Jahon xalqlari tarixidan ma'lumki, O'rta Osiyo juda qadim-qadim zamonlardan Sharqning G'arbga tomon darvozasi, iqtisodiy va madaniy aloqalar uzatuvchi uzeli rolini o'ynab kelgan. Sharq xalqlari G'arbga tomon turli maqsad sari intilishlarida hech qachon O'rta Osiyo hududlarini chetlab o'tmaganlar. Qadimda va o'rta asrlarda Yevraziya dashtlari aholisi, ayniqsa Oltoy, Janubiy Sibir, Shimoliy Xitoy hududlari nafaqat iqtisodiy, balki etnomadaniy jihatdan ham O'rta Osiyo bilan o'zaro uzviy aloqada bo'lgan. Bu haqda arxeologik manbalar ko'p faktologik materiallar beradi. Arxeolog A.V. Vinogradov bu aloqa natijalarini neolit va eneolit davri O'ralorti, shimoliy va sharqiy Qozoqiston yodgorliklari bilan qadimgi Xorazmning kaltaminor madaniyati materiallari misolida yaxshi kuzatadi. Bronza davriga kelganda, ayniqsa yilqichilik rivojlanib, ot va tuyadan tez yuruvchi transport hayvoni sifatida foydalanish kashf etilgach, janubiy Sibir va O'rta Osiyo qabilalari o'rtasidagi aloqalar jonlanib ketdi.
Miloddan avvalgi II – ming yillikning o'rtalariga kelganda Markaziy Osiyoning cho'l va dasht mintaqalarida, ayniqsa uning Janubiy Sibir, Tog'li Oltoy, janubiy – sharqiy O'rol orti rayonlarida, Qozoqiston dashtlarida chorvador qabilalar hayotida tub sotsial-iqtisodiy va etnomadaniy o'zgarishlar yuz berdiki, dasht aholisi orasida mulkiy tabaqalanish jadal kechdi, dasht aholisining asosiy boyligi hisoblangan chorvaga bo'lgan mulkchilik o'sha davrning harbiy aslzodalari – sardorlar: qabila va urug' boshliqlari qo'lida to'plana boshlandi, o'sha davr jamiyatining aristokratiya tabaqasi, ozod va erkin mulk egalari paydo bo'ldi. Yem-xashak zahiralari yetarli bo'lgan mintaqalarda chorva mollarini tez ko'payishi bu tabiiy hol. Buni yaxshi tushungan mulk egalarining e'tibori o'sha davr taqozasiga ko'ra, otlik harbiy qo'riqchilar,jangavor suvoriylar otryadini tashkil etishga qaratildi. Endilikda chorvador aslzodalarning iqtisodiy yuksalishidagi asosiy omil chorva mollarini muntazam yem-xashak zaxiralari bilan ta'minlab borish bo'lib qoldi. Dasht aholisining hali davlat tuzilmalari shakllanmagan, qabilaviy tartib-qoidalari xukm surgan jamiyatida yangi yaylovlarni o'zlashtirish uchun o'zaro kurashlar muqarrar edi. O'sha davr talabiga ko'ra, chorvadorlar jamoalarida jangavor suvoriylar, ya'ni erkin, ozod harbiylar tabaqasi paydo bo'ldi. Ular qadimgi Eron va Turon xalqlarining muqaddas kitobi Avestoda turlar deb atalgan mulkdor chorvadorlar, ya'ni oriylar edi. Oriylar bronza va ilk temir davri ijtimoiy tabaqasi, shakllanib borayotgan dastlabki sinfiy jamiyatning mulkdorlar sinfi.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko'ra, miloddan avvalgi II-ming yillikning o'rtalaridan boshlab, O'rta Osiyoning shimoliy – sharqidan Sirdaryoning quyi havzalariga Markaziy Osiyoning dasht aholisi jadal kirib kelaboshlaydi. Dastlab ular Amudaryoning kuyi havzalariga joylashadilar (tozabog'yob madaniyati), Ularning bir qismi Sirdaryoning o'rta havzasi, ya'ni Janubiy Qozoqiston va Toshkent vohasiga kirib keladilar, Yettisuv orqali qadimgi Farg'onaga (qayroqqum madaniyati), undan Qayroqqum orqali Ustrushona va Sug'diyona hududlariga kirib boradilar. Hozirgi kunda ularning moddiy madaniyat izlari butun O'rta Osiyo hududlari bo'ylab keng tarqalgan. Ularning izlari xatto O'rta Osiyoning qadimgi dehqonchilik mintaqalarida, aynan Murg'ob vohasi yodgorliklarida ham uchraydi. Bronza davridan boshlangan bu migratsiya jarayonlari moddiy madaniyat va qadimgi yozma manbalar tahliliga ko'ra, muntazam ravishda to so'nggi o'rta asrlargacha davom etgan.
Ta'kidlash joizki, O'rta Osiyo tub joyli aholisining aynan ikki qutb bilan, ya'ni shimoliy – sharq va janubiy mintaqalar bilan an'anaviy uzviy bog'likligining zaminida muhim bir omil yotadi. Bu ham bo'lsa, ular o'rtasida qadim-qadim zamonlardan davom etib kelgan etnik aloqalar edi. Biz yuqorida takror-takror ta'kidlaganimizdek, o'zbek xalqi etnik asosini eronzabon va turkiygo'y komponentlar tashkil etgan ekan, tarixiy jarayonni shunday kechishi tabiiy hol edi.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyoning qadimgi aholisi Xitoy yozma manbalariga ko'ra turkiygo'y bo'lgan. Bu haqda keyinroq alohida to'xtab o'tamiz. O'rta Osiyoning janubiy chegaralarida esa qadimdan eroniy tilli aholilar yashab kelgan. Bu ikki tilli aholining uchrashuv nuqtasi, chegara hududlari qadimda Sirdaryoning kuyi havzalari bo'lsa, ilk o'rta asrlardan boshlab bu chegara Amudaryoning o'rta havzalariga ko'chdi. Bu tarixiy jarayonda turkiy kabilalarning faolligi, ularning muntazam ravishda davom etgan migratsiyasi bosh rolni o'ynagan. Aynan shu davrdan boshlab, janubiy Turon hududlari aholisining etnik tarkibiga ko'ra, aksariyat ko'pchilligi turkiy xalqlardan tashkil topganligi uchun Turkistonga aylandi.
Turkiston tarixining qadimgi davrlari, uning xalqi va xo'jaligi, turmush tarzi va urf-odatlari haqida, ayniqsa Qang' davlati va qadimgi Farg'ona-Davan haqida hamda Daxya to'g'risida Xitoy yozma manbalarida bizgacha qiziqarli ma'lumotlar yetib kelgan. Bu ma'lumotlar qadimgi Xitoy tarixchilari Si Ma Syanning (miloddan avvalgi II-I asrlar) “Tarixiy xotiralar” va Ban Guning (miloddan avvalgi I asr) “Birinchi Xan dinastiyasining tarixi” asarlari orqali yetib kelgan. Birinchi asar (“Shi Ji”) miloddan avvalgi 138-90 yillarda bo'lib o'tgan voqealarni o'z ichiga olgan bo'lsa, ikkinchi asar (“Xanshu”) miloddan avvalgi 138-23 yillarda bo'lib o'tgan vokealarni qamrab olgan. Uning muallifi o'z asarini yozishda “Shi Ji” da bayon etilgan ma'lumotlardan to'liq foydalanib, uni yangi voqealar bayoni bilan boyitgan.
Ushbu manbalar ma'lumotiga ko'ra, Xan sulolasi davrida Xitoy imperiyasi bilan Xunlar o'rtasida munosabatlar yomonlashib, Xan xukmdori Udi (miloddan avvalgi 140-87 yillar) xunlarga qarshi harbiy ittifoqchi qidirib, bir zamonlari Orol bo'ylaridan Sharqiy Turkiston tomon borib qolgan, ammo, u yerlarning egalari xunlar bilan kelisha olmay, ular bilan yaylov talashib, bir necha bor o'zaro to'qnashuvlardan so'ng, G'arbga chekinishga majbur bo'lgan Yuechji (massagetlar qabila ittifoqi) qabilalari orqasidan miloddan avvalgi 138 yilda harbiy zobit, ayg'oqchi Chjan Syanni yubaradi. Chjan Syanning o'z imperatoriga yozgan hisobotnomasiga qaraganda, u Sharqiy Turkistonda xunlar tomonidan qo'lga olinib, 10 yil asirlikdan so'ng qochishga ulgurib, o'z sayoxatini davom ettiradi. U Qashg'ar orqali Qadimgi Farg'ona (aslida Dayyuan, rus adabiyotida Davan bo'lib ketgan) davlatiga keladi. Dovonliklar uni yaxshi kutib olishib, Xitoydek buyuk davlat bilan savdo-sotiq qilish, o'zaro munosabatlarni rivojlantirishga, do'stlik aloqalarini o'rnatishga tayyor ekanliklarini bayon qilishib, ulardan shimolda kudratli Kanguy davlati borligi va ular bilan tinch-totuv yashayotganliklarini bildiradilar. Agar lozim bo'lsa elchi janoblarini Kanguy chegarasigacha kuzatib qo'yishlarini bildiradilar. Dovonliklarning iliq muomilayu-iltifotlaridan mamnun bo'lgan zobit Chjan Syan dovonlik hamrox kuzatuvida Kanguyga jo'naydi. Ammo, Kanguy xukmdori bilan til topaolmay, Yuechjilarni qidirib, sayoxatini davom ettiradi.
Miloddan avvalgi 126 yilgacha Yuechji qabilalari Baqtriya (Xitoy manbalarida “Daxya”)ga borib joylashib olgan edilar. Yuechjilarning Guyshuan qabilasi yetakchiligidagi hukmdori bilan uchrashuvda: “biz poyoni yo'q jangu-jadallardan charchadik, endi unumdor yerlarga boy mamlakatda tinch-totuv yashamoqchimiz” deb, undan rad javobini oladi. Nihoyat, Chjan Syan o'z maqsadiga erisha olmay, Badaxshon va Pomir orqali o'z yurtiga qaytib ketadi. U Sharqiy Turkistonda xunlar tomonidan yana qo'lga olinib, bir yil asirlikda bo'lib, so'ng Xitoyga yetib boradi.
Shundan so'ng 11 yil o'tdi. Chjan Syan miloddan avvalgi 114 yilda imperator topshirigi bilan O'rta Osiyoga ikkinchi marta sayoxatga ruxsat oladi. Endi u 300 kishidan iborat karvonga bosh bo'lib, yo'lga chiqadi. Karvonda bir necha ming pulga teng oltin va kumush, qimmatbaho shoyi-atlaslar O'rta Osiyo podsholiklariga savg'a-salom uchun olib oladi. Safar qatnashchilarining oziq-ovqatlari uchun o'n mingdan ortiq sigir va qo'ylar karvon bilan jo'natiladi. Safardagilarning har biriga ikkitadan ot beriladi. Chjan Syanning o'zi Usun, Kanguy va Dayyuanga yo'l olgan karvonga bosh bo'ladi. U Hindiston va Arab mamlakatlarigacha boradigan karvonlar ajratib, ularni ham ko'p mollar bilan ta'minlab, maxsus elchilarni yubaradi Ular Issiq qo'l orqali usunlarga borib, u yerdan g'arbiy mamlakatlarga maxsus topshiriqlar bilan o'z ayg'oqchilarini karvonlarga qo'shib yubaradi. Uning ayg'oqchilari Parfiyagacha kirib boradilar va turli ma'lumotlar olib keladilar.Chjan Syanning yozishicha, o'sha kezlarda Kanguy davlatining janubiy chegara rayonlari Baqtriyani egallagan Yuechjilar ta'sirida, uning shimoliy-sharqiy chegara rayonlari esa xunlar ta'siriga tushib qolgan edi. Zobit bergan ma'lumotlardan kelib chiqadigan xulosa shuki, miloddan avvalgi II – asrning oxirlarida Kanguy davlatida iqtisodiy va harbiy tanglik yuz beradi. Chunki, Xitoy bilan xunlar o'rtasida boshlangan janglarga Kanguy ham (xunlar tomonida) tortilgan bo'lib, bu urushda xunlar yengiladi, ammo Kanguy, har qalay, o'z mustaqilligini saqlab qolgan edi.
Miloddan avvalgi I – asrdan boshlab Kanguy yana o'zini o'nglab oladi. Mana shu voqealar ta'siri bo'lsa kerak, Xitoy elchisi Chjan Syan imperator saroyiga yubargan hisobatida Kanguy haqida shunday yozadi: “Kanguy mag'rur va qo'rs. U bizning elchilarimiz oldida tazim qilishni o'ziga ep ko'rmadi va butun fel-atvori bilan hokim nomidan uning oldiga yubarilgan bizni amaldorlarimizni ko'pgina davlat elchilaridan, xatto usun elchilaridan ham kuyiga o'tkazdi”. Chjan Syan ma'lumotlariga asoslanib, Si Ma Syan o'zining “Tarixiy xotiralar” asarida qang'lilarning turmush tarzi haqida fikr yuritib, “ular urf – odatlari bo'yicha yuechjilarga o'xshab ketadi”, deb yozadi.
Xullos, xitoyliklar ayg'oqchi diplomat, sobiq harbiy zobit Chjan Syanning har ikki sayoxati davomida imperator saroyiga yubargan hisobatidan so'ng, O'rta Osiyo, ayniqsa qadimgi Farg'ona va Qang' davlati, bu davlatlar aholisining urf-odatlari, turmush tarzi, xo'jaligi va hayoti haqida to'liq ma'lumotga ega bo'ladilar.
