - markazimiz 1995 yilning yanvar oyida ro'yxatdan o'tgan. Biz o'z oldimizga o'troqlashib qolgan mahalliy nemis aholisining boshlarini birlashtirib, avlodlarimiz an'analarini, urf-odatlari, qadriyatlari, san'at va madaniyatini tiklashni maqsad qilib qo'yganmiz. Bu yo'nalishda muayyan ishlarni amalga oshirib ulgurdik ham.

Viloyatimizda yashayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar, garchi ko'pchilikni tashkil qilishmasada, sharoit, taqdir taqozosi bilan o'z ona tillarini unutishgan. Bu sho'rolarning og'izda baynalminalu amalda “ruslashtirish” siyosatining ayanchli mahsulidir. Markaz ana shu kemtikni yo'qotish uchun mana bir necha yildirki, nemis tilini o'rganishni istagan millatdoshlar uchun maxsus o'quv kurslari tashkil qilgan. Unda o'qish bepul bo'lgani uchun nafaqat nemis, balki viloyatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari ham ixtiyoriy ravishda kelib, nemis tilidan saboq olishmoqda. Nemis tili darsliklari, gazeta-jurnallari, o'quv qurollari, videokassetalarni markazga Germaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi tuhfa qilgan.

Markaz qoshida “Vasserval” yoshlar klubi ham ish olib bormoqda. Bu klub a'zolari nemis san'ati va madaniyatini chuqur o'rganishga ahd qilgan. Mahalliy nemis yoshlaridan iborat chog'roqqina ansambl viloyatimiz markazida o'tkazilayotgan Navro'z, Mustaqillik bayramlari tantanalarida ishtirok etmoqda. 2001 yil martda Qozog'istonning Taraz shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat ko'rsatayotgan 18 ta milliy-madaniy markazlarning yoshlar festivali o'tkazildi. Markaz vakillari bo'lmish “Vasserval” yoshlar klubi ushbu nufuzli ko'rik-tanlovda faxrli ikkinchi o'rinni egalladi.

Germaniyaning rasmiy idoralari bilan bir qatorda ko'plab jamoatchilik tashkilotlari ham O'zbekistonning bir go'shasi – Buxoroi Sharifda millatdoshlarining milliy-madaniy markazi faoliyat ko'rsa-tayotganidan xabardor. Ular turli masalalarda markaz bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Germaniya Bundestagining mas'ul xodimi Ditmar Shleye markazga murojaat qilib, ikkinchi jahon urushida asir tushganlar taqdiri bilan shug'ullanish, urush yillari Buxoroda ham nemis asirlari bo'lgan-bo'lmaganligi, bo'lgan bo'lsa, ularning keyingi taqdiri qanday kechgani haqida ma'lumot so'radi. Mahalliy idoralar ko'magida izlanishlarimiz bekor ketmadi. Haqiqatdan ham Kogon shahridagi harbiy gospitalda nemis harbiy asirlari bo'lgan ekan. Lekin ularning keyingi taqdiri ayanchli yakunlangan. Negadir ularning barchasi, jami 54 nafar asir Moskvaning buyrug'i bilan Germaniya kapitulyatsiyaga qo'l qo'ygan kundayoq otib tashlangan ekan.

Biz ularning ommaviy ravishda qatl etilgan va ko'milgan mozorini aniqladik, hatto ularning shaxsiga oid ma'lumotlarni izlab topishga muvaffaq bo'ldik.

Markaz viloyatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun Germaniya investitsiyasini kiritish yo'lida ham ish olib borayapti. Korxonalar, ishbilarmon va tadbirkorlar takliflarini o'rganib, Germaniyaning jahonga mashhur firma va kontsernlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishga ko'maklashilmoqda. Germaniyaning Markaziy Osiyo mamla-katlariga insonparvarlik tashkiloti (shtabi Almatida joylashgan) bilan aloqalari yaxshi yo'lga qo'yilgan.

Polyak milliy-madaniy markazi. Respublikamizda faoliyat yurgizayotgan “Svetlitsa Polska” madaniy markazi 2001 yil 3 mayda Buxoroda o'z bo'limini ochdi.

