Qadimgi dunyo tarixida Sharq bilan G'arbni bir-birlari bilan bog'lab turgan karvan yo'llari (ular tarixda “Lojuvar yo'l”, “Shoh yo'li”, “Buyuk ipak yo'li”, “Nefrit yo'li”va boshqalar) mamlakatlar iqtisodiy hayotida katta o'rin tutgan. Ana shu yo'llarning muayyan qismini nazorat qilish (chunki undan katta daromat kelardi) va nazorat hududlarini kengaytirish maqsadida turli bahonalar va sabablar qidirilib, asosiy maqsad yo'lida mamlakatlar aro urushlar bo'lib turgan. Ana shunday jangu-jadallardan biri miloddan avvalgi VI-IV asrlarda qadimgi forslar bilan yunonlar o'rtasida olib borilgan urushlar edi. Qadimgi dunyoning bu ikki buyuk imperiyalari (Ahamoniylar va Yunoniston) o'rtasida boshlangan urushlarda O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari ham qatnashganlar. Shu munosabat bilan yunon muarrixlari O'rta Osiyo xalqlari haqida tarix uchun qimmatli ma'lumotlar qoldirganlar. Ayniqsa, qadimgi Yunonistonning yuksak ilmiy va madaniyat markazlaridan bo'lgan Kichik Osiyo shaharlari, ulardan chiqqan olimu-fuzalolar: tarixchilar, geograflar va tarix bilan qiziqqan turli soha yilnomachilari Eron va Turonzaminning qadimgi xalqlari haqida ko'p qiziqarli ma'lumotlar beradilar. Manbaalardan ma'lum bo'lishicha qadimgi yunonlar tarixi Ioniyaning Milet shahrida shakllanib, tarix so'zi ioniya tilida “tadqiqot”, “izlanish” ma'nosini beradi. Milet tarix maktabining miloddan avvalgi VI asrda o'tgan vakillaridan biri Gekatey bo'lib, u o'zining “Yer qurrasining tasviri” asarini Osiyoga bag'ishlangan qismida horasmiylar haqida birinchi bor ma'lumotlar bergan. Shuningdek, Gekatey ma'lumotlariga asoslanib, xorasmiylar va ularning Amudaryo kuyi havzalariga ko'chib borgan avlodlari haqidagi ilk xabarlarni Kichik Osiyolik “Tarixning otasi” (Siseron bahosi) deb atalgan Gerodot asari “Tarix”da o'qiymiz. Bu haqda Afiney, Stepan va boshqalar ham yozishgan. Masalan, Afiney yozadi: “Miletlik Gekatey Osiyoni tasvirlab shunday deydi: “... parflarning sharqida tekisliklar va tog'larni ishg'ol qilgan xorasmiylar yashaydi. U tog'larda yovvoyi daraxtlar, tol, yulg'un, tikanlik kinara o'sadi”. Stepan esa “Xorasmiya: parflarning sharqidagi shahar. Gekatey Osiyoni tasvirlab, shunday deydi: “Ularning shahri Xorasmiya”.
Gerodot (miloddan avvalgi 484-425 yillar oralig'ida yashagan) Kichik Osiyo shaharlari, Vavilon, Finikiya, Kipr oroli, Makedoniya, Markaziy Gresiya (Afina), Qora dengiz sohillari, Egey dengizi orollari, umuman qadimgi dunyo mamlakatlari va shaharlarining ko'pchilligida bo'lgan. U o'zining 10 yillik sayoxati davomida (mil.avv.455-445) Liviya, Misr, Ossuriya, Bobil, Ekbatanda bo'lib, to'plagan barcha materiallari asosida 9 jildli “Tarix” asarini yozgan. Gerodotning O'rta Osiyo xalqlari tarixi haqidagi ma'lumotlari “Tarix” asarining I, III, VII, IX jildlarida o'z aksini topgan. U o'zining “Tarix” asarida butun etiborini Afinaga qaratgan, ko'p vokea va faktlar Afina siyosati nuqtai nazaridan yoritilgan. Asarda Yevropa va Osiyo, Yunoniston va Eron o'rtasidagi urushlar voqeasi yoritilgan. Asarda tarixiy voqea va hikoyalar ketma-ket, afsona, mif, naql, rivoyat, ertak, masal va ularning asosiy mazmuni orasiga kiritilgan qistirma hikoyalar tarzida beriladi (Kserks va uning ukasi Masist, Tomiris va Kirning halokati haqidagi hikoya va boshqalar).
Gerodotning “Tarix” asarida bizni qiziqtirgan masala sak (skif), massaget, xorasmiy va Xorazm, issedon va day, farf va margush, sug'd va parikan kabi O'rta Osiyoda qadimda yashagan o'troq va ko'chmanchi xalqlar haqidagi ma'lumotlardir. U Kirning massagetlar ustiga yurishi va halokati sabablarini yoritadi. Skif xalqlari haqidagi ma'lumotlar “Tarix” kitobining 4-jildida beriladi. U Sharq xalqlarini mensimay, “varvar” deb qaramaydi. Uning uchun Sharq insoniyat madaniyati, donishmandlikning o'chogi, uning fikricha geometriya, oftob soati, qonuniyat, qurollar, yozuv madaniyati kabilar Sharqdan kelgan.
O'rta Osiyo xalqlari Yunon-Eron urushlarining ishtirokchisi sifatida yunon mualliflarini qiziqtirdi va asarlarida ular haqida qimmatli ma'lumotlar beradilar. Masalan, Gerodot “Tarix” kitobida Baktriya, Baqtra va bohtariylar haqida 13 marta, sug'dlarni 2 marta, xorazmliklarni 3 marta, saklarni 11 marta, massagetlarni 19 marta tilga olib, ularning moddiy madaniyati, urf-odatlari, dini va tarixi haqida hikoya qilgan. Gerodotning qadimgi O'rta Osiyo to'g'risidagi asosiy fikrlari forslarning sak-massagetlarga qarshi yurishlari, Kir II va To'maris o'rtasidagi siyosiy munosabatlar, ahamoniy harbiy qo'shinlari safida ajdodlarimiz jangchilarining faol ishtiroki, ularning yaroq-aslohalari, yo'lboshchilari, janglarda ularning ko'rsatgan jasoratlari, ajdodlarimizning ahamoniylar asoratiga tushib katta xiroj to'lashlari, Akes (Xilmend) daryosi suvlaridan foydalanish masalasida tug'ilgan majoralar va boshqalar haqida boradi. Gerodot hech qachon O'rta Osiyo viloyatlari va shaharlarida bo'lmagan. Shuning uchun uning O'rta Osiyoni tarixiy geografiyasi haqidagi ma'lumotlari ilmiy izlanishlarni talab qiladi. Masalan, Gerodot massagetlarning hududiy joylashuvi haqida bunday yozadi: “Ular sharqda, quyosh chiqishi yo'nalishida, Araks daryosining narigi yog'ida joylashganlar. Araks daryosi Matiyona tog'laridan boshlab oqadi”. Tadqiqotlardan ma'lumki, Araks-bu Amudaryo. Matiyona tog'lari – Pomir yoki Hindiqush tog'laridir. Chunki, Gerodotning yozishicha, Matiyona tog'larida Hind daryosi boshlanadi.
Gerodot “Tarix” asarining III – kitobida (117- bob) Akes suvi majorasida Skilak va Gekateydan olgan ma'lumotlariga asoslanib kuyidagilarni habar qiladi: “Osiyoda har tarafidan tog' bilan qurshalgan bir vodiy bor, tog'da beshta dara bor. Bir vaqtlar bu yerlar xorasmiylarga qaragan va xorasmiy girkan, parfyan, sarang va famaneylarga chegaradosh bo'lgan. Ana shu vodiy atrofidagi tog'lardan Akes deb ataluvchi katta daryo oqib tushgan. Shu daryo besh irmoqqa bo'linib, yuqoridagi xalqlar yerlarini sug'organ... Ammo forslarga qaram bo'lgandan keyin bu xalqlar mana qanday ahvolga tushdilar. Shoh tog' daralarini berkittirib, to'g'on darvozalar qurdiradi. Vodiyda suniy ko'l hosil bo'ladi. Ilgari shu suvlardan foydalanib kelgan qabilalar endi bu imqoniyatlardan mahrum bo'lib, dahshatli holatga tushadilar. Qishda, albatta, boshqa joylardagidek, ilohiyot ularga ham namgarchilik yubaradi, yozda esa ular ekadigan tariq va kunjut doim suvsiz qoladi. Mutlaqo suvsiz qolganda ular xotin-bola chaqalari bilan Parsuaga boradilar, shoh saroyi qarshisiga turib olib baland ovozlar bilan achinarli holda faryod qiladilar. Ulardagi suv tankisligini ko'rgan shoh arzgo'ylar tomonidagi to'g'on darvozalarini ochishni buyuradi. Yerlar sug'orilgach, yana to'g'onni berkitishni buyuradi, endi boshqa suvga tashna qabila yerlariga suv ochadilar. Biroq, men bildimki, to'g'on darvozasini ochish uchun shox katta pul (bojlardan tashqari) olar ekan.
