O'rta Osiyoning qadimgi aholisi etnik tarkibini mahalliy yozma manbalarda aks etishi

O'rta Osiyoda arablar bosqiniga qadar ham qadimgi yozuvlar bo'lgan. Ular asosan arxeologik izlanishlar davomida turli yillarda topilgan mahalliy aholining xorazmiy, bohtariy, sug'diy, qadimgi turkiy va “noma'lum yozuv” deb atalmish noyob yozma yodgorliklaridir. Ular Parfiya davlatining poytaxti Eski Nisadan topilgan podsho arxivi, Tuproq qaladan topilgan qadimgi Xorazm podsholarining arxivi, Mug' qala qasridan topilgan sug'd xujjatlari, Baqtriya hududlaridan topilgan diniy, ahloqiy-falsafiy mazmundagi ibodatxona jujjatlaridir. Ulardan tashqari qadimgi samarqandliklarga tegishli Do'nxuandan topilgan oilaviy xatlar, Afrasiyobdan topilgan savdo qarz tilxati va elchilik nomalari, tangalarga yozilgan yozuvlar, “noma'lum yozuv” sifatida bizgacha yetib kelgan qadimgi turkiy yozuvlardir. Ular toshga, sopolga, charmga, yog'ochga, metalga, qog'ozga va boshqa buyumlarga bitilgan tekstlar, shaxsiy maktublar, xo'jalik, huquqiy va diplomatik xujjatlar, diniy, axloqiy-falsafiy tekstlarning parchalari hamda ko'plab numizmatika materiallari, ya'ni tanga yozuvlari bo'lib, ular qisqa va juda kam bo'lishidan qatiy nazar, O'rta Osiyo xalqlari, jumladan o'zbek xalqi tarixi va madaniyatini o'rganish uchun qimmatli ma'lumotlar beradi.

Xo'sh bu yozuv namunalari O'rta Osiyoda qachon paydo bo'lgan, umuman insoniyat qachon yozuvni kashf etib, sivilizatsiyalar tarixini boshlab berdi? Tarixdan ma'lumki, yozuv kishilik jamiyati hayotida 5 ming yillik tarixga ega. Yozuv dastlab suratli yozuv sifatida Misrda paydo bo'ldi, ya'ni gramatik va semantik aniqlagich belgilari (determinativlar)dan iborat iyerogliflar yaratildi. So'ng qadimgi Shumerda so'z va bo'g'in ifoda etuvchi mixxat yozuv tizimi shakllandi. Miloddan avvalgi II ming yillik o'rtalarida O'rta yer dengizining sharqiy sohillarida tarkib topgan davlatlarda savdo rivojlanadi. Savdo-sotiq ishlarida yozuvga bo'lgan talab oshadi. Ayniqsa, O'rta yer dengizi Sharqida, Shom (Suriya) o'lkalarida milodiy eradan avvalgi XIII-XII asrlargacha qo'llanib kelingan bo'g'inlab yozishga mo'ljallangan mixxat yozuvlar tajribasidan foydalanib, finikiyalilar jahon ahamiyatiga molik yozuvni ixtiro qiladilar. Bu yozuv tarixda birinchi bo'lib, inson nutqi ayrim tovush birliklaridan iborat ekanligini, shu tovushlar birikmasidan so'zlar hosil bo'lishini tushunib yetadilar. Ular har bir nutq tovushini alohida, lekin doim bir shaklda chiziladigan harf-belgi orqali ifodalanishini hayotga olib kirishadi. Shunday qilib, finikiyaliklar alifboni ishlab chiqishdi. Ammo ular alifbosida unli belgilar uchun maxsus harflar yo'q edi. Bu an'ana qadimgi Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan, arablarda esa bu hozirgacha bor.

Ana shu yozuvdan taxminan miloddan avvalgi 1000 yillar atrofida oromiy yozuvi ajrab chiqib, o'zining ilk bosqichida (miloddan avvalgi X-VII asrlar) finikiya yozuvi chizma shakllari oromiy tili doirasida katta sinovdan o'tadi. Bu yozuv namunalari toshlarga bitilgan ahamoniy podsholarining (mil. avv.VI-IV asrlar) kitobalari bo'lib, bu bitiklar oromiy yozuviga katta nufuz beradi. Bu nufuz ahamoniylar davlati doirasida mahkama tili va yozuvi sifatida ko'zga tashlanadi, ya'ni oromiy yozuvining xalqaro nufuzi Bexustun qoyatosh bitiklarining mashxur “70 bandi”da o'z aksini topgan. Ushbu tosh kitobada Doro I, unga tobe mamlakatlarga oromiy yozuvida buyrug'ini tarqatgan. Bu buyruq oromiy yozuvi haqida bo'lib, unda “bitikni boshqa qilib oriycha tuzdim, bunaqasi ilgari bo'lmagan edi. Keyin esa bu yozuvni (barcha) yurtlarga tarqatdim. Uni xalqlar qabul qildi”, deydi. Oromiy yozuvida ham unli tovushlar yo'q. Undosh tovushlarni yoza oladigan ibodatxona xodimlari so'zlardagi unlilarni hayolan tiklab o'qiydilar. Bunday o'qish yozuv tarixida kvazialfavit deyilib, oromiy kvazialfavitidan parfiya, xorazmiy, bohtariy, sug'diy yozuvlari paydo bo'ladi. Demak, ularda ham unli tovushlar yo'q. Oromiy yozuvi va unga asoslangan boshqa yozuvlar alfaviti 22 ta harf-belgi asosida qurilgan.

Faqat Panjikent saroy harobasidan topilgan sopol taxtachada, ya'ni alifboda 23 ta harf-belgi ko'rsatilgan.

Qadimgi yunonlar Finikiya yozuviga asoslanib, ulardan farq qiladigan o'z alifbosini ishlab chiqishgan. Yunon alifbosi 25 harfdan iborat. Yunon alifbosini Finikiya alifbosidan muhim farqi shundaki, yunon yozuvida unli harflar ham bor. Yunon yozuvi asosida rimliklarning lotin alifbosi ishlab chiqildi va u keyinchalik dunyo xalqlari lotin alifbosi asosida o'z yozuvlarini ishlab chiqadilar. Oromiy yozuvi esa Sharqning uzoq o'lkalarigacha kirib borib, eroniy, turkiy va mo'g'uliy tilli xalqlarning yozuviga asos bo'lgan. Sug'd yozuvi asosida qadimgi turk yozuvi paydo bo'lgan. Undan uyg'ur, mo'g'ul va manjur yozuvlari o'sib chiqqan. Uyg'ur yozuvi doirasida kvazialfavit xususiyati yo'qatilib, so'z tuzilishida unlilarni ifodalash boshlandi. Bu tajribadan mo'g'ul va manjur yozuvlari foydalanib, o'z yozuvlariga unli tovushlarni kiritishgan.

O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari oromiy alifbosi asosida o'z yozuvlarini kashf etgach, mahalliy aholining ma'noviy-ahloqiy qarashlari, xo'jalik va huquqiy xujjatlari, oilaviy yozishmalar, savdo-sotiq va tanga pullaridagi yozuvlar shu yozuvlarda olib borilgan. Afsuski, ularning aksariyati turli sabablarga ko'ra bizgacha yetib kelmagan. Buyuk Abu Rayxon Beruniy o'zining “O'tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asarida ta'kidlaganidek, u yozuvlarda bitilgan asarlar diniymi yoki dunyoviy arablar istilosi davrida yo'q qilingan. Ularning borligi haqidagi ma'lumotlar esa arxeologik qozishmalar vaqtida ahyon va ahyonda uchrab turadigan topilmalarga asoslangan. Ular kuyidagi yozuvlardir:

Qadimgm Xorazm yozuvi. Shimoliy Xorazmda “Katta Oybuyir qal'a” yodgorligidan xum qorniga yozilgan oromiy yozuvi nusxasi topilgan. Bu O'rta Osiyodagi oromiy yozuvining eng qadimgi namunasi bo'lib, ushbu xum miloddan avvalgi V asrga oid. Unga nima yozilganligi noma'lum, chunki u o'qilmagan. Mahalliy aholi oromiy alfavitidan foydalanib, qadimgi Xorazm tiliga moslab kashf etgan xorazmiy yozuvining namunasi miloddan avvalgi IV asrning oxiri – III asr boshlariga oid yodgorlik Qo'y qirilgan qal'aan topilgan, u atigi bitta so'zdan, ya'ni sopol parchasiga yozilgan “ASPABAREK” so'zidan iborat bo'lib, u otlik askar, sipohiy degan ma'noni beradi. Xronologik jihatdan navbatdagi xorazmiy yozuvi milodiy I-VIII asrlar oralig'ida zarb etilgan qadimgi Xorazm tangalarida uchraydi. Tangalarda Vazamar, Artamax, Sanobar degan qadimgi Xorazm podsholarining nomlari yozilgan. Uchunchi gurux yozuvlar Tuproq qaladagi qadimgi Xorazm podsholarining arxividan topilgan. Ular teriga, yog'ochga va g'isht taxtakachlarga yozilgan 114 parcha xo'jalik xujjatlari, ya'ni tevarak-atrof qishloqlardan keltirilgan qishloq xo'jalik mahsulotlarining miqdoriy ruyxati, kirim-chiqim buxgalteriya hisobi va boshqalar bo'lib, ular milodiy III-IV asrlarga tegishli edi. Qadimgi Xorazm yozuvining to'rtinchi guruxi VI-VIII asrlarga oid bo'lib, bular kumush qadaxchalardan iborat. Ularning sirtiga usta va egasining nomi bitilgan. Beshinchi gurux yozuvlar To'qqaladan topilgan ossuariylar sirtiga yozilgan. To'qqala yozuvlari butun bir kutbxona. Nihoyat oltinchi gurux yozuvlar Mizdaxkan yodgorliklar majmuasidagi Govur qal'adan topilgan.

Parfiya yozuvi. Parfiya davlatining poytaxt shahri Mixrdatkirt qaladan (Eski Niso) sopolakka yozilgan 2700 dan ko'proq sopol parchalari topilgan. Ushbu yozuv parchalari asosan xo'jalik xujjatlari bo'lib, ularda ko'proq vino haqida, vino keltirilgan qishloq nomlari, vino miqdori va boshqalar yozilgan. Parfiya yozuvi oromiy yozuvi asosida podsho Mitridat I davrida (miloddan avvalgi II asr o'rtalarida) ishlab chiqilgan, u 22 ta harflardan iborat. Bu yozuv miloddan avvalgi II-III asrlarda mamlakat bo'ylab keng tarqalgan bo'lib, shu davrda Mixrdatkirt shahrida davlat arxivi tashkil topgan. Parfiyada o'z tilida yozilgan yozuvdan tashqari, yunon tili va yozuvi ham muomilada bo'lgan. Parfiyada mutaxasislar ta'kidlashicha, 2800ga yaqin oromiy tilida yozilgan yozuv parchalari topilgan.

Bohtariy yozuvi. Miloddan avvalgi IV asr oxirigacha qadimgi Baqtriya hududlarida oromiy yozuvi ishlatib kelingan. Keyin Baqtriyada maxkama tili va yozuvi yunoncha bo'lgan. Taxminan, miloddan avvalgi III-II asrlar chegarasida oromiy yozuvi asosida bohtariy yozuvi ishlab chiqiladi, degan ilmiy farazlar mavjud. Chunki Oyxonimda miloddan avvalgi II asr birinchi yarmiga tegishli bohtar yozuvi topilgan. Qadimgi Baqtriyada o'sha asrlarda bir vaktni o'zida boxtar va yunon tili va yozuvi, braxma va kxorashta yozuvlari ham muomilada bo'lganligi haqida yozma va numizmatika materiallari topilgan.

Numizmatika materiallari orasida Yunon-Baqtriya podsholari rasmi hamda yunon yozuvi bitilgan ko'plab tangalar topilgan. Dastlabki kushon podsholari Yevkratid va Geliokl tangalariga taqlid qilib tanga zarb qila boshlaydilar. Bu tangalarning old tomonida noma'lum shohning boshi, orqa tomonida yunonlar xudosi Zevsning xaykali tasvirlangan. Muhimi shundaki, bu tangalarning asosiy qismi Surxondaryo yodgorliklarida topilgan. Materiallar tahliliga ko'ra, bu tangalar Dalvarzintepada zarb qilingan. Taxmin qilinishicha, bu tangalar Guyshuan hokimlari tomonidan zarb ettirilgan. Dastlab bu tangalarning orqa tomonida yunon xudosi Zevs tasvirlansa, tekshirishlar shuni ko'rsatdiki, vakt o'tishi bilan tanganing orqa tomoniga endi Zevs o'rniga otning surati zarb qilinaboshladi. Tangaga joylashtirilgan ot surati yangi davlat paydo bo'lganligidan dalolat beradi. Bunday tangalar hozirgacha asosan Surxondaryo yodgorliklaridan topilmoqda. Demak, dastlabki kushon davlati shimoliy Baqtriyada tashkil topgan, uning poytaxti esa aynan Dalvarzintepa bo'lgan. Tangalarda otning tasvirini paydo bo'lishi bilan uning old tomonidagi noma'lum shoh surati o'rnida aniq shoh tasviri paydo bo'ladi. Uning yuz qiyofasi Holchayonda topilgan xaykallarga o'xshab ketadi.Tanganing orqa tomonida endi otning o'zi emas, otlik, ot mingan kishi tasviri tushirilgan. Bu yerda yunon harflari bilan bitilgan to'rtta so'z ham bor. Birinchi so'z-hukmdor, ikkinchi so'z-Geray, uchinchi so'z-haligacha o'qilmagan, to'rtinchi so'z-kushon deb o'qiladi. Shunday qilib, guyshuan-kushon urug'idan bo'lgan birinchi hukmdorning nomi ma'lum bo'ldi. Afsuski, hozirgacha Gerayning hukmdorlik vaqti aniqlanmagan. Taxmin qilinishicha, u mil. avv. I asrning II-yarmida hukmronlik qilgan. Xitoy manbalarida Kudzulo Kadfisning podsholigi yuechji qabilalari Baqtriyaga kelib, yuz yillarcha vaqt o'tgach, Guyshuan 5ta yuechji kabilalarini birlashtirib, Guyshuan podsholigini tashkil etganligi haqida xabar beriladi. Demak, Geray Kudzulagacha Guyshuanga hokimlik qilgan. Kudzula Kadfis esa uning o'g'li yoki nabirasi bo'lib chiqadi.

Shunday qilib, kushonlar davlat tepasiga kelgach, bohtar tili va yozuviga katta yo'l ochiladi. Kanishka davrida bohtariy tiliga davlat maqomi berilib, bohtar tili va yozuvi barcha sohalarga kirib boradi va yunon tili va yozuvini siqib chiqaradi. Budda dini ibodatxonalari peshtaxtalarida bohtar tili va yozuvida Kanishka va uning vorislarining farmonlari o'z aksini topadi. Masalan, sulolaviy ibodatxonalar hisoblangan Surx-katal va Rabatak ibodatxona peshtaxtalaridagi yozuvlar bunga misol bo'la oladi. Xatto, Kanishka Rabatak ibodatxonasi devorlarida ajdodlari va o'zini suratini ishlatgan va ularning nomlari keltirilgan. Ajdodlar ruyxatida (Kudzulo Kadfis, Vima Takto, Vima Kadfis) uning bobosi sifatida Vima Takto ismi keltiriladi. Rabatak sulolaviy ibodatxonada Kanishkaning bobosi Vima Takto nomini birinchi bor keltirilishi tarix fani uchun sensatsiya edi. Ungacha kushon tangalarining orasida ismsiz shoh Soter Megas nomi bilan tangalar mavjudligini bilamiz. Ammo, u tangalar Vima Taktoga tegishlimi yoki Vima Kadfisgami? Bu muammo edi. Bizningcha, nomsiz shoh tangalari Vima Taktoga tegishli bo'lsa kerak. Chunki, Vima Kadfis nomida zarb etilgan tangalar bor. Shunday ham bo'lsin, u holda nima uchun Vima Takto o'z ismi bilan tanga zarb ettirmay, ismsiz shoh nomi bilan pul chiqartirgan. Bu masala ham hozircha muammo bo'lib qoladi. Rabatak yozuvining yana bir muhim jihati borki, u ham bo'lsa, Kushon podshosi Kanishka o'zi va sulolaviy ajdodlarining kelib chiqishini oriylardan ekanligini ta'kidlab o'tadi. Bu ma'lumot o'zbek xalqi etnogenezi uchun juda muhim faktdir.

Miloddan avvalgi III-II asrlarda oromiy yozuvi asosida shakllangan sug'd yozuvi o'lkamiz madaniyati tarixida muhim ro'l o'ynadi. Bu yozuv ijtimoiy va madaniy hayotning barcha sohalarida keng qo'llangan. Sug'd tili va yozuvi Sug'diyona hududlaridan tashqari Farg'ona vodiysida, Toshkent vohasida va Yettisuvda keng yoyilgan. Sug'd yozuvi orqali bizgacha eramiz boshlaridan to XI asr birinchi choragiga qadar yozilgan ko'plab noyob yozma yodgorliklar yetib kelgan. Ular orasida ko'plab numizmatika materiallari (tanga yozuvlari), metall, sopol, yog'och, charm, qog'oz va boshqa buyumlarga bitilgan tekstlar, shaxsiy maktublar, xo'jalik va moliya hisobati hamda huquqiy va diplomatik xujjatlar, nikoh guvohnomalari, ayg'oqchilik maktublari, diniy, ahloqiy-falsafiy tekstlarning parchalari bor.