Polyak madaniy markazi ko'ngilli jamoa birlashmasi bo'lib, unda O'zbekiston Respublikasida yashovchi polyak fuqarolari va Polshaga xayrixoh bo'lganlar a'zo bo'ladilar.

Markaz o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasiga muvofiq amalga oshiradi, hamda birlashma ustaviga ega. Bundan tashqari markaz “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” ga asoslanib faoliyat yurgizadi va o'z ishini O'zbekistonda yashayotgan barcha xalqlar milliy hissiyotini va an'analarini hurmat qilish asosida tashkil etgan.

Hozirgi kunda Buxoro shahrida 200 ga yaqin polyaklar yashaydi. Markaz rahbari Yelena Zubovich, 1968 yilda Nukusda tug'ilgan, otasi polyak, onasi tatar, 1991 yildan buyon Buxoroda yashaydi.

Yelena polyak diasporasining 20 ga yaqin a'zolari borligini va ular tarkibi turli millatlardan ekanligini aytdi. 2000 yilda ularning a'zosi 60 ta bo'lgan. Bularning ko'pchiligi Rossiya va Ukraina shaharlariga ko'chib kelganlar. Diasporaning milliy ansambli tuzilgan, biroq unda ishtirok etuvchilar har xil yoshdagilar bo'lgani uchun maxsus nom qo'yilmagan. Viloyat miqyosida markaz ikkita katta bayramni nishonlaydi. Bular respublikamizning Mustaqillik kuni va Navro'z bayramlaridir. “Svetlisa Polska” markazining o'ziga xos milliy bayramlari faqat o'z jamoalari o'rtasida nishonlanadi. Xususan, 1791 yil 3 mayni Polsha birinchi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, 1918 yil 11 noyabrni Polsha Mustaqillikni qo'lga kiritgan kun sifatida nishonlanadi. Bundan tashqari diaspora ichida ikkita diniy bayramlarini ham nishonlash urfga kirgan. Har yili 25 dekabrda rojdestvo, aprelning ikkinchi yarmi va may oyining birinchi o'n kunligida paxsa bayramlarini o'tkazadilar.

Polyak tilini o'rgatuvchi maxsus maktablar yo'q. Biroq, shaharda 2003 yil sentyabridan polyak katolik cherkovi popi Voychex Kardas yashab kelmoqda, shu cherkovda tilni o'rganish tashkil qilingan.

Ikkinchi jahon urushi munosabati bilan Buxoro viloyatida ko'plab polyaklar ko'chirib kelingan. Bular Jondor, Peshku, G'ijduvon tumanlarida yashaganlar. Hozirgi kunda polyaklarning ko'pchiligi o'zbeklashib ketgan, polyak qizlari o'zbek, tojiklarga turmushga chiqib, ularning bolalari o'zbekona milliy urf-odatlarni qabul qilib olishgan. Biroq bu holatni teskarisini ham uchratishimiz ham mumkin. Markazning faoliyatiga mahalliy boshqaruv organlari yaqindan turib yordam beradilar. Buni markaz rahbari alohida qayd etdi.

Tatar-boshqird milliy-madaniy markazi. 2002 yilda viloyatimizda 15 mingga yaqin, jumladan, Buxoro shahrida 8 mingdan ziyod tatar-boshqirdlar istiqomat qilishgan. Bu milliy-madaniy markaz raisi Glum Gibadullin, - “biz o'zbek, tojik, rus va boshqa millat vakillari bilan yagona oila farzandlaridek tinch-totuv yashash, mehnat qilish bilan birga tatar-boshqird xalqlarining tarixi va tilini farzandlarimizga astoydil o'rgatmoqdamiz, milliy qadriyatlarimizni ko'z qorachig'idek asrab-avaylamoqdamiz. Ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda viloyat va shahar hokimliklari, shuningdek, “Paxtasanoat” hissadorlik jamiyati kabi homiy tashkilotlar bizga ko'makdosh bo'lmoqdalar”.

