Azimov Jaloliddin Azimovich (1938.10.3, Andijon) – zoolog, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2000), biologiya fanlari doktori (1986), professor (1988). Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini bitirgan (1958). Oʻzbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida (1964–69), Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida (1969–78) katta ilmiy xodim, Respublika parrandachilik ilmiy ishlab chiqarish laboratoriyasi direktorining oʻrinbosari (1978-89), Toshkent Davlat Universiteti biologiya va tuproqshunoslik fakulteti professori (1989-91), 1991-yildan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti direktori. Azimovning ilmiy ishlari Oʻzbekiston biogeotsenozlaridagi parazit organizmlar faunasi tarkibi, shakllanishi va biologik turli-tumanlik evolutsiyasiga bagʻishlangan. U parazit – xoʻjayin tizimi evolutsiyasi omillari, turli umurtqalilar endoparazitlarining rivojlanishi va faunistik komplekslarning paydo boʻlish qonuniyatlarini aniqlagan.