Sug'd yozuvi 22 ta harf-belgidan iborat. U bir necha bosqichni o'z boshidan kechirgan. Uning ilk bosqichi yunon-baqtriya tangalariga taqlid qilib chiqarilgan sug'd tangalarida uchraydi. Shuningdek, sug'd yozuvining namunalari Afrasiyobdan topilgan milodiy eraning I-III asrlarga tegishli sopol parchalarida va terrakota xaykalchalarda uchraydi. Milodiy II asrda Sug'dda kumush tangalar zarb etilaboshlaydi va u jahon bozoriga chiqadi. Bu tangalar to milodiy V-VI asrlarda Kesh poytaxti bo'lgan sug'd konfederativ davlati tashkil topgunga qadar davom etadi. So'ng VII asr o'rtalaridan Sug'd konfederatsiyasining poytaxti Samarqandga ko'chgandan keyin sug'd yozuvining tashqi shakli yanada takomillashib, uning ichki til tovush mazmuni aniq ifodalash tomon o'sadi va muayyan orfografik normalar vujudga keladi.

Sug'dda kumush tangalar zarb etilib, jahon bozoriga chiqgach, sug'd savdogarlarining ishi yurishib, sug'd savdo karvonlari Sharqda uzoq o'lkalarga kirib boradi. Janubiy-sharqiy O'rolorti o'lkalarida, Yenisey havzalari rayonlarida, Janubiy Sibir va Angara daryosi havzalarida, shimoliy Xitoy va Mongoliyada sug'd savdo faktoriyalari (savdo karvon saroylari) va qishloqlari paydo bo'ladi. Sug'd savdogarlari uzoq o'lkalarga ham kirib borganlar. Ular qayerga kirib borsa, o'sha joyga sug'd yozuvi ham kirib borgan. Fikrimizning dalili sifatida 1889 yilda Mo'g'ulistonda topilgan sug'd yozuvini ko'rsatish mumkin. Mo'g'ulistondagi sug'd yozuvi yodgorligi – XI asrda xukmronlik qilgan uyg'ur hokoni sharafiga qabr ustidagi plitaga yozilgan yozuv edi.

Qadimda yirik xalqaro savdo punktlaridan biri shimoliy – g'arbiy Xitoy shahri Dunxuanda bo'lib, aynan mana shu shaharda 3 ming samarqandlik savdo ahli joylashgan samarqand kvartali tashkil topgan. Dunxuan savdo faktoriyasi savdogarlari ona vatani-ona shahri Samarqand bilan uzviy aloqada bo'lib, Samarqandga karvonlar orqali xatlar yubarib turishgan. Ana shunday xatlardan 9 tasi egasiga yetib bormay, Dunxuan pochta-bashnyasida qolib ketgan. U xatlar milodiy 313-317 yillarda yozilgan bo'lib, ularni o'tgan asrning boshlarida ingliz arxeologlari topib o'rganganlar. Sug'd tilida yozilgan bu xatlar tarixda “Qadimgi sug'd maktublari” nomi bilan mashhurdir.

Ana shunday yodgorliklarning katta guruhi 1933 yilda Hayrabod qishlogi yaqinida Mug' qal'a qasri harobalaridan topilgan sug'd xujjatlaridir. Mug' qala sug'd arxivi deb yuritilgan bu yozma xujjatlar majmuasi VIII asrning dastlabki o'n yilligiga oid (712-722) 89 ta xujjat bo'lib, ulardan 74 tasi sug'd tilida (shundan 29 tasi teriga, 22 tasi qog'ozga, 23 tasi yog'ochga) yozilgan edi. Qolganlari arab tilida yozilgan edi. Davlat xujjatlarini Sug'd podshosiga tobe Panch (Panjikent) hokimligi saroyidan Mug' qal'a qasriga borib qolishining boisi shundaki, arablar bosqini davrida Panjikent hokimi Devashtich arab istilochilariga qarshi sug'd-choch-farg'ana-turk harbiy ittifoqini tuzish maqsadida, u o'lka va mamlakat boshliqlari bilan diplomatik yozishmalar olib boradi. Samarqand ixshidi (podshosi) Tarxunning qatg'iyatsizligidan norozi bo'lib, bir vaqtni o'zida o'zini Samarqand taxti davogari deb e'lon qiladi va arablarga qarshilik ko'rsatishni boshlab yubaradi. Ammo, arablar kuchli kelib, Devashtich qo'shinlari bir necha zarbalardan so'ng tog' tomon chekinadilar va tog'dagi Mug' qal'aga oila va barcha yaqinlari bilan joylashib oladilar. Devashtich Mug' qal'aga chekinganda saroy arxivini ham birga olib ketgan bo'lgan.