(poraxo'rlikka ishora ) Ishlar ana shunday» Gerodot asarida keltirilgan bu epizoddan Ahamoniylar hukmronligi ostida ajdodlarimiz, ayniqsa, oddiy mehnatkash jamoalar ahvoli qanchalik og'ir bo'lganligini guvohi bo'lamiz.
Gerodot keltirgan mana shu epizoddan kelib chiqib, Tarn, Alxaym, Xenning, Piyankov, G'ofurov va boshqalar xorazmliklar dastlab Marv-Xirot atrofida yashaganlar, keyinchalik Ahamoniylar siquvi natijasida hozirgi joylariga ko'chib kelgan bo'lsalar kerak, deb fikrni yuritganlar. Tadqiqotchilar, ayniqsa V.A.Livshis qadimgi Xorazm tili Avesto tiliga yaqin, degan xulosaga keladi. Shu fikrdagi olimlar (V.V.Struve, I.M.Dyakonov, V.G.Lukonin, M.Meri Boys, S.P.Tolstov, M.Ishakov va boshqalar) Avestoning eng ko'xna qismlari, ya'ni “Gota” gimnlari Xorazmda yaratilgan, deydilar. Extimol, Gota gimnlari Xoroevada (Xorasmiyada) yaratilib, xorasmiylar uni o'zlari bilan (miloddan avvalgi VI asrning oxirgi choragida) Amudaryo quyi havzalariga olib kelgan, deyish to'g'riroqdir. Bu variantda ham Avestoning “Gotalari” xorazmlilar jamoasida yaratilganligini tasdiqlaydi.
Gerodot Baqtriyani ko'p tilga oladi. Kir II ning harbiy yurishlariga “Bobil, Baqtriya xalqi, saklar va misrliklar to'siq bo'lib turganlar” deb yozadi Gerodot[9]. Gerodot ma'lumotlarida berilgan “Baqtriya xalqi” tushunchasi ma'lum bir etnik birlikni anglatadi. Xalq ma'nosini beruvchi “etnos” so'zi Gerodot “Tarix”ida ko'p uchraydi.
Gerodotning yozishicha, Doro I Ahamoniylar davlatini 20 ta satrapliklarga bo'lib boshqargan. Shundan 3 tasi O'rta Osiyo hududlari bilan bog'lik joylardir. Masalan, “Tarix” kitobida kuyidagilarni o'qiymiz: Baqtriyaliklardan egllargacha bo'lgan xalqlar 300 talant (bir talant 33,655 kg kumushga teng- A.A.) soliq to'laganlar. Bu – o'n ikkinchi o'lka” “Saklar va kaspiylar 250 talant to'laganlar. Bu o'n beshinchi o'lka.Parfyanlar, xoracmiylar, sug'dlar va ariylar 300 talant to'laganlar. Bu o'n oltinchi o'lka”. Gerodot ajdodlarimizning etnik tarkibi, ularni kiyim-boshi, harbiy qurollari haqida ham ma'lumotlar beradi, ya'ni “Baqtriyaliklarning boshlariga kiygan qalpoqlari midiyaliklarnikiga juda o'xshagan, ular trostnikdan yasalgan o'q va kalta nayzalar bilan qurollanganlar. Saklar (skif qabilasi) uzun cho'qqili qalpoqlar kiygan. Ular keng sharvar kiyganlar, sak kamoni va xanjarlari bilan qurollanganlar. Bulardan tashqari ularda yana sagarislar, ya'ni ikki tig'li jangavor oyboltalar bo'lgan. Ushbu qabila (aynan skif qabilasi) amirgiya saklari deb nomlangan. Forslar skiflarning hammasini saklar deb ataydilar. Baqtriyaliklar va saklarning sardori Gistasp – Doro va Kirning qizi Atossaning o'g'li bo'lgan”. “Parfyanlar, xorasmiylar, sug'dlar, gandariylar va dadiklar baqtriyaliklarning qurollariga o'xshagan yarog'-asloxalar bilan harbiy yurishga kirganlar. Ularning yo'lboshchilari: parfyan va xorasmiylarda Farnakning o'g'li Artabaz; sug'dlarniki-Artey o'g'li Azan bo'lgan”. “Baqtriya chavondozlarining qurollari piyoda askarlar qurollariga o'xshagan, xuddi kaspiylarnikini o'zi edi.... Kaspiylar va parikaniylar ham xuddi piyoda askarlardek qurollangan edilar.Arablar ham xuddi piyoda askarlardek qurollangan edilar, ammo ularning barchasi tuyalarda shunday tez chopar edilarki, ular tez yurishda sipohiylardan qolishmas edilar”.
Gerodot O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari haqidagi hikoyalarini aynan massagetlardash boshlaydi: “Bu xalqlarni o'ziga tobe qilgandan so'ng,- deydi Gerodot- Kir massagetlarni istilo qilish maqsadini o'z oldiga qo'ygan. Bu massagetlar, aytishlaricha, jasur va behisob qabiladir. Ular sharqda, quyosh chiqishi yo'nalishida, Araks daryosining narigi yog'ida issedonlarga ro'para bo'lib joylashganlar. Ba'zilar ularni skif qabilasi, deb hisoblaydilar.” “Ba'zilarning aytishiga ko'ra, Araks Istradan katta; boshqalar esa, aksincha, bu daryoni kichik deb hisoblaydilar. Araks daryosida orollar ko'p...Bu orollarda yashovchi odamlar yozda mevali daraxt hosilini yig'ib, qishga quritadilar....Massagetlar gulxan atrofiga yig'ilishib, pishgan mevalarni olovga otadilar. Ulardan chiqqan hiddan, ellinlar vino ichib mast bo'lganlaridek, kayf qiladilar. Olovga qancha ko'p meva tashlansa, undan chiqadigan hid ko'payib, badmast bo'ladilar. So'ng o'rinlaridan turib, o'ynashadilar, ashula aytishadilar. Bu qabilalarning turmush tarzi haqida shunday hikoya qiladilar. Araksning bir o'zani kaspiy dengiziga kuyiladi. Kaspiy dengizi boshqa suv omborlari bilan bog'lanmagan dengizdir.“Massagetlarning kiyim-kechaklari skiflarnikiga o'xshaydi va turmush tarzi ham o'xshash. Ular otda va piyoda yuradilar. Odatda, ularning qurollari kamon, nayza va jangavor oyboltalardan iborat. Ularning hamma narsalari oltin va misdan ishlangan. Ammo, barcha sanchiq, o'q va harbiy boltalarning metall qismi misdan ishlangan (bronzadan demoqchi-A.A.), bosh kiyimlari, bel kamari oltin bilan naqshlangan. Ular otlarining egar-jabduqlarini ham ust-boshlari kabi oltin bilan bezatadilar. Temir va kumushdan yasalgan buyumlar ularning ro'zg'orida ishlatilmaydi, chunki bu metallar massagetlarning yerlarida umuman uchramaydi. Ammo, ularda oltin va mis juda ko'p”
Massagetlarning urf-odatlari haqida mana nimalarni aytish mumkin: Oiladagi erkaklarning har biri bittadan ayolga uylanadi, ammo, ular oiladagi ayollarning istagani bilan birga jinsiy aloqada bo'lishi mumkin. Massaget biron bir ayolga ilakishib qolsa, o'zining o'qdonini uning yurtasi eshigiga osib, ichkariga kiradi va shundan so'ng bamayli hatir o'zga xonadon bekasi bilan jinsiy alokada bo'lishi mumkin. Ularda inson uchun (hech qanday) qatiy norma belgilanmagan. Lekin, agar kimki o'ta qarisa, uning barcha qorindosh-urug'lari yig'ilishadilar va qariyoni o'ldirishib, uning etini qurbonlikka so'yilgan hayvon g'o'shti bilan birga qaynatib yeydilar. Bunday o'lim ular uchun eng faxriy o'lim hisoblanadi.
Boshqa sabablar bilan o'lgan kishilar go'shtini ular istemol qilmaydilar, ammo yerga ko'madilar. Massagetlar bug'day ekmaydilar, chorvachilik va baliqchilik bilan shug'ullanadilar (Araksda baliq ziyotidan ortiq) hamda sut ichadilar. Massagetlarda ulug'langan yagona xudo-bu Quyoshdir, Quyoshga ular otni qurbonlik qiladilar, chunki xudoga dunyodagi eng chaqqon-tez chopar jonliqni qurbon qilish lozim deb o'ylaydilar”.
Miloddan avvalgi 530 yilda Kir II massagetlar ustiga yurish qiladi. Gerodotni yozishicha, shu kezlarda massagetlar podshosi o'lgan bo'lib, uning o'rniga beva xotini-To'maris podsholik qilardi. Gerodot ushbu vokeani kuyidagicha hikoya qiladi: “Massagetlarning podshosi o'lgan shohning bevasi edi. Uning nomi To'maris edi. Kir II uni xotinlikka olish bahonasida, unga sovchilar yubaradi. Ammo, To'maris Kirni unga uylanish uchun emas, balki massagetlar podsholigini egallash uchun shunday qilganini tushunib qoladi va unga rad javob beradi. Kir ayyorlik yo'li bilan o'z maqsadiga yetaolmagach, massagetlar yurtiga ochiq urush e'lon qiladi. Daryodan (Araksdan) qo'shinni o'tkazish uchun podsho sol-ko'prik (pontonnqy most) qurishga buyuradi, ko'prik ustiga esa minora qurdiradi. Kir qo'shinlari bu ishlar bilan bandligida To'maris Kirga vakil yubarib, “Midyalilar podshosi! Ko'prik qurishni to'xtat! Sen oldindan bilmaysanku, bu ishlaring senga foyda keltiradimi yoki yo'q. Shashtingdan qayt, o'z mamlakatingga podsholik qilaver, boshqalar yurtiga ko'z olaytirma. Lekin sen, albatta, maslahatimga ko'nmaysan, tinchlikni uylamay, o'z bilganingdan qolmaysan. Agar sen massagetlar ustiga harbiy yurish qilishni juda istayotgan bo'lsang, daryoga ko'prik qurishni to'xtatginda, daryodan biz tomonga bemalol kechib o'taver, men qo'shinlarimni sohildan uch kunlik yo'l nariga olib ketaman. Agar sen istasang, sohildan uch kunlik yo'l nariga qo'shiningni olib ket, men daryodan kechib o'tay, sening yurting chegaralarida jangga qilaylik” Shundan so'ng Kir amaldorlari bilan masloxat kengashi o'tkazadi va To'marisni qo'shinlari bilan o'z yerlarida qarshi olishga kelishadilar.
Ammo, yig'inda qatnashganlardan biri-lidiyalik Krez bunday qarorga kelish katta xatolikka yo'l ko'yish bilan barobar ekanligini shohga isbotlaydi va deydiki, “Agar dushmanni o'z yeringga kiritsang, senga katta havf tug'iladi: mag'lubiyatga uchrab, mamlakating boshiga ofatlar keltirasan. Chunki, massagetlar g'alabadan so'ng o'z yurtlariga osonlikcha qaytib ketmaydilar, aksincha mamlakating ichqarisiga bosib boraveradi. Agar sen g'olib chiqsang, senig yutuging unchalar katta bo'lmaydi. Bu yutuq ularning yerlarida yuz bersa, sen ularni o'z yurtlarida quvlaysan. Men har ikki holatni tahlil qilib, shunday xulosaga keldimki, sen dushmanni o'z yerida yengib, to'g'ridan-to'g'ri To'maris yurtiga kirib borasan. Menimcha, daryodan o'tib, ular yurtiga kirib olaylik, qani dushmonlarimiz qanchaga chekinar ekan, so'ng ular ustidan g'olib chiqish yo'llarini o'ylaylik” deb Krez o'z rejasini bayon qiladi. “Bilsam, massagetlar aslzodalarga xos fors turmush tarzidan mutlaqo behabar va ular (massaget jangchilari-A.A.) shohona dasturxon ko'rmagan ekanlar. Harbiy lagerda ko'pgina qo'ylar so'yilib,to'kin dasturxon yasalib, kichik bir otryad bilan keragidan ortiq vino ichimliklari qoldirish rejalashtiriladi. Asosiy qo'shin esa daryo tomon chekinishi kerak. Agar men adashmasam, - deydi Gerodot- dushmon lagerida qoldirilgan qismni massagetlar yengib, lagerda tuzalgan to'kin dasturxonga tashlanadilar, maishat boshlanib ketadi. Mo'l-ko'l vinolardan badmast bo'lgan dushmon ustiga Kir qo'shinlari yopirilib tashlanadilar va buyuk g'alabaga erishish imkoniyatlari yaratiladi.
“Kir birinchi masloxatdan voz kechib, Krez taklifini qabul qiladi. So'ng shoh To'marisga habar yubarib, uni chekinishga, daryodan o'tib olib, uning yerida jang qilishga tayyor ekanligini bildiradi. Malika vadasiga binoan o'z qo'shinlari bilan chekinadi. Kir esa o'g'li Kambisni valiaxd qilib tayinlab, unga Krezni xurmat qilishga va (urushda biron hol yuz bergudek bo'lsa) doimo g'amxurlik qilib yurishni topshiradi. Shundan so'ng Kir Krez bilan Kambizni Persidaga jo'nashga ruxsat beradi, o'zi esa qo'shinlari bilan daryodan kechib o'taboshladi. Araksdan o'tgach, massagetlar yerida Kir tush ko'radi. Tushida u katta o'g'li Gistaspni yelkasida qanotlar va u qanotlarni biri Osiyoni, ikkinchisi Yevropani yoritib turgan emish. Arsam o'g'li Gistaspning eng katta farzandi, Ahamoniylar urug'idan bo'lgan Doro o'sha vaqtda 20 yoshlarda bo'lgani uchun harbiy xizmatga olinmay Persiyada qolib ketgan edi. Uyg'onib Kir ko'rgan tushi ustida o'ylay boshlaydi, So'ng u huzuriga Gistaspni chaqirib, guvohlarsiz deydi: « Gistasp! Sening o'g'ling menga va mening davlatimga havf solmoqda. Bu menga aniq ma'lum bo'ldi... .Chunki xudolar mening haqimda qayg'urmoqdalar. Xullas, tushimdan ma'lumki, sening o'g'ling mening jonimga qasd qilmoqchi. Shuning uchun Persidaga tezroq qaytginda o'g'lingni jazoga tort, men massagetlar yurtini taslim etgach, uyga qaytaman” deydi.
Kirning tushida ilohlarning ma'lum qilishicha, massagetlar bilan bo'ladigan jangda uning halokati, podsholik esa Doroga o'tishi ayon bo'ladi. Qattiq tashvishga tushgan Kirni ko'nglini ko'tarish maqsadida, “ey olam panoh!, Seni o'limingni istagan kimsani fors bo'lib tug'ilgandan ko'ra, tezroq o'lgani yaxshi edi. Sen forslarni qulliqdan ozod etib, barcha xalqlar ustidan xukmronlik qilishni taminlading. Agar sening tushlaring mening o'g'limni isyonkor ekanligini ayon qilgan ekan, men uni sening qo'lingga topshiraman, uni nima qilishlikni o'zing hal qil!”deb Persidaga jo'naydi.
Kir esa o'z qo'shinlari bilan Araksdan o'tib, bir kun yo'l bosadi va Krez masloxatiga ko'ra lager qurib, eng zaif qo'shinlaridan bir qismini to'kin dasturxon bilan qoldirib, o'zi yana asosiy qo'shin bilan Araks bo'yiga qaytadi. “Massagetlar armiyasining uchdan bir qismi bilan KirII qoldirgan qo'shin o'rtasida qattiq jang bo'ladi. Jangda forslar qo'shini yengiladi. G'alabadan xursand massagetlar to'zab qo'yilgan to'kin dasturxonga tashlanadilar, maishat boshlanadi. Massagetlar badmast bo'lishib, barchasi uyquga ketgan paytda, Kir qo'shinlari paydo bo'lib, bir qism massagetlarni qiradi, qolganlarini osongina asir oladilar. Asirlar orasida malika To'marisning o'g'li, massagetlar sardori Spargamis ham bo'lgan edi”.
Gerodot o'z hikoyalarini davom ettirib: “ Malika To'maris o'z qo'shini va o'g'li bilan yuz bergan vokeadan habar topgach, Kirga elchi yubaradi va dediki, “Qonxo'r Kir! Quvanma, bu yutug'ing bilan. Uzum vinosini ichganda sizlar ham es-xushingizni yo'qatasiz, so'zlaganda manisiz, noloyiq iboralar ishlatasiz, halol jangda qurol kuchi bilan emas, balki shunday iflos yo'llar bilan o'g'limni qo'lga olding. Endi mening so'zimga quloq sol: o'g'limni ber va yaxshilikcha mening yerlarimdan ket, qo'shinimni uchdan bir qismini yaksan qilishga erishding. Agar sen shunday qilmasang, massagetlar ilohi - Quyosh xudosi oldida qasamyod qilamanki, men seni-qonxo'r jallodni, qoningga to'ydiraman”. Ammo, Kir elchi so'zlariga ehtibor bermadi, janga otlandi. Malika To'maris o'g'li Spargapis esa mastlikdan xushiga kelgach, yomon ahvolga tushib qolganini tushunadi, zanjirbandlikdan ozod qilishlikni Kirdan iltimos qiladi. Valiaxd qo'llari qishandan ozod etilgach, nodonlik qilib qo'yganligidan oriyat qilib, o'zini-o'zi o'ldiradi”
«Kir To'maris taklifini etiborga olmagach, malika bor kuchi bilan forslar ustiga tashlandi. Bu jang, mening nazarimda varvarlar bilan bo'lgan to'qnashuvlarning eng dahshatlisi edi. Jangni borishi bilishimcha bunday bo'lgan. Avvalo, har ikki tomon bir-birlariga qarama-qarshi turib olib, uzoqdan kamondan o'q otishgan. O'qdonlar bo'shagach, nayza va xanjarlar yordamida olishuv boshlangan.Tomonlar uzoq olishadilar, hech kim chekinishni istamaydi. Nihoyat massagetlarning qo'li baland keladi. Deyarli fors qo'shinlari va Kir ham jangda haloq bo'ladi. U 29 yil podsholik qilgan edi. To'maris Kir tanasini o'liklar ichidan topdirib, uning kallasini odam qoniga to'ldirilgan charm meshga solishni buyuradi. So'ng mag'rur ona maqomida o'z qo'shini va asirlar oldida nutq so'zlaydi: «Sen o'g'limni hiylayu-nayrang ishlatib qo'lga tushirding va nobud qilding. Men esa hayotman va seni jangda yengdim. Shuning uchun senga men aytgan edim, qoningga to'ydiraman”. Bu habarlarning oxirida Gerodot bunday xulosaga keladi: “ Kirning o'limi haqidagi ko'pdan-ko'p hikoyalar orasida menimcha, bu hikoya eng ishonchlidir”.
Gerodotdan avval ajdodlarimiz haqida ilk xabarlar keltirgan boshqa bir yunon tarixchisi miletlik Gekatey bo'lib, u miloddan avvalgi VI-V asrlarda yashab, yurtimiz qadimgi xalqlari va ahamoniy imperiyasi o'lkalari ro'yxati haqida xabar bergan. Uning ma'lumotlaridan Gerodot va Ktesiylar o'z asarlarida foydalanganlar. Xorasmiyalar va ularning Amudaryo kuyi havzalariga ko'chishi haqidagi ma'lumotlarni esa u Skilakning “Sayoxatno-
noma”sidan olib, o'zining “Yer qurrasining tasviri” asarida bayon etgan.
Ktesiy. Gerodotning tarixiy an'analarini davom ettirgan boshqa bir yunon tarixchisi Kichik Osiyodagi Knid shahridan chiqqan Ktesiydir. U miloddan avvalgi V asr oxiri va IV asrning birinchi yarmida ahamoniylar saroyida shoh Artakserksning shaxsiy tabibi sifatida 17 yil xizmat qilgan. Qadimgi yunon afsonalari ta'sirida tarbiyalangan Ktesiy podsho saroyida Sharq xalqlari dostonlari va tarixi bilan juda qiziqqan. Shuning uchun u qadimgi Sharq davlatlari, shaharlari va xalqlari haqida talay ma'lumotlar to'plab, “Hindiston tasviri”, “Persika”, “Osiyo solig'i haqida”, “Yer tasviri”, “Tog' haqida”, “Daryolar haqida” asarlar yozgan. Ammo, ularning birontasi ham bizgacha to'liq saqlanib qolmagan, keyingi davr muarrixlari bayonida, ayniqsa Diodorda keltirilgan parchalarda saqlangan. Ktesiy ayniqsa Hindiston va Baqtriya tarixiga tegishli ma'lumotlarga katta etibor beradi. Chunki Hindiston va unga chegaradosh Qadimgi Baqtriya podsholigi yunon tarixchilarining fikriga ko'ra, dunyoning sharqiy chegaralaridagi oxirgi davlat bo'lgan. Unga chegaradosh qadimgi Baktriya esa oltin va lali lojuvard tosh konlariga boy o'lka bo'lib, uning nayzaboz va kamonchi chavandozlari Eronda mashxur edi.
Ktesiy asarida tarixiy vokealar rivoyatlar dengizida omuxtalashgan bo'lsada, ayniqsa Baqtriya, baqtriya xalqi, uning tarixiga qiziquvchilar ko'lamining kengligi bilan qimmatlidir. Ktesiy Ossuriya podshosi Nin va Baqtriya podshosi Oksiard (boshqa manbaalarda Zaratushra) urushlari haqida, Kir II ning baqtriyaliklar bilan to'qnashuvi to'g'risida hiqoya qiladi; Baqtriyaning juda ko'p istehkomlari va qal'alari to'g'risida, uning baland va mustahkam mudofaa devorlari bilan o'rab olingan poytaxti Baqtra nomli shahar bo'lgani, unda podsho qasri joylashgani to'g'risida ma'lumotlar keltiradi hamda shu shaharni qamal qilgan Ossuriya podshosi Nin to'g'risida kuyidagilarni yozadi: “Nin baqrtiyaliklarga qarshi yurishni boshlagan. U Baqtriyaning qal'alari, axolisining ko'pligi va jasurligi haqida xabardor bo'lib, o'ziga bo'ysundirgan xalqlardan ko'p sonli qo'shinlarni yig'ib olgan. Shu qo'shinlarga sardor bo'lib, Nin Baqtriya yurtiga bostirib kirgan, ammo viloyatdagi xilma-xil tog' daralari va yo'llar uni qo'shinlarni bir necha qismlarga bo'lishga majbur qilgan”. Matn mazmunidan ma'lumki, Nin qo'shinlari Baqtra shahri devorlarini buzib, qal'a ichiga kira olmagan.
Ko'p tadqiqotchilar tomonidan shubha ostiga olingan Ktesiy ma'lumotlari arxeologiya tadqiqotlarida o'z tasdig'ini topmoqda. Hozirgi kunda Baqtriya tuprog'ida miloddan avvalgi I-ming yillikning birinchi yarmiga oid 240 dan ortiq qishloq-qo'rg'onlar, qal'alar va shahar qoldiqlari topib o'rganilgan. Birgina Surxon vohasida joylashgan Kuchuktepa, Pshaktepa, Beshqo'ton, Talashkan, Jondavlat, Bandixon, Bo'yrachi, Qizilcha, Obishir, Sho'rtepa kabi yodgorliklarni eslash kifoya. Ular mudofaa devorlari, mudofaa burjlari bilan mustaxkamlangan qal'alar va qo'rg'onlardir. Qadimgi aholi u davrlarda sug'orma dehqonchilik bilan shug'ullangan. Uy-qurilishi, diniy va dunyoviy monumental binolar qurilishi, ko'p tarmoqli xunarmandchilik va savdo-sotiq, ayniqsa uning kulolchilik, metallurgiya, zargarlik, to'qimachilik va ko'nchilik sohalari Baqtriyada yuksak darajada rivojlanganligidan guvohlik beradi.
Agar Avestoda Baqtriyani “eng yaxshi mamlakatlar va o'lkalardan biri bo'lgan, baland bayroqli, go'zal o'lka” deb tariflansa, yunon mualliflari “ming shaharli davlat” deb ataydilar. Gerordotdan oldin “baqtriya xalqi” tushunchasini buyuk Esxil “Forslar” tragediyasida ishlatadi va forslarda yosh baqtriyalik jangchilardan Tenagan va Aritom ismlarini tilga olib, ularni Salamin jangida (miloddan avvalgi 480 yilda) qahramonlarcha kurashib xaloq bo'lganini eslaydi.
O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari haqida aniq va ishonarli ma'lumotlar Iskandar tarixchilari va ulardan keyin o'tgan yunon muarrixlari qalamiga mansubdir. Miloddan avvalgi 329 yilda Makedoniyalik Iskandarning Baqtriya va Sug'diyona yerlariga harbiy yurishlarida, uning qo'shini bilan birga bo'lajak tarixchilar-Ptolemey, Aristovul, Onesikrit, Kallisfen va Xaresslar xizmat qilib, turli xil siyosiy va madaniy vokeyliklarni yozib borganlar. Ammo, bu ma'lumotlar ularning o'zlari tomonidan yozilgan maxsus asar sifatida bizgacha yetib kelmagan bo'lsada, u ma'lumotlardan so'nggi davr yunon tarixchilari va geograflari keng foydalanganlar. Masalan, Diodor (mil. avv. 90-21 yillar) «Tarixiy kutubxona», Strabon (mil. avv. 64-24 yillar) «Geografiya» , Pompey Trog (mil. avv. 1-milodiy 1 asr) “Filipp tarixi” asarlarini, Plutarx (milodiy 46-127 yillar), Klavdiy Ptolemeylar (milodiy II asr) o'z hikoyalarini, Pliniy (milodiy I asr) “Tabiiy tarix” nomli kitobini yaratdilar. Ammo, Iskandar harbiy yurishlari haqida keng va to'liq ma'lumotlar rimlik Kvint Kurtsiy Ruf (miloddan avvalgi I asrning oxiri – milodiy 1 asr o'rtalari) va yunon Arrian (milodiy 90/95-175 yillar) asarlarida bizgacha yetib kelgan. Arrian “Iskandar yurishlari”, Kvint Kurtsiy Ruf esa “Makedoniyali Iskandar tarixi” asarlarini yaratgan. Kuyida ularning asarlaridan M.E Sergeyenko va V.S.Sokolovlar tomonidan rus tiliga ag'darilgan variantidan parchalar keltiramiz.
Arrian. Makedoniyalik Iskandarning O'rta Sharq va O'rta Osiyo hududlariga harbiy yurishlari haqida yozgan antik dunyo tarixchilaridan bo'lib, yurtimiz qadimgi xalqlari, ularning urf-odatlari, jangavor mard o'g'lonlar ekanligi hamda yengilmas Iskandar qo'shiniga kutilmaganda paydo bo'lib, ilk bor zarba bergan jasur xalqlar ekanligi haqida noyob ma'lumotlar beradi. Arrian hikoya qiladi: “Iskandar yaqinlashib kelishi haqida eshitib, Bess Oks daryosidan kechib o'tadi va kemalarini yondirib, Nautaka-sug'diylar yeriga yo'l oladi» Spitamen va Oksiard bilan birga sug'd chavandozlari hamda Tanais daylari unga ergashadilar. Baqtriya chavandozlari Besning qochishidan xabar topib, har tomonlarga qarab o'z uylariga yo'l oladilar. Iskandar Drapsakka yetib keladi, qo'shinlarga dam berib, ularni Baqtriyadagi eng yirik shaharlar-Aorn va Baqtra tomonga yurgizadi. Bu shaharlarni xujum qilib zabt etadi. Himoyasiz taslim bo'lgan baqtriylarga hokim qilib fors Artaboz tayinlanadi”.
“Iskandar chavandoz qo'shinlarini mahalliy otlar bilan taminlab Sug'diyona poytaxti Marokandaga yo'l oladi”. “Shu joydan Tanais daryosiga qarab yuradi. Tanais ham Kavkaz tog'laridan boshlanadi, Aristovul so'zlariga ko'ra, varvarlar (yunonlar o'zga xalqlarga nisbatan odatda “varvar” iborasini ishlatishga odatlanganlar-A.A.) uni Orksant daryosi deydilar; “Shu yerda oziq- ovqatlar g'amlashga chiqqan makedonlar mahalliy aholi tomonidan qirib tashlanadi, keyin ularning o'zlar tik va chiqib bo'lmaydigan qoyaga qochib bekinadilar. Ular 30 mingga yaqin bo'lgan”. “Makedonlar qoyaga chiqish uchun bir necha marta harakat qiladilar; dastlab ular varvarlar o'qlari ostida ortga chekinadilar; ko'p askarlar yarador bo'ladi; Iskandarning soniga o'q tegib, suyagini bir qismini uchirib ketadi. Shunga qaramasdan qoyadagi qal'a xujum bilan olinadi. Makedonlar varvarlarning bir qismini joyida qirib tashlaydilar, ularning ko'plari o'zlarini qoyalardan tashlab halok bo'ladilar, shuning uchun ham 30000 dan 800 kishi tirik qoladi”. “Spitamen o'z jangchilari bilan Marokanda qal'asini qo'riqlayotgan makedonlarga xujum qiladi”. “Iskandar Marokandaga yordamchi qo'shin yubarganidan xabar topib, Spitamen qal'a qamalini to'xtatib, Sug'diyonadagi basileya – podsho shahriga otlanadi (Basileya Poyariqdagi Ko'ktepa bolsa kerak- A.A.). “Spitamen yana 600 ta skif otliqlarini o'z qo'shiniga qo'shib oladi va skif ittifoqdoshlaridan ko'ngli ko'tarilib, xujum qilayotgan makedonlarga qarshi jang qilishga qaror qiladi. Skif dashtlarining tekisligida turib u dushmanning xujumini ham qutmadi, dushmanga xujum ham qilmadi; faqat uning chavandozlari piyoda makedonlarning atrofida ot choptirib yurdilar va ularga o'q otdilar”.“Farnuxning askarlaridan ular osongina qutildilar, chunki ularning otlari chaqqonroq bo'lib, o'sha paytda hali charchamagan edi, Andromax qo'shinlaridagi otlar esa olis yo'llarda charchab, yemish kamligidan zaiflashgandi. Skiflar jang maydonida turgan va chekinayotgan makedonlarga g'ayrat bilan xujum qiladilar”. “Ko'pdan-ko'p makedonlar yaralanadi va halok bo'ladi; xullas askarlar to'rtburchak bir qator saflanib, Politimet daryosi tomonga chekinadilar; bu yerda o'rmon bo'lib, o'rmondagi changalzorlar varvarlarning o'qlariga to'siq bo'ladi va piyoda askarlarning harakatlariga ko'proq foyda keltiradi”. Arrian shu yerda Iskandar qo'shinlarini kechuvdan o'tish vaqidagi tartibsizlik, ular orasida yuz bergan qo'rquv haqida gapirib, so'ng hikoyasini davom ettiradi: “Makedonlarning xatolarini sezib qolgan otlik varvarlar har ikkala qirg'oqdan otlari bilan daryoga tashlanadilar.... Makedonlarning ba'zilari daryodan kechib o'tgan edilar va uzoqlashganlarning ortidan varvar suvoriylari quvadilar, boshqa birlari daryoni kechib o'tayotganlarga ro'baro bo'lib, ularni ortga, suvga uloqtiradilar yoki o'q otadilar yoki daryoga kelayotganlar ortidan xujum qiladilar. Og'ir ahvolga uchragan makedonlar daryo o'rtasidagi kichik orolga tashlanadilar. Spitamen askarlari ularni o'rab olib,hammasini qirib tashlaydilar; boshqa bir kichik qismini asirlikka olib, hammasini o'ldiradilar”. (Arrianni bu hikoyasi Zarafshon daryosining Poyariq tumanida Oqdaryo va Qora daryo kabi irmoqlarga bo'lingan joyida Miankal nomli kichik bir orol hosil bo'lgan, gap shu orol haqida bormoqda-A. A.). «Shu mag'lubiyat haqida Iskandarga xabar yetib kelganda u askarlarning achchiq taqdirlaridan qayg'uga tushadi va Spitamenga qarshi shiddatli xujum qilishga qaror qiladi. U o'zi chavandozlar qo'shinining yarmiga va tez yurar piyoda askarlarga bosh bo'lib, Maroqandaga yo'l oladi, uning bilishicha, Spitamen shaharga qaytib qalьani yana qamal qilgan”. Arrian hikoyasini davom ettirib xabar qiladiki, Iskandar uch kun uzoq yo'l bosib, to'rtinchi kuni tongda Maraqandaga yetib kelsa, undan xabar topgan Spitamen allaqachon shaharni tashlab sahroga chekinadi. Iskandar uni ketidan izma-iz quvib, yo'l-yo'lakay uchragan mahalliy aholini ayovsiz qilichdan o'tkazib, qishloq va shaharlarni vayron qiladi. “U Politimet daryosi suvlaridan foydalanuvchi butun mamlakat yerlaridan o'tdi”, deydi Arrian. Demak, Spitamen Buxoro tomon chekinib, Qizil Qum ichkarisiga qirib ketgan. Samarqand va Buxoro oralig'idagi aholi punktlarining deyarli barchasi Iskandar qo'shinlaridan aziat chekkan.