Turk milliy-madaniy markazi. Turk milliy markazi 1991 yil 27 iyunda tashkil etiladi. Buxoro shahar Ijroiya qo'mitasi Yustitsiya boshqarmasi tomonidan 1992 yil 22 yanvarda ro'yxatdan o'tkazilgan. Markazni Shaxriyev Kamal Suleymanovich boshqaradi. Markaz Turkiya davlati bilan aloqada. Turklar urf-odatlari va an'analarini, milliy qo'shiq va raqslarini tiklashni maqsad qilib qo'yishgan. Markaz turklarning milliy bayramlarini o'tkazadi. Ko'pgina yosh turklar o'zlarining milliy urf-odatlarini o'rganish maqsadida markazga tez-tez kelishadi. Milliy qo'shiq va raqslarini o'rganishadi. Markaz viloyatdagi boshqa milliy markazlar bilan ham hamkorlik qiladi. Buxoro shahridagi Rikova ko'chasida markaz faoliyat ko'rsatadi.

“Oftobi so'g'diyon” milliy-madaniy markazi. Mamlakatimizda millatlararo totuvlikning takomillashuviga o'zi-ning munosib hissasini qo'shib kelayotgan milliy-madaniy markazlardan biri bu “Oriyono” – tojik milliy-madaniy markazidir. Bu markaz Toshkentda 1990 yil 8 iyunda tashkil etilgan. Markaz qisqa vaqt ichida mustaqilligimizni mustahkamlash, millatlararo barqarorlikni ta'min-lash yo'lida juda ko'plab ishlarni amalga oshirdi. Markazning asosiy maqsadi – tojik madaniyati, tili, urf-odatlarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish hamda boshqa qardosh xalqlar madaniyatini o'rganishdan iborat.

Hozirgi kunda O'zbekistonda bir milliondan ortiq tojiklar istiqomat qiladilar va boshqa millat vakillari singari ular ham O'zbekistonda buyuk mustaqil davlat qurish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar. 1990 – 1997 yillar mobaynida markazning uchta konferen-tsiyasi bo'lib o'tdi.

Konferentsiyalarda “Oriyona” milliy-madaniy markazining rahbar organlari saylandi. Markazning birinchi raisi bo'lib taniqli jurnalist tilchi olim Muxsin Umarov saylangan edi.

“Oriyono” milliy-madaniy markazi tashkil qilingandan buyog'i har yili Xalqlar do'stligi maydonida Navro'z, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni bayramlarida faol ishtirok etmoqdalar. Markaz o'z faoliyati davomida o'zbek, rus va tojik tillarida bir necha kitoblar nashr etdi.

Tojiklarning “Oriyona” milliy-madaniy markazi tojik tilida chiqayotgan “Ovozi tojik” gazetasi muharririyati bilan Respublika teleradiokompaniyasi tojik bo'limi “Rangin kamon” lar bilan hamkorlikda ish yuritmoqda.

Bundan tashqari markazining qilayotgan ishlari respublikamizda chiqayotgan “Ovozi tojik”, “Narodnoye slova”, “Pravda Vostoka”, “Sport”, “O'zbekiston ovozi”, “Toshkent oqshomi”, “Birlik” va “Edinstvo” kabi ko'pgina ro'znoma va jurnallarda yoritib borilmoqda.

Umuman olganda, O'zbekistonda istiqomat qilayotgan bir milliondan ortiq tojik millatiga mansub xalqning bugungi, ertangi va kelajdagi milliy ravnaqi uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar mavjud.

Tojiklar ham o'z navbatida “Turkiston umumiy uyimiz” shiori ostida O'zbekistonning tinch, osoyishta, millatlararo barqarorlik asnosida rivojlanishi uchun o'zlarining barcha g'ayratlarini sarflamoqdalar.

Xalq deputatlari Buxoro shahar ijroiya komitetining 1989 yil 28 dekabrdagi qarori bilan tojik-fors madaniyat markazi tuzilgan. 1990 yil yanvarda viloyat markazidagi “Bilimlar” uyida markazning ta'sis yig'ilishi bo'lib o'tadi. Unda Buxoro shahrida “Oftobi So'g'diyon” – “Solntse Sagdiana” nomi bilan ataluvchi tojik-fors madaniyat markazi tashkil etilganligi haqida xabar qilinadi.

Yig'ilganlarga 23 punktdan iborat yangi markaz faoliyatining dasturi havola etildi. Respublikamizning boshqa shaharlarida faoliyat ko'rsatayotgan ana shunday markazlar bilan aloqa o'rnatish, markaz huzurida san'at va adabiyot, tarixiy etnografik muzey, kutubxona, to'y, dafn xizmati kabi sektsiyalarni tashkil etish, fors tilida ijod qilayotgan hamshaharlarimizning boy merosini o'rganish, “Sayli guli surx” kabi qadimiy xalq bayramini tiklash, Buxoro viloyatining tojik tilida so'zlashuvchi aholi g'uj yashaydigan qishloqlari haqiqiy xaritasini yaratish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o'tkazish, markaz huzurida tashviqot guruhlari ishini yo'lga qo'yish, markaz barcha a'zolarini arxitektura yodgorliklarini tiklash va ta'mirlash, viloyat markazidagi qadimiy ko'chalar nomini tiklash ishlariga faol jalb etish markazning asosiy vazifalaridan biridir. Ta'sis yig'ilishida markaz kengashi saylandi. Uning tarkibiga turli kasb egalari bo'lgan 11 kishi kirgan. Shahar tojik-fors madaniyat markazining raisi etib televideniya va radioeshittirish oblast komitetining raisi A. Shukurov saylandi.

Endilikda tojik tilida so'zlashuvchi viloyat markazi aholisi ko'p yillar mobaynida to'planib qolgan muammolarni bartaraf etish, kemtik o'rinlarni to'ldirish imkoniga ega bo'ldilar. Jumladan, tojik adabiyoti kutubxonasining ochilishi kutubxonalarda fors-tojik adabiyoti klassik-larining, hozirgi zamon shoir va yozuvchilarining ijodi bilan tanishishga keng yo'l ochdi. Shuningdek, tojik folklor-etnografik ansambli qadimiy qo'shiqlarini targ'ib qiladi.

Bu markaz Buxoroda koreys madaniy-markazidan so'ng tashkil etilgan ikkinchi markaz edi. Yig'ilishda bundan keyin tatar, nemis, Shimoliy Kavkaz va Kavkaz orti respublikalari xalqlari markazlari tashkil etilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi, - degan fikrlar aytilgan edi.

2002 yilning aprel oyida Buxoro Osiyo va Tinch okeani mintaqasida “Shaharlar tinchlik uchun” xalqaro YuNESKO mukofotiga sazovor bo'ldi. Mazkur xalqaro mukofot 1996 yilda ta'sis etilgan bo'lib, har ikki yilda bir marta tanlov asosida dunyoning beshta mintaqasidan beshta shaharga taqdim etiladi. Buxoro YuNESKOning ushbu mukofotiga shahardagi tabiat, tarixiy obidalarni saqlash va qayta tiklash, shuningdek, birdamlikni mustahkamlash, turli millatlar va diniy jamoalar o'rtasida o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash yo'lidagi sa'y-harakatlari evaziga erishgan edi.

2010 yil 23 aprel kuni Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino madaniyat saroyida mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligiga bag'ishlab “O'zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida o'tkazilgan do'stlik va madaniyat festivalida viloyatdagi barcha milliy-madaniy markazlar vakillari o'zlarining ko'rgazmali chiqishlari bilan ishtirok etdilar.

Aytish joizki, hozir viloyatda 70 ga yaqin millat va elat vakillari istiqomat qilayapti. Ular xalq xo'jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib, ona-Vatanimiz ravnaqiga hissa qo'shayaptilar. Festival doirasida o'tkazilgan “Biz – yagona Vatan farzandlarimiz” mavzuidagi seminarda shular haqida so'z bordi. Bu esa viloyatimizda yashayotgan turli millat va elatlarning tili, urf-odatlari, an'analari e'zozlanayotgani, bu borada milliy-madaniy markazlarning milliy qadriyatlarni tiklash, boyitish yo'lida imkoniyatlar eshigini ochuvchi maskan sifatida samarali faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi.

Lotin alifbosida maqola: Buxorodagi milliy-madaniy markazlar faoliyati haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
XX asr boshida Turkiston...
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
YAPONIYA
Qo'qon xonligining tugatilishi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты