Mashrab Boboyev ko‘p qirrali ijodkor. U shoir, publitsist, dramaturg va nosir hamdir. U adib sifatida 60-yillardan boshlab matbuotda ko‘rina boshlagan. Mashrab Boboyev bir qator ajoyib videofilmlar muallifi sifatida ham yaxshi tanish.
«Men, - deydi u o‘z tarjimai holida, - 1941 yilda Samarqand viloyatining hozirgi Chelak tumani hududida tug‘ilganman. 1956 yilda o‘rta maktabni tugatib, kolxozda traktorchilik qilganman, keyin kutubxonada ishlaganman. 1958 yilda Toshkentga kelib, Madaniyat texnikumiga o‘qishga kirganman. 1960 yilda texnikumni tugatib, San’at institutining aktyorlik fakultetiga o‘qishga kirganman.
Tahsil davomida zavodlarda, Respublika Xalq ijodi uyida ishlaganman. 1965 yilda institutning kechki bo‘limini tugatganimdan so‘ng Samarqandga qaytib, viloyat Xalq ijodi uyida bosh mutaxassis, so‘ngra direktor bo‘lib ishlaganman.
Viloyat gazetalarida ishlab, 1967 yilda Toshkentga kelganman. «Yosh gvardiya» (hozirgi «Yangi asr avlodi») nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaganman.
«Sharq yulduzi» jurnalida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, Yozuvchilar uyushmasida, Madaniyat ishlari vazirligida, Hamza nomidagi teatrda, Yosh tomoshabinlar teatrlarida ishlaganman».
Mashrab Boboyev umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Milliy axborot agentligida ishlagan.
Mashrab Boboyev adib sifatida 60-yillardan boshlab matbuotda ko‘rina boshlagan. Uning «Onamga xat» (1971), «Bahor kayfiyati» (1974), «Kechki trolleybus» (1977), «Gurung» (1975), «Bag‘ishlov» (1978), «Olisdagi chiroq» (1980), «Paxtam mening - baxtim mening» (1975), «So‘z» (1982), «Men bilgan sir» (1990), «Qani mening yulduzim?» (1991), «Nomsiz yulduzlar» (1991) kabi o‘nlab kitoblari nashr bo‘lgan. Shuningdek, u «O‘ttiz yoshlilar», «Er tomiri», «Toshkentdan kelgan mehmon», «Gurung», «Tunis prezidenti» («Mushkul savdo»), «Bizning hovli» («Onaizor»), «O‘z uyingdasan», «Qani mening yulduzim?», «Suyanch tog‘lari» kabi bir qator sahna asarlari yozib, tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
Mashrab Boboyev bir qator ajoyib videofilmlar muallifi sifatida ham yaxshi tanish. U mohir tarjimon hamdir.
Mashrab Boboyev 2003 yilda vafot etgan.