Qang' davlati. Xitoy manbalarida Qang' davlati Kanguy yoki Kantsuy deb atalgan. Xitoy tarixchisi Si Ma Syan o'z xotiralarida kanguylarning joylashishi, harbiy kuchi, urf-odati, ularga qo'shni xalqlar haqida qisqacha ma'lumot beradi. Kanguylar haqida batafsil ma'lumot Ban Gu asarida va boshqa Xitoy mualliflarining asarlarida berilgan.
Kanguylarning xo'jaligi, madaniyati va turmush tarzi haqida arxeolog olimlarning qovunchi madaniyatiga oid yodgorliklarda olib borgan ilmiy tadqiqot ishlari taxsinga sazovar. Qanguy davlati va uning tashkil topgan hududi masalasida yaqingacha S.P.Tolstov fikriga suyangan holda O'zbekiston tarixida noto'g'ri tasavvurlar xukmron bo'lib keldi. Ammo, keyingi yillarda Toshkent vohasi va Janubiy Qozoqistonda olib borilgan keng ko'lamli arxeologik qozishmalar Kanguy davlatining joylashgan hududi haqida tarixiy haqiqatni yuzaga chiqardi. Bu masalada Ya.G' G'ulomov, S. G. Klyashtorniy, Yu.F.Buryakov, K.Sh.Shoniyozov, M.I.Filanovich va boshqalar katta ish qildilar.
Avestoda Kanxa, Ptolemeyda “kandar” (qang'ar), “Shoxnoma”da turlar deb nomlangan qabila aslida saklar edi. Turon podsholarining bosh shahri Qang'diz – hozirgi Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanida joylashgan Qang'a shahar xarobasi ekanligi aniqlandi. Xitoy manbalariga ko'ra, qang'arlarda davlat bo'lganligi haqida ma'lumotlar bor. Iskandar harbiy yurishlaridan keyin O'rta Osiyoning qadimgi erksevar ko'chmanchi qabilalari janubda Yunon-Baqtriya davlati tashkil topgach, darhol shimolda ko'chmanchi qabilalar va o'troq aholi mahalliy xokimliklari ittifoqi asosida o'z davlatini tuzadilar. Bu davlat yarim o'troq, yarim ko'chmanchi qabilalar konfederatsiyasi sifatida tashkil topgan Qang' davlati edi. Muntazam harbiy kuchga ega bo'lgan bu davlat O'rta Osiyo janubida tarkib topgan yunonlar xukmronligiga qarshi qaratilgan edi.
Shunisi alohida taxsinga sazovarki, bu davlat aholisi ikki tilda (sug'diy va turkiy) so'zlashuvchi qabila va elatlardan tashkil topgan bo'lib, bu zaminda yashovchi qadimgi eroniy tillarda so'zlashuvchi tub joyli xalqlarning Janubiy Sibir, Oltoy, janubiy-sharqiy O'ralorti, Sharqiy Turkiston va Yettisuv viloyatlarida yashavchi turkiy qabilalar bilan aloqalari, yaqinlashish jarayonlari jadallashadi. Natijada, miloddan avvalgi III – asrdan boshlab Sirdaryoning o'rta oqimi rayonlarida turkiy tilda so'zlashuvchi yangi etnos vujudga kela boshlaydi. Milodiy eraning boshlariga kelganda bu yangi etnos son jihatidan ko'payib, O'rta Osiyoning ikki azim daryolari oralig'ida va ularning tevarak-atrof rayonlarida o'z ustunligini ta'minlaydi va ular alohida qang'ar elati bo'lib shakllanadi. Ana shu elat birligi asosida tarkib topgan siyosiy uyushma, ya'ni o'zbek davlatchilik tizimining boshlangich kurtagi mana shu Qang' davlati edi.
Qadimgi manbalarda Qang' davlatining qanday idora qilinganligi, davlat tuzilishi qanday bo'lganligi to'g'risida ma'lumotlar yetib kelmagan. Ammo, to'ng'ich Xan sulolasi tarixida (miloddan avvalgi II-I asrlarda) Kanguy podshosi o'z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutishi haqida eslab o'tiladi. Osiyocha ishlab chiqarish printsiplari asosida tashkil topgan Qang' davlatida oqsoqollar kengashi katta rol o'ynagan. Bu kengashda qabila boshliqlari, harbiy sarkardalar faol qatnashib, muhim davlat ahamiyatiga molik masalalar hal etilgan. Podsho hokimiyati maslaxat majlisi (anchumana) bilan hamnafaslikda ish yuritgan. Bunday boshqaruv uslubi tarixda harbiy demokratiya printsiplari asosida tashkil topgan davlat tizimi deb nom olgan.
Qang' davlatiga qarashli yerlar bir necha viloyatlardan tashkil topgan edi. Ular agar chorvador qabilalarga tegishli mintaqalar bo'lsa, ularni boshqarish jabg'u (yabg'u)larga topshirilgan. Qang' hokonlari mamlakatni ana shu jabg'ularga tayanib boshqarar ekan, ular, odatda, hokonlarga yaqin kishilardan, ularning qavmu-qorindoshlaridan, yirik urug' va qabila boshliklaridan tayinlangan. Qang' davlati tarkibida bo'lgan o'troq aholi viloyatlarini boshqarish esa mahalliy hokimliklar tasarrufida qoldirilib, ular hokon tomonidan tayinlangan tudunlar nazoratida markaziy hokimiyatga muntazam ravishda soliq (boj) to'lab turgan. Ana shunday tobe viloyatlarga qadimgi Xorazm, Sug'd viloyatlari, O'rol tog'oldi rayonlari (alanlar, yan qabilalari) kirgan.
Qadimgi Xitoy manbalarida Qang' davlatining chegaralari aniq ko'rsatilmasada, ammo, miloddan avvalgi II- asrda Qang' davlati Dovonning shimoliy-g'arbida bo'lganligi eslatib o'tiladi, ya'ni “Kanguy Davan bilan chegaradosh” deyilgan. Milodiy I-III asrlarga oid kichik Xan sulolasi tarixida esa Sharqiy Turkiston viloyati shimolda “kang'uylar bilan chegaradosh” deyilgan. Xitoy elchisi Chjan Syan bergan ma'lumotlarda g'arbiy meridional yo'li haqida gap ketganda, bu yo'l avval Davandan, so'ngra Kanguydan o'tib, Yantsay (alanlar) yeriga o'tib boradi, deyilgan. Xitoy manbalariga ko'ra, Qang' davlatining asosiy yerlari Toshkent vohasi, Janubiy Qozoqiston , Talos vodiysi, Chu daryosining quyi oqimlari, undan to Sarisuv daryosigacha bo'lgan hududlarni o'z ichiga olgan. Si Ma Syanning “Tarixiy xotiralar “ asarida yozilishicha Qang' davlatining poytaxti ikkita bo'lgan. Manbada habar berilishicha, Kanguyning poytaxti Bityanda bo'lgan deyiladi. S P. Tolstov ularni dastlab qadimgi Xorazmdan qidirdi. Ammo, yozma manbalarni arxeologik yodgorliklar bilan qiyosiy o'rganish natijasida olimlar Bityan (Qang'diz) Xorazmda emas, balki Toshkent vohasida joylashganligini isbotladilar. Darhaqiqat, Qang' davlatining qishki poytaxti sifatida Bityan aynan Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanida joylashgan Kankatepa shahar harobasi ekanligi aniqlandi.
Kanka, ya'ni qadimgi Qang'diz (Bityan) qadimgi ipak yo'li yo'nalishida joylashgan, miloddan avvalgi III- asrda qad ko'targan yirik shahar bo'lib, uning bizgacha saqlanib qolgan maydoni 150 ga. Uning atrofi mudofaa devorlari bilan o'rab olingan. Shahar maydonida Qang' hokonining o'rdasi, shahar ibodatxonasi, savdo-sotiq va xunarmandchilik mavzelari, yo'llar, xavuzlar, bozor maydonlari, turor-joy massivlari ochib o'rganilgan. V asr o'rtalariga kelib Qang' davlati parchalanib ketadi, Kanka esa endi Choch maliklarining poytaxti bo'lib qoladi. Bunday xulosaga kelishga guvohlik beruvchi qo'limizda ashyoviy dalillar bor, ya'ni Kankadan V asrga oid Choch malikalarining rasmi tushirilgan tangalar, loyga Choch malikalarining sur'ati bosilgan buyumlar topilgan. Xitoy manbalarida Qang' davlati hoqonlarining qishki poytaxti Bityandan boshqa yozgi qarorgohi ham bo'lgan deyiladi. Qang' davlatining yozgi qarorgohi manbalarda eslatib o'tilgan Tarband (hozirgi O'tror shahri harobasi) shahri edi. Tarband toponimi VIII asrga oid turkiy tosh yozuvida “Qang'u-Tarband” deb eslatiladi.Tarband (O'tror) Qang' davlati parchalanib ketgach (V asr o'rtalari), Choch davlatining tarkibida qoladi.
Shunday qilib, Qang' davlatining ikkita markazi bo'lgan. Ulardan biri Kanka (Qang'diz) bo'lib, u Toshkent vohasida, Sirdaryoga yaqin yerda joylashgan. Bu shahar arxeologik tadqiqot natijalariga ko'ra, miloddan avvalgi III – asrda bunyod etilgan bo'lib, u Qang' podsholarining doimiy qarorgohi bo'lgan. Aris daryosining kuyi oqimida joylashgan O'tror (Tarband) esa Qang' davlati hoqonlarining yozgi qarorgohi bo'lgan. Qadimgi Xitoy manbalarida qang'arlarga qarashli 5 ta viloyat tilga olinadi. Ular Susiye, Fumu, Yuni,Gi, Yuegan bo'lib, bu nomlar Xitoy tarixchilari tomonidan berilgan mahalliy nomlarning xitoycha tarjimalaridir. Tarixiy joylar va shaharlar nomlarini xitoylashtirish (shunday holat yunon tarixchilarida ham uchraydi) xansularga xos ulug' Xitoy shovinizmining asosiy maqsadi edi. Afsuski, mahalliy nomlar bizgacha yetib kelmagan. Ular haqidagi ma'lumotlar xitoycha nom bilan qadimgi xitoy manbalarida uchraydi.
Miloddan avvalgi I asr o'rtalarida to'ng'ich Xan sulolasiga mansub Xitoy imperatorlari buyuk ipak yo'lining barcha bo'g'inlarida o'z nazoratini o'rnatish maqsadida avvalo hunlarni, so'ngra usunlarni o'ziga bo'y sundirish yo'lida siyosat yuritadilar. Miloddan avvalgi 59 yilga kelib, ular Tyanshan orqali o'tgan shimoliy yo'lning Yorkentgacha bo'lgan qismini egallaydilar. Xuddi shu kezlarda usun va hun munosabatlari keskinlashgan edi. Bundan foydalangan Xitoy usunlarni o'ziga ittifoqchi qiladi. Qang'arlar esa hunlar bilan ittifoqda bo'lib, usunlar ustiga qo'shin tortib boradi. Natijada Xitoy-Kanguy munosabatlari yanada yomonlashadi. Chunki bu adovat miloddan avvalgi II asr oxiridan boshlangan, ya'ni Qang' davlati o'z tashqi siyosatida Xitoyning Dovonga uyushtirgan (miloddan avvalgi 104 va 101 yillar) har ikki yurishida Dovonga madad bo'lib turgan. Miloddan avvalgi 65 yilgi Yorkent qo'zg'olonchilariga ham qang'arlar yordam qiladilar. O'sha kezlarda qang'arlarga xalqaro maydonda og'ir yillar bo'ldi. Keyinroq qang'arlar bilan xunlar o'rtasidagi do'stlik ittifoqiga zil ketadi. Bunga hun hukmdorining parfyanlar bilan do'stlik ahdini tuzilishi sabab bo'ladi. Chunki parfyanlar bilan qang'arlar o'rtasidagi aloqa yomon edi. Natijada hunlar qang'arlarning ashaddiy dushmoniga aylanadi. Endi qang'arlar Xitoyga yaqinlashish yo'lini axtaradi. Ammo, Kanguyga kelgan Xitoy elchisiga ko'rsatilgan munosabatni eslab, Xitoy siysatdonlari Xitoy-Qang' o'rtasida do'stlik aloqalarini tiklashga yo'l qo'ymaydilar. Hatto ular qang'arlarning hunlar bilan ittifoqini ham buzishga muyassar bo'ladilar.
Xitoy imperatorlarining qang'arlarga nisbatan tashki siyosatining zaminida qudratli Qang' davlatini xalqaro mavkeini zaiflashtirishga qaratilgan edi. Buni yaxshi tushungan qang'ar aslzodalari xitoyliklarning bosqinchilik tashqi siyosatiga doima qarshi turadilar. Milodiy asrning 80 yillarida Xitoy qo'shinlari Qang' va Dovonni egallash uchun yurish boshlaydi. Dovonliklar Qang' podsholariga yordam so'rab murojat qiladilar. Qang' harbiy qo'shinlari dushmanni Qashg'arda kutib oladi va orada qattiq janglar bo'ladi. Jangda qang'arlarning qo'li baland keladi. Sarosimaga tushgan Xitoy darhol yordam so'rab kushonlarga chopar yubaradi. Huddi shu kezlarda qang'arlar kushonlarga xiroj to'lar edilar. Ushbu majoraga kushonlar aralashgach, qang'arlar Qashg'arni tashlab chiqib ketadilar. Xitoy esa sharmandalikdan qutilib qoladi. Birinchi asrda qang'arlar Buxoro va Xorazmni egallaydi. Ammo, bu viloyatlar tezda Qang' davlati ta'siridan chiqib, Kushon saltanati tarkibiga o'tadi. G'arbda esa qang'arlar Parfiyaning kuchsizlanib qolishidan foydalanib, Yantsayni (alanlar yurtini) egallaydi.
Qang' davlatini iqtisodiy hayotiga kelsak, Xitoy tarixchisi Si Ma Syan uni ko'chmanchilar davlati deb yozadi. Ammo, milodiy eraning boshlariga oid to'ng'ich Xan sulolasining tarixida kanguylarni o'troq xalq ekanligiga ishora qilinadi. Kanguylarda qora mol va qo'ylar ko'p bo'lgan, ular zotli otlarni ko'plab yetishtirganlar,chorva mollarining ko'pchilligi Qang' podsholari va ularning yaqinlariga qaragan, deb eslatiladi Xitoy manbalarida. Shuning uchun bo'lsa kerak, Qang' hoqoni va uning urug'lari bahor kelishi bilan qishki qarorgohdan yozgi qarorgohga ko'chib yurgan. Chorvasi kam ovam aholi esa vohadan chiqib ketaolmagan. Bu vaziyat qang'arlarning qambag'al qismini o'troq yoki yarim o'troq hayot kechirishga majbur etgan. Xitoy manbalari tahliliga asoslangan bunday xulosalar qovunchi va jeti asar madaniyatlari yodgorliklarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bilan ham tasdiqlanadi.
Dayyuan (Davan) podsholigi. Qadimgi Xitoy manbalarida Qang' davlatiga nisbatan ham Davan podsholigi haqida ko'proq ma'lumotlar keltiriladi. Qadimgi Xitoy tarixchisi Si Ma Syanning “Tarixiy xotiralar” (Shi Ji“) asarida yozishicha: “Davan Xan sulolasidan 10 ming li (Li qadimda taxminan 0,5 km ga teng bo'lgan, hozir esa – 576 m. deb qabul qilingan) olisda bo'lib, hunlarning g'arbiy-janubiga, Xan (sulolasi) ning aynan g'arbiga to'g'ri keladi. Davanliklar avloddan avlodga o'troq hayot kechirib kelgan ekan. (Ular) dehqonchilik bilan shug'ullanib, sholi, bug'doy ekar ekan. Uzum sharobi chiqarar ekan. Davanda asl otlar ko'p bo'lib, mazkur otlarning hammasi tulpor otlardan ekan. Badanidan qizil ter tomchilari (yaltirab) chiqib turar ekan. (Davanda) shahar, qal'a, uy – imoratlari bor, katta-kichik 70 dan ortiq shaharlar bor ekan. Ularda 60 ming oila (300 ming odam) yashar ekan. Bu davlat askarlari o'q-yoy, nayza ishlatar ekan va ular otga minishga, o'q-yoydan foydalanishda mohir mergan ekan. Shimolda Qanguy, g'arbda Da-yuechjilar, janubiy—g'arbda Baqtriya, shimoliy–sharqda Usun, sharqda Dandan uylik, Udun bor ekan”.
Bu asarda ya'ni “Shi Ji”da Davanning ikkita poytaxti bo'lganligi, ularning biri Ershi bo'lsa, ikkinchisi Yu (Yuchen) ekanligi tilga olinadi. Bu ikki shaharning lokalizatsiyasi masalasida olimlar o'rtasida hozirgacha ilmiy munozara va bahslar davom etadi. O'zbekiston tarixining 1950 yilda chop etilgan nashrida Davan xukmdorining qarorgoxi Gushan (Yu-chen) ni O'zgan shahri bilan taqqoslanadi, Ershini esa A.N.Bernshtamga asoslanib Andijon viloyatining Marxamat rayonida joylashgan Mingtepa deb ko'rsatiladi, O'z davrida N.Ya.Bichurin Ershi bu Qo'qon bo'lishi kerak, degan g'oyani o'rtaga tashlagan. E.Shavanna tahliliga ko'ra, Ershi shahri O'ratepa yoki Jizzax bo'lishi kerak. Ershi shahrining lokalizatsiyasi masalasida A,N,Bernshtam tahlilining tarafdorlari ko'proq. Ammo, keyingi yillarda Ershini lokalizatsiyasi masalasida A.Anorboyev yangi g'oya bilan chiqib, Ershi bu Eski Axsikentdir, degan asosli xulosaga keladi. Gushan (Yu-chen) esa Davan podshosining yozgi qarorgohi sifatida Koson yodgorligi o'rnida bo'lgan, degan fikrga ko'pchillik olimlar kelgan.
Miloddan avvalgi II asrda, ya'ni Xitoy elchisi Chjan Syan qadimgi Farg'onaga kelganda, u bu yurt qishloq va shaharlari obod, sug'orma dehqonchilik va xunarmandchilik xo'jaliklari yuksak darajada rivojlangan, kuchli qo'shinga ega mamlakat edi. Chjan Syan imperator saroyiga yuborgan hisobatida bu mamlakatni Dayyuan deb ataydi va uning aholisi juda xush muomilali, mehmondo'st, ko'ngli ochiq odamlar ekanligi, ular qishloq xo'jaligi ekinlaridan arpa, bug'doy, sholi, beda, momiq (paxta) ekib, ulardan yuqori hosil olishlarini yozadi. Dayyuanliklarda bog'dorchilik rivojlanganligi, ular uzumdan kishini kayfiyatini ko'taruvchi ichimlik tayyorlashlari, har bir xonadonning yer to'lasida bir nechalab katta xumlarda bu ichimlik borligi haqida shunday yozadi: “Dayyuanning barcha joylarida uzum vinosi tayyorlaydilar. Boy xonadonlar uni katta miqdorda tayyorlaydi, bu ichimlik xumlarda bir necha o'n yillarda ham buzilmay saqlanadi”deydi. Dayyuanliklar bog'larida uzumdan boshqa anor, bodring, yong'oq va boshqa mevali daraxtlar ko'p bo'lib, Xitoy tarixchilari bu mevalarning Xitoyda poydo bo'lishini Dayyuan bilan bog'laydilar.
Xitoy elchisi Dayyuanda kuchli davlat tizimi shakllanganligi, uning aholisi 60 ming oiladan (300 ming kishidan) iborat ekanligi, har bir oila mamlakat mudofaasiga bittadan, jahmi 60 ming o'q-yoy va nayza bilan qurollangan, ot ustida kamondan o'q uzuvchi, nayza sanchguvchi mohir jangchilar ajratishi mumkinligi, davlat tepasida mahalliy aslzodalardan chiqqan xukmdor turishini yozib, ulardan ba'zi birlarini nomini xitoychaga ag'darib, Mugua, Chan Fin, Yang'lyu deb ataydi. Xitoy yozma manbalariga ko'ra, xukmdorning yonida uning eng yaqin qorindoshlaridan ikkita yordamchisi bo'lgan. Xukmdor davlat ishlarini olib borishda oqsoqollar kengashiga suyangan. Oqsoqollar kengashi xukmdor bilan birgalikda davlat ahamiyatiga molik ijtimoiy, siyosiy va diniy masalalarni hal etgan. Shu bilan birga, oqsoqollar kengashi hukmdor faoliyatini muhim masalalarda nazorat qilib borgan. Demak, Oliy kengash oldida hukmdorning huquqi cheklangan edi. Ayniqsa, urush va tinchlik, diplomatik masalalarda hal etuvchi kuch va huquq oliy kengash qo'lida edi.
Xitoy manbalarining xabar berishiga qaraganda, o'zga davlat va uning qo'shini bilan bo'lgan janglarda davanliklarning mag'lubiyati uchun oliy hokimiyat egasi-hukmdor oqsoqollar kengashi qarori bilan o'lim jazosiga tortilgan. Imperator Udining “Samoviy duldullar” vasvasasi va Davanga uyushtirilgan ikki harbiy yurishi Chjan Syan Dayyuanda bo'lganida “samoviy duldullar”ga alohida e'tibor bergan. Uning tahriflashicha, bunday otlar go'yoki qon terlaydi. Chjan Syanning tashabbusi bilan imperator saroyiga har yili ikkitadan argumaq otlar yubarib turish uchun Dayyuan podshosi Chang'fin bilan shartnoma tuziladi. Xitoy tarixidagi bir rivoyatga ko'ra, “Samoviy tulpor”larni ko'rgan Xitoy imperatori Udi ( mil.avv.140-87 yillar) mashhur Xitoy podshosi Muvong (mil. avv. 1001- 947 y.) kabi tulpor otlarga minib, g'arbga sayoxat qilishni orzu qiladi. Orzuga yetish ishtiyoqida Imperator Udi fol ochtirganda, folbin: “”Hosiyatli otlar quyosh botish tomondan chiqadi”deb ko'rsatganmish. Udining Xitoy manbalaridagi Muvong qilgan ishlarga qiziqishi bejis emas edi. Chunki, Muvong xitoy tarixida ko'p g'aroyib ishlari bilan mashxur ulug' inson sifatida tasvirlanadi. Rivoyatlarda u Mutayzi nomi bilan 8 ta tulpor otlar qo'shilgan soyabonli aravada G'arbga sayoxat qilib, avliyo ona Shivangmu huzurida mehmon bo'lgan. Xitoy tadqiqotchilari tahliliga ko'ra, Shivongmu shimoliy Hindiston va janubiy Turkiston zaminida 4-5 ming yillar muqaddam (Hindistonda “Uma”, Turkistonda “Umay” nomi bilan) boqiy hayot ramzi, ilohiylashgan ona obrazi sifatida tasvirlanadi. Umay onani ziyorat qilish uchun “tulpor otlar” yordamida qushday uchib, bulutlarni yorib o'tib, ming chaqirim yo'llar bosib, u (Umay ona) turgan manzilga yetib borishi mumkin edi”. Rivoyatni tarixiy haqiqat deb tushungan imperator Udi mashhur Dayyuan tulporlarini qo'lga qiritib, Hoqonligini shuxratini oshirsa “Dunyo hukmdori”, “Tangrining o'g'li” deb tanilishiga yordam beradi degan orzu-havasga beriladi. Shu bois, u ashaddiy dushmoni hunlarga qarshi harbiy ittifoqchi qidirish bilan birga ayg'oqchi zobit Chjan Syanni g'arbiy mamlakatlarga yubargan. Zobit Chjan Syanning vazifasiga nafaqat ittifoqchi topish va zotli otlarga ega bo'lish kirgan, balki u Dayyuan, Da-yuechjilar, Kanguy, Parfiya kabi mamlakatlarning hududiy chegaralari, ularning boyligi, iqtisodiy qudrati, harbiy kuchi, turmush tarzi va urf-odatlari haqida ma'lumotlar to'plashni ko'zda tutgan. Chjan Syan axboratlarida Da-yuechjilar bilan Kanguy podsholiklari harbiy kuch jihatidan Xitoydan kuchliroq ekanligi, qolgan podsholiklar esa ulardan harbiy jihatdan kuchsizroq bulib, hunlar ta'sirida ekanligi, ammo, ularning barchasida Xitoy mollariga katta qiziqish mavjudligi, ayniqsa Dayyuan Xitoy bilan savdo-sotiq qilishga ishtiyoq bildirib, bu masalada ular mustaqil siyosat olib borishlari mumkinligi bayon etiladi. Chjan Syanni Dayyuanda bo'lishi Xitoy-Dayyuan munosabatlarini rivojlanishiga olib keldi. Xitoylilar imperator Udining maxsus istirohat bog'larida bedazorlar tashkil etib, Farg'ona tulporlarini boqaboshlaydilar. Karvonlar usun mamlakatidan ham zotli otlarni Xitoyga olib borib, imperator Udini hursond qilishgan edi. Ularni ham Hokon tulpor otlar sifatida ezozlagan. Ammo, Farg'ona “samoviy tulporlari”ni ko'rganda, usun zotli otlarini “tulpor” deb atashdan voz kechib, ularni “uzoq quyosh botish oti” deb atay boshladi, Dayyuan otlariga esa haqiqiy “tulpor ot” degan nom beradi
Xitoy savdo karvonining O'rta Osiyo mamlakatlariga borgan elchilari o'z axboratlarida Xitoydan g'arbda joylashgan ko'pgina davlatlar, jumladan Dayyuan podsholigining harbiy kuchlari Xitoynikiga nisbatan zaif ekanligi, ozgina kuch bilan bir hamla qilinsa, ular hisobiga buyuk Xan sulolasining territoriyasi kengayishi mumkinligi haqida xabar beradilar. Masalan, Dayyuanga borgan elchi Yav Dingxan “Davan harbiy kuch jihatidan ojiz. Agar 3 ming askar yubarilsa, kuchli o'q-yoylar yordamida Dayyuanni tor-mor qilsa bo'ladi deb yozadi. Davan bilan urushni tezroq keltirib chiqarish maqsadida safardan qaytgan elchilar: “Dayyuanda yaxshi otlar bor. (Uni) Ershi shahriga yashirib qo'yib, Xan elchilariga bermayotir” deb arz qiladilar. Endi Xitoy imperatori Davanga urush ochish uchun bahona qidira boshlaydi. Imperator Udi ayonlari bilan masloxatlashib, Dayyuan podsholigidan “samoviy tulporlar” talab qilib, fayqulodda huquqlar bilan Che Li boshchilligida maxsus elchilar guruxi tashkil qiladi. Elchilarga Farg'ona argumaqlarini sotib olish uchun oltin va misdan ishlangan 600 ga yaqin “Zar ot” haykallari berib, shularga “samoviy tulporlar”ni olmashtirib kelishlikni topshiradi. Elchilar Ershiga kelib, sovg'a-salomni topshirsada, Dayyuan podshosi ular talab qilgan miqdorda tulporlarni berib yubarishi mumkin emas edi. Shu bois, Xitoy elchilari rad javob oladilar.