Arrianni yozishicha, Iskandar alamidan o'tkazgan yovuzliklarini yakunlab, Spitamenga yetaolmay Zariaspda (Balx qal'asiga- A.A.) qishni o'tkazadi. Shu paytda Iskandar xuzuriga Xorazmdan kolxlar va Amazonka qabilalariga qo'shni bo'lib yashaganligi haqida hikoya qilib podsho Farasman keladi va unga Xorazmdan shimolda yashovchi qabilalarni istilo qilish niyatida bo'lsa, har qanday yordamga tayyor ekanligini bildiradi. Iskandar Farasmanga minnatdorchilik bildirib, u bilan do'stlik ittifoqi shartnomasiga imzo chekadi hamda Pont dengizi tomon yurishga hozir vaqti yo'qligini bildirib, Farasmanni Baqtriya satrapi fors Artaboz huzuriga yubarib, vataniga jo'natadi. O'zi esa Sug'diyona shaharlarida qoldirgan ishonchli odamlariga - hokimlariga qarshi chiqqanlarga jazo berish va Sug'dda tartib o'rnatishni rejalashtiradi. Nihoyat, Iskandar maxsus qo'shin bilan birnecha yaqinlarini Baqtriyada qoldirib, “ularga shu davlatni nazorat qilib turish bilan birga varvarlarning g'alayonlar ko'tarishiga yo'l qo'ymaslik va boshlangan qo'zg'olonlarni bostirish haqida buyruq berib” o'zi Maroqandaga otlanadi. “Iskandar shu ishlar bilan band bo'lgan paytda, Spitamen skif-massaget yerlarida 600 ta otlik sipohiylarga bosh bo'lib, Baqtriyadagi bir qal'aga yetib keladi. Qal'a qo'riqchilarining boshlig'i Frurax va uning askarlari ham dushman tomonidan xujum havfini kutmaganlar, askarlar qiriladi. Frurax asirlikka olinadi. Shu qal'ani qo'lga kiritishganlaridan ko'ngli ko'tarilib, ular bir necha kundan so'ng Zariaspga yetib keladilar, ammo shaharga xujum qilmadilar va katta o'ljani qo'lga olib ortga qaytishga qaror qiladilar”. “Krater bu haqda xabar olib, massagetlarga qarshi shiddatli yurish boshladi. Ular bundan xabardor bo'lib, cho'lga chekinadilar. Krater Spitamenning izidan quvib, unga saxro chegaralarida yetib oladi; uning (Spitamenning – A.A.) boshchilligida yana mingta otlik massagetlar bor edi. Makedonlar va skiflar o'rtasidagi kuchli jangda makedonlar g'alaba qozanadilar. Skiflarning 150 ta chavandozlari halok bo'ladi. Boshqalari osonlik bilan cho'lga bekinadilar; ularning ketidan quvish makedonlar uchun og'ir bo'ladi”. Jangda katta talofat ko'rgan Spitamen ayg'oqchilari orqali bildiki, makedonlar ularni har tomondan qurshab, siquvga olgan. Kutilishni yagona yo'li makedonlarning Ken boshchilligidagi qo'shinlariga qarshi shiddatli xujum bilan g'alaba qozonib, qurshovdan chiqish. Shu maqsadda Spitamen Gava sug'diylari bilan skif-massagetlar yurti chegaralariga yig'ilib, otryadidagi 3000 ko'chmanchi chavandozlarni Sug'diyona tomonga yurishga ko'ndiradi. “Bu skiflar, - Arrianni yozishicha, - juda ham qashshoq ahvolda yashaganlar; boylik mulklaridan ajrab qolishdan qo'rqmas edilar, shuning uchun ularni har qanday urushlarga rozi qilish oson edi. Ken Spitamen unga yaqinlashib kelishini sezib, unga qarshi chiqadi”. “Shiddatli jang boshlanib, u makedonlar uchun g'alaba bilan yakunlandi; bu jangda dushmanning 800 ta otliq chavandozlari, Ken qo'shinidan esa 25 ta chavandoz va 12 ta piyoda askar halok bo'ladi. Ko'pchillik baqtriyaliklar Spitamenni tashlab, uni yolgiz qoldiradilar va Ken oldiga yetib kelib, asirga tushadilar”. “Mag'lubiyatga uchragan ko'chmanchi chavandozlar o'zlari bilan jangda qatnashgan quroldoshlari-bohtariylar va sug'diylarni ot-aravalaridagi yuklarini talab, Spitamen bilan dasht ichida g'oyib bo'ladilar. Ko'chmanchi massaget chavandozlari Iskandarni o'zi ular izidan quvib kelayotganligini bilgach, o'z sardorlari-Spitamenni boshini kesib Iskandarga yubaradilar”
Kvint Kurtsiy Ruf qadimgi Yunonistonning antik davri tarixchilari maktabining vakillaridan biri bo'lib, u o'zining “Makedoniyalik Iskandar tarixi” asarida qadimgi Baqtriyaning rang- barang tabiati va Iskandar harbiy yurishlari haqida yaxshi ma'lumotlar qoldirgan. Masalan u Baqtriya mamlakatining tabiati haqida shunday yozadi: “Baqtriyaning tabiati boy va turli-tumandir. Ba'zi joylarda ko'pdan-ko'p daraxtzorlar va tok novdasi serob shirin meva hosil qiladi; unumdor yerlarni ko'p sonli buloq-daryolar sug'oradilar; hosildor tuprog'ida bug'doy ekiladi; boshqa yerlar o'tloqlar uchun qoldiriladi”. “Mamlakatning katta bir qismini hosilsiz dashtlar egallaydi; suvsizlik tufayli tashlab qo'yilgan viloyatlarda na odamlar, na mevalar bor. Pontdan (dengizdan – A.A.) esayotgan shamollar tekisliklarga qumlarni uchirib keltiradi; olis masofadan qum uyumlari katta tepaliklarga o'xshab ketadi; shu yerda yo'llarning izlari yo'qolib qoladi”. Kurtsiy Ruf Iskandarning Osiyoga uyushtirgan harbiy yurishlari haqida, ayniqsa uning O'rta Osiyodagi harbiy harakatlari to'g'risida qimmatli ma'lumotlar qoldirgan. Ulardan parchalar keltiramiz:“Iskandar Baqtriya viloyatini boshqarishni tajribali lashkarboshilaridan biri Artabozga topshirib, uning bilan birga qo'riqchi qo'shin va ot-aravalar qoldiradi. O'zi esa harakatdagi qo'shinlarga bosh bo'lib, Sug'diyona sahrosiga yo'l oladi”. “Xullas, kechki payt u Oks daryosiga yetib keladi. Ammo, uning izidan kelayotgan ko'pdan-ko'p askarlar unga yetaolmaydilar va orqada qoladilar. Shuning uchun ham u baland tog' ustida o't yondirishga buyruq beradi, orqada qolganlar uchun alanga nuri lagerga yaqinlab qolganliklarini bildiradi”. Makedonlar daryodan sollar orqali barcha qo'shin va ularning yuk-toklarini 6 kunda o'tkazib, so'ng uzoq yo'l bosib, “Iskandar Maroqandaga yetib keladi. Uning mudofaa devorlarining uzunlgi 70 stadiy; shahar qo'rg'oni ikkinchi devor bilan o'rab olingan”. “Tanais ortidagi sikf mamlakatining podshosi makedonlar tomonidan daryo bo'yida asos solingan shaharni vayron qilish va makedonlarni daryo qirg'ogidan uzoq masofaga quvib chiqarish uchun katta bir otlik qo'shinga bosh qilib akasi Karatazisni yubaradi. Tanais daryosi bakriylarni yevropalik skiflardan ajratib turadi”. “Iskandar tayyorgarlik ko'rmasdan birinchi bo'lib jang qilishga erishadi, uning ko'z o'ngida dushman chavandozlari otda chopadilar, u esa yaradorlikdan butunlay tuzalmagan. Xullas, u do'stlarini maslaxatga chaqiradi”. “U dushmandan emas, noqulay vaziatdan qo'rqqan edi. Baqtriyalilar isyon ko'taradilar, skiflar bezovta qiladilar; uning o'zi zo'rga oyoqda turib, otga minishga ham, yo'lboshchi bo'lishga va askarlarni ruxlantirishga ham imkon topmadi” Kurtsiy Ruf Iskandar bilan Spitamen qo'shinlari o'rtasidagi jangu-jadallar haqidagi hikoyalarida buyuk g'alabalarga o'rgangan Iskandarni Spitamen harbiy taktikalari cho'chitib qo'yganligi, unga qarshi qo'shinga tajribali sarkardalar va ko'p hollarda shaxsan o'zi bosh bo'lib jangga kirishi, dushmonning “har bir otlarida ikkitadan qurollangan chavandozlar bo'lib, kutilmaganda ular navbat bilan otdan tushib, otliqlar jangida dushmaniga to'sqinliq qilishlari”, askarlarning epchilligi otlarning chaqqonligiga o'xshab ketishi va ularning dushmanlarga qarshi birdaniga ortdan, ro'ppara va yon tomonlardan xujumga o'tib, dushmanni dovdiratib qo'yishlari haqida yozadi. Spitamen bilan makedon qo'shini ko'mandoni Menedem o'rtasidagi jangda tajribali Menedem qanchalar o'z qo'shini jangchilarini mardlikka va jasoratga chaqirib, ularni ruhlantirmasin, yomg'urdek yog'ib turgan Spitamen jangchilari siquviga bardosh bera olmaydi, Menedemning dushmon ustiga daxshat solib tashlanishlari ham foyda bermaydi, nihoyat u “sanoqsiz yaralardan zaiflashib, jonsiz ot ustidan yiqiladi”. Makedonlar “bu janglarda 2000 ta piyoda, 300 ta otlik chavandozlaridan ajraydi. Jang maydonidan chiqib kelgan askarlarni o'lim jazosi bilan qo'rqitib, Iskandar bu mag'lubiyat haqidagi xabarni ehtiyotlik bilan sir saqladi”.
Kurtsiy Ruf o'z asarida Baqtriya kabi Sug'diyona haqida ham ma'lumotlar qoldirgan. Uning yozishicha, “Sug'diyona-keng hududiy masofadagi dashtli mamlakatdan iborat, cho'llarining kengligi 80 stadiyga yaqinlashadi.maxalliy aholi tomonidan Politimet degan daryo mamlakat bo'ylab shiddatli oqadi. Suv yo'li o'zani torayib, daryo qum ichiga oqadi va qumga singib ketadi”. Kurtsiy Ruf Iskandar Spitamen bilan uch yil davom etgan mashoqatli urushda g'olib chiqqach, qo'zg'olonchilarni jazolash uchun ularni tirik qolgan yetakchilarini talab qiladi, deb yozadi. Shunda “sug'diylar asirlardan podshoga 30 ta kuchli erlarni olib keladilar, ular podsho buyrug'iga binoan o'lim jazosiga berilishini eshitib, mag'rur holatda g'oyat xursond bo'lishib kuylaydilar”. “Podsho ularning mardligidan ajablanib, ortga qaytarishga buyruq beradi va o'lim oldidan ularning shodlanish sabablarini surishtiradi. Ular aytadilarki, agar ular o'zlariga boshqa birov o'lim jazosini berganda, qayg'ulanib o'lardilar, ammo o'z ajdodlarining yoniga ularni hamma qabilalar ustidan g'olib chiqqan ulug' podsho yubarganligidan xursond bo'lishib, o'z jonajon qo'shiqlarini aytdilar va butun jasurlar orzusi bo'lgan faxrli o'limni bayram qildilar”deb javob qilgan ekanlar.
Strabon mashxur «Geografiya» asarining muallifi. U O'rta Osiyo qadimgi xalqlarining urf-odatlari, shaharlari va daryolari haqida ma'lumotlar beradi: “Oldingi zamonlarda baqtriylar va sug'diylarning turmush tarzi va urf-odatlari ko'chmanchilarning turmush tarzidan ko'p farq qilmagan, ammo baqtriylarning an'anaviy madaniyati ancha yuqori bo'lgan; lekin ular haqidagi Onesikritning fikri maqtovga sazovor emas. Uning so'zlariga ko'ra, qarilik va kasallikdan qattiq toliqqan odamlarni ular maxsus boqqanlar va o'zlarining mahalliy tillarida “go'rkovlar” degan itlarga tirik holda tashlaganlar. Baqtriylar poytaxti devorlaridan tashqari joylar toza bo'lgan, lekin mamlakat ichqarisidagi hududning katta bir qismi odamlar suyaklari bilan to'ldirilgan; Iskandar bu urf-odatni yo'q qildi. Shunga o'xshagan hikoyalarni kaspiylar haqida ham aytib beradilar: ular 70 yoshdan oshgan o'z ota-onalarini qamab qo'yadilar va och qoldiradilar”. Strabon yurtimiz qadimgi shaharlari haqida kuyidagilarni yozadi: “Aytishlaricha, Iskandar Baqtriya va Sug'diyonada 8 ta shaharga asos solgan va ko'plarini vayron qilgan. Vayron qilganlari jumlasidan Baqtriyadagi Kariata (bu yerda Kallisfen qo'lga tushib qamoqqa olingan), Sug'diyonadagi Maroqanda va Kira – Yaksart daryosidagi Kir tomonidan qurilgan ohirgi shahar; bu fors davlatining chekkasi bo'lgan. Iskandar Kirni izzat-xurmat qilgan bo'lsa ham, bu shahar aholisini ko'pdan-ko'p qo'zg'olonlari sababli uni vayron qilishga buyruq bergan...” .“Sug'diyona ichidan oqayotgan daryoni Aristovulning aytishicha, makedonlar Politimet deb atashgan. Oriylar yeridan oqayotgan Ariy daryosiga o'xshab bu daryo ham mamlakat yerlarini sug'orib, dasht va cho'l o'lkalariga intiladi va qumlar ichida yo'qolib ketadi”.
Siyosiy tarix. Makedoniyalik Iskandarning O'rta Osiyo hududlariga harbiy yurishi munosabati bilan ko'p mamlakatlar siyosiy va etnomadaniy tarixida tub o'zgarishlar yuz berdi. Miloddan avvalgi 329 yilda Iskandar o'z qo'shinlari bilan Hindiqush tog' tizmalaridan oshib o'tib Baqtriyaning poytaxt shahri Baqtra va boshqa shaharlarni osongina egallaydi. Baqtriya va Sug'diyonaning hokimi Bess esa oxirgi Ahamoniy Doro III ni o'ldirib, o'zini Artakserks nomi bilan “ulug' podsho” deb e'lon qiladi va Iskandarga qarshi chiqa olmay, izdoshlari bilan Sug'diyonaga, uning Nautaka shahriga qochib, qal'aga yashirinadi. Kurtsiy Rufning xabar berishiga qaraganda Iskandar qo'shinlari Baqtradan chiqib, Oks (Amudaryo) tomon yurib, Termizdan g'arbda, Cho'chka Guzar kechuvi orqali Bess ortidan Nautakaga yo'l oladi. Qachoq Bess bilan Spitamen, Arimaz, Datafarn va boshqalar birga bo'lib, Iskandarni mamlakat ichkarisiga kiritmaslik maqsadida Bessni oyoq-qo'llarini qishanlab Nautakada qoldiradilar, o'zlari esa Sug'diyona ichqarisiga kirib, Iskandar xatti-harakatlarini kuzatadilar. Ammo, Iskandar Bessni qo'lga olsada, orqaga qaytmadi, aksincha harbiy yurishni davom ettirdi. Uning asl niyatini tushunib yetgan aslzoda sarkardalar Iskandarni Bessdan podsho Doro III uchun o'ch olish emas, balki mamlakatni istilo qilish niyatida ekanligini payqab qoladilar.
