Yozuvchi Oqiljon Husanov ijodi talabalik davridayoq boshlangan bo‘lib, shu kungacha uning ko‘plab she’riy, nasriy asarlari, qissa va romanlari chop etilgan. Yozuvchi 1982 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga sazovor bo‘lgan.
Yozuvchi Oqiljon Husanov 1932 yilning aprelida Jizzax tumanining Ravotlik qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach (1940- 1949), Samarqand Davlat universitetida ta’lim oladi (1949-1954). So‘ngra Samarqand viloyati gazetasida ishlab, musahhihlikdan mas’ul kotib lavozimigacha ko‘tariladi.
1960 yilda Toshkentga kelib, «Mushtum» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib sifatida faoliyat ko‘rsatadi. 1967 yilda «Sharq yulduzi» jurnaliga o‘tadi va u yerda to 1979 yilgacha avval bo‘lim mudiri, so‘ng mas’ul kotib bo‘lib xizmat qiladi.
1980 yildan 1992 yilgacha «Guliston» jurnalida turli lavozimlarda ishlab, bosh muharrir o‘rinbosari darajasigacha ko‘tariladi.
Yozuvchi asarlari sirasida «Ko‘shiqchining taqdiri» (1963), «Samarqand bulbuli», «Mehri daryolar» (1971), «Bo‘lmaganga bo‘lishma» (1973), «Qashqar go‘zali» (1976), «Tog‘da o‘sgan bola» (1975), «Bulbulning go‘shti» (1977), «Tog‘da o‘sgan bola yoxud jiyanning yangi sarguzashtlari» (1980), «Sirli odam» (1980), «Taqilmagan uzuk» (1983), «Baxt qayerda» (1987), «Qishloqqa sayohat» (1988), «Ucholsa ham ucholmagan turna» (1990), «Ustaning muhabbati» (1991) kabi kitoblari hamda «Go‘ro‘g‘li qissasi» kabi asarlari mavjud. Yozuvchi mazkur asarlarida pokiza va beg‘ubor yoshlik xotiralaridan, yoshlarning yechilgan yoxud yechilmay qolgan orzu-armonlaridan, muhabbat sarguzashtlaridan hikoya qiladi.
Oqiljon Husanov 2001 yilda vafot etgan.