Maqsadlariga erisha olmagan elchilar Farg'ona hukmdoriga hurmatsizlik qilib, uni haqoratlaydilar, uning ko'z o'ngida “zar ot”larni sindirib tashlaydilar. Ammo, podsho muloyimlik bilan oqilona javob qilib, elchilarni poytaxtdan chiqarib yubaradi va Yucheng (O'zgan) shahri hokimining qo'li bilan ularni yo'q qilgan. Shunday qilib, Xitoy-Farg'ona urushlari boshlanib ketdi.
Xitoy qo'shinlari to Davanga yetib kelgunlaricha har bir qishloq yoki shaharda qarshilikka uchraydi va Yucheng (O'zgan) da qattiq janglar bo'lib, xitoylilar katta talofat ko'radi. Vaziatni Xitoy qo'shinlari uchun tangligini tushungan bosh ko'mondon Li Guangli qolgan-qutgan kuchlarini yig'ishtirib, Do'n Xuanga qaytib ketadi.
Ular qaytishda ham ko'p qarshiliklarga uchraydi. Ikki yil davom etgan xitoyliklarning bu birinchi yurishi haqida manbada shunday deyilgan: “Ular Do'n Xuanga qaytib kelganida qo'shinning o'ndan bir qismigina qolgan edi. Li Guangli Xitoy hoqoniga ahvolni ma'lum qiladi. Mag'lubiyatdan xabar topgan imperator Udi darg'azab bo'lib, bu noxush xabarni mamlakatda tarqalib ketishidan cho'chib, Buyuk Xitoy devoridan ichqariga kirib olgan sipoh beklarining kallasini olishga, qo'shinni esa Xitoyga kiritmaslikka farmon beradi. Xitoy manbalarida bu mag'lubiyat haqida imperator Udining fikrlari keltirilgan: “U Davandek kichik bir mamlakatni bo'ysundira olmasak, uning atrofidagi davlatlar yana Xan sulolasini mensimay qo'yadi. Usun, Bugun ellari ham Xan sulolasini nazarga ilmas bo'lib oladi. Chet elliklarning oldida masxara bo'lamiz, deb o'ylar edi”.Sharmandalarcha mag'lubiyatdan g'azablangan imperator Udi aybdorlarni jazolab, Davanga qarshi ikkinchi yurishga jiddiy tayyorgarlikni boshlab yubaradi.
Manbalarda xabar qilinishicha, dastlab Xitoy qo'shiniga qarshi Davanga hayrixoh qishloq va shaharlar qarshilik ko'rsatishmagan. Ammo, Xitoy qo'shini Bugur xonligiga kelganda (Sharqiy Turkistondagi kichik bir shahar-davlat) ular birinchi qattiq qarshilikka uchraydi, taslim bo'lishni istamagan shahar aholisi va askarlari ikki kun davom etgan qattiq janglarda qirib tashlanadi Ammo, Xitoy qo'shinlaridan Ershiga 30 ming lashkar yetib kelgan edi holos. Demak, Bugurdan to Ershiga borgunga qadar ham Xitoy qo'shinlari mahalliy xokimliklar qarshiligiga uchragan va yo'l-yo'lakay talofatlar ko'rgan, degan xulosa kelib chiqadi.
Ershi himoyachilari shahar devorlari tepasiga chiqib, shinaklardan dushmonni o'qqa tutishgan. Qamal uzoqqa cho'zilib (40 kun), Ershi mudofachilari taslim bo'lavermagach, Xitoydan qo'shin bilan birga keltirilgan suv inshoatlari mutaxasislari shaharga kiradigan suv yo'lini to'sib, shaharni suvsizlikdan taslim qilmoqqa kirishadilar. Qala boshligi quduqlar qazdirib, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlab turadi. (Bu tadbir “Bobirnomada” Bobir eslatgan “Obiduz”, ya'ni yashirin suv yo'lini eslatadi).
Qamal jarayonida mudofaachilar Kanguy qo'shinlari davanliklarga yordamga kelayotganligini xabar qilib, Xitoy qo'shinini tashvishga sola boshlaydilar. Lekin, qanqaliklar negadir yordamga shoshilmas edilar. 40 kunlik qamaldan so'ng Xitoy qo'shinlari devor teshar qurollari yordamida shahar tashqi mudofaa devorini buzib kirishga erishadilar. Shahar aholisi va mudofaachilar esa ichki shaharga kirib olishga ulguradilar.
Kezi kelganda ta'kidlash joizki, arxeolog A. Anorboyev “Ershi-bu Eski Axsining o'zginasidir,” degan xulosaga kelganda, u haqli edi. Chunki Axsikent shahri Davan hokoni qarorgoxi joylashgan arki ahlodan tashqari mudofaa devorlari bilan o'ralgan ikki qismdan, ya'ni ichki va tashki shahristonlardan iborat. Xitoylilar tashki shahriston devorlarini buzib, shahar ichqarisiga kirganda, ular faqat tashqi shahristonni egallagan, mudofaachilar esa shahar aholisi bilan ichki shahristonga joylashib olishgan. Biroq, uzoq davom etgan qamal ta'sirida davanlik aslzodalar orasida, orqadan Kanguydan amaliy yordam kelavermagach, xovotirlanish boshlanadi.
Si Ma Syanning “Tarixiy xotiralar” asarida yozilishicha, “Dayyuan aslzodalari o'zaro kengashib” dushma xujumining asosida, birinchi navbatda, elchi Che Lining o'limi va “samoviy tulporlar”ga erishish yotganligini muhokama qiladilar. Hokon Mugua va uning tarafdorlari dushmonga tulporlar bermaslikka ahd qilib, qarshilik ko'rsatishni davom ettirish kerak, kanguydan keladigan yordamni kutish kerak, deb qatg'iy turib oladilar. Tashqi yordamdan umidini uzgan aslzodalar (ular ko'pchillik bo'lgan ko'rinadi) esa vaziatni mudofaachilarga juda og'irligini aytib, xitoyliklar talabini qondirish kerakligini ta'kidlaydilar. Ko'pchillik aslzoda va mudofaa sardorlarining “agar dushmon qurshovni bo'shatmasa, kuchlarimiz yana bir marta qattiq jang qilishga yetadi holos”, so'ng esa ilojsizlikdan taslim bo'lamiz. Xitoyliklarning talabidan kelib chiqib, qaysar Muguani o'ldirib, tulporlarni ularga chiqarib bermasak bo'lmaydi, degan qarorga keladilar.
Nihoyat, oqsoqollar kengashi bir qarorga keladi. Bunga ko'ra, Mugua va “samoviy tulporlar”ni dushmonga topshirishga kelishildi. Aslzodalar birgalikda Muguani o'ldirdi. So'ng esa Xitoy manbalarida xabar berishiga qaraganda, “Aslzodalar Muguani kallasini ko'tarib kelib, “Ershi sangun” (Ershi yurishining ko'mondoni) bilan ko'rishdi va shart qo'yib, “Xan qo'shinlari bizga xujum qilmasin! Biz asl otlarni chiqarib beramiz. O'zlaring tanlab olasizlar hamda oziq-ovqat bilan ta'minlaymiz. Agar gapimizga kirmasalaring barcha “tulporlar”ni o'ldirib tashlaymiz. Kanguydan keladigan qo'shin ham kelish oldida turibdi. Ular yetib kelishi hamon, bizning qo'shinlarimiz ichki tomondan, Kanguy qo'shinlari tashqaridan Xan qo'shinlariga xujum qiladi. Qaysi biriga rozisizlar”deydilar.
Ershi mudafaachilari tomonidan taklif qilingan shartlarni Li Guangli shtabida har tomonlama muhokama qilgan ko'rinadi. Davanliklar va'daga vafo qilib, xitoyliklarga 3 ming zotli otlarni tanlab olishlariga imkon beradi. Bosh ko'mondon Li Guangli Farg'ona davlatining sobiq xukmdori keksa Motsayni Davanga podsho etib tayinlaydi. Li Guangli armiyasi tegishli oziq-ovqat zaxiralarini olib, bir necha guruxlarga bo'linib, Ershini to'liq egallay olmay, Xitoyga qaytadi. Guruxlarga bo'linib, Xitoyga qaytgan qo'shin ichida qattiq tartib bo'lmaganligidan, armiya safiga olingan sobiq jinoyatchilar yo'l-yo'lakay qishloq va shaharlarni talaydilar. O'zgan aholisi xitoyliklar talab qilgan oziq-ovqat va yem-xashak yetkazib berishdan bosh tortib, O'zganda talonchilik bilan shug'ullanayotgan Xitoy otryadini butunlay qirib tashlaydi. Tevarak-atrofni talash bilan band harbiy qismlar yana O'zganga qaytib, ikki orada qattiq janglar bo'ladi. O'zgan mudofaachilaridan Qang' davlatiga qochib ketgan shahar hokimini xitoyliklarga topshirishni talab qilinadi va uni qo'lga kiritgach, boshini tanasidan judo qiladilar. Biroq bu ham Xitoy qo'mondonligini qanoatlantirmaydi. O'zgan mudofaachilari yanada qattiq qarshilik ko'rsatishga o'tadilar. Natijada Xitoy otryadi katta talofat ko'radi. Qochib qutilgan dushman askarlarining qoldiqlari zo'rg'a “Ershi sangun” qo'shiniga borib qo'shiladi. Xitoy armiyasi Davandan chiqib ketishi bilanoq, aholi keksa Motsayni taxtdan tushurib, Muguaning inisini hukmdor qilib ko'taradilar.
Farg'ona yurishida Xitoy uchun katta talofatlar bo'lishiga qaramay, hokon Udi Li Guanglini katta g'alaba bilan tabriklab, unga “Xansu to'rasi” unvonini beradi va 8 ming xonadonli yer suyurg'ol qilinadi. Urushda qatnashgan 3 harbiy amaldor vazir etib tayinlanadi, 1000 qopdan ortiq maosh oladigan odamlar soni mingdan oshib ketadi. Urushga safarbar qilingan banditlar gunohidan o'tilib, ularga berilgan jazo xukmlari bekor qilinadi. Askarlarga 40 ming pul yoki o'sha pulga teng keladigan molu-dunyo in'om qilinadi
Shunday qilib, Xitoy qadimgi Farg'ona podsholigiga qarshi har ikkala yurishida ham amalda g'olib chiqqan emas. Birinchi yurishda Ershiga yetib kela olmay, Lubnorda qattiq qarshilikka uchrab, O'zganda katta talofat ko'rib, Xitoyga qaytib ketgan. Ikkinchi yurishda urushga puxta tayyorgarlik ko'rishiga qaramay, Ershini batomom taslim etaolmay, atigi 3 ming ot va Muguani o'limiga erishib, 50 mingdan ortiq askardan ajrab vataniga qaytib ketdi. Davan esa diplamatiyani ishlatib, ona Vatanni mardlarcha himoya qila oldi, Xitoy oldida mustaqillikni saqlab qoldi. Kichik bir podsholik antik davrining buyuk imperiyalaridan biri Xan sulolasini ko'zini ochib ko'ydi. Bu davanliklarning buyuk g'alabasi edi. Ajdodlarimizga xos vatan ozodligi, vatan qayg'usi bilan yashash, uning parloq kelajagi yo'lida mardlarcha kurashga doim tayyor bo'lgan xalqning ona-vatanga bo'lgan sadoqatining bir namunasi edi.
Kushonlar antik davrining qudratli davlatlaridan biri sifatida Xuvishka, Vasideva (Vasishka) davrida ham Kanishka olib borgan davlat siyosatini davom etdiradilar. Negadir, Kushon imperiyasining III-IV asrlar davridagi siyosiy hayoti haqida yozma manbalar deyarli ma'lumot bermaydi. Arxeologik manbalarni kamyob yozma manbalar bilan qiyosiy o'rganish natijalariga asoslanib, tarix fanida kushonlar III asrdan boshlab orqaga ketaboshlaydi, degan tasavvur shakllangan. IV asr oxirlariga kelib, bir tomondan sosoniylar, ikkinchi tomondan xioniylar va kidariylar tomonidan berilgan zarbalar natijasida kushon davlati parchalanib, faqatgina Marg'iyonadagi sosoniy xukmdorida “kushonshoh” unvoni saqlanib qoldi holos.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, qadimgi Baqtriyada boshlangan kushonlar davri tarixi miloddan avvalgi I asr oxirlaridan (Guyshuan knyazi Kudzulo Kadfis o'zini Guyshuan podshosi deb e'lon qilgandan) milodiy IV asr oxirlarigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Bu davr ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich ilk kushonlar (Kadfis 1, Vima Takto va Kadfis 2) davri bo'lib, bu davrdagi kushonlar tarixi asosan O'rta Osiyo hududlari bilan bog'lik. Ikkinchi davr-Kanishka va uning vorislari davri bo'lib, kushonlar tarixining siyosiy maydoni asosan shimoliy-g'arbiy Hindiston bo'lib qoladi.
Lotin alifbosida maqola: O'rta Osiyoning qadimgi tarixining Xitoy manbalarida yoritilishi haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)