Arab qo'shinlari mudofaachilarni u yerda ham tinch qo'ymadi. 722 yilda ikki orada qattiq janglar bo'lgan, qal'a esa vayron qilingan. Arab ko'mondanligi Devashtichni Xurosondagi xalifalik noibi xukmiga yubaradi. Devashtich Xuroson noibi qo'ygan shartlarni qabul qilgach, uni Sug'dga go'yo qaytarib yubaradi. Ammo, xufiya buyruq asosida Rabinjon (Kattaqo'rg'on shahri yaqinidagi ilk o'rta asrlar shahar xarobasi)zardushtiylar qabristonida oyoq-qo'llarini yog'ochga mixlash yo'li bilan qatl qiladilar.

Mug' qalasida qolib ketgan sug'd arxivi rosa 1210 yil o'tgach, 1932-33 yillarda topildi. Mutaxasis olimlar mug' qal'a xujjatlarini o'rganib birnecha turkumlarga ajratganlar. Ana shu tadqiqotlarga ko'ra, A-14 xujjat Sug'd elchisi Fatufarnning Chochdan jo'natgan maktubi bo'lsa, V-8 yer xarid qilish haqidagi sug'dcha xujjat, V-4 tegirmon ijarasi haqidagi xujjat, nov.3-sug'dcha nikox guvoxnomasi, nov.4-kuyovning kelin tomon oldidagi majburiyatlari, A-9 –qo'shni hokimliklardagi ahvol to'g'risida Devashtichga uning ayg'oqchisi yozgan maktub va boshqalar.

Sug'd tili va yozuvi haqidagi yana bir xujjat Afrasiyobdan, Samarqand ixshidi Varxuman saroyi devoridan topilgan. Varxuman 651 yilda hokimiyat tepasiga kelishi sharafiga shohona saroy qurdirgan. Saroy qalin paxsadan qurilgan monumental (11x 11 m.) bino bo'lib, uning devorlari rang-barang devoriy suratlar bilan bezatilgan edi. Saroy devorining bir tomonida Chog'aniyon mamlakatidan Samarqandga tashrif buyurgan elchilik karvoni chizilgan bo'lsa, saroyning ikkinchi devorida Uzoq Sharqdan (extimol Xitoydandir) dengiz suvida yelkanli ulkan kemada suzib kelayotgan elchilar tasvirlangan. Uchinchi devor o'rtasida eshik bo'lib, uning o'ng tomonida mukaddas Varukasha dengizida bolalarini suzayotganligini tizzasidan suvga kirib, tamosha qilayotgan go'zal ayollar, suzib yurgan baliq va toshboqalar tasvirlansa, eshikning chop tomonida erkaklarni ot ustida chovg'in o'yini o'ynayotganliklari tasvirlangan.

Yana bir devorda 3 yarusda suratlar, suratlarning yuqori yarusi to'liq saqlanmagan. Uning ikkinchi yarusida podsho Varxuman taxti ravonda o'z ayonlari, unga tobe ishxidliklarning hokimlari bilan (ular 11 hokimlik boshliqlari bo'lsa kerak, chunki taxti ravon yaqinida 11 ta bayroq xilpillab turibdi) elchi mehmonlarni kutmoqda. Saroyning birinchi qavatidan ikkinchi qavatga, qo'llarida qimmat baho sovg'alari bilan pillapoyadan yuqoriga ko'tarilayotgan elchilar tasviri tushirilgan. Birinchi yarusda (qavatda) qabulga navbat kutayotganlar qatorida, bir chekkada, uzun xalat qiygan musavvir surati ham bor. Uning xalati etagiga 11 qatorli sug'dcha xat bitilgan. Xatda Samarqandga kelgan elchilar haqida ma'lumotlar bor. Elchilarni Chog'aniyon va Chochdan kelgani aniq. Chunki xatda ular yozilgan. Xatning buzilgan, uqalanib ketgan joylarida yana nimalardir yozilgan. Xatda Samarqand Smarakansa talaffusida berilibdi. Shunday talaffusdagi Samarqand nomi Dunxuan maktublarida va Mug' qala xujjatlarida ham bor. Demak, sug'diylar o'z tillarida Samarqandni “Smarakansa” deb atagan ekanlar.

XX asrning 70 yillarida milodiy IV asrga tegishli yog'ochga bitilgan sug'dcha xujjat Afrasiyobdan topilgan. Sug'dshunos M.Ishakovning xabar berishicha, bu xat Samarqandlik bir savdogarni o'z hamkasbiga qarzga bergan puliga tilxat ekan. Xat mazmuni va qarz shartlarining tahliliga ko'ra, qarz oluvchi qarz beruvchiga sutxo'rlik shartlari qo'ymay, qaytarish muddati kelganda, qarzga olgan pul qimmati barobarida qarzni qaytarish qayd qilingan. Buning uchun qarz beruvchi qarz oluvchi bilan bozorga borib, berilayotgan pulga qancha so'yishga tayyor navvos kelishini aniqlaganlar. Qaytarish vaqtida ham xuddi shunday qilinib, qarz qaytarilgan. Ushbu tilxat ana shu haqda bo'lgan

Sug'd yozuvi ko'p sohalarga kirib borgan. Masalan, Paxlavon Rustam to'g'risidagi xalq dostonida “Kalila va Dimna” to'g'risidagi ikkita parcha sug'dcha bayon qilingan, VIII-IX asrlarga doir diniy mazmundagi bir necha budda, xristian, manixey matnlari, budda ilohiyati, budda adabiyoti asarlarini o'z ichiga olgan bir gurux xujjatlar sug'd tili va sug'd yozuvida bitilgan. Xullos, yuqorida qayd qilingan yozuv namunalarida, garchi ularning deyarli barchasi ayrim sug'd yozuvi parchalaridan iborat bo'lishiga qaramay, O'rta Osiyo xalqlari, jumladan o'zbek xalqi qadimgi tarixi va madaniyati haqida qimmatli va noyob ma'lumotlar beradi. Shuningdek, ularni ilmiy tahlili asosida o'zbek etnogenezi va etnik tarixini o'rganish uchun ham tegishli ma'lumotlar olish mumkin.

Qadimda sug'diy, bohtariy va xorazmiy yozuvlari qatorida oromiy alifbosi asosida turkiy yozuv ham kashf etilgan. Hozirgi vaqtda Osiyo va Yevropaning turli mintaqalarida bu yozuvga doir topilgan yozma yodgorliklarning soni 300 ga yaqinlashib qoldi Dastlab ular Yenisey va o'rxun daryolari havzalaridan topilib, belgilarning o'ziga xos runiysimon shakliga ko'ra, “o'rxun-enisey runiy yozuvi» deb atala boshladi. 38 ta harfdan iborat bu yozuv Janubiy Sibir, Markaziy Osiyoning turkiy zabon qabilalari va elatlari o'rtasida keng tarqalgan. Runiy yozuvlarining kattagina qismi qoyalarga, qabr toshlariga, toshdan yasalgan odam xaykallariga o'yib yozilgan. Bir qism xatlar esa metalldan ishlangan idishlarda - sopol, tanga, qog'oz va yog'ochda uchraydi.

Qadimgi turkiy yozuvi asosan budda tarixiy biografik lavhalardan iborat bo'lib, turk, uyg'ur, qirg'iz aslzodalari, hokon urug'idan chiqqan mashxur kishilarning xizmatlari va ularning qahramonlik xatti- harakatlarini maxtashga bag'ishlangan. Qadimgi turkiy yozuvining eng yirik yodgorligi “Irk bitigi” (Folbinlik kitobchasi) bo'lib, u qariyib 100 sahifadan iborat. Bilga hoqon, Qultegin sharafiga bitilgan yodgorliklar, O'ngin yozuvi, Tunyuquq, Mo'yin chura va Quli chura sharafiga bitilgan yodgorliklar ularning eng mashxurlaridirlar. Sibir va Shimoliy Mo'g'ulistondan tashqari runiy yozuvi yodgorliklari Sharqiy Yevropada, Sharqiy Turkiston va Oloyda, O'rta Osiyo va shimoliy-sharqiy Qora dengiz havzalorida ham uchraydi. Bu yozuvning paydo bo'lishi miloddan avvalgi I-ming yillikka to'g'ri keladi, degan farazlar bor

Mutaxasislar tahliliga ko'ra, ilk o'rta asrlarda faqat turkiy nutq Don va Kuban havzalari aholisini, Sirdaryo va Tolos, Yuqori va O'rta Yeniseyning boshlanish qismlaridagi aholini birlashtirib turgan.

“Noma'lum yozuv”. Bu yozuvga tegishli dastlabki ma'lumot 1954 yilda frantsuz arxeologi A.Marik tomonidan bir idish parchasidagi yozuvdan boshlandi. Bu birinchi “noma'lum yozuv” namunasi edi. 1966 yilda G.A.Pugachenkova Holchayondan “nomalum yozuv” lavhasini topadi. Bu yozuv ham o'qilmay noma'lumligicha qoldi. 1967 yilda Dashti Navur (Afg'oniston) da qoyaga yozilgan shunday yozuv namunasi topiladi. U eramizning I asriga tegishli bo'lib, u uch tilda, ya'ni kxaroshta, yunoncha grafika asosidagi baqtriyacha va noma'lum tilda yozilgan edi.

Mashxur tilshunos olim J.Fyusman bu xat o'ng tomondan chap tomonga qarab yozilishini, Surx-Kotal va Holchayon yozuvlari bilan bir ekanligini isbotlaydi. 1972 yilda arxeolog K. Akishev mashxur «Issiq» qo'rg'onidan kumush kosaga yozilgan, miloddan avvalgi IV-III asrga tegishli yozuvni topadi, tilshunoslar esa uni “noma'lum yozuv” sirasiga qo'shadilar. Uni o'qishda mutaxasislar orasida har xillik bo'lsada, ammo “Issiq” qo'rg'oni miloddan avvalgi III asrdan kam emasligi masalasida mutaxasislar orasida ikkilanish yo'q. Yana “issiq” yozuvi “noma'lum yozuvi” tarqalgan tarixiy-madaniy mintaqalar geografiyasiga aniqlik kiritdi. Bu yozuv namunalari janubiy O'zbekistonning Xotinrabod, Qoratepa, Fayoztepa, To'qqiztepa, Kampirtepa kabi yodgorliklaridan, Shimoliy Afgonistonning Oyxonum yodgorligidan ham topilgan. “Issiq” yozuvi (“noma'lum yozuv”) yodgorliklarini akademik E.V.Rtveladze Yuechji qabilalari bilan bog'laydi. V.A.Livshis esa uni saklarga tegishli deydi. Shu bilan birga, «issiq» yozuvini kushon imperiyasi yozuv tizimining rasmiy shakllaridan biri degan xulosaga keladi. Keyingi yillarda tadqiqotchilar bu yozuvni eng qadimgi turkiy yozuv bo'lishi kerak, degan farazlarni o'rtaga tashlamoqdalar. Masalan A. S. Omonjulov “Issiq” yozuvi turkiy yozuv ekanligiga shubxa qilmaydi. Biz ham shu fikrdamiz. E.V. Rtveladze “noma'lum yozuv” tilini aniqlash muayyan etnosni yozuv atributikasiga uzil-kesil tuzatishlar kiritadi. Har holda “noma'lum yozuv”ni tarqalish geografiyasi ham uni yuechji qabilalariga mansubligiga shubxa uyg'otmaydi deydi. Darhaqiqat, bu yozuv O'rta Osiyoning janubiy-sharqiy qismi va Afg'onistonning shimoliy g'arbida shakllangan ko'rinadi. Yozuv yodgorliklarining tarqalish mintaqasi “Issiq” qo'rg'oni rayoni va Yettisuvdan janubda to Hindiqushgacha va sharqda shimoliy Afg'onistondan g'arbda to Sharqiy Turkmanistongacha yoyilgan. Faoliyat doirasi miloddan avvalgi III asrdan to milodiy VIII asrgacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi.

Lotin alifbosida maqola: O'rta Osiyoning qadimgi aholisi etnik tarkibini mahalliy yozma manbalarda aks etishi haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
Ahmoniy podsholarining yozma manbalarida qadimgi O'rta Osiyo xalqlari
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
TOSHKENT
XX asr boshida Turkiston...


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты