Afgʻoniston milliy qarshilik fronti (avvalgi norasmiy nomi Panjsher qarshiligi) — 2021-yil iyul–avgust oylarida „Tolibon“ harakatining hujumlariga qarshi tuzilgan harbiy ittifoq. „Tolibon“ islomiy harakatiga qarshi guruhlar va Shimoliy ittifoqning sobiq aʼzolaridan tuzilgan. Unga Ahmad Shoh Masʼudning oʻgʻli Ahmad Masʼud va Amrulloh Solih boshchilik qilmoqda.
Qarshilik xalqaro tan olingan Afgʻoniston Islom Respublikasiga boʻysunuvchi Panjsher viloyati hududida faollik qilmoqda. Kobul bosib olinishidan soʻng, bu Afgʻonistondagi „Tolibon“ga qarshi yagona faol harakatdir.
1990-yillarda Panjsher darasi va uning atrofi Shimoliy ittifoq harbiy operatsiyalarining markaziga aylangan. Asosan dariy tilida gapiruvchi tojiklar istiqomat qiluvchi bu hudud toliblarga yetarlicha qarshilik koʻrsata olgan Ahmad Shoh Masʼud va uning oʻgʻli Ahmad Masʼud tugʻilgan joylardir.
2021-yil 13-iyul kuni The Economic Times nashri Shimoliy ittifoqning sobiq yetakchilari „Tolibon“ga qarshi kurashish uchun birlashayotganlari haqida xabar berdi. 2021-yil 28-iyulda The Washington Post Shimol ittifoqining sobiq aʼzolari qarshilik harakati uchun birlashmoqchi ekanini yozdi. Kobul toliblar qoʻliga oʻtganidan soʻng koʻplab aksiltolib kuchlar, xususan, birinchi vitse prezident Amrulloh Solih, toliblar tomonidan bosib olinmagan yagona hudud – Panjsher vodiysiga ketishdi. Toʻplanishdan maqsad – u yerda toliblarga qarshi yangi harakat boshlash.
17-avgust kuni Afgʻonistonning sobiq harbiylari tank va bronetransportyorlar bilan Panjsher vodiysiga borib, u yerda qarshilik harakatiga qoʻshilayotgani xabar qilindi.Shu kuni qarshilik „Tolibon“ga qarshi hujum boshladi va Kobul – Mozori-Sharif yoʻlida joylashgan Parvon viloyatining Chorikor tumanini qoʻlga kiritdi.
19-avgustda afgʻonistonlik oʻzbeklar yetakchisi marshal Abdul Rashid Doʻstumning oʻgʻli Yormuhammad Doʻstum oʻz qoʻshini va harbiy texnikalari bilan Panjsher viloyatiga kelib, qarshilik harakatiga qoʻshildi. Avvalroq Abdul Rashid Doʻstumning oʻzi ham Panjsher qarshiligiga qoʻshilgandi. 20-avgustda qarshilik kuchlari Bagʻlon viloyatining uchta tumanini Tolibondan qaytarib oldi. Shu kuni qarshilik haraktiga Afgʻoniston islom respublikasining ikki generali: Afgʻoniston islom respublikasi Qurolli kuchlari Bosh shtabining soʻnggi boshligʻi Haybatulloh Alizay va Maxsus topshiriq qoʻshinlarining soʻnggi qoʻmondoni Sami Sadat kelib qoʻshildilar. 21-avgust kuni Bagʻlon viloyatining Andarab tumani Tolibon tomonidan jangsiz qaytarib olindi. 22-avgust kuni Tolibon Ahmad Masʼudning taslim boʻlishi uchun 4 soat vaqt berganlari ochiqlandi, aks holda Panjsher viloyatini kuch bilan bostirishlari maʼlum boʻldi.
Ahmad Masʼud taslim boʻlishdan bosh tortgach, 23-avgust kuni Panjsher vodiysida „Tolibon“ va Panjsher qarshilik kuchlari oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlar boshlandi, „Tolibon“ning katta qurolli guruhi talofat koʻrdi. „Tolibon“ vakillari Bagʻlon viloyatining avval qoʻldan chiqarilgan barcha tumanlarini Panjsher qoʻshini qoʻlidan qaytarib olganini eʼlon qildi.24-avgust holatiga koʻra „Tolibon“ Panjsher viloyatiga kira olmagan. 25-avgustda Panjsher qarshiligi va „Tolibon“ oʻrtasidagi muzokaralarning birinchi raundi boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda panjsher vakillaridan 12 kishi, „Tolibon“dan 7 kishi qatnashdi. Shu kuni kechqurun Bagʻlon viloyatidan bir necha yuz jangchi Panjsher harakatiga kelib qoʻshildi. „Tolibon“ vakillari Panjsher bilan qilingan muzokaralar besamar ekanini taʼkidladi. Panjsher qarshiligi vakillari esa agar „Tolibon“ terrorizmga qarshi samarali kurashsagina qarshilik vakillari ular bilan kelishishi mumkinligini, aks holda „Tolibon“ hukumatini tan olmasligini aytib oʻtdi. 31-avgust kuni „Tolibon“ harakati Panjsher viloyatiga hujum boshladi, Xavak dovonida shiddatli janglar boʻldi. „Tolibon“ Panjsherni toʻliq egallamasdan turib Panjsher viloyatiga hokim tayinladi. „Tolibon“ning 31-avgustdan 2-sentabrgacha qilgan hujumlari toliblarga hech bir foyda keltirmadi. Biroq 6-sentabr kuni „Tolibon“ vakili Zabihulloh Mujohid Panjsher viloyati toʻliq toliblar nazorati ostiga oʻtganini eʼlon qildi.