Bojxona idoralarining shakllanish va rivojlanish tarixi murakkab jarayon bo'lib, har qanday markazlashgan davlatning barpo etilishi barobarida tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayishi va tovar ayriboshlashning paydo bo'lishi natijasida bir qator institutlar shakllanishiga imkon yaratib, ular keyinchalik bojxona xizmatining o'zagini tashkil etgan.
Bojxona siyosatida «Bojxona Nizom»lari tashkiliy asos hisoblanib, ular yangidan 1819, 1857, 1892 va 1906 yillarda qabul qilingan. Ilk bor bojxona ishi to'g'risidagi tashkiliy masalalarni hal qilish Rossiya imperiyasi Savdo Vazirligida, undan so'ng esa Moliya Vazirligida amalga oshirilgan.
1867 yilda Turkiston o'lkasini boshqarish uchun ishlab chiqilgan «Ettisuv va Sirdaryo viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi» Turkiston general-gubernatorligi tuzilgandan keyin o'lkada bojxona ishini yuritishning dastlabki huquqiy asosi bo'lgan. Unga ko'ra 1868 yili Turkiston general-gubernatorligi tarkibida boshqa masalalar qatori zakot ishlarini yuritish uchun Xo'jalik boshqarmasi tashkil etilib, u chegara ortidan kelayotgan har bir karvondan shariat bo'yicha belgilangan miqdorda zakot undirish bilan shug'ullangan.
Turkiston general-gubernatorligi tarkibida 1872 yil 1 aprelda Zakot boshqarmasi tashkil etilgan. Mazkur Zakot boshqarmasi aslida mahalliy zakotchilarga ishonmaslik natijasida vujudga kelgan edi. Zakot boshqarmasining asosiy vazifasi Turkiston o'lkasiga kelgan yoki chiqib ketayotgan karvonlarni ro'yxatga olish, yuklarning qiymatini aniqlash, yuk va chorva mollaridan zakot undirishdan iborat edi. Kirib kelayotgan yoki chiqayotgan karvonlarni nazorat qilish uchun chegaralarda maxsus zakot maskanlari faoliyat yuritar edi. Bu davrda zakot to'lovi davlat xazinasiga tushib, u karvon yo'llarini ta'mirlash va karvonsaroylarning ichki ehtiyoji uchun berilardi.
Turkiston general-gubernatorligining 1874 yil 3 maydagi farmoniga muvofiq, Turkiston o'lkasida qo'llanuvchi Savdo-sotiq va boj haqida «Nizom» tasdiqlanib, u dastlab 4 yil muddatga vaqtinchalik chora sifatida kuchga kirgan.
1875 yildan Turkiston Zakot boshqarmasining tugatilishi tufayli, o'lka 1881 yilgacha bojxona nazoratidan chetda qoldi. Bu vaqt davomida qo'shni xonliklardan olib kelinadigan choyga nisbatan o'rnatilgan birinchi boj va boshqa to'lovlarni undirishga ham hech qanday idora jalb etilmadi. Vujudga kelgan bu vaziyat Rossiya imperiyasi hukumatini tahlikaga solib qo'ydi. Birinchidan, Rossiya va O'rta Osiyo xonliklari o'rtasida imzolangan shartnomalarga ko'ra, bu hududlardan kirib kelayotgan mahsulotlardan bojxona to'lovlari undirilmas edi. Rossiya byudjeti va iqtisodi uchun bu katta zarba bo'lishi mumkin edi. Ikkinchidan, Turkistonga xorijiy davlatlar mahsulotlari olib kelinishi Markaziy Osiyoni rus sanoati mollari sotiladigan qulay bozorga aylantirishni xohlagan va shunga harakat qilib kelayotgan Rossiya hukmron doiralari siyosatiga to'g'ri kelmas edi.
1881 yilning dekabr oyida Turkiston general-gubernatori vazifasini bajaruvchi G.A. Kolpakovskiy o'lkaga g'arbiy Yevropa va Osiyo mahsulotlarining kirib kelishiga chek qo'yish maqsadida Muvaqqat bojxonaga oid qoidalarni tasdiqlagan: O'rta Osiyo xonliklarida ishlab chiqarilgan barcha turdagi mahsulotlarni Turkiston general-gubernatorligi hududiga bojsiz olib kirishga ruxsat etilsin; barcha ingliz-hind (ko'k choy, doka (kiseya) va bo'yoq (indigo) dan tashqari), Yevropa, Turkiya va Eron mahsulotlarini Turkiston general-gubernatorligiga olib kirish qat'iyan ta'qiqlansin; bir pud brutto choy uchun 14 rubl 40 kopeyek, doka uchun 6 rubl va bir funt bo'yoq uchun 1 rubl miqdorda boj stavkalari belgilansin; boj undirish rus kredit rubllarida amalga oshirilsin; olib kirilishi ta'qiqlangan yoki boj to'lanishi lozim bo'lgan mahsulotlar bojxona nazoratidan yashirib olib kirilgan taqdirda musodara qilinib, undan tushgan pulning 25% esa bojxona muassasalarining maxsus fondiga o'tkazilsin.
Boj soliqlari yig'ishning nazorati va muammoli ishlarni hal qilish viloyat boshqaruvining xo'jalik bo'limlariga yuklatilgan bo'lib, 1885 yilgacha Farg'ona viloyatidagi bojxona vazifalarini avvalgidek, zakot yig'uvchi tashkilotlar amalga oshirardi.
Davlat Kengashining 1886 yilda tasdiqlagan qaroriga ko'ra Turkiston o'lkasida bojxona qismini bunyod etish va uni boshqarish Rossiya imperiyasining Moliya Vazirligiga yuklandi. Bu davrgacha bojxona idoralarini nazorat qilish G'arbiy Vazirlik ixtiyorida bo'lgan.
Vaqt o'tishi bilan Turkistonda bojxona ishi boshqaruvining normativ huquqiy bazasini Rossiya hukmron doira vakillari ishlab chiqqan ko'pgina qo'llanmalar, vaqtincha qonun-qoidalar orqali amalga oshirilgan. Masalan, 1889 yili Vaqtincha bojxona qoidalari qabul qilingan bo'lib, ularda Turkistonga qo'shni xonliklardan va Xitoydan keltirilgan tovarlarga qo'yilgan soliq yig'imlari ishlab chiqilgan.
Moliya vaziri tomonidan O'rta Osiyo bozorlarida kuchli savdo-sanoat monopoliyasini o'rnatish haqidagi masala ko'tarilib, 1892 yili Buxoro amirligi va Xiva xonligini Rossiya bilan yagona bojxona tizimiga kiritish haqida islohot loyihasi tayyorlanib, bojxona chegarasi Buxoro-Afg'on chegarasiga o'tkazildi. Loyihaga muvofiq Turkiston okrugi tuzilib, unda 16 ta bojxona idorasi tashkil etildi.
O'rta Osiyoda yangi huquqiy me'yorlar asosida tashkil qilingan imperiya bojxona idoralari mintaqada metropoliya iqtisodiy manfaatlarini to'la ta'minlash, bu hududda o'z savdo monopoliyasini qaror toptirish maqsadida boj tizimini ham tubdan o'zgartirib, shu maqsadlarga xizmat qiluvchi boj siyosatini yuritdi.
Chinpo'lat QURBONOV ("Moziydan sado")
Lotin alifbosida maqola: Turkistonda bojxona faoliyati haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)