Ahmoniy podsholarining yozma manbalarida qadimgi O'rta Osiyo xalqlari

O'rta Osiyo, jumladan O'zbekiston hududlarida kishilik tarixining Fergantrop odamidan keyin o'tgan ajdodlar tarixining barcha davr va bosqichlariga oid yodgorliklar ham topib o'rganilgan. Bu ko'p asrlik tarixning yuzdan to'qson to'qqiz foizi arxeologik manbalar asosida o'rganiladi. Chunki u davrlarda yozuv bo'lmagan. O'rta Osiyo xalqlari qadimgi tarixi haqida ilk ma'lumot beruvchi dastlabki manba-Avesto bo'lib, birinchi bor uning “Videvdat” kitobida O'rta Osiyoning qadimgi viloyatlari va xalqlarining nomlari tilga olinadi.

O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari haqida Ahamoniy podsholarining qoya toshlarga bitilgan bitiklarida ham tegishli ma'lumotlar uchraydi. O'rta Osiyo xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, kiyim-kechagi va ko'p qirrali hayoti haqida qiziqarli materiallar yunon mualliflari va Xitoy yozma manbaalarida ko'proq uchraydi. Bulardan tashqari arxeologik izlanishlar davomida turli davr va yillarda topilgan mahalliy aholining xorazmiy, bohtariy, sug'diy va “noma'lum yozuv” deb atalmish yozma manbaalari ham borki, ular qisqa va kam bo'lishidan qatiy nazar, O'rta Osiyo xalqlari, jumladan o'zbek etnogenezi uchun noyob ma'lumotlar beradi. Arab, fors va turk yozma manbalarida ham o'zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi uchun qimmatli ma'lumotlar uchraydi. O'rta Osiyo xalqlarining kelib chiqishi masalalarini yoritishda ularning o'rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu yozma manbaalar ichida eng qadimgisi, qadimda O'rta Osiyoda yashagan xalqlar nomini ilk bor tilga olgan yozma manbaa – bu Avestodir.

Avesto zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo'lib, shu dindagi xalqarning axloq, odab, diniy qonun va qoidalar majmuasidir. Dastlab Avesto 21 kitobdan iborat bo'lgan. Bizgacha uning ayrim qismlarigina saqlanib qolgan. Masalan, Yasna, Visparat, Yasht, Videvdat. Yasna kitobi 72 bobdan iborat bo'lib, ulardan 17tasi - “Gotalar” payg'ambar Zaratushtraning “muqaddas madhiyalari” va diniy nasixatlaridan iborat.”Gotalar” Avestoning eng qadimgi qismi bo'lib, undagi Zaratushtraning arxaik ibora va terminlari so'zma-so'z Yasna kitobiga kiritilgan. Shuning uchun tadqiqotchilar “Gotalar” qadimgi eroniy tillarning qaysi lahjasida yozilganligini aniqlash va ularning ma'nolarini chaqish qiyinligidan noliydilar. “Visparat” kitobi 21 bobdan iborat. Unda zardushtiylarning bayram va diniy marosimlarda ijro etiladigan ayrim madhiyalari to'plangan. 21 bobdan iborat “Yasht”kitobida yozuvsiz zamonlarga oid eroniy qabilalarning diniy tasavvurlari, afsonaviy qahramonlar va ulug' xudolarga bag'ishlangan madhiyalar to'plangan. Demak, Yasht boblari qadimgi qabilalar og'zaki ijodi asosida paydo bo'lgan. Videvdat ular ichida birmuncha yosh, lekin to'liq saqlangan kitobdir. U 22 bobdan iborat bo'lib, unda “devlarga qarshi kurash” qoidalari haqida gap boradi.