Shundan so'ng Spitamenning mamlakatni himoya qilish harakati boshlanib ketdi. Spitamen o'z qo'shinlarini to'plash harakati bilan yurgan kezlarda, Iskandar Nautaka va Maroqanda shaharlarini osongina egallaydi va Maroqandada o'z harbiylarini bir qismini qoldirib, Yaksart (Sirdaryo) tomon yo'l oladi. Ustrushona tog'larida Iskandar qo'shinlariga qarshi mahalliy aholi-mamakenlar xujum qiladilar. Jangda Iskandar yaralanadi, ammo qattiq janglar Iskandar g'alabasi bilan yakunlanadi. Tog'liklardan 22 ming kishi halok bo'ladi. Iskandar harbiy yurishlari Yaksart tomon davom etib, Yaksart yaqinidagi Kiropolis shahri qamal qilinadi.
Shu vakt Yaksart ortidagi saklar daryo sohiliga to'planib, makedonlarga xujum qilmoqchi bo'ladilar. Ammo, Iskandar shoshilinch daryodan kechib o'tib, orada qattiq janglar bo'ladi, saklar chekinadilar. So'ng Iskandar orqasiga qaytib, Yaksard sohilida harbiy qal'a quradi va unga Aleksandriya Esxata (chetdagi Iskandariya) deb nom beradi. Shu payt Maroqanda gornizonidan chopar kelib, Sug'diyonada makedonlarga qarshi qo'zg'olon boshlanib ketgani, Maroqanda esa Spitamen otryadlari tomonidan qamal qilingani haqida noxush xabar keltiradi. Qo'zg'olonchilarni tor-mor keltirish uchun Iskandar shoshilinch Farnux bilan Karan boshchilligida piyoda va otliq askarlarni Maroqandaga jo'natadi. Politimet bo'yidagi shiddatli janglarda Spitamen yunonlar ustidan g'alaba qozonadi, ikki mingdan ortiq makedonlar halok bo'ladilar. Iskandar uchun bu jang kutilmagan mag'lubiyat bo'lib, Iskandar endi janglarga qatiyroq tayyorlanish zarurligini tushunib yetadi. (Shu joyda Spitamenni tajribali yunon sarkardasi Menedem bilan bo'lgan jangdagi g'alabasini eslang).
Iskandar asosiy kuchlari bilan Maroqandaga yetib keladi. Ammo, Spitamen bu paytda Qashqadaryo kuyi havzasida, Buxoro yaqinida edi. Xanuzgacha yengilish nimaligini bilmagan Iskandar g'azab o'tida, Arrianni yozishicha, Samarqand bilan Buxoro o'rtasidagi qishloq va shahar aholisini qilichdan o'tkazadi. Miloddan avvalgi 328 yilda Kuyi Zarafshonda bo'lgan janglarda Spitamen mag'lubiyatga uchrab, tinimsiz janglar va sarson-sargardonlikdan charchab, umidsizlikka tushgan uning yaqinlari Spitamen kallasini olib Iskandarga topshiradilar.
Yunon tarixchilari yozishiga qaraganda, bu urushlar tufayli Sug'diyona xarobaga aylanadi, ko'pgina sug'diylar Hisor tog' tizmalariga joylashgan qal'alarga yashirinadilar. 327 yilda Iskandar Oksiard egallab turgan “Sug'd qal'a”sini qo'lga kiritib, Oksiardning go'zal qizi Ruxshanakka (Raksona) uylanadi. Sug'diyona va Baqtriya oraligidagi tog'larda joylashgan “Xoriyen qal'asi”da mahalliy hokimlardan Xoriyen o'z oilasi va yaqinlari bilan yashar edi. Iskandar qo'shinlari Xoriyen qal'asini ham osongina egallaydi. Ta'qidlash joizki, aslzoda Xoriyen va Oksiardlar o'z tinchligini o'ylab Spitamen kabi ona-yurt himoyasi uchun qayg'urmadilar. Shu munosabat bilan sharqshunos olim V.V.Grigorev vatanparvar sug'diylarga va ularning sardori Spitamenga yuksak baho berib shunday deydi: “ Agar Doro III Iskandardan o'z podsholigini himoya qila olmagan bo'lsa, Bess razil nomard chiqqan bo'lsa hamki, ammo bu yerda, Turonda, shunday dov yuraklar topildiki, ular chet elliklarga bo'ysunish nimaligini obdan tushunib, ularga itoat etmadilar, shunday qo'llar topildiki, ular chaqirilmagan begonalarga qarshi xalq qasosini namoyon etdilar”.
Iskandar Baqtriya, Sug'diyona va Ustrushonaning bir qismini istilo etgach, Hindistonga yo'l oladi, O'rta Osiyoning Xorazm, Farg'ona, Choch va saklar yurti mustaqil bo'lib qoladi. Lekin Baqtriya, Sug'diyona, Marg'iyona va Parfiya viloyatlari salavkilar davlatiga qo'shilib, hech vaqt o'tmay miloddan avvalgi III asr o'rtalaridan Baqtriya, Sug'diyona va Margiyona tarkibida Yunon-Baqtriya davlati tashkil topadi. Xullas, Iskandar Sharq xalqlarini ahamoniylar zulmidan ozod qilib, ularning ustiga yunon zulmini o'rnatdi. Podsholar, hokimu-to'ralar almashib, siyosat o'zgardi, ammo O'rta Osiyoning qadimgi xalqlari mustaqil bo'lmadi. Bu zulmdan qutulish uchun mintaqa xalqlariga juda ko'p vaqtlar va ozodlik uchun kurashlar qilishga, ko'plab qon to'kishga to'g'ri keldi.
Yana shuni ta'kidlash joizki, makedoniyalik Iskandar o'z davrining tadbirkor, o'z xalqining uddabiron farzandi edi. O'sha zamonning siyosiy jarayonlari shunday podshoni, shohlar shohini talab etdi. U tashkil etgan urushlar va undan keyin yuz bergan qirg'inliklar ham xalq boshiga ko'plab azob va o'lim keltirdi. Shu bilan birga, Iskandarning harbiy yurishlari G'arb va Sharq o'rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalarning rivojlanishiga olib keldi. Bu jarayonlarning ta'sirini moddiy madaniyatning rivojlanishida, qurilish va memorchilikda, kulolchilik va tasviriy san'atda, yangi alifbo va yozuvlarning tarqalishida, tangashunoslik va diniy e'tiqodlarda ko'rish mumkin. Yunonlar Qadimgi Sharqning ko'plab madaniy-xo'jalik yutuklarini qabul qiladilar va o'zlarining madaniy ta'sirlarini ham mahalliy aholining madaniyatiga joriy qiladilar.
Iskandar Hindistonda o'z maqsadiga erisha olmadi, u o'z orzulari bilan yakkalanib qoldi. Iskandarning g'olibona harbiy yurishlari, uning ulkan yutuqlari qanchalar yuksak bo'lmasin, u uzoq o'lka xalqlari tasavvurida ulug' podsho bo'lib qolmasin, ular, ayniqsa uning harbiylari qalbidagi vatan sevgisi oldida hech narsa bo'lmay qoldi, uning jangavor askarlari oldinga bir qadam ham bosishni xohlamay qo'ydilar. Ular ortga qaytishni istab qoldilar. Iskandarning harbiy sarkardalari “agar podsho askarlari jangga rozi bo'lmasa, ularni xatto qirib tashlab, Gang daryosiga yangi otasi-xudo Amon bilan birgalikda yurishi mumkin», deb o'ylaydilar.
Biroq, xushyor va dono Iskandar sharqiy yurishlarni to'xtatilishini e'lon qilib, yana bir yuksak g'alabani qo'lga kiritadi, ya'ni oddiy askarlar mexrini qozanadi. Miloddan avvalgi 325 yilda makedonlar kemalarda Hind daryosi orqali okeanga yetib boradilar. Harbiylar ikkiga bo'linib, Nearx boshchilligidagi qism kemalarda Fors qo'ltig'iga qarab suzadilar. Iskandar va uning qismi esa sahrolar orqali Eronga yo'l oladilar. Miloddan avvalgi 324 yilda ular (har ikki qism) saxro va suv azobini totishib, Eronning Suza shahrida uchrashadilar. Shunday qilib, Makedoniya, Kichik Osiyo, Misr, Sirdaryo va Hindistongacha cho'zilgan kengliklarda yirik davlatga asos solinadi. Bu davlatning poytaxti sifatida Bobil shahri e'lon qilinadi. Ammo uning asoschisi buyuk Iskandar o'limidan so'ng bu davlat qismlarga bo'linib, parchalanadi. Jahon tarixida yangi jarayonlar boshlanadi.
Lotin alifbosida maqola: O'rta Osiyoning qadimgi aholisi haqida yunon-rim mualliflari haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)