Azim Hoshim Premji (gujarotcha: Azim Hashim Premji; 24-iyul, 1945, Mumbay, Hindiston) – hindistonlik yirik tadbirkor, milliarder, Wipro Limited kompaniyasining rahbari. Forbes jurnalining 2020-yilgi roʻyxatiga koʻra, 17 milliard AQSH dollari miqdoridagi boylikka ega. Ko'pincha, Ommaviy axborot vositalari tomonidan "hindistonlik Bill Gates" deb ta'riflanadi
Azim Premji Mumbay shtatida etnik jihatdan Gujarotlik boʻlgan nomdor tadbirkorlar oilasida dunyoga kelgan. Uning bobosi Hindistonda taniqli tadbirkorlardan biri boʻlgan. 1967-yilda Stanford universitetini tamomlab, oʻziga meros qolgan „Wipro“ korxonasini boshqara boshlaydi. Korxona faqat moy chiqarishga ixtisoslashtirilgan edi. U korxonada islohotlar oʻtkazib, non mahsulotlari, shampunlar, bolalar sovuni, bir qator xoʻjalik mollari va boshqalar ishlab chiqarishga yoʻnaltiradi. 1980-yillarda axborot texnologiyalarini Hindistonda keng yoyish maqsadida oʻz korxonasiga AQSHdan zamonaviy minikompyuterlar olib keltiradi va yangicha ishlab chiqarish turlarini joriy qiladi Uning korxonasi juda tez rivojlanadi. Azim Premji Hindistonning „Padma Bhushan“, „Padma Vibhushan“ ordenlari, Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan mukofotlangan.
Ta’limga hissa qoʻshish maqsadida 2001-yilda Azim Premji Fondiga, 2010-yilda esa Azim Premji universitetiga asos soladi. 2010-yilda u maktablar uchun 2 milliard dollar hadya qildi. Azim Premji mashhur milliarderlar - Bill Gates va Warren Buffett qatorida Tuhfa qasamyodiga qoʻshilgan. U mazkur xayriya guruhiga qoʻshilgan yagona hind hisoblanadi.