Zaratushtra. Avestoda aks etgan asosiy qonun va qoidalar, diniy ehtiqodning yetakchi tushunchalari tarixiy shaxs Zaratushtra nomi bilan bog'lik. Uning nomi qadimgi eroncha «zarat» va «ushtra» so'zlaridan tashkil topgan. «Zarat»-sariq, “ushtra”-tuya, ya'ni “Sariq tuya yetaklagan odam” ma'nosini anglatadi. Zaratushtraning boshqalardan farqi shundaki, u o'ta istedodli shoir, ilohiyot bilimdoni, faylaso'f olim bo'lgan. Yagona xudoga ishonishgina jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga ko'tara oladi, deb hisoblar edi u. Zaratushtra 40 yoshga to'lganda ezgulik xudosi Axuramazda nazariga tushadi va shundan boshlab Axuramazda dinining payg'ambariga (“ezgulik haqida darak beruvchiga”) aylanadi. U o'z qavmlari orasida Axuramazda dinini targ'ib qilaboshlaydi. Buning uchun u “Gotalar” deb atalgan, qo'shiq qilib aytishga mo'ljallangan sherlar yaratadi. Zaratushtra “Gotalar”idan 17tasi Avestoning “Yasna” deb atalgan qismiga kirgan va bizgacha saqlangan. Avestoda Zaratushtra urug'ining nomi, ota va onasining ismi, oilasi va farzandlari haqida aniq ma'lumotlar bor. Ammo uning tug'ilgan joyi aniq emas. Olimlarning taxminiy faraz qilishlaricha u Turonzamin viloyatlaridan birida, ya'ni Xorazm yoki Sug'diyonada qohinlar oilasida tug'ilib o'sgan. U Spitama urug'idan bo'lib, otasining ismi-Pourushasp, onasiniki-Dug'dova.

Zaratushtra an'anaviy tasavvurlarga ko'ra, miloddan avvalgi VII-VI asrlar oralig'ida yashagan (I.M.Dyakonov, V.I.Abayev, B.G'.G'ofurov). Ammo, Avesto ma'lumotlariga asoslanib olimlar Zaratushtrani miloddan avvalgi II-ming yillikning ikkinchi yarmida (1500-1200 yillar-Meri Boys, A. Asqarov), miloddan avvalgi I-ming yillikning boshlarida (1000-900 yillar-I.M.Steblin-Kamenskiy) o'tgan, degan fikrlarni ham o'rtaga tashlaganlar.

Avestoga asos solingan yurt uning tarixiy geografiyasiga ko'ra, Marg'iyona Baqtriya, Sug'diyona, Xorazm yoki O'rta Osiyoga chegaradosh shimoliy-sharqiy Eron hududlari bo'lishi mumkin. Chunki, Avestoning eng qadimgi geografik nomlari aynan shu viloyatlardan biri ekanligidan dalolat beradi. Avestodagi qadimgi geografik hududiy tushunchalar – etnik qabilalar va viloyatlar nomlari, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlar, Avesto jamiyatining ijtimoiy tarkibi O'rta Osiyo xalqlari etnogenezi va ilk davlatchilik tarixi uchun noyob manbaadir. Unda o'zbek va tojik, fors va afg'on, ozarbayjon va boshqa xalqlarning ibtidoiy va qadimiy ilohiy tasavvurlari, qoinot va yerdagi dunyoning yaratilishi bilan bog'lik tushunchalar, afsona va rivoyatlar, falsafiy-ahloqiy qarashlar o'z aksini topgan. Avestoda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. Avesto jamiyati to'rt ijtimoiy bosqichdan iborat: patriarxal oila jamoasi-nmana, patriarxal urug' jamoasi-vis, qabila jamoasi-zantu va qabilalar ittifoqi-daxg'yu. Dax'yu viloyat, mamlakat ma'nosini ham anglatgan. Oila, urug', qabila boshligini anglatish uchun “pati” (ota) so'zi ishlatilgan. Demak, oila boshligi-nmanapati, urug' oqsoqoli-vispati, qabila boshligi-zantupati, mamlakat sardori-dax'yupati deb yuritilgan. Mamlakatni idora qilgan shaxs “kavi”, ya'ni diniy, dunyoviy xokimiyat egasi bo'lib, uning harbiy sarkardasiga “sastar” so'zi ishlatilgan. Sastar odatda dahyu paytaxtining hokimi bo'lgan, mamlakat harbiy holatda bo'lgan kezlarda uning zimmasiga harbiy ko'mondonlik vazifasi yuklatilgan. Avestoda yozilishicha, sastar dax'yu okruglaridan birini boshqarishi ham mumkin bo'lgan. Demak, uning vazifasiga mamlakat harbiy kuchlariga ko'mondonlik qilish va paytaxt yoki o'lkani boshqarish kirgan.

Sastar va kavi atamalari iqtisodiy hayoti dehqonchilik xo'jaligi asosida qurilgan mamlakatlar boshqaruv tizimida uchraydi. Chorvadorlar jamoasida esa kavi va sastar vazifalarini qabila jabg'usi bajargan. Avesto jamiyati tarkibining eng yuqori bosqichi – dax'yu enogenez nuqtai zararidan yondashilsa – bu nafaqat yirik hududiy birlik, balki ma'lum bir etnik birlikning mahmuriy hududi hamdir. Shunday hududiy etnik birliklardan 16 tasini nomlari Avestoda tilga olinib, ularning har biri o'z navbatida muayyan xalqlar nomi bilan bog'lik etnik birliklardir.

Avesto jamiyatining hududiy tarkibida bir necha dax'yularni siyosiy jihatdan uyushtirgan dax'yular konfederatsiyasi bo'lgan. Ularning tepasida dax'yu sasti turgan. Dax'yu sasti - bu dax'yuning davlat darajasiga o'sib chiqqan bo'g'ini. Masalan, Ahamoniylarga qadar xorasmiylar yetakchilik qilgan siyosiy uyushmani (Yasht, 10 bob) dax'yu sasti konfederatsiyasi deyish mumkin. Markvard mana shu siyosiy uyushmani “Katta Xorazm” deb atashni taklif qilgan edi.

Yozma manbaalarda Ahamoniylarga qadar “Qadimgi Baktriya podsholigi” bo'lganligi haqida ma'lumotlar uchraydi. Xatto, uning tarkibiga Marg'iyona va Sug'diyona viloyatlari ham kirganligi haqida qarashlar mavjud. Bu siyosiy davlat uyushmasiga Baktriya yetakchilik qilgan. Ammo dax'yu sasti qo'l ostidagi podsholik xali mutloq hokimiyat egasi emas edi, uning huquqlari dax'yupatilar tomonidan cheklangan edi. U faqat dax'yupatilardan tashkil topgan kengashni raisi, dax'yu sasti uyushmasining huquqi “xanchamana” tomonidan cheklangan podshosi. Bu siyosiy uyushmaning tepasida diniy rahbari, oliy sudg'yasi bor. U zaratushtroema deb ataladi. U payg'ambar Zaratushtra darajasidagi oliy diniy boshliq. Uning roziligisiz dax'yupatilar va dax'yu sastilar hokimiyat tepasiga kela olmaydilar.

Ezgulik xudosi Axuramazda yaratgan mamlakatlarda oqsoqollar kengashi “varzana”, “xanchamana”, umum jamoa majlisi esa “vhyaxa” deb yuritilgan. Avestoda shahar yoki shahar jamoasi degan tushunchalar uchramaydi. Avesto qadimgi jamiyat ahzolarini to'rt taifaga bo'ladi: qohinlar, jangchi askarlar, chorvadorlar va xunarmandlar (Yasna kitobi, 19-bob). Avestoda tilga olingan “baland uylar”, “ustunlar” iboralari Avesto jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy asosida bronza davri dehqonchilik jamoalarining hayotiy manzarasi yotadi.

Darhaqiqat, agar o'sha davr jamiyati a'zolari tarkibini tahlil qiladigan bo'lsak, qadimgi dehqonchilik mintaqalarida dastlab boshqaruv tizimining tepasida qohinlar turgan. Ular “chorva va keng yaylovlar egasi”. Jangchi askarlar bu oriylar bo'lib, qohinlardan keyingi mulk egalari. Avestoda asosiy boylik chorva hisoblangan. Zaratushtra o'z ta'limotida “Chorvaga yaxshi ega kerak. Ushbu yerdagi chorva egalariga men erkin yurishni va erkin hayotni tahmin qilaman” deydi (Yasna, 24. Gotalar). Ana shu erkin hayot egalari oriylar edi. Avestodagi chorvadorlar toifasi esa qohinlar va jangchi oriylar boyligi - chorva mol-qo'ylari va yilqilarini boquvchi cho'ponlardir.

Xunarmandlar toifasiga kelsak, ular mehnat va harbiy qurollar, zargarlik, kulolchilik va to'qimachilik kasbini ziroatchilikdan ajralmagan holda olib boruvchi, ya'ni xo'jalik yurituvchi dehqonchilik jamoalaridir. Ammo, Avestoning Yasna va Yashtlarida dehqonchilik haqida ma'lumotlar uchramaydi. Bunday ma'lumotlar Avestoning Videvdat kitobida bor (Videvdat, 3-bob).

Avestoda diniy va ahloqiy falsafiy qarashlar. Zaratushtraning diniy falsafasi karama-qarshi kuchlarning kurashiga asoslangan. Bu kurash xudolar o'rtasida boshlanib, tabiyotda va insonlar hayotida ham davom etadi. Aholi joylashgan dunyoni zardushtiylar 7 ta tabiiy qismlarga bo'lganlar. Bu dunyoning tarixi 12 ming yil davomida rivojlanadi, deb faraz qilganlar. Ular dunyo rivojini to'rt bosqichga bo'lib, har bir bosqich 3 ming yilni o'z ichiga olgan. Birinchi bosqich-ko'rinmas ma'naviy dunyo; ikkinchisi-erda odamzod hayotini boshlanishi, ya'ni Gavamard (islomda Odam ato) ning payda bo'lish davri; uchunchisi-“oltin davr”, ya'ni oriylarning tarix maydoniga chiqish davri; to'rtinchisi-payg'ambar Zaratushtra vafotidan keyingi davr. Dunyo tarixining ikkinchi bosqichida yovuzliklar ilohi Axriman (islomda Shayton) faoliyati boshlanadi. Axriman Gavamardni o'ldiradi, ammo undan tarqalgan erkak va ayol insoniyat urug'ini davom ettiradi. Avestoga ko'ra, oriylar Gavamard farzandlaridan tashkil topgan. Oriylarni Avesto turlarining aslzodalari sifatida tasavvur qilish mumkin. Uchinchi bosqich Yima (Jamshid) podsholik qilgan “oltin” davr bo'lib, bu davrda odamlar bahtli hayot kechirganlar. Dunyo aholisi bir necha bor ko'paygan, qushlar va hayvonlar yashashi uchun sayhon (odam oyog'i yetmagan) yerlar qolmagan. Axuramazda maslaxatiga ko'ra, Yima har 300, 600 va 900 yil davomida insonlar yashaydigan yerlar chegaralarini kengaytirib borgan. Yima sovuq va suv toshqiniga qarshi “vara”- to'rtburchakli qal'a qurishga asos solgan. Demak, bu davr arxeologik davriy tizimda bronza va ilk temir davriga to'g'ri keladi. Dunyo tarixining to'rtinchi bosqichida insoniyatni yovuz kuchlardan xalos etuvchi, qutqaruvchi Saoshhyant ismli shaxs paydo bo'ladi, yer yuzini yomonliklardan tozalaydi, gunoh ish qilgan va qiluvchi odamlarni yo'q qiladi. Aynan shu davrda bohodirlarga hamdu-sanolar to'qish, hayot va o'lim falsafasi, xalq og'zaki ijodiyati kelib chiqadi. Bu davr kishilik tarixida “harbiy demokratiya davriga” to'g'ri keladi. To'rtinchi davrning so'ngida “oxirgi zamon “ boshlanadi.

Zaratushtraning diniy ahloqiy falsafasida iymonli bo'lish, buning uchun doimo toza, pok yurish, iblislarga qarshi harakatlar qilish, gunoh qilmaslik, ezgu fikr, egu so'z, ezgu amallar bilan yashash har bir zardushtiyning kundalik hayot faoliyatining mazmun va mohiyatini tashkil etish kerak. Axuramazda bashoratlarida jahannam ”hayotning eng yomon onlari”, osmon esa “ruhning eng yuksak holati” sifatida ifodalanadi. Olamdagi yomonlik va yovuzliklar odamlarning iymonsizligidan kelib chiqadi. Ularni bartaraf etish, bu istiqboldagi vazifa bo'lib, iymonli kishilar bularni bartaraf etishda faollik ko'rsatishlari kerak, deyiladi.

Zardushtiylik dinida iymon uch tayanchga asoslanadi: fikrlar sofligi, so'zning sobitligi, amallarning insoniyligi. Avestoda “bergan so'zning uddasidan chiqish, unga sodiq qolish, savdo-sotiq va shartnomalarga qatg'iy amal qilish, qarzni o'z vaqtida to'lash, aldamchilik va hiyonatdan holi bo'lish iymonlilik alomatidir” deyilgan. Zaratushtra falsafasiga ko'ra, odam o'lgach, uning ruhi 3 kun o'z tanasida bo'ladi, to'rtinchi kunida g'o'zal qiz qiyofasidagi farishta kuzatuvida narigi dunyoga “chinvot” (qil ko'prik) ko'prigidan o'tib jannatga ketadi. Gunohkorlar esa chinvotdan o'tolmay jahannamga g'arq bo'ladilar. Yaxshilar esa yana yangi tanalarda yashashni davom ettiradilar.

Avesto bu borliq dunyoni odam uchun sinov maydoni, deb tushuntiradi. Zero, insoniyat, dastlab, Yima podsho bo'lgan davrlarda azaliy-abadiy baxt-saodat makonida kasallik va o'lim ko'rmay, oltin asrni boshidan kechirgan. Yima ming yil podsho bo'lib, jannat makon yurt yaratgan. Unda mag'rurlik g'olib kelib, Axuramazda man etgan taom-qoramol go'shtini yeb qo'yadi va jazoga tortiladi. Natijada uning avlodlari, ya'ni barcha odamzod tirikchilik dardi – tashvishlariga giriftor bo'ladi, ya'ni yoyish-ichish zaruriyatiga, kasalliklar va o'limga yuzma-yuz bo'ladi. Axriman Axuramazda tanasidan ajrab chiqib, yovuzliklar yaratishga tutinadi. Endi, dunyoni azaliy ezgulik bag'riga qaytarishning birdan bir yo'li pok hayot, halol mehnat, yaratuvchilik, yovuzlikni qalbdan chiqarib tashlash, iymonli ehtiqodli bo'lish, miskinlarga yordam berish, yaxshi niyat, yaxshi so'z va yaxshi amallarga qo'l urishdir. Shunday qilib, Avesto dunyodagi eng qadimgi din-zardushtiylik ta'limotini ahloqiy falsafasi, bu kitob nafaqat diniy, balki keng ma'noda tarixiy va adabiy manba, ajdodlarimizning uzoq o'tmish tarixi va tafakkur taraqqiyotining qomusiy yig'indisidir.

Yakuniy xulosa. Avesto tahliliga yakun yasab shuni aytish mumkinki, bu ilohiy, tarixiy, adabiy manbaa o'zida bir necha davr tarixini qamrab olgan. Uning eng qadimgi qatlami “Gotalar” (muqaddas qo'shiqlar) Zaratushtra yashagan zamonda tarkib topgan. “Gotalar”da bayon etilgan vokealar tahlili, uni bronza davrida yaratilganligidan guvohlik beradi. “Yasht”larda arxaika va ilk antik davri ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi mujassamlashgan bo'lib, uning tarkibiga “Gotalar” davri vokealari omuxtalashtirilgan. Davr jihatidan ulardan yosh hisoblangan Videvdat esa sosoniylar davrida (Shopur 1 davrida) taxrir qilinib kitob holiga keltiriladi. Bunda an'anaviy diniy, falsafiy va ahloqiy qarashlar davr ruxi bilan omuxtalashgan. Har qalay, Avestoni bir butunlikda tahlil etganda shunisi aniqki, Zaratushtra yashagan zamonga qadar ibtidoiy ajdodlarimiz turli qabilaviy diniy tasavvurlarga amal qilib kelishgan. Endi esa ibtidoiy munosabatlar o'rnini dastlabki sinfiy jamiyat egallayotgan davr boshlandi. Bu davrning shakllanishi uchun kuchli mafkuraviy g'oya zarurligi sezila boshlandi. Chunki, mahalliy qabilaviy dinlar jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichga ko'tarilishiga to'sqinlik qiluvchi kuchga aylangan edi. Bu murakkab zamonda o'lkaning turli qabilalarini birlashtirish, bu orqali ularni ilk davlatchilik g'oyasi atrofiga uyushtirish zaruriyati tug'ildi. Ana shunday zaruriyatni to'g'ri tushungan o'z zamonasining ilgor kishilardan biri sifatida Zaratushtra tarix maydoniga chiqdi.

U o'z qavmi, yurti Turonzaminda o'ziga izdoshlar topa olmagan Zaratushtra shimoliy-sharqiy Eron viloyatlaridan biri Baxdida, uning kavisi Vishtasp, butun xonadoni va ayonlari tomonidan yaxshi kutib olinadi va shundan so'ng uning dini rivoj topadi.

Biz yuqorida Avesto jamiyati nmana, vis, zantu va dax'yulardan tashkil topganini ko'rdik. Ana shu qadimgi jamiyat tizimining eng yuqori bosqichi dax'yuga etnogenez nuqtai nazaridan yondashilsa, dax'yu nafaqat yirik hududiy birlik, balki ma'lum bir etnik birlikning mamuriy hududi hamdir. Shunday hududiy etnik birliklardan 16 tasini, masalan, Gava Sug'uda, Baxdi, Mauri, Xoroyeva, Tur va boshqalarni, nomlari Avestoda tilga olinadi. Ularning har biri o'z navbatida muayyan xalqlar nomlari bilan bevosita bog'lik etnik birliklardir. Aynan, ana shu Avesto manbasi tufayli qadimda O'rta Osiyo hududlarida tub joyli sug'diy, bohtariy, xorazmiy, marg'ush, tur (sak) qabilalari yashaganligini bilamiz. Demak, Avesto ma'lumotlari o'zbek xalqi etnogenezini o'rganish uchun ham noyob yozma manba hisoblanadi.

Doro 1 davrida Karmanshoh va Hamadan shahri o'rtasidagi yo'lda baland qoyatoshda qadimgi fors, elam va akkad tillarida bitilgan. Yozuvda shoh Doro 1 habar qiladi: “Men-Doro, ulug' podsho, shahanshoh, mamlakatlar podshosi, Vishtasp o'g'li, Arshan nevarasi, Ahamoniy. Axuramazda irodasi bilan kuyidagi davlatlarni qo'limga kiritib, ularning podshosi bo'ldim: Fors, Elam, Bobil, Ossuriya, Arabiston, Misr, Lidiya, Moniya, Armaniston, Kappadokiya, Parfiya, Drang'iyona, Arg'ya, Xorazm, Baktriya, Sug'diyona, Gandxara, Saka, Sattagadiya, Araxoziya, Maka. Hammasi bo'lib 23 davlat”. Shoh Doro 1 davom etib, “Men Bobilda bo'lganimda, kuyidagi davlatlar mendan ajralib chiqib ketganlar: Fors, Elam, Midiya, Ossuriya, Misr, Parfiya, Marg'iyona, Sattagodiya, Saka”. Behistin yozuvida yana kuyidagi habarlarni o'qiymiz: “Marg'iyona nomli davlat mendan ajralib chiqib ketdi. Marg'iyonalik Frada ismli bir odam o'zini viloyatning hokimi deb e'lon qildi. Keyin men, Baqtriya satrapi, bo'ysunuvchi odamim fors Dadarshishni chaqirib, unga gapirdim: “Menga bo'ysunmaganlarni tor-mor qilish kerak”. Dadarshish qo'shinlari bilan otlanib, marg'iyonaliklar bilan jang qildi. Axuramazda menga yordam ko'rsatdi. Axuramazda irodasi bilan mening qo'shinlarim qo'zg'olonchilarni butunlay mag'lubiyatga uchratdi.... Mana men Baqtriyada nimalarni qildim”. Podsho Doro 1 yana o'z yutuqlari haqida so'zlashni davom ettirib, deydiki: “Bundan so'ng men saklarga qarshi ular yurtiga bostirib bordim, ularning o'zlari cho'qqi qalpoq kiyib yuradilar. Men daryoga yetib keldim. Ularning sardori Skunxa ismli odamni tutib, mening huzurimga keltirdilar. Men o'z xohishim bilan saklar yurtiga yangi boshlik tayin qildim. Shundan so'ng mamlakat mening qo'l ostimga o'tdi”.

Doro 1 Behistun yozuvlarida Ahamoniylar davlatining g'arbiy viloyatlarini ko'rsatib bergan bo'lsa, Naqshi Rustam yozuvlarida mamlakatlar ro'yxati Midiya va Elamdan so'ng sharqiy viloyatlardan boshlanadi. Doro so'zi: “Men-Doro, ulug' podsho, shahanshoh, ko'p qabilala mamlakatlarning podshosi, keng sayhon yerlarning podshosi, Vishtasp o'g'li, Ahamoniy, fors, forsning o'g'li, oriylar urug'idan kelib chiqqan oriy. Fors viloyatidan tashqari kuyidagi mamlakatlarni men bo'ysundirganman, menga xiroj to'lovchi bo'lgan, mening so'zimni ijro etgan, mening qonunimga asoslanib rivojlanayotgan: Midiya, Elam, Arg'ya, Baqtriya, Sug'diyona, Xorazm.... Saka Xaumavarka, Saka Tigraxauda...dengizdan narigi yerdagi saklar”.

Doro 1 ning Suza shahridagi podshoh saroyida o'rnatilgan xaykalidagi yozuvlarda Baqtriya, Sug'diyona va Xorazmdan tashqari “balchiq va tuproq o'lkasi saklari” tilga olinadi. Suzadan topilgan yana bir yozuvda Doro 1 e'lon qiladi: “Suzadagi saroyni men bino qilganimda uning bezaklari uzoq yurtlardan olib kelingan. Uaka yog'ochi –Ganxaradan, oltin – Sard va Baqtriyadan, yaltiroq toshlar va lojuvard- Sug'diyonadan, firuza-Xorazmdan, kumush va bronza – Araxoziyadan, tosh ustunlari-Elamdan yetkazib berilgan”.

Persepol (Taxti Jamshid) shahrida Doro va Kserks saroyiga olib boruvchi tosh pilla poya devorlariga Eron ahamoniylariga tobe mamlakatlardan xiroj olib kelgan vakillar suratlari burtma uslubda ishlangan. Xaykaltarosh har bir mamlakatdan kelgan vakillarni savg'a-salomlari bilan shunchalar real tasvirlaganki, ularni qaysi bir xalqqa tegishli ekanini aniqlash qiyin emas. Chunki, suratlarda ularning qiyofasi, qiyim-boshlari, qurollari, xatto ularga xos an'anaviy hayvon suratlari ham o'z aksini topgan. Maslan , Sug'diyonadan kelganlar devoriy suratlarda 8-qatorni tashkil etadi. Ular yetti kishidan iborat bo'lib, shohga kumush idishlar, ipak matolari, noma'lum hayvon terisi (Sher bo'lsa kerak) va ikki qo'yni yetaklab kelayotgani tasvirlangan. O'n birinchi qatorda cho'qqi qalpoq kiygan tigraxauda saklari tasvirlangan. Ular kiyim-boshlarni ko'tarib, dasht otini yetaklab bormoqdalar. O'n beshinchi qatorda baqtriyaliklarning besh vakili asl metalldan ishlangan qimmatbaho idishlarni ko'tarib va ikki urkachli tuyani (bakrianani) yetaklab bormoqda. O'n yettinchi qatorda xorazmliklar, ularning qo'llarida dudama xanjar, jangavor harbiy bolta, bilaguzik va jiyron otni yetaklab bormoqdalar.

Shunday qilib, Persepol suratlari Sug'diyona, Baqtriya, Xorazm xalqlari va sak qabilalarining nafaqat kiyim-boshlari va ularga xos xunarmandchilik haqida, balki bizni qiziqtirgan jabha-O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari etnik tarkibi to'g'risida noyob ma'lumotlar beradi. Shuningdek, O'rta Osiyoning tub joyli aholisi to'g'risidagi tasavvurlarimizni boyitadi. Umuman olganda, Ahamoniy bitiklarida qadimda yashagan yurtimiz xalqlarining viloyatlari, xalqlarining nomlari, siyosiy jarayonlar (Frada qo'zg'oloni), saklar yurtiga qarshi yurishlar, iqtisodiy hayot va moddiy madaniyat to'g'risida ilmiy manbaviy ma'lumotlarga ega bo'lamiz.

Lotin alifbosida maqola: Ahmoniy podsholarining yozma manbalarida qadimgi O'rta Osiyo xalqlari haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
KIYIM
TOSHKENT
YOZUV


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты